Uzoq vaqt oqmagan ariqqa kelgan suv dastlab xas-xashak, chiqindilarni olib keladi. Saksoninchi yillar oxiri, toʻqsoninchi yillar boshida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan tilimizdagi baʼzi ruscha, baynalmilal soʻzlarni oʻzbekchalashtirishda ham shunday holat kuzatildi. Misol uchun, “rayon” avvaliga “nohiya” ataldi, lekin bu xashak soʻz edi, hech kim uni hazm qilolmadi, ammo tilimizda mingyillar osha yashab kelgan, kichik hududiy birlikni bir chet soʻz – “rayon”dan ham yaxshiroq ifoda etadigan “tuman” bor edi. “Tuman”ning qayta tiklanishi shunday topilma boʻldiki, “rayon” tezda unutildi. Biroq oʻsha paytlarda qabul qilingan baʼzi xashak soʻzlar hali-hamon yashab kelmoqda, ularni eshitganda koʻngil behuzur boʻladi. Baʼzilarini keltirib oʻtaman.
Boshlovchi
Oʻsha davrda “boshlovchi”ni boshida miyasi bor odam taklif qilgan deb oʻylamayman.
Xoʻsh, tele yoki radioboshlovchi kim? Teleboshlovchi koʻrsatuvni olib boradi yoki taqdim etadi, radioboshlovchi radioeshittirishni. Oʻzbek tilida “boshlovchi” deganda biron ish-harakatni boshlab beruvchi shaxs tushuniladi. Chunki bu soʻz “boshlamoq” feʼlidan yasalgan. Mantiqan boshlovchining oʻsha boshlangan ishni davom ettirishi yoki nihoyasiga yetkazishi shart emas. Chunki u boshlovchi. Deylik, Qodiriy – oʻzbek romanchiligi boshlovchisi, lekin davom ettiruvchi yoki nihoyalovchi emas. Teleboshlovchi ham biror koʻrsatuvni boshlab berib, keyin gʻoyib boʻlib qolmaydi, oxirigacha olib boradi, nihoyalab biz bilan xayrlashadi. Boshqacharoq aytganda, u koʻrsatuvni boshdan oxirigacha bizga taqdim etadi. Shu bois turk qardoshlarimiz bu kasb egasini – “sunuvchi” (“sunucu”, “televızyon sunucusu”), yaʼni “taqdim etuvchi”, ozarboyjon qardoshlarimiz: “olib boruvchi” (“televiziya aparıcısı”) deb ataydi. “Olib boruvchi” deganda ruscha “телеведущий”dan nusxa koʻchirganday tuyuladi, lekin televizor paydo boʻlibdiki, tilimizda shu ibora bor: “koʻrsatuvni falonchi olib boradi” yoki “taqdim etadi” deymiz, lekin hech qachon “koʻrsatuvni falonchi boshlab beradi” deyilmaydi.
Shu oʻrinda yana bir misol: mazkur kasb egasining fransuzchada atalishi diqqatga sazovor: fransuz tilida koʻrsatuv olib boruvchi jurnalist – “animator” (ayol kishiga nisbatan: “animatris” – “animateur”, “animatrice de télévision”) ataladi. “Animateur (-rice)” – “jon ato etmoq”, “jonlantirmoq” kabi maʼnolarga ega fransuzcha “animer” (yoki lotincha: “animare”) feʼlidan yasalgan boʻlib, “jonlantiruvchi” demakdir. Yaʼni, fransuzcha animator – koʻrsatuv yoki eshittirishni jonlantiruvchi, unga ruh bagʻishlovchi shaxs (Fransuz tilida “animator”, shuningdek, biron bir guruh, ish-harakat, sanʼat asariga “jon baxsh etuvchi” maʼnosida boshqa sohalarda ham ishlatiladi). Shuningdek, fransuz tilida baʼzan koʻrsatuv taqdim etuvchisiga nisbatan – “prezentator” (“présentateur” – “taqdim etuvchi”) deyilishi ham mumkin. Ingliz tilida ham xuddi shu maʼnoda “radio/television presenter”, yaʼni “radio/televizion taqdim etuvchisi” nomi qoʻllanadi.
Suxandon
Ruscha “диктор” soʻzining “suxandon”ga almashtirilishini aql bilan tushunib boʻlmaydi. Diktor – bu radio yoki televizor orqali eshittiriladigan matnlarni oʻqib beruvchi xodim. Ingliz tilida mazkur kasb egasi – “announcer”, turk tilida “anönsör”, yaʼni “eʼlon qiluvchi”, “bildiruvchi” deb ataladi. “Diktor” ham, “announcer” ham shu kasb egasi bajaradigan amalga mos nom, fors-tojikcha: “suxandon” esa: “soʻzga chechan, soʻzamol, notiq” kabi maʼnolarga ega. Lekin “diktor” deb tayyor matnni oʻqib beruvchi shaxsga nisbatan aytiladi, yoqimli ovoz, soʻzlarni yaxshi talaffuz qila olish qobiliyati uning asosiy fazilatlari, diktor umuman gapga chechan, notiq boʻlmasligi ham mumkin. Ehtimol, soʻzga chechan, notiq, suxandon soʻzini siyosatchi, adabiyotchi yoki boshqasiga nisbatan qoʻllash mumkindir, lekin aslo diktorga nisbatan emas.
Negadir bizda bir chet soʻzni boshqa chet soʻzga almashtirish anʼanasi mavjud, nafaqat chet soʻz, hatto koʻpincha oʻz soʻzimizni ham chet soʻzga almashtiramiz, ehtimol, shu xislatimiz bilan dunyoda yagona millat boʻlishimiz mumkin. Deylik, “radiotinglovchi” soʻzi yaqin oʻtmishda – radio paydo boʻlgandan keyin chet soʻz emas, oʻz soʻzimizdan yasalgan. Ana shunday topilmalar bizga koʻproq kerak.
Oliy majlis
1995-yildan boshlab bizda qonun chiqaruvchi eng yuqori kengash – parlament – “oliy majlis” nomi bilan atala boshladi. Ungacha, mustaqillikning dastlabki yillarida, bu institut – “oliy kengash” deyilgan. Ona tilimizda “kengash” degan juda qadimiy soʻz bor. Ushbu soʻz “Devonu lugʻotit-turk”da ham: “kӭnäsh – ishlarda kengashish, mulohaza yuritish”, deb izohlangan (DLT. III. T. 1963. 376-bet). Bu soʻz qadimgi “kӭnädї”, yaʼni “kengashdi, maslahatlashdi” feʼlidan yasalgan. Kengash Chingizxon davrida ham, Temur davrida ham davlatning asosiy instituti boʻlib kelgan. Parlament kabi millat taqdirini hal qiladigan yigʻinni ifodalash uchun tilimizda “kengash”dan munosibroq soʻz yoʻq. 1994-yil Oliy Kengash chaqiriqlaridan birida esa negadir bu qadim soʻzimizdan, bizni ajdodlar anʼanalari bilan bogʻlaydigan siyosiy atamadan voz kechilib, uning oʻrniga arabcha “majlis” soʻzi afzal koʻrildi. Ilgari “oliy kengash” deganda faqat “oliy” soʻzi arabcha boʻlgan boʻlsa, “oliy majlis” – butunlay arabcha boʻldi. Aslida “oliy” oʻrnida “yuqori” deyilsa, toʻgʻriroq, xalqimiz uchun yanada tushunarliroq boʻlardi. Aytaylik, qoraqalpoq qardoshlarimiz – “joʻqorgʻi kenges”, qirgʻizlar – “jogorku kenesh” deb bu idorani sof turkiycha atashadi. Shunday ekan, nega biz ham YUQORI KENGASH emas, “oliy majlis” deyishimiz kerak, axir arablarning oʻz parlamentlarini turkcha nomlashlarini tasavvur qilish mumkinmi?
Alqissa, bu kabi misollar sizda ham koʻp boʻlishi mumkin, agar ularni izohlarda qoldirsangiz, mavzu yanada oydinlashardi. Qani, qancha xashak yigʻilarkin.
Abduvohid HAYIT