Internet xuddi virtual durbinga oʻxshaydi. U orqali dunyoning boshqa burchagini bemalol koʻramiz. Deylik, hozirning oʻzidayoq qaysidir nuqtadagi qandaydir kichik millatning hayot tarzi va madaniyati bilan tanishish mumkin. Xuddi shunday, biz ham boshqa xalqlarning “tasvir obyekti” boʻla olamiz. Oʻylab koʻring, xalqimizning maʼnaviyati va saviyasi borasida oʻzgalarda qanday taassurot qoldiramiz?!

Umuman, maʼnaviyatimiz va saviyamiz haqida uzoq gapirish mumkin. Masalaga qaysi tomondan kelish haqida uzoq oʻyladik va tahlil obyekti sifatida ijtimoiy tarmoqlarni yaʼni, YouTube platformasi va Instagram tarmogʻini tanladik. Ayni damda bu platformalardagi noodatiy va saviyasiz izohlarni tasniflashga harakat qilamiz.

Men birinchiman… Men esa ikkinchi…

Sahifaga video yoki post yuklanishi bilan birinchilardan izoh yozishga qiziqadiganlar bor. Yetmaganiga ular qoyilmaqom ishni bajargandek men birinchiman, men ikkinchiman deb maqtanishni ham oʻzlariga ep koʻrishadi.

Tabiiyki, bu izohlar muallifga hech qanday manfaat keltirmaydi, faqatgina ayrim yurtdoshlarimiz oldida kulgiga qoladi.

Hammasi layk uchun…

Ijtimoiy tarmoqlardagi yirik tendensiyalardan biri “layk”lar ortidan quvishdir. Aynan “layk”ni maqsad qilgan internet foydalanuvchilari turli mazmundagi izohlardan foydalanishadi:

– Iltimos, menga layk bosing;

– Ota-onasini hajga olib boraman, deganlar layk bossin;

– Ota-onamni yaxshi koʻraman, deganlar layk bosing, qani, necha kishi ekanmiz;

– Layk bosgan odamning puli koʻpayib ketsin…

Izoh uchun bosilgan “layk” sahifa egasiga deyarli manfaat keltirmaydi. Bu odat shunchaki bemaqsadlik va yuzaki fikrlash orqali paydo boʻlgan.

Mening sahifamni koʻrmang: 18+

Izoh qoldiruvchilar orasida axloqsiz intrigalar bilan odamlarni oʻziga qaratadigan, tomosha qilish sonini sunʼiy ravishda oshiradigan toifa ham uchraydi. Bu reklama sohasidagi eng surbet yoʻnalishlardan biri. Lekin bugun asosan yoshlar orasida bu yoʻnalishni ommalashtirayotganlar koʻp. Qolaversa, shu mazmundagi “Storiesimni koʻrmang, uyalaman”, “Storiesimda yalangʻoch suratlarim bor” izohlarini ham koʻrib koʻzlarimiz “qonayapti”. Bunday mualliflarning dunyoqarashiga faqat achinish mumkin.

Musulmonmisiz?

Dinimiz doim ezgulikni targʻib etadi. Islomni qadrlagan, tadqiq qilgan, targʻib qilgan musulmonlarni hurmat qilamiz. Lekin izohlarda odamlarni diniy soʻroqqa tutadigan toifa ham mavjud:

        – Nega roʻmol oʻramagansiz?

– Namoz oʻqiysizmi oʻzi?

– Allohdan qoʻrqmaysizmi?

– Oxirgi marotaba qachon ehson qildingiz?

– Undan koʻra muhtojlarga yordam bermaysizmi?

Har bir insonda eʼtiqod erkinligi mavjud va umuman olganda, diniy qarashlar bosim bilan singdirilmaydi. Axloq va insoniylikka zid boʻlgan xatti-harakat egalarini odobga chaqirish mumkin, lekin har bir holatga diniy tus berish oʻrinsizdir.

Tanishsak maylimi?

Turli video yoki post ostiga oʻrinli izoh qoldiruvchilarga “gap otadiganlar” ham topiladi. Masalan, qandaydir izoh yozgan qiz yoki ayolga javoban baʼzi shovvozlar tanishish taklifini bildiradi va ketma-ket bir qancha savollar tashlaydi:

           –    Profildagi rasm oʻzingiznikimi?     
           –   Men bilan gaplashasizmi?
           –   Chiroyli ekansiz-a?

Izohdagi izohlar ruknida bir-biri bilan soʻkishib, bir-biri bilan janjallashib ketadigan virtual joʻjaxoʻrozlar ham talaygina. Koʻz koʻzga tushmagandan keyin andisha ham yoʻqoladi, shekilli, baʼzilar hayotda oʻzlari ishlatmaydigan vulgarlarni oʻzaro baham koʻrishadi.

Oh, sevib qoldim…

Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hissiyotlarini imlo xatolari gʻij-gʻij matnga joylovchi romantiklar koʻp topiladi. Deylik, birorta ijodkorning ijodiy ishi bir chetda qolib, uning qosh-koʻzi muhokama mavzusiga aylanadi. Ayrimlar hayotda yuzma-yuz uchratish qiyin boʻlgan yulduzlarga toʻgʻridan toʻgʻri sevgi izhor qilib oʻtiradi.

Bugungi kunda tashqi koʻrinishi koʻrkamroq yoki oʻzi mashhur boʻlgan yigitlarning izohlarida baʼzi qizlar va ayollar ham axloqsiz va maʼnaviyatsiz gaplarni yozib qoldirishmoqda.

Ijtimoiy tarmoq darvozasiz uyga oʻxshaydi. Xohlagan odam kirib keladi yoki uydagi hamma vaziyat omma uchun tomoshadek gap. Shunday ekan, yigitlar ham, qizlar ham yuragiga sigʻmayotgan hissiy replikalarini ommaga havola etmasa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Senga boʻlsin haqoratlarim…

Didimiz va qarashlarimizga mos kelmaydigan materialni tayyorlagan yoki gʻazabimizni qoʻzgʻaydigan harakatlarni sodir etgan sahifa egalari izohlari ham odatda “lolazor” boʻlib ketadi. Bu oʻrinda ayrimlar gʻubori tarqalguncha mualliflarni soʻkadi, haqoratlaydi, kamsitadi:

        – Erkakka oʻxshagin;

– Palagʻda tuxum, mazangni qochiraman;

– Bu kuningdan oʻlganing yaxshi edi, toʻngʻiz…

Holat xavfli signal, aslida. Vaqtida tiyilmagan emotsiya maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bir muddat oldin bu mavzuda maqola ham eʼlon qilgan edik.

 


Mahalliy izohlardagi yana bir muhim kamchilik – son-sanoqsiz imlo xatolaridir. Oʻz ona tilida bexato yoza oladigan yurtdoshlarimizning tobora kamayib borayotgani juda achinarli holat. Bu xatolarning yagona “plyus” tarafi – qaysidir xorijlik kuzatuvchi ularni jamlab, avtotarjimaga joylashtirsa, dastur tarjima qila olmay chalkashib ketadi.

Material tayyorlash davomida ayrim dunyo mamlakatlarining Youtube platformasidagi izohlarini koʻzdan kechirdik. Ular orasida saviyasiz va negativlari juda kam. Masalan, belgiyalik xonanda Jade de Rijcke tomonidan ijro etilgan “Homesick” qoʻshigʻining izohlarida saviya va madaniyat bilan yozilgan 12 000 ga yaqin fikr va munosabatlarni oʻqishingiz mumkin. Ayniqsa, imlo xatolarning kamligini koʻrib odam hijolat tortadi.

Aslini olganda, ijtimoiy tarmoqda izoh yozish mutlaqo ixtiyoriy, lekin yuqorida aytganimizdek, oʻzgalar nazarida xalqimiz saviyasini yerga urishdan ehtiyot boʻlish kerak. Madaniyati yuksak va teran fikrli insonlargina jamiyat nufuzini yuqoriga koʻtaradi. Hechqursa, internetda izohlar yozayotganda birozgina kengroq fikrlasak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Sirojiddin RUSTAMOV,

Oyina.uz