Bu voqea yuz bergan yili avgust juda issiq kelgan edi. Yozning boshidan boshlangan qurgʻoqchilik esa dehqonning koʻzini qonga toʻldirgan. Birinchi marta otalar dargʻatning boshiga bolalarni qorovullikka qoʻyishga yuragi betlamay qolgandi. Suv talashib, kim kimning beliga ketmon bilan solar, boshqasi boʻlsa shunchaki chavaqlab tashlar edi. Tomorqamizdagi ekinlarning qulogʻi filning quloqlariday shalpayib turardi. Egatlar yorilib-yorilib ketgan, bolalar yaxshi koʻradigan bodringlar kampirga oʻxshab burishib qolgan edi. 

Bir soʻz bilan aytganda, it egasini tanimagan oʻsha yili men birinchi marta yozgi taʼtilga chiqqandim. Xuddi yil boʻyi oʻqib, qoyillatib qoʻygandek qishloq bolalari kabi mening ham ogʻzim qulogʻimga yetgandi. Aslida bu u qadar xursand boʻladigan voqea emas. Chunki avval mol boqish va uydagi mayda-chuyda ishlardan maktab bahona qutulib qolsak, endi buning sira iloji yoʻq edi. Mollarni koʻproq ukam dalaga haydab ketardi, men esa oyogʻimga tushov tushgandek bir tovuq qaytarishga yugursam, bir kartoshka palagidagi qoʻngʻizlarni terib chiqar, bir onamga uy tozalashga qarashsam, bir otam bilan qoʻshilib noskadisini izlar edim. Menga ham adogʻi yoʻq mayda ishlardan koʻra mollarni dalaga qoʻyib yuborib, tutning soyasida somon chaynab yotish yoqardi. Na iloj, bu hafta ukamning omadi keldi. Kattalarning aytishicha, ukam mol boqishni mendan yaxshiroq eplayotgan ekan.

Men oʻsha kunga qadar biror marta otamsiz uxlaganimizni yoki otam uyga kelmaganini eslay olmayman. Ochigʻini aytganda, otam bolajon emas edi. Biz ham unga erkalanib, xarxasha qilib yurmasdik. Ammo oʻrtamizda koʻrinmas shunday rishta bor ediki, u bilan faxrlanardik. Boshqalar qanchalar faxrlangan bilmadim-u, ammo men otamga boshqalarni tenglashtirolmas edim. Qoʻshnilar bilan solishtirgan taqdirda ham har safar otam yengib chiqardi. Toʻgʻri, uning mashinasi yoʻq edi, ammo uning deraza romidan ortgan boʻyoqning karomati bilan yap-yangi boʻlib qolgan velosipedi bor edi. U oyoqulovini juda ehtiyot qilardi, doim unga alohida marhamat koʻrsatar, har haftaning soʻngida oyoqlarini yechib, zanjirlarini moylab qoʻyardi.

Otam uch qishloq naridagi maktabga qatnab ishlardi. Uning ishdan qaytishining oʻzi bir marosim edi goʻyo. Ukam uyning oldiga – koʻchaga chiqib turardi, men esa uch uy naridagi muyulishda turardim. U yerdan qoʻshni qishloq boshlanardi va goh bugʻdoy, goh paxta ekiladigan dala boʻylab qayrilib ketgan yoʻl uzoq-uzoqlargacha koʻrinib turardi. Men otamning sharpasidanoq tanirdim, uning bir maromda pedal bosishi va velosiped ustida ham kibr aralash qaddini rost tutishini takrorlab boʻlmasdi. Otamni koʻrishim bilan ukamga baqirardim: “Otam kelyapti… otam kelyapti…” Ukam esa uyda ovqatni tunuka tovoqqa solib, pechkaning oldida oʻtirgan onamga yetkazardi. Onam gaz pechkani yoqardi. Shu bilan otam kiyim almashtirib boʻlganda, uni bekam-u koʻst dasturxon kutib olardi. U choy ichayotganda hamma mum tishlab oʻtirardi. Oʻzining taʼbiri bilan aytganda, qorni toʻyib, koʻzi joyiga tushgandan soʻng ozgina suhbat boʻlardi va yana hovlida ish qaynardi.

Bu safar maktabni taʼmirlash uchun joʻnab ketgan otam qaytishi bilan apil-tapil choy ichgan boʻldi-yu, yana velosipedi bilan tuman markaziga joʻnab ketdi. Otamning yuzida xavotir bor edi. Onamga nimalarnidir ozgina tushuntirdi. Men ogʻziga qarab oʻtirdim-u, ammo hech narsa tushunmadim. Onam esa qaygʻuli ohangda “shu yetmay turuvdi…” dedi xolos.

Otamning mushaklari baquvvat edi. Sport bilan shugʻullanganini koʻrmagan boʻlsam-da, uning mushaklari qurbaqaga oʻxshab boʻrtib turardi. Qoʻshni xotinning shangʻillashlari ostida tovuqlarimizni uning tomorqasidan qaytarib kelganimda otam qaytib kelibdi, toʻgʻrirogʻi, yana qayergadir ketayotgan ekan. Mashinada!

– Xavotirga oʻrin yoʻq, – dedi otam nimalarnidir tayinlayotgan onamning gapini boʻlib. – Biz shunchaki qoʻshni tumandagi suv omborini qoʻriqlaymiz. Qoʻlimizga qurol ham berarmish. Lekin… – dedi kaftidagi tuproq nosni tilining ostiga tashlab, – lekin Sariosiyoda rosa toʻpolon boʻlayotgan ekan. Aytishlaricha, davlat rahbari ham yetib boribdi. Otam nos otganda ham tovushlarni buzmasdan talaffuz qilardi. Bundan ham faxrlanardim. Bu ham men uchun “sanʼat” edi. Chunki konfetni tilimning ostiga solib, gapirishga uringanimda kurkadek gʻulgʻulaganman xolos.

Oʻsha kuni otam kechki ovqatda dasturxon boshida oʻtirmadi. Ukam mollarni boqib kelib, otamning yoʻqligidan hayratga tushdi. Biroq men unga tushuntirdim, otamga bugun miltiq berarkan, dedim ogʻzim qulogʻimga yetib. U baribir tushunmadi. Oxiri kechki dasturxon boshida yigʻladi. Oʻzim ham sezgandim, u borgan sari toʻqimi ovib, koʻzida yosh aylanayotgan edi. Oxiri koʻzyoshi toʻlachadan kelgan yonogʻidan gildirab iyagiga qarab joʻnadi. Soʻng ovozi ham chiqdi oʻsha koʻzyoshning.

Onam jim boʻlmasa hozir doʻxtir chaqirishini aytdi. Onamga ham bir gap boʻlgandi. U ham xuddi boʻgʻziga nimadir tiqilib qolgandek chiyillab gapirardi. Onam tovuq katagining ogʻzi ochiq qolganini eslab, yopib kelishga chiqib ketdi. Ammo u uzoq qolib ketdi. Va uyga kirganda yigʻlaganini qizarib ketgan koʻzlari sotib qoʻydi. Onamning qoshlari tabiiy goʻzal edi, ammo u xafa boʻlganda yanada goʻzallashib, sinfxonamiz doskasining ustidagi Navoiyning qoshiga oʻxshab qolardi.

Men otamga oʻxshardim. Buni ulgʻayganimda koʻproq anglab yetdim. Men otam kabi toshbagʻir edim. Buni birinchi marta ukam ikkalamizni it tishlab, shifoxonada yotganimizda bilganman. Otamning aytishicha, bizni tishlagan it “Layka”mizning otasi ekan. Oʻziyam eshakdek kelardi u. Ammo bizning “Layka” birovga besabab hurmasdi ham. Xullas, biz bir hafta shifoxonada yotdik. Quturishga qarshi ukol qilishdi. Va quturishimizni kutishdi, menimcha. Biz quturmadik. Lekin oʻshanda ham ukam ota-onamni sogʻinib yigʻlardi. Menga esa Pushkin bir jahon. Otam olib bergan politsiya mashinachasini maza qilib oʻynardim.

Ukam yigʻlab-yigʻlab uxlab qoldi. Mening koʻzimda uyqudan asar ham yoʻq edi. Ha, bolaligimdan uyqusizlik kasaliga chalingandim. Adashmasam, bu bobomning oʻlimi bilan bogʻliq edi. Bir kuni yarim kechasi “Bobom nega oʻladi?” deb yigʻlab uygʻondim-u, shundan kechalari uygʻonib ketadigan yoki eng kech uxlaydigan odat chiqardim.

Onamning ham koʻziga uyqu kelmayotgani koʻrinib turardi. U oʻzini ovutish uchun kitob oʻqiyotgandi. Men qalin kitobning muqovasi ortiga rasm chizib oʻtirardim. Onam bir-ikki uxlashim kerakligini eslatdi. Biroq u aniq uxlashim kerakligini aytmadi. Demak, onamga ham mening uygʻoqligim maʼqul edi. Shu asnoda otam haqida oʻyladim, u hozir nima qilayotgan ekan. Qoʻlidagi miltiq bilan dushmanning dodini berayotganmikan-a?

Shu paytgacha har besh daqiqada pirillab qoladigan televizorimizdan koʻrganim, qoʻliga qurol tutgan odam, albatta, kimgadir oʻq uzishi kerak edi. Bunaqa kinolarni otam yaxshi koʻrardi. Biz soʻzini tushunmasdik, biroq otam buni tushunardi va berilib koʻrardi.

Sartarosh amakimning aytishicha, otam Afgʻonda xizmat qilgan ekan. U jahli chiqsa, tentak boʻlib qolarmish. Chunki hamma afgʻonchilar shunaqa emish. Biroq men otamning tentak boʻlganini biror marta koʻrmagan edim. Faqat u bola bilan oʻynashni bilmasdi. Otam bilan bogʻliq eng yaxshi xotiram onam xolamlarnikiga qidirib ketganda meni uxlatish uchun aytib bergan baliqchi chol haqidagi ertak edi. Oʻshanda biram maza qilgandim, otamning issiq qoʻnjiga kirib, uxlamaslikka tirishardim, otam esa meni uxlatish uchun ertakni achchiq ichakdek choʻzardi. Indallosini aytganda, ikkalamiz ikki frontda jang olib borardik.

Otam kelmasligini bilsam ham, zerikib ketganimdan onamdan otamning qachon kelishini soʻradim. Onam esa quruqqina qilib: “Bir uxlab tursang…” dedi. Ukam xurrak otishni boshlab yubordi. Onam endi kitobni qoʻyib, krossvord yechishga oʻtgandi. U boʻsh kataklarni harf bilan toʻldirib chiqardi. Bir payt chiroq oʻchdi. Onam turtinib-surinib, moychiroqni yoqdi va qiyomat kuni ham bizning chiroqchilar chiroqni oʻchirishni unutmasligini aytdi. Onam hali ham nimadandir norozi edi, tabiiy kirtaygan koʻzlari yanayam ayanchli tus olgandi. Rasm chizishni toʻxtatib, ukam bilan onamning orasiga tiqildim. Ukamni surib tashladim. Bilardimki, ukam bir uxlagach, tank otsayam uygʻonmasdi.

Onam boshimni siladi. Uning qoʻllarida qandaydir titroqni sezdim. Bu menga ham koʻcha boshladi. Yigʻlagim kelardi. Bu menimcha, savqi tabiiy edi. Axir shu paytgacha otamsiz tun boʻlmagan. Buni tasavvur ham qilmagan edik.

Onamning pichirlagan tovushini eshitdim. U Xudodan tinchlik soʻrardi. Ha, u buni qayta-qayta soʻradi. Oʻtinib-oʻtinib soʻradi. Shunda men Xudo onamni eshitmayaptimikan degan xayolga ham bordim. Biroq kattalar bir nimani bilmasa, qilmasligini bilardim.

Onamning bunday xavotirli yuzini avval ham, keyin ham koʻrmaganman. U moychiroqning xira yorugʻida ham tashvishli edi.

Chiroqning piligi tutay boshladi va onam uni pasaytirib keldi. U televizorning ustida turardi. Oʻrniga yotgach, rivoyat aytib berishini eshitib, xursand boʻlib ketdim. Ochigʻi, ozroq kelayotgan uyqum ham iziga qaytib joʻnadi. Men onamga tiqilibroq yotdim. Undan rayhonning hidi kelardi.

Uning aytishicha, qadim zamonda qoʻli gul kulol boʻlgan ekan. U qoʻli gul boʻlishiga qaramay, qashshoq va kamtar kun koʻrarkan. U oʻzi yasagan buyumlarning bahosini bilmas yoki bilsa ham ularning bahosini koʻtarmas ekan. Oʻzining aytishicha, otasi tirilib kelsa ham oʻzining ehtiyojidan ortiq koʻza yasamas ekan. Boshqalar esa uni boqi-begʻamlikda ayblar, gulday hunarini xor qilayotganini taʼkidlarkan. Bir kuni uning bunday goʻzal isteʼdod sohibi ekanidan podshoh xabar topib qolibdi va uning har bir koʻzasining bahosini oʻsha koʻzaga sigʻguncha oltin bilan belgilab qoʻyibdi.

Endi uning uyi karvonsaroyga aylanib ketibdi. Koʻzalarini bozorga olib chiqishga ehtiyoj qolmabdi. U har bir koʻzani yasab boʻlishi bilan kazo-kazolar xaridor boʻlib, navbat kutib oʻtirarkan. Bundan ragʻbatlangan kulol kechalari ham uxlamasdan koʻza yasashga kirishibdi. Oʻzi-ku bu ishidan mamnun emas, ammo kimdir eshiging tagida moʻltirab oʻtirsa, koʻzga uyqu keladimi. Oxiri bu bedorlik va tartibsiz hayotdan charchagan kulol saroyga yoʻl olibdi. Uni podshoh hurmat-ehtirom bilan kutib olib, noz-neʼmatlar bilan siylagach, kelishining sababini soʻrabdi.

Shunda kulol: “Qaytaring!” debdi.

Podshoh hayron boʻlib:

– Koʻzalaringni qaytarib beraymi? – deya gʻazablanibdi.

– Yoʻq.

– Unda nimani soʻrayapsan? – soʻrabdi podshoh labiga chilimni qistirib.

– Tinchligimni qaytaring, olampanoh! – debdi kulol onamning koʻzlaridek kirtaygan koʻzlarini podshohga tikib.

Shundan soʻng podshohning roziligi bilan kulol koʻzalarining bahosini avvalgi holiga qaytarib, koʻngli orom topibdi.

“Ha, – dedim xayolimda, – onam Xudo deyayotgani oʻsha podshoh boʻlsa kerak”. Ochigʻi, men hali bunday rivoyatlarning magʻzini chaqishga yoshlik qilardim. Aqlim qulogʻimdan oqayotganiga qaramay, koʻp narsaning maʼnisiga bormasdim. Shu xayollar bilan uxlab qolibman.

Ertalab onam kosada yangi sogʻilgan sut olib keldi. Unga toʻgʻralgan non paxtadek uvib qolgandi. Ustida sutga qoʻshilolmagan sariyog‘ suzib yurardi. Ukam hali ham xafa edi. U indamay sutni ichdi-da, mollarni ipidan boʻshatib, oldiga solib ketdi. Quyosh tikka tushganda yana xuddi shunday qaytib keldi. U baʼzan kun boʻyi qaytmasdi, beliga non bilan biror shirinlik tugib ketardi-da, kechga qaytardi. Ammo bugun qaytib keldi. Choy ichib oʻtirgandik koʻchadan mashinaning “bibillagan”i eshitildi. U qayta-qayta “bibilladi”. Onam avval derazadan qaradi. Soʻng yuzidagi qora bulutlar arib, chehrasi ochilib ketdi va otamning kelganini suyunchiladi.

Ukam ikkalamiz oʻtirgan joyimizdan to hovliga kirib kelayotgan otamning oldigacha kim oʻzar qoʻydik. Otam ikkalamizni ham baravar qoʻltiqlab koʻtardi-da, ayvondan ichkariladi. Negadir onam yigʻlayotgan edi.

…Onam choy ichib koʻzi joyiga tushgan otamdan nima boʻlganini soʻragan edi, otam biznikilar dushmanni chegaradan chiqarib, enasinikiga qoʻyib kelganini aytdi. Men birinchi sinfning yozgi taʼtiliga chiqqan edim. Va ular ham enasining uyiga qaytganidan xursand boʻldim.

Bek ALI

Foto: Abdumannon Muhammad

“Vatanparvar” gazetasi, "Otamsiz oʻtgan tun" essesi.