Kuni kecha atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oyina.uz ziyolilarning ushbu kitob haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Milliy ozodlik harakati namoyandalari hayotini aks ettirgan yangi asar
“Yaldo kechasi” romanini men ham dastlab qoʻlyozma holida, keyin esa kitob shaklida juda qiziqish bilan oʻqib chiqdim. Toʻgʻrisi, bu asarning maydonga kelish jarayonidan qisman boʻlsa-da xabarim bor.
Alohida taʼkidlash kerakki, roman nihoyatda katta ijodiy mehnat-mashaqqat ortidan bunyod boʻldi. Muallif eʼtirof etganidek, togʻdek ulkan material ustida “qariyb olti yil qilingan uzluksiz mehnat” samarasi bu. Aslida ijod ahli shuurida muayyan mavzu, ichki dard, adabiy gʻoya, hayotiy manba – bularning barchasi xayolida aylanadi. Ammo shu mazmunga mos original shakl topish, chinakam badiiy asarga aylanish jarayoni, albatta, bu oson kechmasa kerak. Birgina misol: kitob soʻzboshisining dastlab bir-biridan mutlaqo farq qiladigan uchta varianti yoziladi. Buni qarangki, oxir-oqibat asarda yangi, toʻrtinchi varianti chop etilganini eslash misol uchun yetarli, menimcha.
Roman salkam bir asrlik davrni qamrab olgan. Bir insonning barakali umriga gʻoyat murakkab zamonning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy muammolarini zehniyat koʻzgusidan oʻtkazib joylashning oʻzi boʻlmaydi. Buning uchun jiddiy badiiy talqin, chuqur mulohaza, xayolot-fantaziya, albatta, mehnat va mahorat, adabiy voqelik iplarini oʻzaro mustahkam bogʻlash, ora-orada oʻquvchi qiziqishini kuchaytiradigan sirli nuqtalar ham oʻylab topilishi kerak. Muhtaram adibimiz – Xayriddin Sultonov ushbu yangi asarida ana shunday ulkan va mashaqqatli ijodiy vazifani toʻla-toʻkis ado etibdi.
Bugungi kitobxonga jadidlik fenomenini, jadidlar hayotini, XIX asr oxiri – XX asrning 20-yillaridagi murakkab, dolgʻali kunlarni, abadiyat qarichi bilan oʻlchaganda, qisqa bir fursatda ikki xil mustabidona qiyofaga kirgan bosqinchilar zulm va nayranglarini, bir oilaning ikkiga boʻlinish sabablari va, umuman, inson zotining qismati qanchalar ziddiyatli ekanini anglatish uchun yangi roman maʼnaviy zamin boʻlib xizmat qiladi, deb oʻylayman.
“Yaldo kechasi” milliy ozodlik harakati namoyandalari hayotini aks ettirgan yangi obrazlar va ularning yangicha talqinlari bilan qadrli. Tabiiyki, asardagi obrazlarning ayrimlari tarixiy, baʼzilari esa toʻqima-umumlashma qahramonlardir. Ular, avvalo, oʻzining hayotiyligi, haqqoniy va yorqinligi bilan oʻquvchilar qalbi va xotirasida oʻchmas iz qoldiradi. Bu fazilat chinakam sanʼat asarining eng muhim alomatidir.
Romanda odamning yuragini larzaga soladigan koʻplab lavhalar bor. Ocharchilik balosi, qoʻshnining qozonini soʻrab olish va shu qozonda qolib ketgan chaqaloqning oyoq suyaklari. Oilasi boshiga tushgan mislsiz musibatni koʻtara olmay toʻshakka mixlangan Zumradbibi. Yodgorbekning jadidona faoliyati va jasorati. Maʼsuma Suyimaning otib oʻldirilishi. Ozodbek va Odilbek oʻrtasidagi gʻoyaviy kurash va haqiqiy janglar. Oxir-oqibatda shu aka-ukaning oʻz maslagi yoʻlida halok boʻlishi. Darhaqiqat, oʻquvchi esida qoladigan bunday epizodlarni koʻplab sanash mumkin.
Roman janrining bagʻri keng. Unga juda ulkan zamon va makon sigʻishi mumkin. Sigʻdirish esa katta mahorat va ustalikni talab etadi. “Yaldo kechasi”da badiiy toʻqima bilan tarixiy faktlarning ketma-ket kelishi ham, gohida yillarning nisbiyligi ham ajib bir adabiy uygʻunlik kasb etganini kuzatish mumkin.
Umuman, “Yaldo kechasi” romani zamonaviy oʻzbek adabiyotida alohida, jiddiy bir voqea ekanini taʼkidlash lozim.
Men bundan oʻn yillar oldin yozgan maqolamda, qachondir vaqti kelib, ayni mavzuda, xususan, Abdulla Qodiriy siymosiga bagʻishlangan choʻng bir roman yozilsa, ajab emas, degan umid, aniqrogʻi, ishonch bildirgan edim adibimizga. Ana shu orzuimiz roʻyobga chiqqanidan behad quvondim.
Bahodir KARIM,
adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor
“Yaldo kechasi”ning badiiy-estetik qimmati
Adibning “Yaldo kechasi” tarixiy romanini berilib, taʼsirlanib oʻqidim. Taʼkidlash kerakki, ushbu roman milliy nasrimizdagi eʼtiborga molik badiiy-estetik voqeadir. Asar, muallifning oʻzi eʼtirof etganidek: “...yaratilganiga shu kunlarda yuz yil toʻlayotgan “Oʻtkan kunlar” romaniga nazira, aniqrogʻi, uning ikkinchi kitobi oʻlaroq” ijod etilgan. Vatanimiz va xalqimiz hayotining eng murakkab va ziddiyatli Rusiya mustamlakasi zamoni voqealari milliy nasrimizda koʻrilmagan uslubda – adabiy mistifikatsiya, oʻziga xos bir badiiy intriga tarzida ifodalangan roman mutolaasi koʻzimdan uyquni, qalbimdan halovatni oldi. Bir necha kun davomida roman qahramonlari bilan bir davr va bir muhitda yashadim, ular quvonsa – quvondim, anduh cheksa – qaygʻulariga sherik boʻldim.
Avvalo, asarning nomlanishi haqida. “Yaldo kechasi” eng uzun va qorongʻi tun maʼnosini ifodalashi ayon. “Oʻtkan kunlar” asarida, muallif taʼbiri bilan aytganda: “...tariximizning eng kirlik, qora kunlari” talqin etilgan boʻlsa, uning davomi boʻlgan “Yaldo kechasi” romanida millatning avval Chor Rusiyasi, keyin esa shoʻrolar istibdodi zamonlaridagi eng uzun va zulmatli tuni – ajdodlarimizning mustamlaka zulmi ostida kechgan ogʻir va iztirobli hayoti, hurriyat yoʻlidagi jasoratli kurashi va bu yoʻlda shahid ketishi bilan bogʻliq voqealar tasvirlangan. Roman nomi, shu jihatdan, teran ramziy-majoziy maʼnoga ega.