Tushunish ham mahorat

Tushunish – kundalik hayotimizda qayta-qayta amalga oshiradigan vazifalarimizdan biri. Xuddi yurish kabi, yoʻq, xuddi nafas olish kabi, chunki biz insonmiz va jamiyat ichidagina toʻlaqonli mavjudmiz. Jamiyat ichida yashash va faoliyat yuritish bu – boshqalar bilan muntazam axborot almashish degani. Kasbiy faoliyatim davomida ona tilidagi matnni tushunishni ilmiy jihatdan oʻrganganman. Baʼzan hamkasblar yoki atrofimdagilarning odam oʻz ona tilini juda yaxshi tushunadi, u yerda anglanmaydigan nima bor? Buning nimasini ilmiy oʻrganish, nimasini baholash kerak, degan savollariga duch kelaman. Ishoning, ona tilidagi matnni tushunish qiyin va oʻta murakkab jarayon. Buni isbotlash uchun ilmiy tadqiqotimda kichik xabar matnini toʻrt marta oʻqib eshittirganimda 60 kishidan faqat toʻrttasi, oʻqish uchun qoʻliga berganimda 88 kishining atigi oʻntasi toʻliq tushungani haqida yozmoqchi emasman. Shunchaki, tushunish jarayonida ongimiz qanday ishlashi haqida tajribamga asoslangan ayrim kuzatishlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

 Yurak xaritasi qanaqa boʻladi?

Bundan bir necha yillar avval televizorda bir klipga koʻzim tushdi. Xonanda: “Yuragimni uzib berdim, qaramading. Xaritasin tuzib berdim, qaramading”, deb kuylayapti. Klip davomida tasvir aktyorlardan xonanda va cholgʻuchilarga koʻchdi. Qoʻshiqchi oldingi planda, orqada cholgʻuchilardan iborat kattagina jamoa va ularning ortidagi fonda… dunyo xaritasi. Hayron boʻldim: qoʻshiqda global masala emas, sevgi haqida kuylanyotgan boʻlsa, klipda dunyo xaritasiga nima bor?! Tarona naqorati  yangray boshladi yana: yuragimni uzib berdim, qaramading, xaritasin tuzib berdim, qaramading…” va “Evrika!” Shundagina dunyo xaritasining ashula matniga (mazmuniga emas) aloqadorligini anglab yetdim. Matnda ishlatilgan xarita soʻzi sababchi edi hammasiga. Matnning bir parchasi (ayni vaziyatda matndagi bir soʻz) taʼsirida yuzaga kelgan assotsiatsiya tushunishning boshlangʻich darajasida ongda hosil boʻladi va matn mazmuni toʻligʻicha qabul qilinganda u chetga chiqishi kerak.

Masalan, kishi “yuragim...xaritasin tuzib berdim” jumlasini eshitish jarayonida xarita soʻzini alohida qabul qilganda dunyo xaritasi tushunchasi unga assotsiatsiya boʻlishi mumkin. Ammo xarita soʻzini qoʻshiq matni ichida u bogʻlangan yurak soʻzi bilan birga qabul qilar ekan, koʻchma maʼnoda qoʻllanilganini anglaydi va dunyo xaritasi tushunchasi tushunish jarayonida boshqa ishtirok etmasligi kerak. Keltirilgan misolda dunyo xaritasi tushunchasi klipda orqa fongacha yetib borganidan bilish mumkinki, xaritasi soʻzining matn ichidagi maʼnosi retsipiyent tomonidan qabul qilinmagan, balki alohida soʻz sifatida qolib ketgan. Demak, matnni tushunish vaqtida tildagi soʻzlarning maʼnosini bilishning oʻzi yetarli emas. Ular boshqa jumlalar bilan birga kelganda mazmun qanday oʻzgarishi haqida ham bilimga ega boʻlish kerak. Shuning uchun ham ona tilida matnni tushunishni oʻrgatish bu – bolada soʻzlarga, til birliklariga nisbatan hushyorlikni tarbiyalash demak, menimcha.

Ovqat Rumiyni oʻqiganmi yoki Rumiy ovqatni yeganmi?

Savolni oʻqib, “bu nima jinnilik” degan gap xayolingizdan oʻtgan boʻlishi mumkin. Ishonchim komilki, “Albatta, Rumiy ovqatni yegan boʻladi-da. Bu shubha ostiga olinadigan narsa emas-ku” degan javob xayolingizga keldi. Ammo boshqacha oʻylaydiganlar, aniqrogʻi, soʻzlarni yaxshi tushunmagani sabab xato qiladiganlar ham bor. Bir bloger blogida maxsus ovqatlanish dasturiga amal qilib ozayotganini yozib boradi. Yozishicha, maxsus firma tomonidan yuboriladigan ovqatga har kuni bir motivatsion gap yozib berisharkan. Bir kuni "Sen yurishni boshlasang, yoʻl oʻzi paydo boʻladi, deyapti bugungi ovqat" degan post qoʻydi. Men izohga "Bugungi ovqat Rumiyni oʻqigan ekan-da" deb yozdim. Chunki avvalroq bu gapning muallifi Rumiy deb koʻrsatilgan postni oʻqigan edim. Keyinroq boshqa kuzatuvchi mening izohimga javoban "yegan ekan, deng" deb yozdi.

Fikrlar zanjiri qandayligini aniq his qilishingiz uchun ketma-ket keltiraman:

- Sen yurishni boshlasang, yoʻl oʻzi paydo boʻladi, deyapti bugungi ovqat.

- Bugungi ovqat Rumiyni oʻqigan ekan-da.

- Yegan ekan, deng.

Zanjir oxirgi gapga kelganda uzilib, har tarafga sochilib ketganini siz ham his qildingizmi? Nima uchun bunday boʻladi? Ovqat va inson tushunchasini bogʻlaydigan birinchi harakat yeyish. Bunda odam harakat bajaruvchisi, ovqat esa harakat obyekti. Bu oddiy va boshqa bogʻlanishlarga asos boʻladigan bogʻlanish. Agar inson gapdagi leksik-grammatik vositalarni anglay olmasa, oʻsha asos bogʻlanishga murojaat qilib, mazmun haqida xulosa qiladi. Blogerning posti va mening izohim ovqat soʻziga nisbatan jonlantirish badiiy vositasini qoʻllash asosiga qurilgan edi. Oxirgi izohni yozgan foydalanuvchi, aftidan, uni tushunmagan. Bu ham xuddi teparoqda soʻz yuritganimiz “xarita” soʻzining kontekstda koʻchma maʼnoda qoʻllanganini tushunilmaganiga oʻxshaydi. Inson ongi gapda kelgan tushunchalarning sintaktik bogʻlanishini hal qilishga qiynalganida soʻzlarning mazmunidan kelib chiqib, sintaktik strukturani oʻzi ijod qiladi.  Bu – gap oʻquvchi tomonidan umuman tushunilmadi, degani.

Til ham davlat ramzimi?

Bir gal boshqa oʻqituvchining oʻrniga maʼruza oʻtishimga toʻgʻri keldi. Mavzu “Til – ramzlar tizimi” edi. Birinchi kurs talabalaridan shu mavzuni oʻqiganda nimani tushunganlarini, nimani tasavvur qilganlarini  soʻradim. Aksariyat javoblar “til millat/davlat ramzidir” mazmunida boʻldi. Endi tahlil qilib koʻramiz nima uchun yoshiga yetgan, yaʼni katta odam hisoblanadigan oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar “Til – ramzlar tizimi” ifodasini toʻgʻri dekodlay olmadi? (Tushunish ifodaning til xususiyatlarini toʻgʻri tahlil qila olish demakdir) Talabalardan tire gapda nima uchun qoʻllanilishini soʻradim, toʻgʻri javob berishdi. Yaʼni ular gapda qoʻllangan birliklarning alohida holdagi maʼnosi va vazifasini bilmaydi emas, biladi. Unda muammo nimada?

Muammo “ramz” soʻzida. Birinchidan, bu soʻz tilimizda u qadar faol ishlatilmaydi, yaʼni chastotasi past soʻz.  Ikkinchidan, uni deyarli hamma bitta kontekstda “davlat ramzlari” birikmasida uchratgan. Soʻz bitta kontekstdagina qabul qilinar ekan, uning mustaqil holdagi maʼnosi oʻzlashtirilmaydi (bu ilmiy jihatdan bir qator tadqiqotlarda  isbotlangan). Demak, “Til – ramzlar tizimi” ifodasini oʻqiyotgan talabalarda ramz soʻzi “davlat ramzlari” maʼnosi bilangina assotsiatsiyalanyapti. Uchinchidan, ramzlar soʻzining maʼnosi oʻzlashtirilmagandan keyin uning “ramzlar tizimi” birikmasida nimani anglatayotganini aniqlash ong uchun mushkul vazifa. Shu sababdan, tizim soʻzi dekodlash jarayonida hisobga olinmagan. Yaʼni u soʻzgacha chiqarilgan xulosa miya uchun qoniqarli javob boʻlgan.

Ushbu maqolada kundalik hayotimizda yoʻl-yoʻlakay uchragan hodisalar – tushunish jarayonidagi kamchiliklar va ularning sabablarini tahlil qilishga harakat qilindi. Umid qilamanki, endi inson oʻz ona tilidagi gaplarni ham tushunishi oson emasligi va buni jiddiyroq oʻylab koʻrish kerakligi haqida mulohaza qilib koʻrasiz.

Iroda AZIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent