Baʼzan boshqa yurtlarga ishlagani borgan va aksariyati “qora mehnat” bilan mashgʻul boʻlgan oʻzbek ayollarini koʻrib iching eziladi. Fabrika ishchisi, farrosh, bola boquvchisi, uy tozalovchi... h.k. Va koʻpi oilasida qoʻnim topmagan yoki roʻzgʻorining kam-koʻstiga koʻnavermagan ayollar... Shunday paytlarda mamlakatimiz nomini ilm-maʼrifat bilan, goʻzal xulq bilan koʻtarib yurgan hamyurtlarimiz koʻpayishini juda istaydi odam. Shukrki, bugun dunyoning har yerida, eng olis shahar-u kentlarida millatimiz dovrugʻini olamga yoyib, shaʼnimizga sharaf keltirib yurgan opa-singillarimiz talaygina. Ular qayerda va kim boʻlib ish yuritishmasin oʻzbek qizi boʻlib Vatan yuzini yorug‘ qilib kelyapti.

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Zamira Oʻzturk (Hamidova) ana shunday ziyoli, olima vatandoshlarimizdan, desak xato boʻlmas. Asli Andijonda tugʻilib voyaga yetgan Zamira opa ayni paytda Turkiya Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasining Kommunikatsiyalar boshqarmasida tarjimon, ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib keladi. Koʻplab ilmiy-ijodiy ishlarga bosh-qosh boʻlib kelayotgan yurtdoshimizning faoliyati bilan yaqindan tanishishni niyat qildik.

– Bolaligim Andijon va Sirdaryo viloyatlari oʻrtasida orzu-xayollar qurshovida oʻtgan desam boʻladi,  – deydi Zamira opa. – Sobiq tuzumning ogʻir sharoitlarida, sodda va mehnatkash xalqimizning yetovida ulgʻaydik. Yaʼni, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi choʻllarni oʻzlashtirish siyosatida koʻpgina vodiy ahli qatori kamina ham ota-onam bilan shu yerlarga kelib qoldik. Bola shuurimda mashaqqatli mehnatdan tolmaydigan, yaxshi kunlarga erishish yoʻlida birgalikda astoydil zahmat chekkan yurtdoshlarimizning qiyofalari saqlanib qolgan. Hozir ham jazirama kunlarda boshidan oftob oʻtib, ochlikka, suvsizlikka bardosh berib, oilasi bilan paxta dalalalari barpo etgan sodda va fidoyi odamlarimizning nurli, samimiy qiyofalari sira koʻz oʻngimdan ketmaydi.

Maktabdan maktabga koʻchib, oʻqituvchi va oʻquvchilarga koʻnikishim qiyin kechsa-da, (aslida bu koʻch-koʻchlar biz bolalarga ham bir qancha noqulayliklar keltirgan) yaxshi oʻqishga harakat qilganman. Lekin oʻquvchilik yillarim mamlakatimizning oʻtish davriga toʻgʻri kelgani uchunmi, pedagoglar orasida ham kadrlar yetishmovchiligini yuzaga keltirardi. Va bu mening shifokor boʻlishdek orzuimga taʼsirini koʻrsatgan. Kimyo, biologiya fanlaridan oʻqituvchilarimizning qoʻnimsizligi keyinchalik mening filologiya sohasini tanlashimga sabab boʻlgan. Maktabda ona tili va adabiyoti fani ustozimizning jonkuyarligi, ayniqsa, adabiyotni mehr bilan oʻrgatishi qalbimda Soʻzga boʻlgan muhabbatni oshirib yuborgan. Endi oʻylasam, kimki maktabda qaysi fanni yaxshi koʻrsa yoki qanday kasbni tanlasa, unga maktabda oʻsha darsdan saboq beruvchi ustozning xizmati, mehri katta boʻlarkan.

Shu tariqa poytaxtdagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga oʻqishga kirdim. “Turk tili va adabiyoti” boʻlimida oʻqish mobaynida mazkur tilni yanada chuqurroq oʻrganishga kirishdim. Bu meni kelajakda Istanbuldagi Marmara universitetining “Türkiyat Araştırmaları Enstitüsi”ga boshladi.

Zamira opa qardosh elda oʻqishi davrida ikki xalqning tili, urf-odatlari, qadriyatlari naqadar oʻxshashligini his etadi. Zero, bir daraxtning baquvvat novdalari kabi oʻzbek va turk millatining bir-biriga yaqinligi tabiiy hol edi. Lekin baʼzida ilmiy manbaalardan foydalanishda oʻqituvchi va talabalarga ikki til uchun yordamchi lugʻatlarning ozligi sezilib qolardi. Opa mana shu kemtiklikni Hacettepe universitetidagi doktorlik bosqichida oʻqib yurganida amalga oshirishga kirishdi va bir necha yillik izlanishlaridan soʻng “Oʻzbekcha-Turkcha lugʻat” nashri tayyor boʻldi. Bu haqda olimaning oʻzi shunday deydi:

– Bilasizmi, musofirlikdagi hayotimizda garchi qardosh boʻlsak-da koʻpincha, ayniqsa ilmiy maqolalar tayyorlashda, monografiyalar yozishda ikki til uchun birdek tushunarli va aniq boʻlgan lugʻatlarning yoʻqligi bizni qiynardi. U paytlarda oʻzbek tiliga qiziqish, boy tarximiz va beqiyos adabiyotimizga eʼtibor bugungidek emasdi. Bilasiz, u paytlarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari haminqadar, bordi-keldi, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning sustligi, taʼlim jarayonlarida ham bilinardi. Bugun Vatanimizda qardosh davlatlarga nisbatan har jihatdan ochiq va shaffof munosabatni koʻrib ochigʻi quvonaman va bugungi yoshlarimizga, talabalarimizga havas qilaman.

Oʻsha kezlar universitetdagi ilmiy rahbarim Emina Gursoy, professor  Ahmet Topaloʻgʻli kabi ustozlarimizning koʻmagi va daldasi bilan “shu lugʻatni men tayyorlasamchi”, degan gʻoya paydo boʻldi hamda ustozlarimiz professorlar Hikmet Korash, Fatma Achiklar bilan yetti yillik mehnatimizdan keyin “Oʻzbekcha-Turkcha lugʻat” dunyoga keldi. Bu toʻplamda 40 mingga yaqin soʻz, 5 mingga yaqin maqol va ibora joy olgan boʻlib, nashr nafaqat oʻzbek tili oʻrganiladigan oʻquv yurtlari uchun, balki butun qardosh tilli universitetlar uchun ham qoʻllanma vazifasini oʻtadi. Chunki  azaldan ona tilimizning turkiy tillar ichida maʼno va mazmunga, sheva va lahjalarga boyligi boshqa turkiy tilli mutaxassislar uchun ham shunday dastyorga ehtiyoj ortishiga sabab boʻlardi. Hozirgi kunda lugʻatimizning ikkinchi nashri ustida ish olib boryapmiz.

Ayni paytda Zamira opa nafaqat ilmiy izlanishlar bilan band, badiiy tarjima borasida ham bir qancha urinishlar qilib, oʻzbek adabiyotini turk oʻquvchilariga tanishtirishga harakat qilib kelmoqda.

– Men ilm yoʻlini tanlaganimdan beri tarjimaning ichidaman, desam xato boʻlmasa kerak. Bolaligim koʻp millatli mahallada oʻtdi, keyinchalik kasbim tufayli turk va rus tillarida muloqot qilishimga toʻgʻri kelardi. Nafaqat ogʻzaki, yozma tarjimalarni boshlaganimga 30 yildan oshdi. Aynan oʻzimning magistratura ishim ham mashhur turk yozuvchisi Umar Sayfiddin hikoyalarining oʻzbek tiliga tarjimasi bilan bogʻliq. Eng quvonarlisi, 2008-yilda ilmiy ishim sabab tarjima qilgan hikoyalarim oʻtgan yili muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tayyorlangan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamidan joy oldi.

Turkiya va Oʻzbekiston munosabatlari soʻnggi yillarda juda yaxshi tomonga oʻzgardi. Bu iliq munosabatlar barcha sohalarda aks etdi. Masalan, Turkiyadagi universitetlarda oʻzbek tili va adabiyoti bilan bogʻliq boʻlimlar sezilarli koʻpaydi. Bu boʻlimlarda dars berayotgan ustozlar, kursdoshlarim mendan “Nima uchun oʻzbek adabiyotiga oid asarlarni tarjima qilmaysiz, shunday boʻlsa talabalarga oʻqitardik” deb koʻp soʻrashardi. Xuddi shu kunlarda Oybek asarlarini tarjima qilish boʻyicha qoʻlimga bir loyiha kelib qoldi. Unga koʻra Oybekning “Qutlug‘ qon”, “Oltin vodiydan shabadalar” va “Ulug‘ yoʻl” romanlarini turk tiliga tarjima qilishim kerak edi. Bu uch romanni 3-4 yil ichida ketma-ket tarjima qildim. Lekin negadir loyiha toʻxtab qolgandi. Tarjimalar endi qogʻozda qolib ketmasin, deb rosa izlandim. Shunday kunlarning birida Yevroosiyo Yozuvchilar Uyushmasi (Avrasya Yazarlar Birliği) raisi Umar Yoqub oʻgʻli bilan tanishib qoldik va unga kaminada Oybekning tarjima qilingan romanlari bor, dedim. Umarbey qalami oʻtkir yozuvchi, qardosh adabiyotni yaxshi tushanadigan, zakiy inson edi. Romanlarni nashr qilishni bajonudil qabul qildi. Avvalo “Qutlug‘ qon” romanini chop qilishga kelishdik. Faqat buning uchun Oybekning merosxoʻrlaridan yozma ravishda ruxsat olish kerak edi. Buni Toshkentdagi “Oybek uy-muzeyi” direktori, yozuvchimizning nabirasi Oynur Toshmuhamedovadan oldim. Keyin romanni oʻqib yanayam mufassal tarjima qilish niyatida bir necha yil davomida tarjimani qayta ishladim. Albatta bundan bir necha yil avval bilgan tilimiz bilan hozirgisi orasida juda katta farq bor edi. Tarjimada shu jihatlarga eʼtibor qaratdim. Ketidan “Oltin vodiydan shabadalar” romanini oʻgirdim. Shunday qilib Turkiyadagi oʻzbek tili ixlosmandlariga ustozimiz akademik Naim Karimovning oq yoʻli bilan ikki romanni hadya qildik.

Kishi umrida yoʻlchi yulduzdek hamroh boʻlgan xotiralari boʻladi. Ana shunday yorug‘ kunlarimga oʻqigan badiiy kitoblarim ham esh boʻlgan, desam yangilishmayman. Bolalikdan kitoblarini sevib oʻqiganim yozuvchi Xayriddin Sultonning asarlari adabiyotga mehr qoʻyishimda alohida ahamiyat kasb etgan. Ne baxtki, sevimli yozuvchimiz bilan Anqaradagi Turkiya Respublikasi Prezidenti Millat kutubxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan nashr etilgan “Turk adabiyotining durdonalari” nomli 100 jildlik toʻplami taqdimotida uchrashish nasib etdi. Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti (TÜRKSOY), Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi, Oʻzbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Anqara Hoji Bayram Vali Universiteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu madaniy-maʼrifiy anjumanda qadrli ustoz yozuvchimizga tarjima kitoblarimni tuhfa qildim. Bu men uchun katta baxt edi.