Tarixda shunday ayollar borki, ularning hayoti birgina saroy yoki sulola doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Ularning taqdiri ortida butun bir davrning siyosiy muhiti, hukmdorlar oʻrtasidagi munosabatlar, oilaviy rishtalar va xalq xotirasi mujassam boʻladi. Oychuchuk Oyim ana shunday tarixiy siymolardan biridir.

Qoʻqon xonligi tarixida murakkab taqdiri, saroydagi mavqei, saxovatpeshaligi va bunyodkorlik ishlari bilan alohida iz qoldirgan Kenagas Oyim (Oychuchuk Oyim) XVIII asrda yashab oʻtgan. Uning hayoti Shahrisabz va Qoʻqonning siyosiy-ijtimoiy muhiti, hukmdorlar oʻrtasidagi qarindoshlik rishtalari hamda saroy anʼanalari bilan chambarchas bogʻliq edi.

Shahrisabzning nufuzli xonadonlaridan birining qizi Qoʻqon saroyiga kelin boʻlib keladi. Hashamatli toʻylar, elchiliklar va saroy marosimlari bilan boshlangan bu hayot keyinchalik ayriliqlar, yangi nikohlar, farzand va nabiralar taqdiri, yurtdan yurtga koʻchishlar bilan davom etadi. Ammo Oychuchuk Oyim taqdir sinovlari qarshisida nafaqat saroydagi mavqeini, balki insonparvarligi va bunyodkorlikka moyilligini ham saqlab qoladi.

Bugun uning hayoti haqida soʻz ketganda, koʻz oldimizda faqat bir xon malikasi emas, balki oʻz davrining siyosiy va ijtimoiy girdobida yashab, turli sinovlarni boshdan kechirgan va ortidan yaxshi nom qoldirgan mard ayol siymosi gavdalanadi.

Oychuchuk Oyimning kelib chiqishi

Oychuchuk Oyimning kelib chiqishi haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda turlicha talqin qilinadi. Ayrim asarlarda u Shahrisabz hokimi Olimbekning qizi sifatida tilga olinsa, boshqa manbalarda otasi Ibrohimbek Kenagas ekani qayd etiladi.

Xususan, Mirza Olim Mushrif Oychuchuk Oyimni Shahrisabz hokimi Ibrohim Otaliqning qizi sifatida eʼtirof etadi. Xudoyorxonzoda qalamiga mansub “Anjum at-tavorix”da esa bu maʼlumot yanada aniqlashtirilib, malika “shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qizi” ekani koʻrsatiladi [“Anjum at-tavorix”, 103-b.]. Shuningdek, asarda uning nikohiga bagʻishlangan lavhada ham Oychuchuk Oyim “Ibrohimbek valineʼmatning qizi” sifatida qayd etilgan [“Anjum at-tavorix”, 100-101-b.].

“Ibratul-havoqin”da esa Abdurahmonxonning Shahrisabz voliysi Olimbek valineʼmatning qiziga uylangani haqida maʼlumot beriladi [“Ibratul-havoqin”, 48-b.]. Garchi manbada kelinning ismi ochiq aytilmasa-da, nikoh voqeasining tafsilotlari va boshqa tarixiy asarlardagi maʼlumotlar bilan qiyoslaganda, bu yerda gap aynan Oychuchuk Oyim haqida borayotgani anglashiladi [“Ibratul-havoqin”, 48-49-b.].

Demak, manbalarda malikaning otasi ismi xususida muayyan tafovutlar mavjud. Biroq ularning barchasi Oychuchuk Oyim Shahrisabzning nufuzli hukmdorlar sulolasiga mansub malika boʻlganini tasdiqlaydi. Bu esa uning keyinchalik Qoʻqon xonligi saroyida tutgan yuksak mavqei hamda ikki hudud oʻrtasidagi siyosiy-qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashdagi oʻrnini anglash uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Saroydagi hashamat va taqdir sinovlari

Oychuchuk Oyimning Qoʻqon saroyidagi hayoti katta hurmat va tantana bilan boshlangan. Muhammad Yahyoxon Xoʻqandiyning maʼlumotlariga koʻra, malika kelinning saroyga kirib kelishi alohida hashamat bilan tasvirlanadi. Saroy mahramlari shaxzodani malika huzuriga boshlab borganlarida, mehmonlar shohona rasm-rusumlar asosida kutib olingan. Mehmondorchilik davom etgan har bir kunda ularga cheksiz izzat-ikrom koʻrsatilib, qimmatbaho hadyalar va tuhfalar ulashilgan. Mehmonlarni kuzatish uchun esa maxsus nadimlar tayinlanib, ular toʻrt farsang masofagacha hurmat bilan kuzatib qoʻyilgan.

Ammo saroyning inshootlari kabi bu hashamatli kunlar ham uzoq davom etmadi. Kelin-kuyovning visoliga bir yil ham toʻlmay, Abdurahmonxon vafot etdi. Oychuchuk Oyim bu qisqa nikohdan bir qiz farzand koʻrib, unga Oyjon Oyim deb ism qoʻydi.

Saroydagi kundoshlik

 

Oʻsha davr hukmdorlari hayotiga nazar tashlasak, bir nikoh bilan cheklanish odatiy hol boʻlmaganini koʻramiz. Ayniqsa, sulola davomiyligi, meros masalasi va nufuzli xonadonlar bilan qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash hukmdorlar nikohlarida muhim oʻrin tutgan. Shu bois saroy muhitida bir hukmdorning bir nechta rafiqaga ega boʻlishi oʻsha davr ijtimoiy-siyosiy hayotining tarkibiy qismi edi.

Oychuchuk Oyimning saroydagi hayoti ham bu muhitdan xoli emasdi. Xudoyorxonzodaning “Anjum at-tavorix” asarida Abdurahmonxonning ikki xotini tilga olinadi: Abdullohbekning qizi Sharafiniso oyim va shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qizi – Oychuchuk oyim. Demak, malikaning saroydagi kundoshlaridan biri Sharafiniso oyim boʻlgan. Manbada ularning farzandlari ham alohida qayd etilgan: Erdoʻnobek, Xurshid oyim va Zebuniso oyim Sharafiniso oyimdan, Oyxon oyim esa Oychuchuk Oyimdan tugʻilgan. Bu maʼlumot saroy hayotining murakkab ichki qatlamlarini ochib beradi. Oychuchuk Oyim Qoʻqonga shunchaki kelin boʻlib kirmagan, balki boshqa malikalar bilan bir muhitda yashab, oʻz farzandining kelajagi va saroydagi mavqei uchun murakkab munosabatlar girdobida umr kechirgan.

Taqdir uni yana bir bor sinovdan oʻtkazdi. Abdulkarimxon taxtga oʻtirgach, eski oʻzbek odatiga koʻra marhum akasining bevasi – Kenagas Oyimni oʻz nikohiga oldi. Garchi ular oʻn besh yildan ziyod birga yashagan boʻlsalar-da, bu nikohdan farzand koʻrmadilar.

Bu orada Oyjon Oyim ham ulgʻayib, Abdurahmonxon ibn Abdulkarimxonga turmushga chiqdi va ularning nikohidan Norboʻtaxon dunyoga keldi. Qizidan ham ayrilgan Oychuchuk Oyim nabirasining taqdiridan xavotirlanib, uni oʻz himoyasiga oladi va amaldagi hukmdor Erdoʻnaxondan ruxsat soʻrab, nabirasi bilan oʻz ota yurti – Shahrisabzga yoʻl oladi.

Shahrisabzda bu paytda hokimiyat almashgan boʻlishiga qaramay, yangi hukmdor Beknazarbiy malikaning hurmatini joyiga qoʻyib, unga tegishli meros mulklarini qaytarib beradi. Oychuchuk Oyim bir muddat shu yerda yashaydi. Ammo yillar davomida uning ikkinchi vataniga aylangan Qoʻqonni sogʻinish hissi ustun keladi. Qoʻqonga qaytar ekan, yoʻl-oʻlakay Dahbedda toʻxtab, Naqshbandiya tariqatining mashhur shayxlaridan Musoxon Xoja Dahbediyni ziyorat qiladi.

Qoʻqandga qaytib kelganidan keyin uning hayotida yana bir muhim voqea yuz beradi. Samarqanddagi siyosiy beqarorlik tufayli Abdushahid Xoja Eshonning oʻgʻli (baʼzi manbalarda ukasi) Ortiq Xoja Eshon Qoʻqonga qochib keladi. Abdulkarimbiy Eshonni izzat-hurmat bilan kutib olib, uy-joy va mol-mulk bilan taʼminlaydi. Oradan vaqt oʻtib, qirq sakkiz yoshli Oychuchuk Oyim Ortiq Xoja Eshonga turmushga chiqadi. Ushbu nikohdan tarixnavis Hakimxon Toʻra Xoʻqandiyning bobosi Hakim Toʻra dunyoga keladi. Shu tariqa malikaning avlodlari Qoʻqon tarixnavisligida muhim iz qoldirgan shaxslar bilan bogʻlanadi. Kenagas Oyimning vafot sanasi esa hozircha nomaʼlum.

Oychuchuk Oyimning faoliyati faqat saroy va oilaviy munosabatlar bilan cheklanib qolmagan. U xayr-saxovat va bunyodkorlik ishlari bilan ham faol shugʻullangan. Qoʻqonda uning nomi bilan bogʻliq bir qator binolar mavjud boʻlgan. Ulardan biri “Dorulomon” xonaqohidir. Rivoyat qilinishicha, malika Qoʻqanga kelgach qattiq xastalanib qoladi. Tabiblar davo topa olmagach, Shayx Shamsiddin Kulohbardor duo vositasida uni sogʻaytiradi. Shundan soʻng xon shayxga mukofot tariqasida yer-mulk beradi. Shayx esa bu mulkni xonaqohga aylantirib, u yerga omonlik izlab kelgan har qanday insonni xon yoki mansabdorlar taʼqibidan himoya qilish shartini qoʻyadi. Bu maskanda hatto jinoyat sodir etganlar ham jazolanmasdan, tarbiya va nasihat orqali toʻgʻri yoʻlga solingan.

Oychuchuk Oyim nomi bilan bogʻliq yana bir muhim yodgorlik “Chilustun” xonaqohidir. Abdurahimbiy vafotidan keyin uning xotirasiga atab katta xonaqoh qurishga qaror qilgan malika hozirgi “Tolzor” mahallasi markazida bu ishga kirishadi. Hofizaga koʻra, qurilishga mahalliy aholi hashar yoʻli bilan yordam bergan, hatto “Olmurod” qishlogʻi aholisi oʻzlari uchun tayyorlab qoʻygan qayragʻoch yogʻochlarini savob umidida keltirib bergan. Qirqta ustundan iborat boʻlgani uchun “Chil ustun xonaqohi” deb atalgan bu maskan musofir darveshlarga boshpana boʻlib, zikri samo’ marosimlari oʻtkaziladigan yirik diniy-maʼrifiy markazga aylangan. Uning faoliyatini taʼminlash uchun vaqf mulklari ajratilib, ilk zikri samo’ marosimlaridan birini oʻsha paytda Xoʻqandda mehmon boʻlgan Musoxon Toʻra Dahbediy boshqargan.

Oychuchuk Oyimning hayot yoʻli – bir necha nikohlar, ogʻir yoʻqotishlar, Shahrisabz va Qoʻqon orasidagi safarlar, ulamolar bilan munosabatlar va keng koʻlamli bunyodkorlik ishlaridan iborat murakkab bir tarixdir. Uning nomi bilan bogʻliq “Dorulomon” va “Chilustun” kabi obidalar shunchaki diniy inshoot emas, balki jamiyatda mehr-oqibat, panoh va maʼnaviy birdamlik timsoli boʻlgan. Shu maʼnoda, Oychuchuk Oyim Qoʻqon xonligi tarixida oddiy saroy ayoli emas, balki oʻz davrining ijtimoiy-maʼnaviy hayotida oʻchmas iz qoldirgan yirik tarixiy siymo sifatida gavdalanadi.

Zumradxon XATAMOVA,

CAMU xalqaro tibbiyot universiteti dotsenti, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

1.                 Xudoyorxonzoda. Anjum at-tavorix. / Soʻz boshi, ilova mualliflari: H.Bobobekov, I.Sulaymonovlarniki, tarjima va izohlar: Vohidov Sh. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014. – 348-b.

2.                  Mulla Niyoz Muhammad Xoʻqandiy. Ibratul havoqin (Tarixi Shohruhiy). – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.

3.            Muhammad Hakimxon toʻra. Muntahab at-tavorix. OʻzFAShI № 592, № 594, № 596 qoʻlyozmalar. Oʻsha muallif. Oʻsha asar. / Tarjima, muqaddima, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi: Vohidov Sh. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. – 716-b.;

4.            Mirza Olim Mushrif. Ansob us salotin va tavorix ul – xavoqin. / Nashrga tayyorlovchilar A. Matgoziyev, M.Usmonova. – Toshkent, 1995. – 128-b.

5.            Mullo Olim Maxdum Xoji. Tarixi Turkiston. – Qarshi: Nasaf, 1992. – 148-b.; Oʻsha muallif. Tarixi Turkiston. / Soʻz boshi va izohlar: Sh. Voxidovniki, arab yozuvidan tabdil Sh.Voxidov va R.Xolikovaniki. Koʻrsatkichlar Sh.Voxidov va D.Sangirovaniki. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008. – 242-b.