Jadidchilik harakatining tamal toshi jadid usuli maktablaridir. Bu harakatning asl maqsadi millatning oʻzligini tanitish, ijtimoiy-siyosiy tuzumni tubdan isloh qilish, millat, Vatan istiqloli edi. Oʻtgan asrlarda ne-ne buyuk alloma-yu olimlarni tarbiyalab yetishtirgan anʼanaviy maktablar oradan bir necha asr oʻtib, jahon taraqqiyotidan butunlay uzilib qolgan, buning ustiga mustamlaka tuzumi tufayli parokanda ahvolga tushgan edi. Shuning uchun ham mahalliy maktablarni tubdan isloh qilish, zamon talablariga mos maktablar, oliy oʻquv yurtlarini tashkil etish jadid mutafakkirlarining asosiy vazifasiga aylangan edi.
Buxorolik mashhur maʼrifatparvar adib, adabiyotshunos olim, shoir va dramaturg, Oʻrta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur siymolaridan boʻlgan Abdurauf Fitrat (1886–1938) “Bayonoti sayyohi hindi” (“Hind sayyohi bayonoti”) asarida Buxoroning ilm-u maʼrifatni tarqatish yoʻlidagi tutgan mavqeyi haqida shunday yozadi: “Buxoro qadimdan gʻoyat dono va zukko boʻlib yetishgan, fuzalo ahlini tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Har kuni bir Ibn Sino, Forobiy, Muhammad Ismoil Buxoriy va Ulugʻbek kabilarni jahonga hadya etib, shu tariqa oʻzining sharafli dovrugʻini jahon xalqlarining quloqlariga zirak qilib taqqan”.
Ammo, XIX asr ikkinchi yarmidan boshlab Buxoroning maʼrifat tarqatish borasidagi mavqeyi pasaygan, madrasalarda oʻqitish tizimi eskirib qolgan va aniq fanlar olib tashlangan, mutaassiblik hukmron boʻlib, malakali va ilmli mutaxassislar tayyorlashdan yiroqlashgan edi. Bir soʻz bilan aytganda, Buxoro ilm maskanlari tubdan islohotga muhtoj edi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Buxoroning ilmiy shuhratini qayta koʻtarishga, unga munosib xizmat qilishga bel bogʻlagan atoqli maʼrifatparvar adiblar, olimlar, davlat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Ular orasida ilm-fanning turli sohalarida mehnat qilib, oʻz nomlarini abadiyatga muhrlagan Ahmad Donish, Sharifjon Maxdum Sadri Ziyo, Mirza Abdulazim Somiy Boʻstoniy, Mirza Salimbek, Afzal Maxdum Pirmastiy Buxoriy, Abdullaxoja Abdiy, Hoji Azimi Shaʼriy, Mirza Sahbo Vobkandiy, Hoji Muhammad Neʼmatullo Muhtaram, Idrisxoja Rojiy, Muhammad Siddiq Hashmat, Sadriddin Ayniy, Abdurauf Fitrat, Abdulvohid Burhonov Munzim, Fayzulla Xoʻjayev, Ubaydulla Xoʻjayev, Mukammil Burhonov, Usmon Xoʻja, Otaulla Xoʻjayev, Abduqodir Muhiddinov, Muso Saidjonov kabi mahalliy ziyolilarni koʻrish mumkin.
Adib va maʼrifatparvar olim Sadriddin Ayniy oʻzining “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarida Buxorodagi yangi usul maktablari va faoliyati, uning rahnamolari xususida batafsil maʼlumotlarni keltirib oʻtgan. Xususan, kitobdan “Maktab masalasi”, “Buxoroda birinchi usuli jadida maktabning ochilishi”, “Maktabni yopmoqqa hozirlanish va imtihon”, “Maktabning birinchi marta yopilishi”, “Maktab toʻgʻrisida fatvo va munozaralar”, “Rus hukumati sobiqasining Buxoro islohoti hamda maktab masalasiga nazar va munosabati”, “1914-yildagi hollar va maktablar” va “Maktablarning ikkinchi dopqir yopilishi” nomli boʻlimlar oʻrin olgan. S.Ayniy oʻz kitobida yangi usuldagi maktablarning Buxoro ilmiy muhitida tutgan mavqeyi, maorifparvarlik va taraqqiyparvarlik gʻoyalarining tarqalishi, taʼlim-tarbiyani rivojlantirish va yuksaltirishdagi xizmatlari xususida batafsil fikr yuritadi.
Adibning fikricha, Buxoro inqilobining yuzaga kelishi ham maktab masalasidan boshlangan. Asarning “Ilmiy inqilobga hozirlanish” boʻlimida taʼkidlanishicha, Buxorodagi dastlabki maʼrifatparvarlik va taraqqiyparvarlik gʻoyalari mashhur xattot va tarixchi olim Ahmad Maxdum Donish (1827–1897)dan boshlangan. S.Ayniy Ahmad Donish bilan shaxsan uchrashib, uning suhbatidan bahramand boʻlmagan boʻlsa ham, lekin uning “Navodir ul vaqoe’” asari bilan tanishganligini, bu asar uning dunyoqarashida katta burilish yasaganligini aytib oʻtadi.
Buxoro amirligi hududida ilk usuli jadid maktabini kim ochgan degan haqli savol tugʻiladi. S.Ayniyning eʼtirofiga koʻra, Buxoroda dastlabki yangi usul maktabini 1900-yilning boshlarida, mahalliy ziyolilardan boʻlgan Mulla Joʻraboy Pirmastiy ochgan. Lekin bu maktab tezda yopilgan. Mulla Joʻraboy Rusiyadagi yangi usul maktablarini koʻrib kelib, Buxoroning Poʻstindoʻzon (poʻstin tikish) guzarida yangi usul maktabini ochadi.
“Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarining “Buxoroda birinchi usuli jadida maktabi” boʻlimida yozilishicha, 1326-yil hijriy, shovvol oyi oʻnida (milodiy 1908-yil 23-oktabr, yangi hisobda 1908-yil 5-noyabr) Buxoro shahrining Darvozai Sallohxona guzarida Mirzo Abdulvohid Munzim uyida forsiy (tojik) tilida birinchi maxsus usuli jadida maktabi ochiladi. Unga Abdulvohid Munzim muallim etib tayinlanadi. Yuqoridagi asarda aytilishicha, “Bu maktabda dastlab oʻquvchilar quyidagilar edi: Abdurahmonbek – Abdullabek oʻgʻli, uning xizmatkori Abdugʻani, Afzal va Akram – Ahmad Maxdum Hamdiy oʻgʻli, Muhammadamin – Saidjon Maxdum oʻgʻli, Abduqayim – Abdushukur oʻgʻli. Idi qurbongacha, ikki oy muddatda oʻquvchilar adadi (soni) 12 taga yetdi”.
Yangi usul maktablarida oʻqitish samaradorligini taʼminlash uchun darslik, qoʻllanma va yangi adabiyotlar, shuningdek, talabchan va iqtidorli muallimlar zarur edi. Chunki ularni kitob va muallimlar bilan taʼminlash, yoshlarning xorijda taʼlim olish ishlariga koʻmaklashish jadidlarning asosiy maqsadlaridan boʻlgan. Yosh buxoroliklar tomonidan tuzilgan “Buxoroyi sharif shirkati” muassisligida S.Ayniyning jadid maktablari uchun yozgan “Tartil ul-Qurʼon” (“Qiroat kitobi”), “Zaruriyoti diniya” (“Diniy kitob”) va “Tahsib us-sibyon” (“Bolalar tarbiyasi”) nomli oʻqish kitoblari 1909-yilda Orenburgda nashr etiladi. Ayniy “Tahsib us-sibyon” darsligini Ismoil Gasprinskiyning “Xoʻji sibyon” (“Bolalar muallimi”) kitobi taʼsiri ostida yozgan. Bu kitob 1917-yilda Samarqandda “Maʼrifat kutubxonasi” (1914-yilda yosh buxoroliklar tashkil etgan) tomonidan ikkinchi marta nashr etiladi.
Amirlik hududida tatar muallimlari ham yangi usuldagi maktab ochish va oʻqitish ishlarini jadal surʼatlarda olib borganlar. S.Ayniyning oʻzi Abdulvohid Munzimning yangi usul maktabi ochilguniga qadar tatar maktablarida ishlab, dars berish va oʻqitish yoʻllarini oʻrgangan. Xususan, muallifning oʻzi bu haqda “tatar maktabida olti oy ishlab, tajriba orttirdim” – deya qayd etgan edi. 1907-yil Buxoroda tatar Nizomiddin Sobitov (Sobitiy) oʻz uyida qozi Mir Badriddin qozikalon ruxsati bilan tatar tilida yangi usul maktabini ochgan. Nizom Sobitiyning maktabi Gavkushon mahallasidagi Xolid Burnashev hovlisiga koʻchirilgandan soʻng, koʻp oʻtmasdan 1909-yilda mutaassib ruhoniylar tazyiqida Ostonaqulbiy Qushbegi tomonidan yopilgan. 1908–1910 yillarga qadar, yaʼni Yosh buxoroliklarning “Tarbiyai atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) tashkiloti tuzilgunga qadar Buxoroda ochilgan jadid maktablari, asosan tatar maktablari boʻlib, ularda tatar muallimlar dars berishgan.
Yosh buxoroliklarning faol aʼzolaridan boʻlgan Usmon Xoʻjaning qarindoshi Latif Xoʻja (Latif Xoʻjayev) tomonidan ham Gavkushon mahallasida yangi maktab ochilgan. Shahar savdogarlari homiyligida ishlagan ushbu maktab 2 sinfdan iborat boʻlib, sinfda 3 ta globus, kitoblar, partalar, doska, oʻquvchilarga beriladigan daftarlar boʻlgan. Bitta sinfda boshlangʻich taʼlim oluvchilar, ikkinchisida esa olti oy taʼlim olganlar oʻqitilgan. Darslarni Usmonxoʻja va Mulla Gʻulom Qodirali olib borgan.
Jadid maktablari ichida Mukamiliddin Burhonov maktabi oʻzining jihozlanishi bilan ajralib turgan, unda shisha qoʻyilgan (oynalik) derazalar, temir pechkalar boʻlgan. Mullo Homidxoʻja Bozori Nav guzarida yana bir maktab ochgan, unda 32 nafar oʻquvchiga darslar rus tilida oʻtilgan. Maktablarga asosan ularning tashkilotchilari, ayrim hollarda boy-badavlat kishilar homiylik qilgan. Bundan tashqari, ota-onalar tomonidan beriladigan oʻqish puli hisobidan ham maktablar taʼminoti yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, Mirzo Abdulvohid va Ayniy tashkil etgan jadid maktabida oʻqish puli oyiga 3 soʻmni tashkil etgan. Eski maktabda 6–10 yil oʻqilsa, yangi usul maktabida 4 yil oʻqitilgan. S.Ayniy taʼkidlaganidek, ushbu maktablar “nim (yarim) isloh maktablari” edi.
Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev tomonidan 1913-yilda ochgan yangi usul maktabi anchagina shuhrat topgan. Hamidxoʻja Mehriy ham Hovuzi Arbob guzarida yangi usul maktabini tashkil etgan. Poyi ostona guzarida Mullo Vafo nomli mudarris jadid maktabi ochib, rus va fors tilidan dars bergan. Xiyobon guzarida Mirza Ismoilning ukasi tomonidan kattalar uchun savod chiqarish maktabi tashkil etilib, unda ilm ixlosmandlari xat-savod, hisob va jugʻrofiya fanlaridan saboq olgan.
Buxoro shahrining Morkush va Xiyobon guzarlarida ochilgan maktablarni shaharning boy savdogarlari taʼminlab turgan. Maktablarda oʻrtahol va kambagʻallarning farzandlari ham taʼlim olgan. Shayx Abulqosim va Shayx Mirzo Habib kabi tajribali oʻqituvchilar bu maktablarda dars bergan. 1912-1913-yillarda Buxoro shahrida mullo Abulqosim, Mukamiliddin maxsum, Gʻiyos maxsum Husayn tomonidan yashirin maktablar ochilib, ularda 100 dan ortiq bola oʻqigan.
Yangi usul maktablari nafaqat Buxoro shahrida, balki amirlikning koʻpgina beklik va tumanlarida ham faoliyat koʻrsata boshlagan. S.Ayniyning aytishicha, 1908–1912-yillarda Karkida tatar bolalari uchun maktab, rus tilini oʻrganuvchilar uchun toʻgaraklar, kutubxonalar ish boshlagan. Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Fazliddin Maxzum, Hoji Joʻraqul, Abdufattohjonlar bu jarayonda faol ishtirok etishadi. Shahrisabz bekligida Islomqul toʻqsabo oʻz uyida yangi maktab ochib, Toshkent va Samarqanddan bir necha muallimlarni ishga taklif etgan.
Gʻijduvon hududida Abdulhakimxoʻja ham yangi usul maktabini ochishga muvaffaq boʻladi. Qorakoʻlda amlokdor Gʻulom Qodir bilan Qozi Ikrom bir necha maktab ochib, oʻzlari va xohlovchilarning bolalarini oʻqitgan. Sulaymonxoʻja tomonidan gazeta va kitoblar keltirilib, kutubxona ishlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Shofirkon, Vobkent va Vangʻoze hududlarida ham maktablar tashkil etilgan. “Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar” asarining “1914-yillardagi hollar va maktablar” boʻlimida yozilishicha, 1914-yilga kelib Usmonxoʻjaning maktabida taxminan 200 nafar, Hamidxoʻja Mehriy maktabida esa 100 nafar, Mukamiliddin Maxdum maktabida 50 nafar, Xiyobon guzarida joylashgan maktabda 40 nafar, Morkush guzaridagi maktabda 150 nafar, Mulla Vafo maktabida 80 nafar oʻquvchi taʼlim olgan.
Yana oʻsha asarning “1914-yildagi hollar va maktablar” boʻlimida aytilishicha, 1914-yilda Yosh buxoroliklar tomonidan ikki muhim ish amalga oshirilgan. Bularning birinchisi “Maʼrifat kutubxonasi” va “Barakat shirkati” ochilishi. Bu haqda muallif “Buxoroyi sharif” va “Turon” gazetalarining nashr etilishi toʻxtatilgach, yangi adabiyotga, gazetalarni mutolaa qilishga oʻrgangan mahalliy aholini turli-tuman yangi oʻquv adabiyotlar, jurnallar va gazetalar bilan taʼminlash, ularni ragʻbatlantirib borish maqsadida “Maʼrifat kutubxonasi” tashkil etildi. “Barakat shirkati” xalq orasida “jadidlar shirkati” deb shuhrat chiqardi,” deya yozadi.
S.Ayniy asarning “Maktablarning ikkinchi marta yopilishi” boʻlimida Buxoroning din peshvolari Amir Olimxonga yangi usul maktablarini yopish kerakligini aytib, shikoyat maktubini yoʻllashganini yozadi. Ahvolning kundan-kun jiddiylashib borishi, mutaassib ruhoniylarning qattiq qarshiligi oqibatida, 1914-yilga kelib Buxoroda faoliyat koʻrsatayotgan yangi usul – jadid maktablarining yopilishi butun Turkistonga ham yoyiladi. Mahalliy matbuotda Buxorodagi yangi usul maktablarining yopilishi toʻgʻrisidagi xabarlar aks-sado bera boshlaydi. Ularda mutaassib ruhoniylar va ayrim davlat arboblari qattiq tanqid ostiga olinadi. 1914-yil 5-iyulda amirning maxsus farmoni bilan Buxorodagi barcha jadid maktablari yopiladi. Ularning koʻzga koʻringan rahbarlaridan bir qismi shahardan chiqarib yuboriladi, yana bir qismiga qattiq ogohlantirish beriladi. Shuningdek, toʻgaraklar tuzish, gazeta oʻqish va uni muhokama qilish qatʼiyan man etiladi. Buxoro amirligida taraqqiyparvarlik, maorifparvarlik va islohotchilik gʻoyalari tarqalishi, yangi usul jadid maktablarining ochilishi kabi masalalar yuzasidan S.Ayniy keltirgan fikr-mulohazalarning qimmatli tomoni shundaki, unda muallif voqealar va hodisalarning jonli guvohi sifatida oʻz tilidan aytib oʻtadi.
Yuqoridagi maʼlumotlardan koʻrinadiki, Buxoro amirligida taraqqiyparvarlik va maʼrifatparvarlik gʻoyalari XIX asrning ikkinchi yarmidan shakllana boshlab, XX asr boshlariga qadar davom etgan. Ahmad Donishdan meros boʻlib oʻtgan bu teran gʻoyalarni yuksaltirish va rivojlantirish Yosh buxoroliklarning asosiy maqsadlaridan biriga aylangan. Mahalliy xalqni, yosh avlodning savodini chiqarish, ularning ongiga maʼrifatparvarlik gʻoyalarini singdirishda, avvalo, jadid maktablari asosiy rol oʻynagan. Jadid bobolarimiz Vatan ravnaqi yoʻlida munosib xizmat qilib, yosh avlodni ilm-maʼrifatli qilib tarbiyalash, jamiyatga yetuk va isteʼdodli kadrlarni tayyorlab berishdek masʼuliyatli vazifani amalga oshirganliklari chindan ham katta eʼtirof va eʼtiborga molikdir.
Farrux TEMIROV,
BuxDU dotsenti,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori(PhD)