Britaniya kinosanoatida Nodira Aliyeva (Myurrey) nomi bilan tanilgan, qator nufuzli xalqaro mukofotlar sohibi boʻlgan prodyuser – asli oʻzbekistonlik, hamyurtimiz. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bitiruvchisi boʻlgan Nodira oddiy oʻqituvchilik va repetitorlikdan tortib, London teatrlarida aktrisalik, qisqa metrajli filmlarda rejissyorlik hamda ssenariynavislikkacha boʻlgan murakkab yoʻlni bosib oʻtdi. Bugun esa u yirik xalqaro kinoloyihalarga bosh-qosh boʻlib, oʻzbek kinoijodkorlarining jahon maydoniga chiqishiga turtki bermoqda.

Hozirda Nodira Aliyeva Britaniya kino sanoatining yetakchi vakillaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Uning dastlabki yirik ishi – “Gʻoliblar” (“Winners”) badiiy filmi BIFA (Britaniya mustaqil filmlar mukofoti)ning “Breakthrough Producer” hamda “Discovery Award” nominatsiyalarida gʻolib boʻldi, shuningdek, BAFTA “Scotland Awards” tomonidan “Eng yaxshi badiiy film” mukofoti bilan taqdirlandi. Mazkur kartina 95-“Oskar” mukofotida Buyuk Britaniya nomidan “Eng yaxshi xalqaro toʻliq metrajli film” yoʻnalishida daʼvogarlik qildi va Edinburg xalqaro kinofestivalida tomoshabinlar mehrini qozonib, “Audience Award” mukofotiga sazovor boʻldi.

2023-yilda kinosanoatga dadil ovozi bilan kirib borgan ijodkor sifatida Britaniya film instituti (BFI) hamda Shanelning hamkorlikdagi mukofoti (Chanel Filmmaker Award – 20 000 funt sterling) bilan taqdirlandi. 2024-yilda esa kino olamidagi nufuzli “Screen International” nashri Nodira Aliyevani “Rising Star Scotland” (“Shotlandiyaning porlayotgan yulduzi”) deb eʼlon qildi.

U asos solgan “Sylph Productions” prodyuserlik kompaniyasi soʻnggi 2-3 yilda yaratgan lentalar Berlinale, Kann va Edinburg kabi nufuzli festivallarda namoyish etilmoqda. Xususan, “Jeyn Kamming taʼlimi” filmi Britaniyaning “The Guardian” nashri tomonidan Edinburg festivalida koʻrish shart boʻlgan eng sara oʻnta film safiga kiritildi. 2025-yilda esa “Sylph Productions” Shotlandiyaning “Focus Award” mukofotiga loyiq koʻrildi.

Bir qarashda yetib boʻlmasdek tuyulgan bu muvaffaqiyatlar zamirida ulkan mehnat, iroda va mashaqqatli sabot yotibdi. Quyida imkonsizlikni imkonga aylantirgan hamyurtimizning ana shu murakkab hayot va ijod yoʻli haqida soʻz yuritamiz.

Oilaviy teatr truppasidan boshlangan qadamlar

Nodira Aliyeva Jizzax shahrida, Yunus Rajabiy nomidagi viloyat teatri ijodkorlari oilasida dunyoga kelgan. Uning bolaligi sahna ortida va pardalar orasida kechdi. Turli obrazlarni talqin qilib ulgʻaygan oʻspirin qiz kelajakda albatta aktrisa boʻlishiga, butun umri teatr bilan bogʻlanishiga zarracha shubha qilmasdi. Rejissyor va yozuvchi ota hamda aktrisa ona qiziga sanʼat mohiyati, sahna madaniyati va obraz yaratish sirlarini yoshligidanoq singdirib, unga haqiqiy mahorat maktabini oʻtab berishdi. Shahar markaziy teatridan tashqari, oilaviy tarzda jamoa bilan birgalikda Baxmal va Zomin kabi tumanlarga ham gastrollarga chiqishardi.

U paytlarda ham teatr katta daromad manbayi boʻlmagan, roʻzgʻor tebratish koʻpincha amal-taqal kechgan. Ammo sanʼatga boʻlgan fidoyilik moddiy qiyinchiliklardan hamisha ustun keldi va bu muhabbat tabiiy ravishda farzandlarga ham koʻchdi.

Biroq shoʻrolar davri tugab, mustaqillikning dastlabki murakkab yillari boshlanganda koʻplab sohalar qatori teatr sanʼati ham ogʻir boʻhronga yuz tutdi. Qizinign “Oʻzimni teatrsiz tasavvur qilolmayman”, degan holatini toʻgʻri tushungan ona tirikchilik uchun muqim bir kasb tanlashni, hech boʻlmaganda oʻqituvchilik ortidan ketishni maslahat beradi. Shu tariqa Nodira Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga oʻqishga kirib, ingliz tili yoʻnalishini tanlaydi. Vaqt koʻrsatdiki, taqdir uni sahnadan shunchaki uzmagan, balki ingliz tili orqali yanada kengroq maydonga tayyorlagan edi.

Oilaning moddiy ahvoli hamon ogʻir boʻlgani sababli qahramonimiz talabalik va undan keyingi yillarda ham turli sohalarda ishlashga majbur boʻldi. Ammo aynan shu mashaqqatli kunlar uning hayotida burilish yasadi: ish jarayonida u kelib chiqishi britaniyalik boʻlgan boʻlajak umr yoʻldoshi bilan tanishdi va shu tariqa uning hayot yoʻli Buyuk Britaniya sari burildi.

Orzu orzuligicha qolmasin

Buyuk Britaniyaga koʻchib oʻtgach, Nodiraning qalbida hech qachon soʻnmagan orzu – teatr sanʼati yana bosh koʻtardi. U 2004–2007-yillarda London drama studiyasi (Drama Studio London) hamda Yevropa teatr sanʼati yoʻnalishida aktyorlik mahorati boʻyicha taʼlim oldi. Ayni shu davrda u oʻzining ilk mustaqil loyihasini sahnalashtirdi. “Bir aktrisa teatri” (monospektakl) janridagi ushbu asarga qiziqish shu qadar yuqori ediki, namoyish boshlanishiga bir oy qolganda barcha chiptalar sotib boʻlingandi. Rejissyorlik va bosh rolni oʻzi ijro etgan ijodkor bir paytlar ota-onasi bilan Jizzax qishloqlari boʻylab yurgani kabi, endilikda butun Buyuk Britaniya boʻylab gastrol safarlarini uyushtirdi. Teatr tahlilchilari keyinchalik ushbu loyiha mamlakatda monospektakl janrining qayta ommalashishiga kuchli turtki boʻlganini eʼtirof etishdi.

 

Bu davr ijodkor uchun inson psixologiyasi va kechinmalarini teranroq anglash pallasi boʻldi. Taʼlim jarayonida u milliy va gʻarb teatr maktabi oʻrtasidagi nozik farqlarni idrok etdi. Ayniqsa, ingliz tilida his-tuygʻularni ifodalovchi tushunchalarning gʻoyat boyligi, har bir ruhiy holatning aniq differensiatsiyasi borligi uni hayratga soldi. Aktyordan har bir ichki tuygʻuni aniq ajratib, nomlab sahnaga olib chiqish talab etilardi. Oʻzbek tili va turmush tarzida koʻplab nozik hissiyotlarning, xususan, ayol ichki kechinmalarining ochiq nomlanmaganini tahlil qilarkan: “Nega bu tuygʻular bizda soʻz bilan ifodalanmagan, yo oʻzbek ayoliga bunday kechinmalarni boshdan kechirish ruxsat etilmaganmidi?” degan savol unga tinchlik bermasdi. Ichki hissiy cheklovlardan xalos boʻlish jarayoni Nodira Aliyevaning ham inson, ham ayol, ham ijodkor sifatida oʻzligini qayta kashf etishiga turtki berdi. Natijada u oʻzida faqat aktyorlik emas, balki dramaturgiya va rejissyorlik salohiyati ham mujassamligini angladi.

Nodira Aliyeva teatrda hamisha yuqori marralarni koʻzladi: Shekspir vatanida uning murakkab ayol qahramonlarini gavdalantirishni niyat qildi. U tinimsiz oʻz ustida ishladi, mahoratini charxladi, til koʻnikmalarini mukammallashtirdi. Biroq Britaniya sahnasida unga asosan stereotip obrazlar – muhojir yoki “sharqona qiyofaga ega gʻarblik” rollari taklif etilardi. Bunday personajlar aktyorning ichki mahoratiga emas, faqat tashqi qiyofasi va etnografik mansubligiga tayanar, dramatik yuki esa juda yuzaki edi. Buning ustiga, bu kabi rollar muttasil emas, qalam haqi ham kun koʻrishga zoʻrgʻa yetardi – bu holat Jizzax teatrlaridagi tanish moddiy muammolarni esga solardi.

Shekspir yurtida uning buyuk qahramonlarini ijro etish imkoniyati til va madaniy toʻsiqlar sabab cheklanganini anglagan Nodira Aliyeva nigohini kino sanoatiga qaratdi. Bu aktyorlikdan batamom voz kechish emasdi. Ammo baʼzan hayot yanada kattaroq missiyani ochib berishi uchun eng katta orzulardan vaqtincha chekinishni talab etadi...

Prodyuserlik sari

2014-yilda Nodira Aliyeva kinosanoatning ichki qonuniyatlari va biznes mexanizmlarini chuqur oʻrganish maqsadida nufuzli “Media Business School”da tahsil oldi. Bu dargohni tamomlagach u “Locked In” nomli ilk qisqa metrajli filmida suratga tushish orqali ham aktrisalik, ham ssenariynavislik salohiyatini namoyish etishni rejalashtirgan edi. Mazkur lenta Britaniyadagi birinchi avlod muhojirlarining hayoti va kechinmalariga bagʻishlanishi lozim edi. Nodira Britaniya kinematografiyasida bu qatlam dunyoqarashi va ichki ovozi deyarli aks ettirilmayotganini payqadi va aynan shunday noyob ovozlarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz oldiga strategik maqsad qilib qoʻydi. Uning nazdida, muhojirlarning oʻzgacha nigohi ingliz kinosiga yangi nafas olib kirishi mumkin edi. Aynan shu ichki ishonch keyinchalik uning prodyuserlik faoliyatidagi muvaffaqiyatlariga mustahkam tamal toshi boʻldi.

Loyihaga investorlarni jalb etish, biznes vakillarini filmning manfaatiga ishontirish, aktyorlarni saralash (kasting), operatorlik va montaj ishlarida ishtirok etish – xullas, filmning boshlanishidan to tayyor holatga kelguncha boʻlgan har bir bosqichida masʼul boʻlish jarayoni Nodira Aliyevada kuchli mehr uygʻotdi. Ayniqsa, post-prodakshndan soʻng film toʻla yakunlanib, namoyish zalida butun ijodiy jamoaning quvonchiga sherik boʻlgan lahzalarida u oʻz haqiqiy chaqiruvini topdi: odamlarga, xususan, oʻzi kabi ijod ahliga muvaffaqiyat va baxt ulashish uchun prodyuser boʻlishga qatʼiy ahd qildi.

Buyuk Britaniyada rejissyor yoki aktyor boʻlishga intiluvchilar, xususan, birinchi avlod muhojirlari orasida noyob isteʼdod sohiblari talaygina edi. Ammo ularning iqtidorini koʻrsatish va gʻoyalarini amalga oshirish uchun ishonchli koʻprik kerak – bu masʼuliyat esa birinchi navbatda prodyuser zimmasiga tushadi. Nodira Aliyeva oʻzidagi kuchli analitik tafakkur yordamida film konsepsiyasini rivojlantirish va uni umuminsoniy qadriyatlarga bogʻlashda ijodkorlarga aniq yoʻnalish bera olishini tushundi. Jizzaxdagi ijodkor oilasidan olgan poydevor, London sahnalaridagi tajriba, inson ruhiyatini tahlil qilish qobiliyati va muhojirlik kuzatuvlari uygʻunlashib, unga yangi bir eshik – prodyuserlik maydonini ochdi. Kinematografiyada mutaxassislar koʻpincha oʻz sohasining tor burchagidan fikrlasa, haqiqiy prodyuser loyihani 360 graduslik toʻliq panoramada koʻra bilishi shart. Nodira Aliyeva ana shu masʼuliyatni oʻz zimmasiga ola bildi.

U bugun ham izlanishdan, zamonaviy bilimlarni egallashdan toʻxtagani yoʻq. Hozirda u “Creative Europe” tomonidan moliyalashtiriladigan va sohada katta nufuzga ega boʻlgan EAVE (Yevropa audiovizual tadbirkorlari) prodyuserlik taʼlim dasturida tahsil olmoqda.