XIII asrda Misrda ayyubiylar sultonligi tanazzulidan soʻng iqtidorga kelgan mamluklar sultonligi nafaqat oʻzining siyosiy va harbiy qudrati bilan, balki madaniy-maʼrifiy sohadagi islohotlari bilan ham dunyoga yuz tuta boshlagan.
Misrda saljuqlar, qipchoqlar va moʻgʻil lar hukmronligining ketma-ket almashinishi sababli davlat rahbarlari, sarkardalar va yirik savdogarlar orasida turkiylar va moʻgʻil larning soni oshib borgan. Bu esa oʻz-oʻzidan mahalliy aholi va rahbarlar orasida yangicha, umumiy talqindagi lugʻatlarga ehtiyoj tugʻdira boshlagan. Natijada mamluklar davrida “Kitab al-idrak”, “At-tuhfat uz-zakiya”, “Al-Qavanin al-kulliya”, “Ad-Durra al-Mudiya”, “Ash-Shuzur az-Zahabiya”, “Kitab majmua tardjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” kabi tilshunoslikka oid oʻnlab asarlar va lugʻatlar yaratilgan.
Ular orasida “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” (arabcha [و فارسي] كتاب مجموع ترجمان تركي و عجمي و مغلي) turkiy, moʻgʻil , fors tillarini oʻrganish va soʻzlashish uchun eng qulay, universal qoʻllanma boʻlgan. Bu qoʻllanma asosan arab tilida soʻzlashuvchilar oʻsha davrda davlat tili sanalgan mamluk-qipchoq tilini oʻrganishi uchun moʻljallangan va koʻproq “Tarjuman” nomi bilan dunyoga mashhur boʻlgan.
Bugungi kunda “Tarjuman”ning qoʻlyozma nusxasi Leyden universiteti kutubxonasining Sharq kolleksiyasida (r. 517) saqlanadi. Qoʻlyozma mazkur kolleksiyaga Levin Varner (1619–1665-yillar) toʻplami tarkibida kirgan boʻlib, ushbu toʻplam Sharq kolleksiyasining asosini tashkil qiladi. Varner Niderlandiyaning Istanbul elchisi lavozimida ishlagan paytida 1000 dan ziyod sharq artefaktlarini toʻplagan va ular orasida “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” ham boʻlgan.
“Tarjuman” keng jamotachilikka niderland tarixchisi va sharqshunosi Martin Teodor Xautsma tomonidan 1894-yilda Leydenda eʼlon qilingan[1]. Xautsma garchi Utrext universitetida yahudiy, fors va turk tillaridan dars bergan boʻlsa-da, kitobni “Turkcha-arabcha lugʻat” (“Ein Türkisch-Arabisches Glossar”) deb atagan. Natijada, asarda moʻgʻil va fors tillari leksikasining ham qamrab olingani sarlavhada aks etmay qolgan.
Uzoq yillar davomida bu kitobning muallifi va yozilgan sanasi aniq boʻlmagan. “Tarjuman”ning yozilgan sanasi 1894-yilda Martin Xautsma tomonidan milodiy 1245-yil deb belgilangan edi. Ammo oradan yetmish yil oʻtib, nemis tilshunosi Barbara Flemming uzoq izlanishlardan soʻng kitob 1343-yil 25-yanvarda yozib tugallanganligini aniq hisoblab chiqib, eʼlon qildi[2].
Asar muallifini aniqlash borasida ham shunday chalkashliklar boʻlgan. Misol uchun, P.M.Melioranskiy asarni Muhammad ibn Qays yozgan degan farazni keltirgan boʻlsa, Abduqodir Inoq uni Xalil ibni Muhammad ibni Yusuf yozganini qayd etgan. Kitobning oxirida “Bu kitobni taʼliq qilgan (bitgan) kishi Allohning kamtar bandasi Xalil ibni Muhammad ibni Yusuf al-Qunaviydir” degan dastxat saqlangan. Demak, bu uning asaridir.
“Tarjuman”ning ikkinchi qismidagi moʻgʻil tili leksikasi boʻyicha materiallar oltoyshunos olim Nikolay Poppe tomonidan oʻrganilgan[3]. U arabcha-moʻgʻilcha va forscha-moʻgʻilcha lugʻatlarni tahlil qilib, jami 600 ta leksemani ajratib olgan. Moʻgʻilcha deb berilgan 30 ta soʻzning aslida turkiy soʻz ekanini aniqlagan. Uning tadqiqotlari 1928-yilda nashr etilgan va shu sababli kitob yozilgan sanani milodiy 1245 (hijriy)-yil deb xato belgilagan. Maʼlumki, Poppe Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini ham tadqiq qilgan[4]. “Muqaddimat ul-adab”da ham arab, turk, moʻgʻil va fors tillarining tavsifi berilganini inobatga olsak, Poppening bu boradagi tadqiqotlari tilshunoslikda alohida ahamiyatga ega ekanligi koʻrinadi. Shu oʻrinda bir mulohazani keltirib oʻtsak: Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asarini Qunaviyning “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” asari bilan qiyosiy oʻrganish oʻrinli boʻladi. Agar ularning leksikasi va morfologiyasi yoxud lugʻat tuzish uslubida oʻxshashliklar topilsa, bu tilshunoslikda katta yangilik boʻlgan boʻlar edi. Inchunin, vatandoshimiz Zamaxshariy islom dunyosidagi barcha tilshunoslarning ustozi ekaniga shubha yoʻq va qatta ehtimol bilan Qunaviy ham uslubda unga ergashgan boʻlishi mumkin.
1970-yilda qozoq olimi Abjan Qurishjanuli “ХІІІ asrda eski qipchoq tilida yozilgan yozma yodgorlik – “Turkcha-arabcha lugʻat” leksikasining tadqiqi” nomli kitobini eʼlon qilgan. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Abjan Qurishjanuli ham oʻz kitobida Martin Teodor Xautsmaning izidan borgan va sanada ham, kitobning nomida ham adashgan. Ammo u oʻzi qipchoq tilida soʻzlashgani uchun lugʻatdagi qipchoq va moʻgʻilcha leksikani juda tushunarli tarzda talqin qilgan. Ularning oʻzaro farqlarini ajratib koʻrsatgan.
Keyingi tadqiqot oʻzbek olimi Abdulla Yunusov tomonidan amalga oshirilgan. Abdulla Yunusov 1973-yilda “XIV asr yodgorligi – “Tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)ning tadqiqi” mavzusida kandidatlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1980-yilda u “Tarjuman” – XIV asr yozma obidasi” nomli kitobni nashrga tayyorlagan. Bu kitob “Tarjuman”ni oʻrganish uchun juda qulay, inchunin unda Qurishjanulining tadqiqotlaridan farqli oʻlaroq oʻgʻiz lahjasidagi leksikaning qiyosiy tavsifi ham berib borilgan. A.Yunusov, ayniqsa, lugʻatning morfologik xususiyatlarini kengroq yoritgan. Soʻz turkumlari, ularga xos grammatik maʼnolar, har bir turkumga xos grammatik kategoriyalar, bu kategoriyalarni yuzaga keltiruvchi grammatik shakl va grammatik maʼnolar ravon bayon qilingan.
Turkiyada bu asar birinchi marta 2000-yilda turkologlar Rejab Toparli, M.Sadi Choʻganli va Nevzat Hafis Yaniklar tomonidan tadqiq qilingan[5]. Turkiyaliklarning tadqiqida texnik va uslubiy tahlil yaxshiroq berilgan. Tadqiqotlar haqida keyinroq maqola bergan Yusuf Syulyukchu mamluk-qipchoq tilining shakllangan dastlabki davrda Anadolu turkchasi ham amalda boʻlganligini qayd etgan. Shuningdek, u lugʻatdagi qipchoqcha va turkmancha soʻzlar qiyosini ham amalga oshirgan. Buning uchun esa soʻzlarni quyidagicha tasniflagan:
1. Asl Mamluk-qipchoqchasi;
2. Qipchoqcha – ogʻuzcha qorishiq dialekt;
3. Anadolu turkchasi[6].
Yaponiyalik oltoyshunos Yoshio Saito ham kitobning ikkinchi qismidagi moʻgʻil tili leksikasini tadqiq qilgan va 2006-yilda asarni Kiotoda indeks lugʻati bilan chop ettirgan. Olim oʻz tadqiqotlarida moʻgʻilcha matnlarni tahlil qilib, soʻzlarni tartib bilan joylashtirib chiqqan. Fikrimizcha, olim eski moʻgʻil tili leksikasini chuqurroq oʻrganishga harakat qilganki, zamonaviy moʻgʻil tillarida bu soʻzlar fonetik va semantik oʻzgarishlarga uchragan. Yoshio Saito tadqiqotlarini ingliz tilida amalga oshirgan va uning inglizcha tarjimalarida koʻplab xatolar kuzatiladi. Jumladan, u boʻrining tarjimasini “kirk” shaklida lugʻatga kirgizgan. Vaholanki, kitobda ḳurt shaklida berilgan[7].
Keyinchalik “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” ustidagi tadqiqotlarni Aleksandr Nikolayevich Garkaves davom ettirgan. Aleksandr Garkaves garchi Ukrainada tugʻilgan boʻlsa-da, turkiy tillarni juda yaxshi bilgan. Chunki u tugʻilib oʻsgan Ukrainaning Starobeshevo tumanida oʻgʻiz aralash qipchoq lahjasida soʻzlashuvchi aholi koʻproq yashaydi. Shu atrofdagi toponimlar ham koʻproq turkiy toponimlardir[8]. Qolevarsa, Aleksandr Garkaves oʻz tadqiqotlarini davom ettirish uchun 1988-yildan Qozogʻistonning Astana shahriga koʻchib oʻtgan va asosiy tadqiqotlarini shu yerda davom ettirgan.
Aleksandr Garkaves amalga oshirgan eng muhim ish – 2019-yilda “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” qoʻlyozmasining toʻliq faksimile nusxasini transliteratsiyasi, transkripsiyasi va normalizatsiyasi bilan nashr ettirishi boʻldi[9]. Bunda qoʻlyozmadagi turkiy va moʻgʻilcha soʻzlarning toʻliq tarjimasi berilgan. Barcha tadqiqotlar orasida Aleksandr Garkavesning tahlillari yaxshiroq va ilmiy asoslarga ega. Qolaversa, uning tahlillarida Qozogʻistonning eng yetuk tilshunoslaridan biri Oʻmir Tuyaqbayev ham ishtirok etganki, bu Garkavesning tadqiqotlaridagi boʻshliqlarni toʻldirgan.
Aleksandr Garkavesning yutugʻi shundaki, u avvalo qoʻlyozmaning faksimile variantini va matnlarning aniq oʻqiladigan versiyasini yaratgan. Toʻgʻri, bunda zamonaviy texnologiyalardan foydalanganligi uchun faksimileni tayyorlash oson kechgandir, ammo qoʻlyozmadagi oʻchib yoki uniqib ketgan harflarni qayta tiklash juda mashaqqatli mehnat talab qilgani koʻrinib turibdi. Chop ettirgan kitobda dastavval asl matn, soʻngra oʻqilgan arab grafikasidagi matn, undan keyin transkripsiyasi va normalizatsiyasi berilgan.

“Tarjuman” kirish va toʻrtta qismga boʻlingan. Birinchi qism Qurishjanovning tavsifida “Faqat ismlar haqida”, deb nomlangan[10]. Ammo mazkur bobda asosan ot va turlanishi berilgan boʻlib, 26 ta faslda soʻzlarning tavsifi keltirilgan. Ikkinchi qism “Feʼl masdari va buyruq mayli haqida”. Unda feʼldan yasalgan otlar, buyruq maylida feʼllarning yasalishi berilgan. Uchinchi qism “Soʻzlarning turlanishi va feʼllarning tuslaniish haqida”. Bu qismda feʼllar va nomlarning tuslanishi hamda zamonlarda turlanishi berilgan. Toʻrtinchi qism “Soʻzlarning ishlatilishi va boshqa muhim masalalar”ga bagʻishlangan. Jumladan, affikslar yordamida soʻz yasalishi bayon qilingan. Kitobning oxirgi sahifalarida turkiy soʻzlarning glossariysiga oʻrin ajratilgan.
Maʼlumki, mamluklardan oldin Misrda ayyubiylar hukmronlik qilgan. Ayyubiylar davlatining boshliqlari oʻgʻiz turkchasida gaplashishgan. Ammo Yevropa manbalarida ayyubiylarni “kurd” deb yozishadi. Bu toʻgʻri emas! Chunki, ayyubiylar sultonligining soʻnggi hukmdori al-Malik Turonshoh ibn Ayyub boʻlgan. Kurdlar esa Turonshoh ismini qoʻyishmagan.
Umuman olganda, saltanat ayyubiylardan mamluklar qoʻliga oʻtgan XIII asrda Misrdagi muloqot tili oʻgʻiz tili boʻlgan. Mamluklar davrida davlat rahbarlari va lashkarboshilar orasida qipchoqlarning soni oshgan. Moʻgʻillar esa XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab uyusha boshlagan va ularning asosiy qismini harbiy navkarlar tashkil qilgan. Shu sababli mamluklar davrida uchta til davlat va qoʻshinlarni boshqarish, xalqaro muloqot va savdo tiliga aylangan. Qipchoq tili esa eng qoʻp qoʻllaniladigan – muloqot tili boʻlgan. Buni yuqorida nomlari zikr qilingan tadqiqotchilar tasdiqlagan. Jumladan, muallifning oʻzi ham “asl turkiy til – qipchoq tili” deya qayd qilib oʻtgan[11].
“Tarjuman” leksikasining oʻzbek tiliga yoxud lahjalariga yaqinlik tomoni bormi?
Mamluk-qipchoq tilining leksikasi qipchoq va oʻgʻiz dialektlarining uygʻunlashuvidan tarkib topgan. Bu uning lugʻat tarkibida ham koʻrinib turibdi. Undagi qipchoq lahjasi avval Oltin Oʻrda hududlarida shakllangan. N.Baskakovning tasnifiga koʻra, bu til qorachay-balqar, qirim-tatar tillari bilan birga qipchoq guruhiga kiradi[12]. Adham Tenishev esa uni Qozon tatarlari tiliga yaqin deb hisoblagan[13]. Bunday fikrlar koʻp, ammo tahlillar boshqa narsani koʻrsatadi.
Mening fikrimcha, mamluk-qipchoq tilidagi soʻzlar hozirgi turk tilida koʻproq uchraydi, buni Yusuf Syulyukchuning tadqiqotlari ham tasdiqlaydi. Misol uchun, egar leksemasini tahlil qilib koʻramiz. Bu soʻz turk tilida va oʻzbek tilining qipchoq lahjasida aynan bir xil qoʻllaniladi: eyar. Asarda oʻzbek tilining qipchoq lahjasida qoʻllaniladigan soʻzlar ham juda koʻp. Masalan, opa maʼnosidagi egachi soʻzi oʻzbek qipchoq lahjasida saqlangan: Egachim erga tiydi, eskisi menga tiydi (opam erga tegdi, eskisi (kiyimi) menga tegdi).
Oʻzbek tilining qipchoq lahjasida “checha” soʻzi yanga maʼnosida ishlatiladi. Ayni soʻz qozoq tilida “sheshe” shaklida – ona maʼnosida ishlatiladi. “Tarjuman”da esa “checha” amma maʼnosida qoʻllanilgan. Amma arab tilidan oʻzlashgan. Demak, bu soʻzni ham semantik tahlil qilish kerak boʻladi. Balki, chindan ham bobolarimiz ammasini egachi deb chaqirgandir.
Shu oʻrinda oʻzbek tili qipchoq lahjasida saqalanib qolgan ayrim soʻzlarning “Tarjuman” lugʻatidagi analoglariga eʼtibor qaratamiz:
|
T/r |
Oʻzbek adabiy tilida |
Oʻzbek tili qipchoq lahjasida |
Tarjumanda |
|
1. |
bultur |
biltir |
biltir |
|
2. |
pashsha |
chibin |
chibin |
|
3. |
bir yoshli echki |
chibich |
chibich |
|
4. |
ikki yoshli qoʻzi |
shishak |
shishak |
|
5. |
hulkar |
ulkar |
ulkar |
|
6. |
bunda |
munda |
munda |
|
7. |
tik qoya |
uchurim |
uchurim |
|
8. |
tepa |
toʻba |
toʻba |
|
9. |
dengiz |
tengiz |
tengiz |
|
10. |
chiviq (novda) |
chibiq |
chibiq |
|
11. |
bir bosh uzum |
salqum |
salqum |
|
12. |
gʻoʻra |
qiraq |
qiraq |
|
13. |
qovoq |
qabaq |
qabaq |
|
14. |
kigiz |
kiyiz |
kiyiz |
|
15. |
astar |
ichlik |
ichlik |
|
16. |
xulq |
qiliq |
qiliq |
|
17. |
yelka |
iyin |
iyin |
|
18. |
qarich |
qarish(ch) |
qarish(ch) |
|
19. |
bolgʻa |
choʻkich |
choʻkich |
|
20. |
past |
ashaq |
ashaq |
Bu yerda oʻzbek tili qipchoq lahjasi va mamluk-qipchoq tilidagi fonetik jihatdan aynan bir xil talaffuz qilinadigan ayrim soʻzlargina keltirildi, xolos.
“Tarjuman”ni oʻrganish oʻzbek adabiy tiliga baʼzi soʻzlarning notoʻgʻri maʼnoda qabul qilinganini koʻrsatadi. Misol uchun, Oʻzbek tilining izohli lugʻatida toʻqli soʻziga qoʻyidagicha izoh berilgan: Toʻqli bir yarim yoshga yetmagan, qochirilmagan urgʻochi qoʻy[14]. Savol tugʻiladi: bir yarim yoshga yetmagan qoʻy toʻqli boʻlsa, ikki yoshdan oʻtgani shishak boʻlsa, unda bir yarim yosh bilan ikki yosh orasidagi qoʻy qanday atalgan? Oʻzbeklar orasida qoʻylar yoshiga qarab qoʻyidagicha nomlangan: qoʻzi (yangi tugʻilgan qoʻy), marqa (yarim yoshli qoʻy), toʻqli (bir yoshli erkak qoʻy), tusaq (urgʻochi qoʻy bir yoshdan keyin to tuqquncha), shishak (ikki yoshli qoʻy), sovliq (tuqqan qoʻy), qoʻchqor (erkak qoʻy, uch yoshdan keyin). Demak, Oʻzbek tilining izohli lugʻatidagi toʻqli soʻzining izohini oʻzgartirish kerak.
“Tarjuman”da juda qiziqarli maʼlumotlar ham bor. Ulardan biri yogʻurt. Mamluk-qipchoqlari qatiqni shunday atashgan. Bu hozirgi doʻkonlarda yevropa mahsuloti sifatida sotilayotgan yogurtning aslida turkiy soʻz ekanini tasdiqlaydi.
Ikkinchi qiziqarli soʻz – qirpich. Bu haqda ilgari ham matbuotda koʻplab maqolalar berilgan. Qolaversa, boshqa turkiy lugʻatlarda, xususan “Devoni lugʻatit-turk”da ham gʻisht qirpich atalgani maʼlum. Endi turkiy tillardagi ayni soʻzning qiyosiy tahliliga eʼtibor qaratsak: oʻzb. gʻisht; turk. kiprpich; ozar. kiprpiç; boshq. qipr; qoz. kiprpich; tat. kirpech; chuvash. kirpӗch; yakut. qirpiichche; va hk. Bu tahlil “gʻisht” turkiy soʻz emasligini koʻrsatadi.
“Tarjuman”da “inaq” leksemasi ham ishlatilgan. Bu xususda ham ayrim mulohazalar bor. Doʻst soʻzi turkiy tillarga fors tilidan oʻzlashgan. Fikrimizcha, bu soʻz oʻzlashgan dastlabki davrda inoq bilan birga inoq-doʻst shaklida ishlatilgan. Ular aslida ikki tildagi maʼnodosh soʻzlar boʻlgan. Keyinchalik inoqning maʼnosi sifatga aylangan va “inoq doʻst” iborasi paydo boʻlgan. Turkiy tilda inoq sifati oʻrnida tatu (totuv) ishlatilgan. Mamluk-qipchoqchasida “ınaḳ” soʻzining doʻst maʼnosi saqlangan. Afsuski, biz uni ahil soʻzining sinonimi sifatida ishlatamiz.
A.Qurishjanovda ham, A.Yunusovda ham va A.Garkavesda ham oy soʻzining zamonda turlanishi notoʻgʻri ketgan. Qipchoq tillarida oʻtgan oy – kechgan oy, hozirgi oy – kelgan oy, kelayotgan oy – kelasi (keldechi) oy deb ataladi. Hozirgi oyni “ustida turgan oy” deb atash ham shevalarda bor. Ammo hamma tadqiqotlarda “kelgan ay – kelasi ay”, keldechi ay – kelasi oydan keyingi oy” boʻlib yozilgan. Hozirgi oy esa qolib ketgan.
Yuqorida keltirilgan barcha mulohazalardan quyidagicha xulosa qilish mumkin: “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)”, asosan, turkiy tilning qipchoq va oʻgʻiz lahjalariga oid manbadir. Shuningdek, undagi moʻgʻilcha soʻzlar ham 600 tadan koʻproqni tashkil qiladi. Sarlavhaning oxiriga qavs ichida qoʻshilgan “... va farsiy” shuni anglatadiki, lugʻatda ayrim forsiy soʻzlar ham bor. Ammo forscha soʻzlarning semantik tavsifi berilmagan.
Hozirgi zamonaviy tillarni boyitishda “Tarjuman”ning lugʻat boyligidan foydalanish juda muhim ahamiyatga ega. Inchunin, zamonaviy turk tili leksikologiyasiga eʼtibor bersangiz, turklar undan unumli foylangani koʻzga tashlanadi. Hozirgi kunda Qozogʻistonda ham bu borada tadqiqotlarga keng yoʻl ochilgan. Ayni mavzuga oid oʻnlab dissertatsiyalar yoqlangan. Xususan, Aleksandr Garkavesning tadqiqotlari shu paytgacha oʻtkazilgan tadqiqotlar orasida eng mukammali sanaladi.
Oʻzbekistonda esa bu boradagi izlanishlar Abdulla Yunusov tadqiqotlaridan keyin toʻxtab qolgan. Nafaqat yangi nashrlar, hatto Abdulla Yunusovning “Tarjuman” – XIV asr yozma obidasi” nomli kitobi ham qayta nashr qilinmagan.
Maqolani yozish jarayonida feysbukdagi tilshunoslar faol boʻlgan guruhlarga soʻrovnomani joyladik. Soʻrovnomada vatandoshlarimizdan asosan “Kitab majmua tarjuman turkiy va ajamiy va mugʻaliy (va farsiy)” asaridan xabardor yoki xabardor emasligi soʻraldi. Natija esa... Boshqa soha vakillarini qoʻyib turaylik, koʻplab mutaxassislar ham bu haqda maʼlumotga ega emasligiga guvoh boʻldik. Abdulla Yunusovning nomi kitobda qisqartirib, “A.Yunusov” deb berilgan ekan. Uning ismini aniqlashga ham ikki kun vaqt ketdi. Taniqli professor ustozimizdan soʻrab bildik. Abdulla Yunusov haqida internet saytlarida, hatto “Oʻzbekcha Vikipediya”da ham maʼlumot yoʻq ekan.
Soʻngsoʻz
Koʻpincha biz vatanni maʼlum bir chegaraning ichidan axtaramiz. Tilimizni, tariximizni, qadriyatlarni ham shu chegaraning ichida deb bilamiz. Chetroqqa chiqib moʻralashga choʻchiymiz. Bu jurʼatsizligimiz bilan esa “koʻlmak hovuzdagi tilla baliqcha”ga oʻxshaymiz.
Ushbu maqolani yozishdan asosiy maqsadim – yoshlarimiz oʻqisin! Uch qitʼaga tarqalgan va jahon tili boʻlgan tilimizning areali qanchalik keng ekanini, qudratini his qilsin. Oʻrgansin. Oʻrgatsin. Tadqiq qilsin va yuksaltirsin!..
Anvar BOʻRONOV
[1] М.Th.Hontsma. Ein türkisch-arabisches Glossar. Leiden, 1894.
[2] Flemming B. Ein alter Irrtum bei der chronologischen Einordnung des Tarǧumān turkīwa ‘aǧamī wa muġalī // Der Islam, № 44, 1968: 226–229.
[3] Poppe N. Das mongolische Sprachmaterial einer leidener Handschrift // Изв. АН СССР. Отд. гуманитарных наук. – Ленинград, 1927: 1009–1040, 1251–1274; 1928: 55–80.
[4] Н.Н.Попе. Монгольский словарь мукаддимат ал-адаб. Часть I-II. – Москва-Ленинград: Наука, 1938. –566 стр.
[5] Toparlı, R., Çögenli, M. Sadi, Yanık, Nevzat H. (2000), Kitâb-ı Mecmû-ı Tercümân-ı Türkî ve Acemî ve Mugalî, Ankara: TDK.
[6] Sülükçü Y. Kitab-ı Mecmû-i Tercümân-i Türkî ve Acemi ve Mugalî' Adlı Esere Yabancılara Türkçe Öğretimi Acısından Bir Bakış. Article in International Journal of Language Academy. –January 2016.
[7] Yoshio Saitô. The Mongolian Words in Kitab Majmu' Turjuman Turki wa 'ajami wa Mugali: Text and Index. – Kyôto: Shoukadoh, 2006. –Р. 6.
[8] Гаркавец А.Н. Туркские языки на Украине. – Киев: Науково думка, 1988. –С. 4.
[9] Гаркавец. А.Н. Китаб-и Маджму‛-и Тарджуман-и Турки ва ‛Аджами ва Мугали ва Фарси “Сводная книга переводчика по-тюркски, и по-персидски, и по-монгольски, и на фарси” Халила бин Мухаммада бин Йусуфа ал-Кунави. – Алматы: Баур, 2019. – 601 стр.
[10] Курышжанов А. К. Исследование по лексике “Тюркско-арабского словаря”, – Алматы: 1970, – С. 51
[11] Юнусов А. “Таржуман” – XIV аср ёзма обидаси”.– Тошкент: Фан, 1980. –Б. 29.
[12] Баскаков Н.А. Историко-типологическая фонология тюркских языков / Отв. ред. Э. Р. Тенишев. –М.: Наука, 1988.
[13] Тенишев Э.Р. Древнетюркские языки // Лингвистический энциклопедический словарь. –Советская энциклопедия, 1990.
[14] Ўзбек тилининг изоҳли луғати. Т ҳарфи. – Тошкент: ЎМЭ, 2006-2008. – Б. 253-254.