Oyina.uz turli davlatlarda yashab faoliyat yuritayotgan ayollar bilan jamiyatda ularning oʻrni va o‘zbek ayoli boʻlish nimani anglatishi haqidagi turkum suhbatlarni davom ettiradi.

Mukarramxon Qahramonovna, Oʻzbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasining  ijtimoiy va  moliyaviy sohadagi hamkori. USA mahalla tashkiloti faoli.

Odatda, oʻzbek ayoli koʻz oʻngimda itoatkor, sabrli, kamtarin obrazda gavdalanadi. Oʻzbekistonda aksariyat hollarda qizlarni bolaligidanoq oʻchoq va onaning yordamchisi boʻlishga tayyorlashadi. Anʼanalar tufayli unda oʻzini qanday tutish kerakligi haqidagi tushunchalar shakllanib boraveradi. Ammo ayolga oila bekasi sifatida qarash bilan birga, uning jamiyat uchun kerakli shaxs ekanini ham unutmaslik lozim. Masalan, Abdurauf Fitrat “Oila” asarida “Ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligi milliy ozodlik, erk uchun zarur: ayollar faqat uy-roʻzgʻor, bola tarbiyasi bilan band qolmasligi kerak”, deb taʼkidlaydi.

Rasmiy tenglik, qonunda ayollarga nisbatan kamsitishning taʼqiqlanishi koʻpincha erkaklar va ayollar uchun teng tanlov imkoniyatlarini taʼminlash uchun yetarli emas. Jahon amaliyoti shuni koʻrsatadiki, gender tengligiga qabul qilingan anʼanalar, urf-odatlar, din va ayollar maqomi haqidagi stereotiplar katta taʼsir koʻrsatadi. Bunday hollarda davlat gender siyosatini olib borishi talab etiladi.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida ayollar mehnat haqqining muhim qismi toʻlanmasdan, tan olinmasdan va kam baholanganligicha qolmoqda. Oʻzbekiston va Gʻarb mamlakatlarining huquqiy normalarini qiyoslaydigan boʻlsak, Oʻzbekiston dunyo hamjamiyatida oʻziga xos qonun hujjatlariga egaligi bilan ajralib turadi. Ammo Oʻzbekistonda soʻnggi vaqtlarda gender siyosatida oʻzgarishlar, yaxshilanishlar koʻzga tashlanayotgani quvonarli.

Shohista Ortiqova Kamranli, filolog, tarjimon, Ozarbayjon.

Madaniyati, urf-odatlari, anʼanalari oʻzbeklarga yaqin boʻlgan Ozarbayjon xalqi uchun ham oila muqaddas sanaladi. Ayolga boʻlgan izzat-hurmatni ham olqishlasak arziydi. Koʻcha-koʻyda, jamoat transportlarida bunga koʻp guvoh boʻlganman. Bular birdaniga shakllangan anʼanalar emas, ayollarga hurmat bu xalqning qoniga singgan. Tarixdan ham bilamizki, Ozarbayjon Respublikasi Sharq mamlakatlari ichida ayollarga saylash huquqini bergan ilk mamlakat hisoblanadi.

Oʻzbek va ozarbayjon xalqining ildizi bir boʻlgani uchun dunyoqarashlar ham oʻxshab ketadi. Bu yerda oʻzbek ayoli haqida ijobiy fikrlar koʻp uchraydi – ular haqida oila tirgagi, hayoli, iboli, milliy atlas matodan tikilgan koʻylaklarining oʻziga yarashishi-yu, mehnatkashligi aytiladi. Oʻzga yurtda oʻz millating haqida ijobiy fikrlarni eshitish, albatta, yoqimli. Bugungi kunda Ozarbayjonda tarjimon sifatida faoliyat yuritaman. Bir ayol ham sevgan kasbida ishlash, ham oilani saranjom-sarishta qilish uchun jamiyatda unga boʻlgan qarashning ham oʻrni katta. Men bu yerda mana shu vazifani qoʻldan kelgancha bajara olayotganimdan baxtiyorman.

Goʻzal Xidirova, bloger, AQSh

Oʻzbek ayoli boʻlish qiyin deb oʻylayman. Chunki uning aytadigan soʻzi ham, bajaradigan ishi ham mentalitet va qadriyatlarga mos boʻlishi kerak. Yoshlikdan qizlarga beriladigan tarbiya, soʻngra kelinlik uyidagi yumushlar oʻzbek ayoli umrining yarmini oʻtkazib yuborsa kerak.

Agar ayollarning soʻzlariga va bajarayotgan ishlariga hech kim qarshilik qilmasa, ustidan kulmasa, nima deyish va nima qilishni buyurib, oʻrgatib turmasa, u jamiyatda erkin va mustaqil yashay oladi. Bilasizmi, ayol agressiv boʻlsa, oʻzini yolgʻiz va kuchsiz his qilsa, baxtsiz hisoblasa, bu holat farzandlar kelajagiga ham salbiy taʼsirini oʻtkazadi.