O‘zbek nasri va sheʼriyatida oʻziga xos uslubga ega boʻlgan, tarixiy romanlari bilan tanilgan isteʼdodli adiba va shoira Shahodat Ulug‘ qalamiga mansub roman trilogiyaning dastlabki ikki kitobi (“YETER Kİ SEN AĞLAMA” va “CEYHUN ESİNTİLERİ”) Turkiyada - Avrasya Yazarlar Birliğining Bengü Yayınları nashriyotida chop etildi. Qurʼoniy timsollar bilan boyitilib, nazmiy ohanglar bilan toʻyintirilgan uslubda bitilgan ushbu asarlar oʻquvchini qadim Turkistonning ulugʻvor va ayni paytda gʻussa va fojialarga toʻla oʻtmishi tomon yetaklaydi.
Unda Pomiru Tiyonshongacha, Fors koʻrfazidan Frot va Dajla sohillariga qadar oʻz taʼsirini yoygan Xorazmshohlar saltanatining yuksalish va inqirozi yoritilgan. Soʻnggi hukmdor Jaloliddin Manguberdining Chingiziy moʻgʻul istilochilariga qarshi beomon kurashi, uning butun shonli hayoti tafsilotlari keltirilgan. Trilogiyaning uchinchi kitobi – “KURTARICI SULTAN KUTUZ” (“Xaloskor sulton Sayfiddin Qutuz”) ayni kunlarda nashrga tayyorlanmoqda. Asarlarni mahoratli tarjimon Mahir Ünlü turkchaga oʻgirgan. Shahodat Ulugʻning ushbu romanlari avvalroq oʻzbek kitobxonlari tomonidan ham qizgʻin qarshi olingan edi.