Bir paytlar orzu qilgan ishimizga kirdik, maoshimiz oshdi, uy oldik yoki uzoq kutgan safarimiz amalga oshdi. Avvaliga bu katta yutuqdek tuyuladi. Ammo oradan vaqt oʻtib, kechagi orzu bugungi oddiy hayotning bir qismiga aylanadi. Uning oʻrnini esa navbatdagi istak egallaydi. Erishganlarimizdan qoniqmay yanada koʻprogʻiga intilamiz. Bu noshukurlikmi yoki insonning yaxshiroq yashashga intilishi tabiiy holatmi? Borini qadrlash bilan koʻprogʻiga intilish oʻrtasida chegara bormi?
28 yoshli Surayyo bugun bir paytlar oʻzi orzu qilgan hayotda yashayapti. U Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanidagi chekka qishloqda tugʻilib oʻsgan. Qishloqdagi imkoniyatlar, ish oʻrinlari va qizlar uchun erkinlikning cheklanganini koʻrib, shaharga chiqish uchun astoydil harakat qiladi.
Avval qoʻshimcha darslarga qatnab, Gulistonga oʻqishga kiradi. Yangi shaharga koʻchib kelganida imkoniyatlari kengaygan, hayoti avvalgidan ancha oʻzgargandek tuyulib, bir muddat hayratlanib qoladi. Ammo vaqt oʻtishi bilan Gulistonni Toshkent bilan taqqoslay boshlaydi va bu safar poytaxtga intiladi. Toshkentga keladi, ishlaydi, oʻz oʻrnini topadi, turmush quradi, oʻqishini xalqaro oliygohning poytaxtdagi filialida davom ettiradi, vaqt oʻtib farzandli ham boʻladi. Nihoyat, uzoq yillik mehnatdan keyin bir paytlar oʻzi xohlagan sharoitga erishadi. Lekin baribir yanada yaxshiroq hayot, yuqoriroq maqsadlari tomon intilishdan toʻxtamaydi.
Surayyo bilim olish, tan olinish, munosabatlari va yashash sharoitini yaxshilash borasida oʻzini hech qachon toʻliq “yetarli” deb hisoblamagan. Har safar bir marraga yetgach, keyingisiga intilgan.
“Men uchun yaxshi sharoitning eng muhim belgisi — erkinlik. Yaxshi maoshli ish koʻproq vaqtimni olib qoʻysa, undan ketishni afzal koʻraman. Bugun aynan shuning uchun ham chet elga ketishga harakat qilyapman. Oʻzim va oilam yaxshi taʼlim, tibbiyot va sifatli davlat xizmatlaridan foydalanishimizni xohlayman”, – deydi u.
24 yoshli Malika esa bakalavr va magistraturani tugatganiga qaramay bilimi haqida oʻylaganda uni yanada koʻproq “boyitish”ni xohlaydi. “Chunki ilmimning yuksalishi moliyaviy yuksalishimga ildiz boʻlishini yaxshi bilaman”, – deydi u.
25 yoshli Sevara esa oxirgi ikki yilda bir nechta davlatlarga sayohat qilib, safarlarda oʻzini yaxshiroq anglab, erkin his qilishini tushungach, endi yanada koʻproq yangi davlatlarga borishni xohlaydi.
“Ichimdan dunyo naqadar keng va katta, biz esa ishga, uyga, oʻqishga yoki uzogʻi qarindoshimiznikiga borish bilan cheklanib qolayotgandekmiz, degan hislar oʻtardi. Unda bu goʻzal olamni kim koʻradi, deb sayohatlarga muhabbat qoʻydim”, – deydi u.
Fikr va xulq-atvor bilan bogʻliq muammolar ustida ishlaydigan amaliyotchi kognitiv-terapevt Raxshona Kozimovaning tushuntirishicha, biz erishganimizdan yanada koʻproq xohlashimizning oʻzi psixologik muammo emas. Inson yaxshi yashashni, koʻproq pul topishni, bilim olishni, rivojlanishni xohlashi tabiiy. Muammo insonning qoniqishi doimo keyingi shartlar — “Mana shu lavozimga chiqsam, oʻzimdan mamnun boʻlaman”, “Shuncha pul topsam, keyin yetadi”, “Shu vaznga tushsam, nihoyat oʻzimni yaxshi koʻrishni boshlayman” kabilarga bogʻlanib qolganida boshlanishi mumkin.
Raxshona Kozimovaning taʼkidlashicha, inson yutuqlaridan qoniqish qobiliyatini yoʻqotib, oʻz qiymatini faqat natijalari bilan oʻlchay boshlasa, doimiy taqqoslash, xavotir, charchoq kabilar kuzatilib, oʻzidan surunkali norozilik paydo boʻlsa, bu holatga jiddiy qarash kerak.
Masalan, Malika ham maqsadlariga erishganda, albatta, xursand boʻladi, lekin unga doim nimadir kamday tuyulaveradi. Bir yil avval magistraturani tugatib, universitetga ishga kirish va dars oʻtishni boshlash unga murakkab tuyulardi, ularning barini muvaffaqiyatli boshlab ham oldi. Ammo erishilgan bu marra ham tez orada “endi oʻz ustimda yanada koʻproq ishlashim kerak” degan yana bir yirik maqsadga ulanib ketgan.
Mutaxassis bu holat psixologiyada yaxshi oʻrganilgan tushunchalaridan biri boʻlib, hedonik adaptatsiya (insonning yaxshi oʻzgarishlar va qulayliklarga asta-sekin moslashib qolishi) deyilishini aytadi.
“Biz ruhiyati oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashishga moyil. Evolyutsion nuqtai nazardan bu xususiyat foydali. Agar har bir ijobiy yoki salbiy oʻzgarish bizning diqqatimizni bir xil kuch bilan uzoq vaqt band qilib turganida, atrofdagi yangi imkoniyat va xavflarga moslashish qiyinlashardi. Shu sabab yangi uy, yuqori maosh yoki uzoq kutilgan yutuq dastlab kuchli hissiy reaksiya uygʻotsa-da, vaqt oʻtishi bilan miya uni “yangi normal holat” sifatida qabul qila boshlaydi. Diqqat esa yana oʻzgarayotgan, yetishmayotgan yoki biz uchun muhim boʻlgan boshqa narsalarga koʻchadi”, – deydi Raxshona Kozimova.
Surayyo qanday maqsad boʻlsa ham, erishgandan keyin, xursand boʻlish uchun oʻziga vaqt beradi. U oxirgi bir yil davomida fransuz tilini boshlangʻich darajadan oʻrganib, yaqinda imtihon topshirdi.
“B2 darajaga harakat qilib, B1 oldim. Lekin bundan xafa emasman. Oʻzimni xursand qilib, sovgʻalar berdim, yaqinlarimdan ham “majburlab” tabrik oldim. Chunki bu mening bir yillik mehnatimning mahsuli edi. Umuman, har qanday mehnatimdan keyin, ozgina boʻlsa ham natijaga erishsam, oʻzimga dam olish imkonini beraman. Masalan, bir hafta, 10 kun toʻyib uxlashga, ortqicha maqsadlar, tashvishlar, muammolar, umuman, hech narsani oʻylamaslikka harakat qilaman”, – deydi u.
Ammo shu bilan birga Surayyo koʻzlaganidan pastroq daraja olib, oʻzi xohlagan natijaga erishmagani uchun boshqalar, masalan, oila aʼzolarining oldida biroz xijolat tortgani, bu oʻz oʻrnida jarayondan toʻliq xursand boʻlishiga xalaqit berganini aytadi.
Bu jarayonni insonning ichki ruhiyati bilangina izohlab boʻlmaydi. Kanadaning Alberta Universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti va siyosatshunoslik kafedrasida tahsil olgan, British Kolumbia universitetida doktorantura bosqichini tamomlagan sotsiolog Dilsora Fozilovaning tushuntirishicha, insonning nimani istashi va nimani yetarli deb bilishi ham aslida jamiyat taʼsirida shakllanadi. Yaʼni inson oʻzida bor narsani emas, koʻpincha boshqalarga nisbatan ham oʻzining qayerda turganini mezon qiladi. Dastlab qoʻshnisining sharoitiga qarab oʻzini baholagan odam undan yaxshiroq yashay boshlasa, oʻzini yana boshqa bir inson bilan taqqoslay boshlashi mumkin.
“Shu tariqa “yanada koʻproq” istagi baʼzan shaxsiy ehtiyojdan tashqari, ijtimoiy taqqoslash orqali ham kuchayadi. Odam oʻziga chegara belgilamasa va oʻz holatini doim boshqalarnikiga solishtirib borsa, erishilgan natija ham uzoq vaqt “yetarli” boʻlib tuyulmasligi mumkin”, – deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlar taqqoslash maydonini qanday oʻzgartirdi?
Dilsora Fozilovaning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar odamlarning taqqoslash doirasini keskin kengaytirdi. Oldin inson oʻzini qarindoshlari, qoʻshnilari, hamkasblari yoki mahalladoshlari bilan solishtirgan boʻlsa, bugun aytaylik, Toshkentdagi odam Dubay, Istanbul, Kanada yoki Amerikadagi, hatto umuman tanimaydigan inflyuenserlarning hayoti bilan taqqoslaydi.
“Biroq bunday taqqoslash koʻpincha adolatli boʻlmaydi. Biz oʻz hayotimizning toʻliq versiyasini birovning tahrirlangan yoki ajratib olingan versiyasi bilan solishtiryapmiz”, – deydi olima.
Biroq kognitiv-terapevt Raxshona Kozimovaning taʼkidlashicha, biz oʻzimizni boshqalar bilan taqqoslashimiz Instagram bilan paydo boʻlgan odat emas. Inson ijtimoiy tur sifatida tarixining katta qismini guruhlar ichida yashab oʻtkazgan va bunday muhitda oʻzining guruhdagi oʻrnini tushunish amaliy ahamiyatga ega boʻlgan.
“Tasavvur qiling, kichik bir guruh ichida yashaysiz. Kim kuchliroq, kim ovni yaxshiroq biladi, kimning guruh ichidagi mavqeyi yuqoriroq, kim bilan hamkorlik qilish mumkin, siz nimani boshqalardan yaxshiroq yoki yomonroq qila olasiz — bular shunchaki qiziqish uchun kerak boʻlgan maʼlumotlar boʻlmagan. Guruhdagi mavqe, boshqalar bilan munosabat va resurslarga egalik qilish — omon qolish hamda farovonlik bilan bogʻliq boʻlishi mumkin edi. Shuning uchun oʻz imkoniyatimizni faqat ichki mezon bilan emas, atrofimizdagilarga qarab ham baholash foydali axborot beroladi. Masalan, “men tez yuguramanmi?” degan savolga yolgʻiz oʻzi boʻlib javob berish qiyin. Chunki oʻzimizni tez yoki sekin, kuchli yoki kuchsiz, muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz deb baholashimizda koʻpincha atrofimizdagi odamlar biz uchun qiyosiy mezoniga aylanadi”, – deydi Kozimova.
Shuning uchun ham ijtimoiy taqqoslashning oʻzi psixologik nuqson emasligini uqtiradi mutaxassis. Taqqoslash bizga atrofimizdagi meʼyorlarni tushunish, nimani yaxshiroq qilishimiz mumkinligini koʻrish, kimdandir nimanidir oʻrganish va oʻz holatimizni baholashga yordam berishi mumkin.
“Ammo zamonaviy sharoitda taqqoslash maydoni keskin kengaygani haqiqatan jiddiy muammo. Bir insonning daromadini, boshqasining tashqi koʻrinishini, uchinchisining oilaviy hayotini, toʻrtinchisining sayohatini, beshinchisining karyerasini koʻramiz. Keyin esa mana shu turli odamlarning eng yaxshi jihatlaridan yigʻilgan “mukammal obraz”ini oʻzimizning yagona real hayotimiz bilan taqqoslashni boshlaymiz. Tasavvur qiling, mening oddiy seshanba kunim boshqa odamning Maldivdagi eng chiroyli 15 soniyasiga qarshi turibdi”, – deydi kognitiv-terapevt.
Natijada inson oʻz sharoiti yaxshilangan boʻlsa ham, oʻzini avvalgidek muvaffaqiyatli his qilmasligi mumkin. Masalan, besh million soʻm maosh olib, 10 millionni orzu qilgan odam maqsadiga erishgach, 30–40 million topayotganlarni koʻra boshlasa, kecha katta yutuq boʻlib koʻringan joriy daromadi bugun unga kamdek tuyulishi mumkin.
Bunday taqqoslash Surayyoning hayotida ham bor. U Instagramʼga kirganida oʻzi tanlagan yoʻlda allaqachon maqsadiga erishgan odamlarni koʻrib, baʼzan oʻzini yetarlicha harakat qilmayotgandek his qilishini yashirmaydi. Ayniqsa, eʼtibori oila, farzand va ishga teng yoʻnalib, bular asosiy maqsadi uchun harakatini sekinlashtirayotgandek tuyulgan paytlar ham boʻlib turadi.
Ammo Surayyo bu holatni uzoq davom ettirmaslikka harakat qiladi, yaqinlari yoki turmush oʻrtogʻi bilan suhbatlashib, aslida u ham harakat qilayotgani, natijalarga ham erishayotganini tushunadi, har kimning sharoiti va boshlagan vaqti turlicha ekani haqidagi xulosalarga keladi.
Surayyo shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardan oʻziga motivatsiya ham oladi. Oʻzbekistondan chetga chiqib, oʻz maqsadlariga erishgan insonlarni kuzatib, oʻziga “odam qilgan ishni odam qiladi, ular ham qachonlardir “noldan boshlagan”, demak, men ham uddalay olaman”, deb dadil qadam tashlashda davom etadi.
Malika ham ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim yutuqlarni oʻziga motivatsiya sifatida qabul qiladi. Masalan, kimdir yangi darajadagi diplom, sertifikat olganini koʻrsa, bu maqsadiga oʻzi ham yaqin qolganini eslab, havaslanib qoʻyadi. Sevara ham Instagramʼda oʻz sohasida muntazam rivojlanayotgan bir qizni kuzatib, undan motivatsiya olishini aytadi.
“Taqqoslash — inson psixologiyasining tabiiy qismi. Shuning uchun oʻzimizni boshqalar bilan umuman taqqoslamaslikka urinishdan koʻra, bu taqqoslash bizga qanday taʼsir qilayotganini kuzatish foydaliroq. Baʼzan birovning yutugʻi bizga yangi imkoniyatlarni koʻrsatadi, nimagadir intilishga undaydi. Baʼzan esa boshqalarning hayotini kuzataverib, oʻzimiz erishgan yutuqlarni oddiy yoki qadrsizdek koʻra boshlaymiz. Muammo taqqoslashning oʻzida emas, u hayotimizga qanday qarashimizni oʻzgartirib yuborayotganida”, – deydi Raxshona Kozimova.
Shukronalik oʻzbek jamiyatidan uzoqlashyaptimi?
Ijtimoiy tarmoqlardagi taqqoslashlardan toʻxtash insonni avvalo oʻz hayotiga, undagi yaxshi narsalarga eʼtibor qaratishiga undaydi. Bu esa shukronalik mavzusiga olib keladi. Raxshona Kozimovaning tushuntirishicha, psixologiyada shukronalik shunchaki “boriga qanoat qilish”ni anglatmaydi. Bu inson hayotidagi ijobiy narsalarni payqashi, ularning qiymatini tan olishi va ularni doimiy ravishda oʻz-oʻzidan boʻlishi kerak boʻlgan narsadek qabul qilmasligi bilan bogʻliq holat.
“Masalan, biz sogʻlom boʻlganimizda har kuni sogʻligʻimiz haqida oʻylamaymiz. Yaqinlarimiz doim yonimizda boʻlsa, uning mavjudligi ham kundalik hayotning odatiy qismiga aylanadi. Shukronalik esa baʼzan mana shu “odatdagi” narsalarning ham aslida biz uchun qadrli ekanini qayta payqash imkonini beradi. Lekin shukronalikni majburiyatga aylantirmaslik kerak. Inson bir vaqtning oʻzida hayotidagi yaxshi narsalar uchun minnatdor boʻlishi va nimadandir norozi boʻlishi mumkin. Bu ikki holat bir-birini inkor qilmaydi”, – deydi u.
Sotsiolog Dilsora Fozilovaning taʼkidlashicha, bugun oʻzbeklar uchun baxt mezonlari butunlay oʻzgardi, deyish uchun bizga bu mavzudagi tadqiqotlar, tahlillar kerak boʻladi. Lekin sotsiologik jihatdan shukronalikka sabab boʻladigan yaxshi hayotning mezonlari koʻpayib bormoqda. U fikrini amerikalik psixolog Abraxam Maslouning ehtiyojlar iyerarxiyasi misolida tushuntiradi. Maslouga koʻra, qorni och va sovqotgan odam baxtni faqat toʻqlik va boshpanada koʻradi. Bularga yetishgach, ertangi kunidan koʻngli tinch boʻlishini xohlab, muqim ish, barqaror daromad, sogʻliq va ijtimoiy himoyaga intiladi.
Ularga ham erishgan odamda mehrga, doʻstlikka, oilaga va birovga kerak boʻlishga ehtiyoj tugʻiladi. U yolgʻizlikdan qochib, oʻziga yaqin davrani izlaydi. Keyin esa jamiyatda hurmat topish, uning mehnati va shaxsiyatini boshqalar qadrlashini xohlaydi.
Bulardan keyin ham xohishlar tugamaydi. Endi inson oʻz bilimi, iqtidori va qobiliyatini toʻliq namoyon etish, kuchli mutaxassis boʻlish, ijod qilish va oʻz imkoniyatlarining choʻqqisiga chiqishni baxtning mezoni sifatida belgilaydi. Yaʼni inson koʻp hollarda qorni toʻygach, qadri haqida oʻylay boshlaydi.
Dilsora Fozilovaning taʼkidlashicha, anʼanaviy jamiyatlarda baxtning mezonlari koʻproq oila, farzand, sogʻlik, obro‘, mahalla va qarindoshlar oʻrtasidagi insonlarning mavqeyi, uy-joy kabi tushunchalar bilan bogʻlangan. Bular bugungi jamiyatda ham muhim, lekin bozor iqtisodiyoti, migratsiya, urbanlashtirish va ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarning vujudga kelishi hayotimizga yangidan-yangi mezonlarni qoʻshmoqda.
“Demak, endi qanday uyda yashashingiz, qanaqa mashina haydashingiz, qanaqa kiyim kiyib, qanaqa dam olishingiz, farzandlaringiz qanaqa joylarda oʻqishi, ular bilan qanday vaqt oʻtkazishingiz, bolalaringiz yoki oilangiz tomonidan qanchalik sevilganingiz, qanchalik koʻproq gul olganingiz va bularni koʻrsatish baxtning mezonlariga aylanib boryapti. Yaʼni shaxsning oʻzi yaxshi yashashigina yetarli emas. Yaxshi yashayotganligini boshqalarga koʻrsatsagina u baxtli boʻladi”, – deydi olima.
Dilsora Fozilova sotsiolog sifatida buni qadriyatlarning yoʻqolishi deb talqin qilmaydi. Balki shukronalikning ijtimoiy konteksti va ifodalash shakllari oʻzgarayotgan boʻlishi mumkinligini aytadi.
“Oʻzbek jamiyatida shukr, qanoat, boriga baraka, isrof qilmaslik kabi tushunchalar ham diniy tarafdan, ham madaniy tarafdan juda koʻp eʼtirof etiladi va buning kuchli ildizlari bor. Ular yoʻqolib ketdi, deb aytish juda qiyin”, – deydi u.
Kapitalizm shukronalikka qanday taʼsir qiladi?
Dilsora Fozilova odam bir vaqtning oʻzida ikki xil normativ tizim ichida yashashi mumkinligini aytadi. Yaʼni “boriga shukr qil” degan fikr va “bundan ham yaxshiroq boʻlishi mumkin” degan fikr bir paytda, bir insonning hayotida boʻlishi mumkin.
“Ayniqsa, kapitalistik tizimda shukronalikdan koʻra, sen koʻproq narsaga erishishing mumkin, buning uchun koʻproq harakat qilishing kerak, degan targʻibot ustunlik qiladi. Bugun raqobat jamiyatida yashaymiz. Bu jamiyatda uzluksiz harakat bor. Bularga oʻz ustimizda ishlash, kecha-yu kunduz harakat qilib, oʻzimizni yaxshilashga boʻlgan intilishlar misol boʻlishi mumkin”, – deydi u.
Ammo mutaxassisga koʻra, kapitalizm odamlarni ochkoʻz qiladi, deyish bilan uni haddan tashqari soddalashtirib qoʻygan boʻlamiz. Kapitalistik iqtisodiyotning ishlashi uchun ishlab chiqarish bilan bir qatorda isteʼmolning davomiyligi ham muhim. Agar millionlab odamlar, “Yoʻq, mening telefonim bor, olganimga besh yil boʻldi, hali ham yaxshi ishlaydi, boshqasiga ehtiyojim yoʻq”, “Mashinam bor, yurib turibdi, menga shuning oʻzi yetadi”, yoki “3-4 ta kiyim bor, shuni yuvib-yuvib kiyaman, boshqa olmayman” deydigan boʻlsa, jamiyat mezonlari oʻzgarib ketadi.
“Shu yerda gʻalati qarama-qarshilik bor. Jamiyat uchun shukronalik yaxshi deymiz-u, lekin odamlar bori bilan baxtli boʻlsa, jamiyatda keskin burilish paydo boʻlishi mumkinligini ham unutmasligimiz kerak. Agar odamlar birdaniga ancha kam xarid qilishni boshlasa, iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Chunki biz hozirgi zamonda hammaning miyasiga “ol, keyingi darajaga chiq!” degan fikrini quyib qoʻyganmiz. Agar bunday boʻlmasa, korxonalarning savdosi qulaydi. Ishlab chiqarish va ish oʻrinlari kamayadi. Ishsiz qolgan odamlar xarajatini yanada kamaytiradi. Isteʼmolning keskin kamayishi oqibatsiz yoki hammaga bir xil taʼsir qiladigan jarayon emas”, – deydi olima.
Shu bilan birga, kamroq isteʼmol kapitalizmni avtomatik ravishda qulatadi degan xulosaga ham kelish kerakmas. Oʻzgarish boshqa yoʻl bilan ham ketishi mumkin. Yaʼni odamlar tez-tez kiyim yoki telefon almashtirmasdan taʼlim, madaniyat, dam olish, oʻzini parvarish qilish, toʻgʻri ovqatlanish, sifatli xizmatlarga eʼtiborini qaratishi mumkin. Ehtiyojlarimiz moddiy tomondan kamaysa, boshqa tarafga qarab oʻsishi mumkin. Natijada iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari qisqarib, boshqalari, masalan, uzoq xizmat qiladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki taʼmirlash xizmatlari vujudga keladi. Va bunday oʻtishda bir joydan ishini yoʻqotganlar boshqa joyda davom ettirishi ham mumkin boʻladi.
“Kapitalizm rivojlanib borayotgan joyda musobaqa juda kuchli boʻladi. Raqobat kuchli joyda esa oʻsish ham yuqori boʻladi. Agar biz boriga qanoatlanishni kuchaytirib, musobaqalarni kamaytirsak, keyingi qadamimiz qanday boʻladi, degan savol oʻrtaga chiqadi. Bu yerda chuqur tahlillarsiz bir nima deyish qiyin. Yaʼni biz iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlarga tayyor boʻlishimiz kerak va oʻsha oʻzgarishlarning nimaligini bilmaymiz”, – deydi Dilsora Fozilova.
Olimaning taʼkidlashicha, kapitalizm dunyoga kirib kelganda koʻplab olimlar uning yaxshi-yomon taraflari haqida kitoblar yozgan, nazariyalar yaratgan. Nemis faylasufi Karl Marks “Kapital” kitobida har qanday mahsulotning qiymati uning qanchalik qadrlanishi bilan bogʻliq ekani, biz oʻsha qadrni oʻzimiz qurishimiz haqida aytib oʻtgan.
“Masalan, yangi chiqqan iPhoneʼga shunday qiymat yaratamizki, insonlar hamma narsani qoʻyib, past maoshda ishlashi va boshqa muhimroq muammolari boʻlishiga qaramay, oʻsha telefonga yetishishni istaydi va olganda oʻzini baxtli hisoblaydi”, – deydi Fozilova.
Amerikalik iqtisodchi va sotsiolog Torsteyn Veblenga koʻra, insonlar tovarlarni faqat ularning amaliy ehtiyoji uchun emas, balki jamiyatda oʻzining yuqori statusi, boyligi va ijtimoiy mavqeyini boshqalarga koʻrsatib qoʻyish uchun sotib oladi.
Fransuz sotsiologi Pyer Burdiyo esa insonning didi, tanlovi, kiyinishi, eshitadigan musiqasi yoki ovqatlanish odatlari shunchaki shaxsiy xohish emas, balki ijtimoiy sinf va kapitalni (madaniy va ijtimoiy) namoyon qilish vositasi ekanini koʻrsatib beradi. Yaʼni, did orqali jamiyatda sinfiy va ijtimoiy chegaralar belgilanadi va farqlanadi.
Shukronalik “bozor mahsuloti”ga aylanyaptimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda shukronalikni “oʻrgatuvchi” kurslar, treninglarning koʻpayayotgani kuzatilmoqda. Dilsora Fozilova buni juda qiziq sotsiologik paradoks deb ataydi. Avvallari oilada, diniy taʼlimda, mahallada yoki kundalik hayotda oʻrgatilgan, umuman olganda tabiiy paydo boʻladigan shukronalikni endi odamlar oʻttiz kunlik challenjlar, pulli kurslar orqali oʻrganyapti. Uning taʼkidlashicha, shukronalik bozor mahsulotiga allaqachon aylanib ulgurgan. Jamiyat bir vaqtning oʻzida ehtiyoj yaratib, oʻsha ehtiyojlardan charchagan odamga “yechim” sotyapti. Misol uchun, bugun hayotning tabiiy davriy bosqichi boʻlgan keksayishga ayb sifatida qaralib, yoshroq koʻrinish targʻib qilinadi.
“Yosh koʻrinish uchun turli takliflar berib, oxiri yoʻq bosimlar yuklanadi, keyin xotin-qizlar har xil jarrohlik amaliyoti yoki ukollar qildirsa, buni qoralashadi ham. Boshqa industriyada esa tabiiy keksayish haqida gapirib, “sekinlashing, oʻzingizni seving, boriga shukr qiling, ichki xotirjamlikni toping”, deb uqtiriladi. Bu ham bir ziddiyat. Va buning uchun ham mahsulot, trening, ilova yoki kitoblar taklif qilinadi. Yaʼni har ikkisida ham mahsulotni sotish birinchi oʻrinda turadi”, – deydi olima.
Taqiq yechim boʻlmaydi. Nima qilish kerak?
Sotsiologning taʼkidlashicha, bu jarayonda insonlarni ayblashdan koʻra, ularning xohishlari va ehtiyojlarini shakllantirayotgan ijtimoiy tizimni tushunish muhimroq. Odamlarga shunchaki “shukr qiling” deyish yetarli emas. Agar muammo ijtimoiy tizimlar va bugungi davr bilan ham bogʻliq boʻlsa, uning yechimini faqat alohida insonning zimmasiga yuklash toʻgʻri ham emas.
“Jamiyatda muvaffaqiyat tushunchasining oʻzini ham kengaytirish mumkin. Agar yaxshi hayot faqat daromad, uy-joy, mashina va martaba bilan oʻlchanmasa, boʻsh vaqt, oila, jamoaga tegishlilik, sogʻlom ijtimoiy munosabatlar, xavfsizlik, mazmunli mehnat va hayot sifati ham muvaffaqiyat mezonlariga aylansa, insonning yaxshi hayot haqidagi tasavvuri ham kengayadi”, – deydi olima.
Bunda insonning ijtimoiy tarmoqlar bilan kundalik munosabati ham muhim. Dilsora Fozilovaning fikricha, ijtimoiy tarmoqlarning inson ruhiy holatiga taʼsir qilishining oldini olish uchun ularni taqiqlash yechim boʻlolmaydi. Buning oʻrniga, odamlarning media savodxonligini oshirish va koʻrilayotgan kontent ortidagi reallikni anglashiga yordam berish kerak.
Kognitiv-terapevt Raxshona Kozimovaning taʼkidlashicha, “Instagramʼni oʻchirib tashlang” yoki “boshqalar bilan oʻzingizni solishtirmang” deyish juda oddiy tavsiya boʻladi. “Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning bir qismiga aylangan ekan, ulardan butunlay qochishdan koʻra, ular bilan qanday munosabat qurayotganimizga eʼtibor berish muhim”, – deydi u.
Buning uchun, masalan, lentani ongli ravishda tozalash mumkin. Agar maʼlum bir sahifa yoki kontentni koʻrgach, muntazam ravishda oʻzingizdan, daromadingizdan yoki hayotingizdan norozi boʻlib qolsangiz, bunday kontentni kuzatishda davom etish shart emas.
Keyingi qadam — ijtimoiy tarmoqqa avtomatik kirishni kamaytirish. Koʻpchilik ijtimoiy tarmoqlarga ongli ravishda emas, balki telefonni qoʻliga olishi bilanoq avtomatik tarzda kirib, uzoq vaqt qolib ketadi. Bildirishnomalarni oʻchirish, ilovani bosh ekrandan olib tashlash yoki undan foydalanish vaqtini cheklash – ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni avtomatik odatdan ongli tanlovga aylantirishga yordam beradi.
Shuningdek, qachon bunday kontentga koʻproq taʼsirchan boʻlishingizni kuzatish ham muhim. Charchaganingizda, ishingiz yurishmay turganida yoki oʻzingizdan norozi paytingizda birovning “mukammal hayoti” odatdagidan kuchliroq taʼsir qilishi mumkin. Buni anglashning oʻzi ham ijtimoiy tarmoqdagi vaziyatni tanqidiyroq baholashga yordam beradi.
Raxshona Kozimova esa eng muhim himoya vositasi sifatida oflayn hayot ulushini oshirishni tavsiya qiladi. Odam oʻz vaqtining katta qismini boshqalar hayotini kuzatishga sarflagan sari, ularning turmushi oʻz tasavvurida mukammallashib boradi. Ishlash, oʻrganish, yaqinlar bilan vaqt oʻtkazish, sport, sayr, sevimli mashgʻulotlar yoki oddiy kundalik hayot bilan band boʻlish kabi real hayot faolliklari esa shaxsiy rivojlanish va mamnuniyat hissini qaytaradi.
Ziyoda RAMAZONOVA,
Oyina.uz