Hozirgi vaqtda qaysidir teatrda yangi spektakl qoʻyilibdi desa, odamlar unchalik ham hayajonga tushavermaydi. Teatrlardan koʻp narsa kutilmay qolgani bor gap. Oxirgi paytlarda internet tarmogʻida teatr, sanʼat haqidagi podkastlarni kuzata turib, koʻpchilik (ayniqsa, yoshlar) teatr sanʼatiga “zamondan orqada qolgan soha” deb qarashini his qilaman. Albatta, bunga yetarlicha asoslar bor. Garchi aksariyat teatrlarimiz koʻngilochar bir maskan oʻlaroq doim gavjum, lekin asl sanʼat oʻchogʻi sifatida maqomini, qiyofasini yangilay olgani yoʻq. Buning sabablari koʻp va alohida mavzu. Umumiy qaraganda, hozir madaniy jabhalarning barida ham saviya inqirozi kuzatilyapti. Teatr sohasi ham siyqalik, birxillik va oʻrtamiyonalik girdobida aylanayotgan bir muhitda onda-sonda boʻlsin, saviyasi yuqori, badiiy-gʻoyaviy butun sahna asarlarining paydo boʻlayotganini eʼtirof etish lozim.

Yaqinda Oʻzbekiston davlat drama teatrida atoqli rejissor Olimjon Salimovning Erkin Aʼzam asari asosida sahnalashtirgan “Ishlaganday boʻlaylik” (Snos) spektakli premyerasi boʻlib oʻtgan edi. Mazkur spektakl koʻpchilikda qizgʻin taassurot qoldirdi, borib koʻrganlarning aksariyati ijobiy fikrlar bildiryapti. Ayniqsa, madaniy jamoatchilik bu asarni juda yaxshi qarshi oldi va bu  bejiz emas. Haqiqatan ham, Olimjon Salimovning yangi ijod mahsuli biz odatda koʻrib-koʻnikkan tomoshalardan ancha farq qiladi. Bu spektakl aynan nimasi bilan qiziq, qaysi jihatlariga koʻra muvaffaqiyatli – quyida tahlil  qilishga harakat qilamiz.

Avvalo, spektaklning dramaturgik asosi yaxshi. Yozuvchi Erkin Aʼzamning 2011-yilda yozilgan “Farrosh kampirning tushi” komediyasida hozirgi ijtimoiy hayotimiz roʻy-rost aks ettirilgan. Millatni yemirayotgan illatlar, ijtimoiy-axloqiy muammolar tanqidiy ruhda, oʻzgacha bir badiiyatda ifoda etilgan. Bu pyesa 2014-yili birinchi marta Oʻzbekiston davlat drama teatrida (avvalgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr) sahnalashtirilgan edi. Teatrning oʻsha yillardagi bosh rejissori Sayfiddin Meliyev ishlagan spektakl asarning boshqa bir rakursdagi talqini oʻlaroq bir necha yillar namoyish  qilingan.

Oradan vaqt oʻtib, shu teatr jamoasi mazkur asarga yana yangidan murojaat qildi.  Aytish mumkinki, bunga eng asosiy sabab asar mavzu jihatdan oʻz ahamiyatini umuman yoʻqotmagan. Teatr, sanʼat zamon bilan hamnafas boʻlishi, haqiqatni koʻrsatishi kerak deymiz. Hamnafaslik zamonaviy hayotning bir yoqlama – faqat yaxshi, namunali tomonini koʻrsatishdan iborat emas. Oʻz oʻrnida salbiy taraflarini ham tanqid qila bilish zarur. Shu maʼnoda, ushbu pyesani oʻzbek jamiyatining hozirgi real ogʻriqlari haqidagi yolgʻondan holi sanoqli asarlardan, desak boʻladi. Qolaversa, Olimjon Salimov katta rejissor, qaysi asarni qachon sahnalashtirishni yaxshi biladi. Olti yildirki, oʻzi badiiy rahbarlik qilayotgan Drama teatrida turli janrlarda klassik va zamonaviy asarlarni sahnalashtirib, jamoasining ijodiy potensialini koʻtarishga, teatrning badiiy imidjini yangilashga jiddiy eʼtibor qaratib keladi. “Ishlaganday boʻlaylik” (Snos) spektakli esa, jamoaning ijodiy imkoniyatlarini yana bir pogʻona ilgari siljitgan jiddiy ish boʻlganini taʼkidlash joiz. 

Tabiiyki, har qanday asar sahnaga koʻchganda matndagi fikr “teatr tili”da qayta jonlanadi va bunda rejissorning sanʼatkorlik salohiyati hal qiluvchi rol oʻynaydi. “Ishlaganday boʻlaylik” (Snos) sahnaviy asar sifatida toʻlaqonli rejissor professionalizmining mahsulidir. Spektaklning talqini muallif konsepsiyasiga yaqinligi, sahnaviy-badiiy shaklining puxtaligi bilan eʼtiborga loyiq. Ayniqsa, talqinda aniq uslubning topilgani asarning katta yutugʻidir.

Nomidan ham maʼlumki, ushbu sahna asari oʻz-oʻzini aldayotgan olomon, yolgʻon normaga aylangan jamiyat haqida. Spektakl janri satirik fars deb belgilangan. Bu janr oʻz-oʻzidan boʻrttirishni, grotesk yondoshuvni taqozo etadi. Sahnadagi hamma narsa, ssenografiya, liboslar, aktyorlar ijrosi, musiqiy bezak – barcha ifoda vositalari shu janrga, talqinning umumiy stilistikasiga uygʻunlashtirilganini koʻramiz.

Asar voqealari “Ishlaganday boʻlaylik” nomli idorada boʻlib oʻtadi. Shu bir idoraning timsolida bugungi hayotimizning ayni real ogʻriqlari ayovsiz kulgi ostiga olinadi. Chiroq yorishishi bilan sahnada shunday manzara namoyon boʻladi: Pastdan tepaga koʻtariladigan zina, katta-kichik kanalizatsiya quvurlari, bogʻlam-bogʻlam qogʻozlar yukidan qulab tushay deb turgan javon... Shuningdek, sahnada zohir boʻlgan umumiy muhit – kulrang. Sahnalashtiruvchi rassom Sergey Chufarnovning bu yechimi spektaklning shartli makoni boʻlishi bilan birga, ich-ichidan nurab borayotgan jamiyatning majoziy koʻrinishini ham ifoda etadi.

Bu idora rahbarining yuqoridan belgilab berilgan qatʼiy “ish prinsipi”  bor: “Roʻyxatning boshida albatta shaxsiy masalalar tursin. Davlat ishlari oʻz-oʻzidan boʻlaveradi”. Asardagi hamma personaj ayni shu qabilda harakatlanadi. Butun spektakl davomida oʻzaro dialoglar ham qahramonlarning shaxsiy masalalari doirasida kechadi. Ishxonada ish haqida umuman gapirilmaydi. Ertalabdan tiqilinch avtobusda xuddi muhim ishlarni bajaradiganday shoshilib kelishadi, kun boʻyi maydadan-mayda diydiyolar bilan mashgʻul boʻladi va oxirida hamma yoqni talon-taroj qilib qoralarini oʻchirishadi.

Spektaklning mantiqiy kompozitsiyasi, badiiy qatlami ancha murakkab. Bir qarashda butun syujet bir-biriga uzviy boʻlmagan koʻplab alohida epizodlardan iboratday koʻrinadi. Asardagi asosiy voqealik (koʻchish haqidagi mish-mishning katta mashmashaga aylanishi) ana shu katta-kichik vaziyatlar oʻzanida izchil oʻsib-rivojlanib boradi. Shu leytmotiv tegrasida tipiklashgan turfa xarakterlar komediyasini koʻramiz. Har bitta personaj bilan bogʻliq holatlar asardagi umumiy vaziyatning bir qismi boʻlib, kompozitsion jihatdan bir-birini toʻldirib boradi. Tomosha yakunida bularning hammasi bir butunlik hosil qilib, koʻz oldingizda jamiyatning asburd qiyofasi namoyon boʻladi. 

Spektaklda oʻnga yaqin personaj ishtirok etadi. Liboslar rassomi (Lobar Tursunova) qahramonlarning tashqi koʻrinishi ustida puxta ishlagan. Har birining liboslarida ularning xarakter-sajiyasini ifodalovchi detallar alohida boʻrttirilgan. Masalan, amalparast Rahbarovichning tizzagacha tushib turadigan galstugi, oshxoʻr xodimlarning qorinlari, nafaqaga chiqqan Sobiq muovinning choponga aylangan kastumi va shunga oʻxshash detallar juda yaxshi topilgan. Ayniqsa, hammadan tepada oʻtiradigan mansabdor Akaxon obrazining giperbolizatsiya qilinishi, qoʻgʻirchoq odam – manekinlarning kiritilgani asarning obrazlilik koʻlamiga, ham tomoshaviyligiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Qizgʻin voqealar asnosida ayollarning televizordan emotsiyaga berilib turk serialini tomosha qilishi, lagandagi oshga qoʻl choʻzib toʻdalashib yugurayotgan massa kabi alohida urgʻulangan sahnalarga duch kelamiz. Hozirgi olomonning ayanchli holini koʻrsatish maqsadida kiritilgan bu kabi koʻrinishlar spektaklning  mazmuni va satirik koʻlamini boyitgan.

Hatto sahnalar almashinuvidagi oʻtish musiqalari, vaziyatlarda personajlarning holatlarini boʻrttirish, aksentlash uchun qoʻllanilgan tovushlar (shum) ham spektakl badiiyatining muhim qismiga aylanadi. Masalan, Akaxonning soʻzlari pastdagilarga gumburlab vahimali eshitilishi, farrosh kampirning oʻzicha mingʻirlab, yozgʻirib aytgan har gapi aks-sado berib, mish-mishga aylanib ketishi, voqealar oqimida oʻqtin-oʻqtin eshitilib qoladigan qasirlagan tovushlargacha ramziy maʼno yuklanadi. Bular kichik elementlar boʻlsa-da, spektakl badiiyatida muhim oʻrin tutadi. Umuman, sahnadagi hamma narsa gapiradi, asarning konsepsiyasiga mutanosib ishlaydi.

Tabiiyki, bularning hammasi asosiy kuch – aktyorlar ijrosi bilan uygʻunlashganda tugal maʼno kasb etadi. Satirik xarakter jonlantirishning oʻziga xos nozik talablari, murakkabliklari boʻlib, ijroda boʻrttirish meʼyori ozgina buzilsa, bachkanalik chegarasiga oʻtib ketish xavfi boʻladi. Aytish mumkinki, spektaklning ijro qatlami anchayin jonli, rejissor aktyorlar bilan birga rollar ustida qattiq ishlagani seziladi.

Sahnada bir-biridan kulgili qiyofalarni, rang-barang xarakterlarni tomosha qilamiz. Xususan, aktyor Ilhom Berdiyev Rahbar Rahbarovich timsolida tepadagilar nima desa shuni qiladigan, shaxsiyatsiz, qoʻlidan bir ish kelmas jonsarak amalparastlar tipini gavdalantiradi. Aktyor mimikasi, ovoz-manʼerasi, yurish-turishi bilan oʻz qahramonining mahdud olamini ifodalashga harakat qiladi. Muovin buva rolida esa xuddi shu tipning oʻtmishdagi nusxasi – umr boʻyi kursisini qoʻriqlab yashagan, endilikda nafaqaga chiqib ham idorada sudralib yurgan izzattalab “qoʻlansa” cholni koʻramiz. Teatrning tajribali aktyori Elyor Nosirov mansabsiz qolgan bu qariyaning kayfiyatini, “iztirobi”ni  koʻrsatib beradi.

Asardagi Hisobchixon rolida esa aktrisa Tamara Mirmaqsudova mahoratining boshqa bir tovlanishi koʻzga tashlanadi. Aktrisa  oʻzini “ishxonadagi eng muhim shaxs” deb biladigan, ichidan pishgan ayyor ayol xarakterini juda qiziqarli ijro qiladi. Doim nimadir kavshab yurishi, vaziyatlarda oʻzini tutishi bu tipni yana ham kulgili qilib koʻrsatadi.

Aktyor oʻzi jonlantirayotgan obrazning haqiqatiga ishonishi, ishontira olishi kerak. Spektakldagi Nafisa Toshmatova (Mutaxassis xonim), Poʻlat Normatov (Boʻlim boshligʻi), Suxrob Xurramov (Bosh mutaxassis) kabi aktyorlar ham oʻzlariga yuklangan rollarni janr doirasida jonlantirishga, satirik boʻyoqlar berishga harakat qilgan.  Kotiba rolini talqin etgan yosh aktrisaning ijrosi yorqinligi, erkinligi bilan esda qoladi. Umuman, har bir aktyor  oʻz qahramoni timsolida qaysidir  illatni fosh etadi.

Asardagi Farrosh kampir timsoli spektaklning qizgʻin voqealari orasida baʼzi-baʼzida koʻrinish beradi. Dono Boboxonova ijro etgan bu kampirni hech kim odam oʻrnida koʻrmaydi. Lekin u asar voqealari oqimida  oʻzak vazifasini bajaradi. Qarib-qartayganda ham tirikchilik dardida  ertadan kechgacha ishlab, oʻziga-oʻzi yozgʻirib yuradigan shu farrosh oʻzi bilmagan holda butun idoraning “oromini” buzadi. Va ayni shu personaj asarning paradoksal yukini oʻzida tashiydi. Chindan ishlaydigan odam xor, ishlaganday boʻladiganlar esa toʻrda, rohatda. Aslida satirik asarda ijobiy qahramonning oʻzi boʻlmaydi. Lekin tomoshabin shu Farrosh kampir timsoliga nisbatan achinish hissini tuyadi.

Spektakl shu kabi turfa xarakterlar quramasidan iborat. Asarning umumiy koʻlamida hammasining vazifasi muhim boʻlgani bois, asosiy qahramon kim oʻzi, bilib boʻlmaydi. Bunga kamchilik deb qarab boʻlmaydi. Chunki asarning asosiy fokusi qaysidir alohida tipga emas, butun bir jamiyatning ahvolini koʻrsatishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan qaralganda, spektaklning markazdagi obrazi – hamma, hammadan iborat jamiyat. Konflikt masalasi ham shu koʻzda yondoshishni talab etadi. Umuman, spektaklning aktyorlari ansambli yaxlit holatda tomoshabin koʻz oldida olomon obrazini akslantiradi. Asar shu jihati bilan ham odatiy uslubdagi spektakllardan farq  qiladi.

Spektakl qiziq nuqtada tugaydi. Toʻkilib tushgan bino (chirigan tizim)da “mensiz ishxona ishxona emas” deganlarning hech bir yoʻq. Xatar tugʻilgan ondayoq hammasi tum-taraqay qochgan.  Agʻdar-toʻntar sahnada, ayanchli xaos ichida yana balogardon farroshgina qoladi.

Spektakl menga ilk taassurotda “Moviy togʻlar yoxud haqiqatdan yiroq voqea” filmini eslatib yubordi. Garchi film va bu spektakl boshqa-boshqa mazmundagi asarlar boʻlsa-da, ikkisi ham puch jamiyatni tasvirlaydi.

Aktyorlarning ijrosida baʼzi oʻrinlarda janr balansi birdek ushlamagan, spektakl stilistikasi singishmagan holatlar seziladi. Lekin asar sahnada har safar har xil ijro etilishi mumkin. Spektaklning umumiy badiiy plankasi oldida juzʼiy kamchiliklarni eʼtiroz qilish ham oʻrinsiz.

Shunday qilib, spektaklning qiziqarli va tigʻiz voqealari silsilasida vaqtning qanday oʻtganini unutasiz. Qariyb bir yarim soat davom etadigan satirani kulib-kulib koʻrasiz, lekin tomosha ortidagi qorongʻilik dahshatini his etib turasiz...

Bir soʻz bilan aytganda, “Ishlaganday boʻlaylik” (Snos) spektakli mavzusi, tanqidiy ruhi, badiiy yaxlitligi bilan jiddiy asar boʻlgan. Bir tarafdan bu spektaklni hamma ham birdek tushunadi deb aytolmaymiz. Oddiy tomoshabinga uning badiiy-gʻoyaviy yuki ogʻirlik qiladi.

Umuman, asarda oʻz aksini topgan jamiyatning ayni shu saviyasizlik, jaholat bilan bogʻliq real muammolarini teatr, sanʼat hal qilolmaydi (zotan, missiyasi bu emas), lekin uning tuzuvchisi ham, buzuvchisi ham boʻlgan odamlarning ruhiyatiga, tafakkur tarziga  taʼsir etishga qodir.

Maftuna MUHAMMADAMINOVA