Har bir xalqning maʼnaviy qiyofasi, shaʼni va mavjudligi uning milliy tilida namoyon boʻladi. Til ota-ona va Vatan kabi tabarruk tushunchadir. Ona tilining ifoda imkoniyatlari inson tafakkuri va tasavvuri darajasini, uning lugʻat boyligi hamda poetik salohiyati esa oʻsha tilda bitilgan badiiy asarlar mazmunida namoyon boʻladi.

Millat tili asrlardan asrlarga oʻtishi va muloqot maqomini saqlab qolishi uchun soʻzlashuvchilarning eʼtibori hamda shu tilda yozilgan ilmiy-adabiy manbalar muhim vasiqa hisoblanadi. Dunyoning madaniyatli xalqlari oʻz tillarining keng tarqalishidan faxrlanadilar.

Har qanday til inson maʼnaviyati, madaniy darajasi va ruhoniyati bilan bogʻliq. Inson qoʻllagan soʻzlar orqali uning dunyoqarashi, vijdoni, qalb qoʻri va qaysi jamiyatga mansubligini bilib olish mumkin. Shu bois soʻz koʻngil kaliti sanaladi. Til vositasida odamlar nafaqat muloqot qilishadi, balki bir-birining tabiati va ijtimoiy mavqeiga baho berishadi. Shuning uchun koʻplab filologik taʼlim markazlarida psixolingvistika, sotsiolingvistika, kulturalingvistika va psixobiografiya kabi sohalar chuqur oʻrganiladi.

Abdurauf Fitratning oʻzbek tilini “dunyoning eng boy, eng baxtsiz”i deb sifatlaganiga sal kam bir asr boʻldi. Darhaqiqat, oʻzbek tili XX asrning bir necha oʻn yillari davomida bu ikkinchi qismatidan qutula bilmadi. Faqatgina Davlat tili maqomi berilgach va istiqlol yillaridagina u oʻz oʻzaniga qaytib, koʻksini baland koʻtarishga imkon topdi.

Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi oddiy hodisa emas. Mustaqillik arafasidagi bu tarixiy-muazzam hodisani tabiatdagi bir oʻzgarishga – bahor kelishidan avval yangi fasl darakchisi sifatida qaldirgʻochlar paydo boʻlishiga oʻxshatish mumkin. Tilimizning yuksak maqomga koʻtarilishi yurtning ozod bahoridan, mustaqillikdan darak bergan quvonchli mujda edi.

Oʻtgan yillar mobaynida oʻzbek adabiy tili va uning qoʻllanishi boʻyicha koʻp ishlar bajarildi. Rasmiy va idoraviy hujjatlarning Davlat tilida yuritilishi hamda mezonlarning ishlab chiqilgani tilimizning chin maʼnoda ilm tiliga aylana borayotganini koʻrsatadi. Yaʼni ilmiy-tadqiqot ishlari va dissertatsiyalar davlat tilida yozilmoqda.

Dunyo olmonlarning ilm-fandagi yutuqlariga havas qiladi. Buning bosh omili ilmiy-adabiy tafakkur tarzining bevosita tilga borib taqalishidadir. Taraqqiyot sabablari milliy tafakkurga taalluqli ekanini olimlar allaqachon eʼtirof etganlar. Demak, oʻzbek tili bugun tom maʼnoda oʻzbekona tafakkur tili boʻlishi lozim. Shundagina ulkan va umuminsoniy kashfiyotlar yuzaga kelib, jahonshumul Uchinchi Renessans hodisasi roʻy beradi.

Tilga eʼtiborli inson elning dard-u gʻami, kelajagi va maʼnaviyatiga befarq emas. Maʼnaviyati baland, ziyoli inson yozma va ogʻzaki nutqi bilan boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozim. Yozma nutq faqat chiroyli imlodan iborat emas, uning asosiy belgisi fikr savodxonligidir. Savodxonlik orfografiya qoidalariga rioya qilish, soʻzlarni toʻgʻri tanlash, gapni grammatik qoidalarga mos tuzish va uslubni matn tabiatiga moslashni qamrab oladi. Tushunarli soʻzlar tura turib, nooʻrin ajnabiy yoki sheva soʻzlarini qoʻllash bayonni gʻalizlashtiradi. Fikr chuqur mantiqqa va koʻrkam soʻzlarga asoslanishi kerak. Har kim gapirish huquqiga ega, biroq maʼno va mazmun boʻlmasa, bunday nutq “vaysamoq” feʼliga sinonim boʻladi.

Sogʻlomlik tana sifatigina emas, u maʼnaviyat, madaniyat va nutqqa ham taalluqlidir. Bu xususda Alisher Navoiy aytadi: “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz... Kimning miyasida illat boʻlsa, soʻzida mantiq boʻlmaydi. Miyasi sogʻlom boʻlsa, gap-soʻzi yoqimli va xatosiz boʻladi... Soʻzida parishonlik – oʻzida pushaymonlik”. Tarixda Zahiriddin Muhammad Boburning imloga, yozuvga, tilga eʼtibor qaratgani ibratga loyiq. “Boburnoma”ga koʻra, oʻgʻli Humoyun maktubini oʻqigan Bobur unga: “Imlong yomon emas”, deydi. Ammo tushunarsiz soʻzlar qoʻllagani uchun “...vale asru mugʻlaqtur” (nihoyatda murakkabdir) deb tanbeh beradi. Nasihat maʼnosida: “Bundan nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti: ham sanga tashvish ozroq boʻlur va ham oʻqugʻuchigʻa”, deb yozadi. Faqat oʻzi tushunib, boshqalarga tushunarsiz soʻz qoʻllashni Abdulla Qodiriy ham “katta ayb” sanagan. Mustabid tuzum yillarida chin shoirlar toʻtilik qismatidan or qilishdi; “ona tilim oʻlmaydi” (E.Vohidov), deb hayqirishdi; “bulbul kuyin sheʼrga” solishdi (A.Oripov). Milliy tilga “munis, mehribon” sifatlarini berib, onadek eʼzozladi va “Elim, ona tilim, ruhimning qoni” (R.Parfi) deb ulugʻladi.

Odam oʻzligi va Vatanini ona tili orqali taniydi hamda madaniyatini shu tildagi bebaho xazinalar vositasida dunyoga tanitadi. Buyuklar fikrlarini aniq, loʻnda va teran ifoda qiladilar. Tafakkur ummonidan eng taʼsirli va tushunarli soʻzlarni tanlash lozim, chunki aniq tasavvur qilingan tushunchalar tiniq bayon etiladi.

Ziyolilikning muhim belgisi – oʻz ona tili va boshqa tillarga hurmat. Nutqqa xorij soʻzlarini oliftalarcha qorishtirib, qurama tilda soʻzlashganlarga ziyoli sifatini berish qiyin. Chet tilini oʻrganishdan asosiy maqsad ona tilimiz shaʼni, adabiyot ufqlari, millat obroʻsi va qadriyatlarni eʼzozlashga qaratilmogʻi lozim. Xorij tillarini bilgan odam oʻz ona tilining qadrini chuqurroq anglaydi. Masalan, oʻzbek tilidagi “toʻy” soʻzi koʻpmaʼnoli boʻlib, ham ot, ham feʼl sifatida keladi. Olmon tilida esa bu tushuncha “xoxsayt” – “yuksak vaqt” degan maʼnoni anglatuvchi qoʻshma soʻz orqali ifodalanadi. Olmon tilida bizdagi kabi koʻpmaʼnoli va yaxlit “toʻy” yoʻq.

Qadim turkiy tildagi soʻzlarni tiriltirish, ayrim shevalardagi soʻzlarni oʻzbek adabiy tiliga olib kirish, turli lugʻatlar tuzish kabi qator ilmiy-amaliy izlanishlar bugunning dolzarb vazifalari sirasiga kiradi. Yaqinda bir sheva tilidan “qoʻziqorin”ning “koʻmalak” (koʻmilgan narsa maʼnosida), yosh bolalar yurishiga moʻljallab yasalgan moslamaning “adoqarava” (oyoq aravacha) ekanini bilib xursand boʻldim. Oʻzimcha baʼzan “uchak” (uyning tepasi, ustki, uchli qismi), “otoqi” (hashar-koʻmakda loy otadigan kishi), “borlama qilish” (“yoʻqlama qilish” soʻz birikmasiga muqobili), “birlama” (gʻoʻzani yagana qilish), “chakar” (quduqdan suv tortib oladigan chelak-moslama), “toʻngmoy” (muzlab qolgan yog‘), “qalqi” (qarmoqning suv yuzidagi popugi), “kuchala tosh” (batareya), “qoʻnimdor” (propiska), yoʻlliq (yoʻl uchun beriladigan pul), “qoʻlliq” (“qoʻlqop” maʼnosida), “dumboʻyin” (boʻyni yoʻgʻon maʼnoda) va shu kabi oʻnlab soʻzlar bugungi oʻzbek adabiy tilida faol qoʻllanishi kerak, deb oʻylab yuraman. Bunday soʻzlar huquqini tiklashda nazmiy parchalar ham ulkan qiymat kasb etadi. Masalan:

Qish qattiq keldi. Toshkentda talaba edim. Taʼtilda uyga – Yormishga bordim. Oʻqishga qaytar mahalimning bayoni bunday:

Otam berar edi yoʻlliq,

Toʻngmasin deb yana qoʻlliq. (Abdulla Begiy. 11-yanvar, 1993-yil).

Oʻzbek tilining taraqqiyoti boshqa mamlakatlarda fundamental tarzda muhokama qilinmasligi tabiiy. Tilimizning boshqalardan kam emasligini anglash va buni amalda isbotlash bizning vazifamizdir.

Alisher Navoiy tilning poetik imkoniyatlarini oʻz devonlari, “Xamsa”si va “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari orqali isbotlab qoʻygan. Qalam ahli ham oʻz ijodiy ishlari bilan buni davom ettirishi lozim. Hayot muammolardan xoli emas, oʻzbek tilini qoʻllash va yozma nutqda ham muammolar mavjud. Ogʻzaki nutqni goʻzallashtirish hamda rasmiy hujjatlardan tortib oddiy xatgacha hammaga tushunarli qilib bayon etish uchun oʻzbekona tafakkur zarur.

Bu muammolarni hal qilish uchun maktab va litseylarda boshlangan taʼlim oliy oʻquv yurtlarida davom etishi shart. Iqtisodchi, muhandis yoki agranom boʻlishidan qatʼi nazar, bakalavriat bosqichidagi umumlashma fanlar blokida oʻzbek tili va yozma-ogʻzaki nutqni mukammallashtirishga qaratilgan maxsus fanga alohida soatlar ajratilishi lozim.

Herman Hesse: “Oʻz tilini yaxshi bilmaydigan, sevib-ardoqlamaydigan, uni himoya qilmaydigan xalqning shoiriman deb koʻkrak kerishdan or qiladi kishi”, deb yozgan. Inson oʻz tilini eʼzozlashi kerak. Milliy til bashariyat uchun qomus, millat ruhiyati aks etuvchi orasta koʻzgu, milliy ruhning sultoni va hoqonidir. Shuni unutmasak bas.

Bahodir KARIM

Ildirgi (Bu soʻzni men yasadim. P.S. oʻrnida qoʻllashimiz kerak): Yaqinda alifbomizda juzʼiy, ammo benihoya muhim yangilanish boʻlib, toʻrtta tovush belgisiga mos harflar tahrirdan oʻtdi. Bu oʻzgarish oʻzbek tilidagi matnlarning mukammallashuviga va keng ifoda imkoniyatlariga ega tilimizning boshqa turkiy tillar bilan oʻzaro yaqinlashuviga xizmat qiladi.