Filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Bahodir Karim bilan suhbat.
– Ustoz, suhbatimizni Abdurauf Fitrat 1919-yilda asos solgan “Chigʻatoy gurungi” tashkilotidan boshlasak. Fitrat ushbu harakat orqali “Devonu lugʻotit turk” va “Qutadgʻu bilig” singari mumtoz asarlarga tayanib, oʻzbek tilining boy tarixini koʻrsatib bergan edi. Jadidlarning oʻzbek tili uchun olib borgan kurashi aslida qanday kechgan?
– Ular til masalasiga eng ustuvor vazifa sifatida qarashdi. Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Fitrat va Elbek kabi jadidlarimiz yangi usul maktablari uchun “Turkiy Guliston yoxud axloq”, “Birinchi muallim”, “Yer yuzi”, “Sarf”, “Nahv” kabi qator darsliklar yozishdi; til qoidalarini ishlab chiqishdi. Arabcha va forscha soʻzlar oʻrniga mos – muqobillarni izlash bilan faol shugʻullanishdi. Abdurauf Fitrat bosh boʻlgan “Chigʻatoy gurungi” aʼzolari shunchaki shaharda oʻtirmay, xalq ichidan sof turkiy soʻzlarni izlab, qishloqma-qishloq yurishdi. Odamlar boylik yoki ziyorat uchun sayohat qilsa, jadidlar soʻz izlab safarga chiqqan edi. Bunday ishga qoʻl urish uchun inson chin maʼnoda millatparvar boʻlishi kerak. Fitrat arab va fors tillarini chuqur bilsa-da, oʻz asarlarini oʻzbek tilida yozdi. Jadidlar xalq shevalarida, “Devonu lugʻatit turk”da yoki “Boburnoma” kabi adabiy manbalarda saqlangan noyob soʻzlardan oʻz asarlarida unumli foydalanishdi. Bu borada Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon, Hamza, Ashurali Zohiriy, Elbek, Hoji Muin va boshqa ijodkorlarning amaliy xizmati beqiyos. Harakatning boshida turgan Mahmudxoʻja Behbudiy chiqargan “Oyina” jurnalining ilk sahifasida nashr nomini toʻrt tilda: ruscha “Zerkalo”, arabcha “Mirʼot”, forscha “Oyina” va turkiy “Koʻzgu” deb yozib qoʻyilgani bejiz emas. Behbudiy chetdan kirayotgan soʻzlarga hushyor boʻlib, xorijiy atamalar yoniga oʻzbekcha muqobilini qoʻllash tarafdori edi. Aynan shu tajribani Choʻlpon ham adabiy chiqishlarida, xususan, “Soʻz, soʻz, soʻz” maqolasida qoʻlladi, sheʼlariga singdirdi. U Moskvada teatrda ishlaganda ruscha atamalarning oʻzbekcha muqobilini berib bordi. Bugun ham tilimizga kirayotgan xorijiy soʻzlarning oʻzbekcha muqobilini qavs ichida berish amaliyotini tiklash zarur. Xullas, ona tilimiz Alisher Navoiy davrida yuksalgan boʻlsa, jadidlar zamoniga kelib ikkinchi marta yangi bir choʻqqini koʻzladi. “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” kabi asarlar va Choʻlpon sheʼriyati tilimizning naqadar boyligini koʻrsatadi. Masalan:
“Men yoʻqsil, ne boʻlib uni suyibmen?!
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen.
Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyubmen,
Men suyub… men suyub… kimni suyubmen?
Men suygan suyukli shunchalar goʻzal,
Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!”
Buning maʼnosini, ohangi va jozibasini qarang! Barchasi sof oʻzbekcha soʻzlar... Mutaxassislar, adabiyotshunoslar buni alohida tadqiq etishmoqda. Choʻlpon faqat turkiy soʻzlarni qoʻllab ham inson yuragiga yetib boradigan serqatlam, chuqur maʼnoli, goʻzal sheʼrlar yozish mumkinligini amalda isbotladi.
Choʻlpon sheʼriyatida teran ramzlar yashiringan. Masalan, uning “Binafsha, senmisan? Binafsha, senmi? Koʻchada aqchaga sotilgan...” deb boshlanuvchi misralaridagi goʻzal metafora orqali butunlay boshqa bir ijtimoiy-ruhiy olam ochib beriladi. Bugun soʻz ustida ishlaydigan har bir ijodkor Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va Fitrat maktabidan har jihatdan saboq olmoqlari lozim.
Abdulla Qodiriy asarlarining tili haqiqiy goʻzallik namunasidir. Ulkan adiblardan biri “Yozishni oʻrganmoqchi boʻlgan kishi “Oʻtkan kunlar”ni qoʻlda koʻchirib chiqishi kerak”, degani bejiz emas. Adibning qahramonlari tiliga singdirgan shunday tabiiy soʻzlari borki, kishini hayratga soladi. Masalan, nutqingizda “soʻz oʻngqovi kelganda” degan iborani ishlatdingiz. Abdulla Qodiriy ham mana shunday xalqona iboralarni “oʻngʻay payti, qulay pallasi kelganda” maʼnosida mahorat bilan qoʻllagan edi.
Abdulla Qodiriy – ruhiyat musavviri. Koʻplab adabiyotshunoslar “Oʻtkan kunlar”dagi “Jonsiz bir xabar yoxud qoʻrqinch bir kech” bobini, xususan, Otabekning qabristonda tunab qolgan sahnasini ruhiy-psixologik tasvirning eng yuksak choʻqqisi deb baholashadi. Tasavvurga erk berib deylik, agar bayram kunlari til va soʻz sanʼati bilan bogʻliq biror mukofot taʼsis etiladigan boʻlsa, oʻzbek tilini boyitgani uchun bu mukofotni, shubhasiz, yana bir bor Abdulla Qodiriyga berish kerak boʻlardi. Adib oʻz asarlari mazmuniga singdirgan gap, soʻz, iboralarni havodan olgan emas. Ularni koʻchalarda yurib, choyxonalarda odamlarning suhbatidan, yaxshi maʼnoda “soʻz oʻgʻrilab”, kitoblarida qoʻllagan edi.
Xuddi shunday til jozibasini Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanida ham koʻramiz. Bu asar haqiqiy shoirning ajoyib nasridir. Shoir yozgan proza esa hamisha sheʼrga xos ohangdorlik bilan ajralib turadi. Nasrning ham ichki qonuniyati, simmetiriyasi, sajiyasi, sajʼi, turli yoʻsindagi tovushlar uygʻunligi va tilga qulay talaffuz jozibasi boʻladi...
Til oʻrganish masalasida oʻz vaqtida Mahmudxoʻja Behbudiy “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan mashhur maqolasini yozdi. Biroq vaqt oʻtishi bilan jadidlar ichida sof ona tili uchun kurash kuchaydi. Masalan, Hoji Muin “Oyina” jurnalida nashr ishlarini toʻlaqonli oʻzbek tilida yuritish talabini qoʻyadi. Shuningdek, Elbek arabcha, forscha va oʻzbekcha soʻzlar muqobillari aks etgan lugʻatlar yaratadi. U ham tilni tozalash ustida ulkan lugʻatchilik ishlarini olib boradi.
Butun bir tarixiy jarayonda jadidlar til sofligi uchun qaygʻurishadi. Shuni tan olish kerakki, oʻsha davrda ham, hozirgi kunda ham xorijiy aralashmalardan xoli boʻlgan, har tomonlama mukammal va toʻlaqonli oʻzbek tilidagi matnni yaratish nihoyatda qiyin va masʼuliyatli vazifa boʻlib qolmoqda.
– Ustoz, baʼzi tengdoshlarimiz “Behbudiy bilan Qodiriyning tili ogʻir, Choʻlpon va Usmon Nosirniki esa ancha yengil va tushunarli”, deyishadi. Bu haqiqatan ham vaqt oʻtishi bilan tilimizning soddalashib borganidanmi yoki ular yashagan muhit shuni talab qilganmi? Keyin, Behbudiyning oʻsha paytda aytgan “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan gapi va turkiy tillar haqidagi qarashlari bugungi zamonimizga qanchalik toʻgʻri keladi?
– Bu endi juda nisbiy tushuncha. Qodiriyning tili ogʻirroq, Choʻlponniki yengilroq yoki Behbudiyniki murakkabroq degan qarashlar aslida ijodkorlarning uslubi, soʻz qoʻllash mahorati va faoliyati bilan bogʻliq. Masalan, Behbudiy yozgan mantnlarda arabcha va forscha soʻzlar ancha uchraydi. Chunki u Samarqand muhitida tarbiya topgan, madrasa taʼlimini olgan, muftiy sifati sharʼiy hukmlarni bayon qilgan. Lekin u qoʻllagan sof turkiy soʻzlar nihoyatda toza va pokizadir. Bunga bir misol, oʻsha davrlarda “lotereya oʻyini” degan yangilik paydo boʻladi. Mahmudxoʻja Behbudiy uni oʻz maqolalarida “yo nasib oʻyini” deb nomlaydi. Qarang, qanday goʻzal topilma, “yo nasib qiladi, yo yoʻq”. Nima uchun bu yasamani hozirgi kunda ham tilimizda bemalol qoʻllamasligimiz kerak? Ortiqcha qiynalmay bemalol ishlatish mumkin, menimcha. Uning maqolalari tarkibida arabcha hikmatlar, hadislar yoki oyatlar tez-tez koʻzga tashlanadi. Masalan, “Quli-l-haqqa va lav kana murran”, yaʼni, “Achchiq boʻlsa ham, haqiqatni aytmoq kerak”, shuningdek, uning “Haq olinur, berilmas” kabi mashhur iborasi bor. Jadidlar “ajdarho komida” – mustamlakachilik davrida yashadi. Tepada ajdarho ogʻzini ochib turgan bir paytda, milliy huquqlarni undan tortib olish kerak edi. Mustamlakachi xohlab sening haqqingni, yeringni, tuprogʻingni, hurriyatingni “marhamat” deb shunchaki berib qoʻymaydi. Behbudiy shunday teran maʼnoli hikmatlarni qoʻllagan edi.
Siz tilga olgan “Ikki til emas, toʻrt til” masalasiga kelsak, unda fors, oʻzbek, arab va rus tillari nazarda tutilan. Oʻsha davrdagi til oʻrganish muammosi xuddi hozirgi zamonimiz talablariga mos keladi. Bugungi kunda bizga toʻrtta emas, balki oltita, hatto sakkizta til bilish zarur. Ayniqsa, atrofimizdagi qardosh turkiy tillarni oʻrganish u qadar murakkab emas. Hozir Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida uygʻunlashuv (integratsiya) kuchaymoqda. Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻz davrida turkiy tillar haqida soʻz yuritib, menimcha: “Bular – yagona bir tilning bir necha shevalari va lahjalaridir”, degan gapni aytgan edi.
– Ustoz, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida siyosiy va iqtisodiy aloqalar tezlashayotgan bir paytda, til birligi masalasi hamon oqsayotgandek tuyulmayaptimi? Axir asosiy soʻzlarimiz bir xil, bir-birimizni tarjimonsiz ham tushuna olamiz. Bu gʻoyani haqiqatga aylantirish uchun til siyosatida aynan qanday qadam tashlashimiz kerak?
– Bilasizmi, bu gʻoya ortida jadid bobolarimiz turibdi. Masalan, Ismoil Gasprinskiy oʻz davrida umumiy turkiy tilda “Tarjimon” gazetasini chiqardi va uni hamma birdek tushundi. Uning “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan mashhur shiori bor.
Qardosh xalqlar bilan inglizcha emas, oʻz tilimizda gaplashgan afzal. Buning uchun har ikki tomon ham bir qadamdan oldinga yurishi, yaʼni murosa qilishi kerak. “Men faqat oʻz adabiy tilimda gapiraman” deb qatʼiy turib olsak, oʻrtada koʻprik boʻlmaydi. Mana shu samimiy yaqinlashish oqibatida vaqt oʻtishi bilan umumiy, mukammal bir adabiy til paydo boʻlishi shubhasiz. Ona tilimiz sof ilmiy tilga aylanishi va barcha turkiy tillar tajribasi asosida yaxlit bir ilmiy til tizimi yaratilishi lozim. Eʼtibor bersangiz, qardosh xalqlar tilida juda goʻzal atamalar bor. Masalan, qozoqlar badiiy asarni “shigʻarma” (chiqarma, ijod), qoraqalpoqlar tadqiqotni “izertleo‘” (izlanish) deyishadi. Nima uchun bunday chiroyli soʻzlarni bir-birimizdan oʻrganib, ilmiy tilimizni boyitmasligimiz kerak? Shu bois menda yangi bir tashabbus tugʻildi. Bu fikr-gʻoyani ozarboyjonlik mutaxassislarga ham aytdim: “Keling, birgalikda “Adabiyotshunoslik atamalarining ikki tilli lugʻati”ni tuzaylik. Bugun ikki tilli boʻlgan lugʻat ertaga toʻrt tilli, vaqti kelib oʻnta turkiy tilni qamrab olgan katta manbaga aylanadi. Natijada boshqa turkiygoʻy olimlarning ilmiy asarlarini hech bir toʻsiqsiz tushunadigan boʻlamiz”.
Mana bu haqiqiy uygʻunlik boʻladi! Siyosat, iqtisod va chegaralar ochilishi bilan birga, maʼnaviyat va til sohasida ham uygʻunlik boʻlishi shart. Men oʻzim ham qozoq, tatar yoki turk qardoshlarimiz bilan ular tilida bemalol gaplashishni xohlayman. Shunday ekan, turkiy dunyo donishmandligini birlashtiradigan bunday yirik ilmiy loyihalarni boshlash vaqti allaqachon keldi. Ayniqsa, hozir Boku, Ashxobod, Ostona – barchasi bizga juda yaqin. Bugungi global dunyoda jonli muloqot muhim ahamiyat kasb etadi. Jadidlar yashagan davrda hozirgidek mitti qurilma – nanotexnologiyalar yoki men “qoʻlmiya” deb ataydigan telefonlar boʻlmagan, aloqa faqat pochta orqali amalga oshirilar edi. Tasavvur qiling, oʻsha murakkab sharoitda tatar ziyolilari nashr qilgan “Ulfat”, “Vaqt” gazetalari, “Turk yurdi”, “Shoʻro” kabi jurnallar Turkistonga yetib keldi. Bizda nashr etilgan “Oyina” jurnali Qirimga, Bogʻchasaroyning mashhur “Tarjimon” gazetasi esa Andijongacha bordi. Yosh Choʻlpon 13–14 yoshlarida Ismoil Gasprinskiyni ustoz sanab, undan maslahat olish uchun maktub yoʻlladi. Oʻsha paytda texnik imkoniyatlar cheklangan boʻlsa-da, maʼnaviy muloqot va fikrdoshlik shu qadar yaqin edi. Odam hayron qoladi. Buning bosh omili ildizi bir boʻlgan umumiy turkiy tildir, koʻngil yaqinligi, orzu-niyatlar uygʻunligidir. Bu tilning tarixini bir oz oʻrgangan odam uning naqadar goʻzal va ifoda imkoniyatlari keng ekaniga amin boʻladi.
Masalan, mana bu satrlarni tinglab, odam chin dildan zavqlanadi:
“Koʻzi yoshlularing holin na bilsun mardumi gʻofil,
Kavokib sayrini shab to sahar bedor oʻlandan soʻr...”
Bu shunchaki hayratlanarli darajadagi goʻzallik-ku! Ushbu satrlarni ulug‘ Muhammad Fuzuliy yozgan edi. Choʻlpon Fuzuliy ijodini, ayniqsa, uning tilini juda yuksak qadrladi. Oʻsha davr Qoʻqon adabiy muhitida Fuzuliy maktabidan saboq olgan shoirlar juda koʻp edi. Jumladan, Choʻlpon ham xuddi shunday anʼanaviy ruhda yozgan:
“Goʻzimi ilk avval ishqi-la ochdim,
Ishqing yoʻllarinda men-da adashdim...”
Mana, “usmonli turkchasi” deymiz, aslida bularning barchasi siz bilan biz soʻzlashib yurgan jonli tilimizga taalluqlidir. Til haqida gapirganda, faqatgina “-ni” yoki “-ga” qoʻshimchalari ustida toʻxtalib, “kimdir uni toʻgʻri, kimdir xato ishlatdi” deyish bilan cheklanmaslik, balki masalaga kengroq – umummaʼnaviy dunyo miqyosida yondashish lozim. Jadidlar faoliyatidan ibrat olish zarur. Oʻsha paytda aloqa poyezd yoki ot-aravada boʻlgan boʻlsa, bugun imkoniyatlar beqiyos. Siz bilan qilayotgan ushbu suhbatimizni oradan bir-ikki daqiqa oʻtmay dunyoning narigi chetiga yetkazish imkoni bor.
Shu bois, til masalasida jadidlarimiz har doim qamrovni katta olishgan edi. Ular hatto tilimizdagi unutila boshlagan sof turkiy soʻzlarni ham mahorat bilan qoʻllashdi. Masalan, Abdulla Qodiriyning Hasanalisi Otabekka “siparishlar berib turar edi”. Bugun biz “siparish” soʻzini deyarli ishlatmaymiz. Vaholanki, u buyurtma, taklif yoki istak degan maʼnolarni anglatadi. Eʼtiborlisi, turk adabiy tilida bu “siparish” (sipariş) soʻzi juda faol qoʻllanadi. Bir-biridan soʻz olish va til boyligini baham koʻrish jadidlar muhitida keng yoʻlga qoʻyilgan edi.
– Maʼlumki, bundan roppa-rosa yuz yil avval oʻzbek tili uchun lotin grafikasiga asoslangan alifboni yaratish masalasi jiddiy koʻtarilgan edi. 1926-yilning fevral-mart oylarida Bokuda Birinchi Butunittifoq turkologlar qurultoyi boʻlib oʻtadi. Unda barcha turkiy xalqlar, jumladan oʻzbeklar uchun ham arab yozuvidan lotin grafikasiga oʻtish masalasi rasman maʼqullanadi. Oʻsha yilning may oyida Samarqandda oʻzbek ziyolilarining ilmiy kengashi yigʻilib, yangi lotin alifbosining ilk rasmiy loyihasini ishlab chiqishadi. Ushbu alifbo muayyan muddat amalda boʻldi, biroq 1940-yilga kelib, siyosiy bosim ostida majburiy ravishda kirill alifbosiga oʻtkazildi. Eng achinarlisi, jadidlarimiz bilan birga ular yaratgan nodir asarlar va milliy alifbomiz ham qatagʻonga uchradi. Bugun, oradan bir asr oʻtib, yana “umumiy turkiy alifbo” masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Xoʻsh, bu alifbo joriy etilsa, jarayon qanday kechadi? U har bir davlatning milliy xususiyatlariga moslab, muqobil variantlar bilan kiritiladimi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri yagona shaklda qabul qilinadimi? Umuman, buning natijasi qanday boʻladi?
– Men odatda juda oqkoʻngillilik qilaman va istagan odamning xohlagan savoliga javob berishga harakat qilaman. Aslida, “bilmayman” deyishning oʻzi ham bir javobdir. Misol uchun, siz aytayotgan savolning yechimini men aniq bilmayman. Bu loyiha qaysi shaklda tatbiq etiladi, uning tovushlari qanday tanlanadi? Har holda, tovushlar ixcham boʻlgani maʼqul. Masalan, bizda ikkita belgidan iborat harflar bor va ular bitta tovushni ifodalab kelmoqda. Yangi oʻzgarishlar taklifiga koʻra ularning yaxlit bir harf ostida beriladi. Bunda matn ixchamlashadi, vaqt tejaladi, yozish ancha osonlashadi. Nima boʻlishidan qatʼi nazar, bu sohaning oʻz mutaxassislari bor va ular tegishli qarorga kelishadi.
Siz aytgan tarixiy dalilga toʻxtaladigan boʻlsak, 1926-yilda Ozarboyjon markazi Bokuda Birinchi Turkiyot qurultoyi boʻldi. Lotin alifbosiga oʻtish masalalari muhokama qilindi. Bizda targʻibot jarayonlari boshlandi va 1929-yildan boshlab toʻliq yangi alifboga oʻtildi. Shu tariqa, oʻzbek mumtoz yozuvidan foydalanish toʻxtatildi. Koʻpchilik bu tizimni “eski oʻzbek yozuvi” deb ataydi, ammo men mana shu “eski” soʻzini ishlatishni xohlamayman. Xuddi oʻzbek mumtoz adabiyoti deganimiz kabi, buni ham “oʻzbek mumtoz yozuvi” deb atash toʻgʻriroq boʻladi. Chunki bu yozuv bugun ham amalda bor va u arxivda qolib ketgan koʻhna bir narsa emas. Shunday qilib, arab imlosiga asoslangan yozuvlar 1929-yildan keyin taqa-taq toʻxtadi. To 1939–1940-yillargacha yurtimizda lotin alifbosi amalda boʻldi. Masalan, “Alanga” jurnali yoki “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi aynan oʻsha yozuvda chop etildi. Agar oʻsha davr manbalarini tekshiradigan boʻlsangiz, undagi lotin grafikasi hozirgisidan biroz farq qiladi. Tilshunos olimlar ushbu alifbo xususiyatlarini oʻrganib, oʻz taklif va mulohazalarini bildirishdi.
Biroq meni hadeganda yozuvni oʻzgartiraverish muammosi koʻproq oʻylantiradi. Alifboni u yozuvdan bu yozuvga tez-tez koʻchirish ilmiy taraqqiyotga emas, balki maʼlum maʼnoda tanazzulga yetaklaydi. Inson fikrlash jarayonida barqaror, bitta imloga asoslangan alifboda oʻqib-yozsa, uning tushunchalari, qarashlari va dunyoqarashi yanada mustahkam boʻladi. Afsuski, bizning ulkan ilmiy va adabiy merosimiz oʻzbek mumtoz yozuvida bitilgan boʻlsa-da, bir necha oʻn yillar davomida olimlarimizning butun umri oʻsha asarlarni yangi alifboga koʻchirish, tabdil qilish bilan oʻtdi. Vaholanki, ular bu behuda mehnat oʻrniga dunyoga dong taratadigan boshqa yangi asarlar yozishi, ulkan ilmiy kashfiyotlar qilishi mumkin edi.
Qarang, olimlarimiz maʼlum bir muddat kirill yozuvidagi matnlarni lotin grafikasiga oʻgirish bilan mashgʻul boʻlishdi. Agar ushbu jarayonda bironta nuqta, vergul, undov yoki diakritik belgi xato ketsa, xuddi ulkan bir kashfiyot qilganday baqir-chaqir qilishadi. Holbuki, u bori-yoʻgʻi oddiy bir nuqta yoki verguldir. Toʻgʻri, ularning ham oʻz ahamiyati, qiymati bor, lekin matnlarni tabdil qilish – bu ilm emas, bu shunchaki texnik jarayondir. Oʻsha matn ustida oʻtirib, keyin shov-shuv koʻtarib, “Men falon ilmiy ishni doʻndirdim”, deb kerilish nooʻrindir. Misol uchun, Alisher Navoiyning oʻzbek mumtoz yozuvidagi asarlari avval lotinga (1929-yildan 1939-yilgacha), keyin kirillga, hozir esa yana lotin grafikasiga koʻchirilmoqda. Zarur boʻlsa, bunday oʻzgartirishlarni hozir kompyuterdagi bitta tugmachani bosish orqali amalga oshirish mumkin, uni faqat koʻzdan kechirib chiqish kifoya qiladi.
Eʼtibor bering, olim yillar davomida imlo, til yoki yozuv taqdiri bilan shugʻullangan, ammo hozir siz bilan biz qilayotgan ushbu ishni inson tafakkuri mahsuli boʻlgan texnika bir necha daqiqa ichida bajarib qoʻyyapti. Shu sababli, ilgari bu ishga sarflangan inson umri menga yelga sovurilganday tuyuladi. Yozuv masalasi – nihoyatda jiddiy muammo, shuning uchun bu borada oxirgi qatʼiy nuqtani qoʻyishimiz shart. Zero, biz ushbu mavzuda oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan qutlug‘ kunlarda soʻz yuritmoqdamiz. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda hali ham ikkita alifbo amalda boʻlib kelyapti: lotin va kirill yozuvlari. Bu ikkilik hatto bitta oilani ham ikkiga parchalab qoʻydi. Oilada ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi muloqotda: “sizning yozuv, bizning yozuv”, degan gaplar quloqqa chalinadi. Qarang, bitta millat, bitta xalq, bitta til va bitta oila, lekin yozuvlar ikki xil. Mana shu faktning oʻzi alifbo inson hayotiga, oilaga va ijtimoiy muhitga qanchalik kuchli taʼsir qilishini yaqqol koʻrsatib turibdi.
– Ustoz, oʻzbek tili uchun kurash ming yillardan beri davom etib kelyapti. VII–VIII asrlaridagi turkiy bitiktoshlarni, oʻrta asrlardagi Atoiy, Gadoiy, Sakkokiy, Sayfi Saroyi asarlarini, qolaversa, “Qutadgʻu bilig” va mashhur lugʻatlarni olaylik. Bu til Alisher Navoiy va Bobur davrida yuksak rivojlandi, gulladi. Keyinchalik Qoʻqon adabiy muhiti va jadidlarimiz davrida yangi bosqichga chiqdi. Umuman olganda, jadidlardan keyin til uchun kurashish aynan mustaqillik davri yoshlariga, bugungi avlodga meros boʻlib oʻtdi. Siz mana shu kurashlarni boshdan kechirgan, uning faol qatnashchisi va jangchisi boʻlgan inson sifatida oʻsha davrlarni qanday yodga olasiz?
– Siz jadidlardan keyingi bitta katta oraliqni – shoʻro zamonini tashlab ketdingiz. U davrda “tillar birlashib ketadi, yagona bir til qoladi” degan siyosat yuritildi. Erkin Vohidov “Ona tilim oʻlmaydi” deb yozganida yoki Abdulla Oripov “bulbul koʻyin sheʼrga” solish niyatini aytganida boshini kundaga qoʻydi, boshiga qilich kelishini angladi... Ona tili onadek tabarruk, insonning onalari birlashib ketmaganidek, tillar ham birlashmaydi. Ammo oʻz ona tilimiz qolib, rus tili “ikkinchi ona tili” deyilgan, butun oʻzbek jamlagan yigʻinlarda ruscha gapirish urf boʻlgan zamonlarni ham koʻrdik.
1980-yillarning oʻrtalariga, yaʼni 1986–1988-yillarga kelib, sobiq ittifoq respublikalarida milliy tuygʻu kuchaydi. Bunga oʻsha davrdagi “qayta qurish, oshkoralik va “demokratiya” siyosati yoʻl berdi. Biz oʻsha kezlarda Toshkent davlat universiteti (ToshDU) oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi edik. Talabalar shaharchasi mamlakatning eng qaynoq nuqtasi, fikr va kurashlar markazi edi. Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilgan ilk mitinglar aynan shu yerda boʻlgan edi.
Bu voqea 1988-yil dekabrida yuz berganini aniq eslayman. Qoʻlimdagi asl nusxada saqlanib qolgan nutq matni dalilki, oʻshanda Chingiz Aytmatov kabi ulugʻlar fikrlariga suyanib, “Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi kerak!” degan bir gapni men ham aytgan edim.
Anjumanda olimlar ham soʻzlashi kerak edi, ammo atrofda “kerakli odamlar” izgʻib yurar, Politexnika instituti talabalari tayyorlashi lozim boʻlgan mikrofondan darak yoʻq. Uni tortib olib ketishgandi. Ovoz kuchaytirgichsiz boʻlsa-da, ikki talaba til bayramini boshlab yubordi. Davra chetida turgan eng beozor, ammo jasur shoir inson Rauf Parfini davra markaziga taklif qildik. U nihoyatda taʼsirli nutq soʻzladi. Choʻlpondan sheʼr oʻqidi. Keyin navoiyshunos olim Ibrohim Haqqul gapirdi. Uchinchi boʻlib men soʻzga chiqdim. Boshqa tengdoshlar ham tilimizning himoyasi uchun nutq soʻzlashdi. Ular koʻplari bugun taniqli shoir va yozuvchilar. Bu – hali yoziladigan katta tarix.
Oʻsha izgʻirinli sovuqda toʻsatdan qoʻlida doʻmbira bilan qashqadaryolikmi yoki surxondaryolik bir baxshi paydo boʻlib, savqitabiiy yoʻsinda “Tilim – jonim” mazmunida goʻzal terma kuyladi. Bu unutilmas voqealar tafsiloti oʻsha yilning dekabridayoq “Правда Востока” gazetasida rus tilida bosildi. Keyinchalik “Yosh leninchi” gazetasi oʻsha maqolani “Til haqida va faqat til haqida emas” degan sarlavha bilan oʻzbekchaga tarjima qilib berdi. Muallifi V.Hamroyev ismli kishi edi. Maqolada “Buyogʻi nima boʻladi?” degan haqli savol oʻrtaga tashlangandi.
Buyogʻiga yoqimsiz roʻyxatlar va tinimsiz tazyiqlar boshlandi. Inson oʻziga boʻlgan bosimga chidashi mumkin, lekin oʻz millati va tilining ayanchli taqdiriga toqat qilolmas ekan. Biz kurashni toʻxtatmadik. Talabalar oʻrtasida sof oʻzbek tilida gaplashish harakatini boshlab, nutqiga begona soʻz qoʻshganlar uchun ixtiyoriy ravishda jarimalar joriy qilindi. Rus tilida tarbiya topgan ayrim kursdoshlarimiz bizga qoʻshilib gapirish uchun choʻntaklaridagi qogʻoz pullarini oldindan chaqa qilib maydalab kelishardi. Kimdir bilib-bilmay “davay”, “prosto” yo “ladno” deb yuborsa, darhol jarima toʻlardi. U yoʻqsil yigitlar sodda emas, chin maʼnoda millatparvar edilar. Menimcha, bu jarima tizimini hozir ham hayotga tatbiq etish kerak.
Oʻsha talabalar shaharchasidagi dastlabki namoyishdan soʻng, yil davomida butun mamlakat ziyolilari va oddiy xalq til masalasini muhokama qildi. Nutqimiz uchun yangi soʻzlar tavsiya etila boshlandi. Masalan, “Yoshlik” jurnalidagi “Til sandigʻi” ruknida soʻzlarimiz jamlanib, xalqqa taqdim etildi. Nihoyat, ushbu izchil kurashlar samarasi oʻlaroq, 1989-yil 21-oktyabr kuni – hali mustaqillikka erishmasimizdan oldin oʻzbek tiliga “Davlat tili” maqomi berildi.
Siz aytgan oʻsha “jangchi” degan soʻzdan koʻra, biz oʻsha davrda oddiy bir askar boʻlganmiz, xolos. Koʻchalarda qoʻlimizda shiorlar bilan yurardik, katta mitinglarda qatnashardik. Chunki davr va ijtimoiy muhit bizdan shuni taqozo qilardi. Agar oʻsha paytda koʻchaga chiqmasak, oʻzimizni katta aybdordek hisoblardik, qalbimizda allanechuk nuqson bordek tuyulardi. Bordi-yu, biror talaba koʻchaga chiqmay, auditoriyada biqinib oʻtirgan boʻlsa, ertasi kuni kursdoshlarining koʻziga tik qaray olmasdi. Eski tuzum dahshatlarini koʻrib, mafkura bosimini his qilgan unvonlari ulkan tilshunos allomalarimiz esa oʻsha kezlarda juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur edilar.
Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgach, televideniye, gazeta va jurnallarda ona tilimiz targʻibi kuchaydi. Bu goʻzal jarayonlar mana hozirgacha davom etib kelmoqda. Oʻsha suronli davrlarda birga yurgan, bugun el tanigan doʻstlarim, safdoshlarim bor, ularni bir chekkadan ismma-ism sanashim mumkin. Xudo xohlasa, til bayrami va bu tarixiy kurashlar bilan bogʻliq hodisalar kitob qilinsa, ularning ismlarini, koʻrsatgan jasoratlarini alohida bayon etaman.
Siz shoirsiz, metafora va koʻchimlarni yaxshi koʻrasiz. Bilasizmi, bahor kelishidan avval hamisha qaldirgʻochlar uchib keladi. Men oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilish jarayonini aynan bahordan oldin kelgan mana shu qaldirgʻochlarga oʻxshataman. Chunki ushbu qutlug‘ qadamdan keyin yurtimizga chinakam goʻzal bahor – mustaqillik kirib keldi. Endi, Shahriyor, toʻgʻrisini aytsam, oʻsha davrlarni qumsab, koʻngil sururga toʻlganda, inson toʻyib-toʻyib gapirgisi keladi. U paytlarda mutlaqo boshqacha muhit, boshqacha hayot bor edi. Albatta, bu biz uchun katta faxrdir.
Qarang, oʻsha zamonlarda biz faqat shoʻro tarixini oʻqishga majbur edik. Unda: “Proletariat inqilob jarayonida oʻz kishanlaridan boshqa hech narsasini yoʻqotmaydi” degan mafkuraviy shior boʻlardi. Agar inqilob ishchi-dehqonlarning kishanini parchalasa, ular bundan faqat yutadi, degan gʻoya singdirilardi bizga. Biz – oddiy talabalarning ham yoʻqotadigan hech vaqomiz yoʻq edi. Na unvonimiz, na mansabimiz bor edi, faqat talaba edik. Lekin nihoyatda qiziquvchan edik. Qaysi yerda tutun chiqsa, olovi qachon alanga olar ekan, deb oʻsha tomonga chopardik. Haqiqatan ham, oʻsha voqealar juda qiziq kechgan edi.
Albatta, oʻsha kezlarda talabalarning boshiga kelgan turli fojialar, azob-uqubatlar ham boʻlgan edi. Misol uchun, oʻsha mashʼum muhitdagi talabalar va ota-onalarning koʻz yoshlarini koʻrish azob edi. Bugun auditoriyaga kirib, yoshlarga oʻsha davrlar haqida gapirganda: “Bugungi kunning tinchligiga, hozirgi davrning xotirjamligiga hamisha shukrona aytish kerak”, degan gapni qayta-qayta taʼkidlayman. Ayni paytda, oliy oʻquv yurtlariga kiradigan yoshlarimiz ona tilimizda imtihon topshirishmoqda. Kirish va bitiruv imtihonlari, diplom ishlari – barchasi oʻzbek tilida. Vaholanki, oʻsha 70–80-yillarda ilmiy tadqiqotlar faqat rus tilida yozilardi. Agar mabodo oʻzbekcha yozilgan boʻlsa, uni albatta rus tiliga tarjima qilish shart edi. Shundan soʻnggina ushbu hujjatlar Moskva orqali tasdiqlanardi. Chunki Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) oʻsha yoqda – markazda joylashgan edi. Dissertatsiya himoya qilgan boʻlajak olim – u fan nomzodi boʻlsin yoki fan doktori – oʻz hujjatining tasdigʻini yillab kutardi. Mustaqillikdan keyin, oʻzbek tili ilm tiliga aylangach, milliy Oliy attestatsiya komissiyamiz tashkil etildi. Endilikda dissertatsiya himoyasidan soʻng hujjatlarni masofadan tizimga yuklaysiz va bir-ikki oyda diplom tayyor boʻladi. Bunday erkinlik imkoniyatlarini faqat oʻsha davr mashaqqatlarini koʻrganlargina his qiladi. Toʻgʻri, biz ilmiy ishlarimizni mustaqillik yillarida yoqladik. Ammo hozir yoshi saksonga borgan ulug‘ olimlarimizning shoʻro davri toʻsiqlari haqidagi hikoyalarini yoshlar xuddi afsonadek tinglashadi.
– Albatta, ilm qaysi tilda yaratilsa va yozilsa, oʻsha millatning mulki boʻlib qoladi. Balki sobiq tuzum davrida bu ishlar qasddan qilingandir.
– Barakalla! Ilm-fan rivojlanishi uchun olim, avvalo, oʻz milliy tilida fikrlashi kerak. Oʻzbekona fikrlaydigan insongina umumbashariy buyuk kashfiyotlar qila oladi. Agar olim oʻz ilmiy ishini boshqa tilda – ingliz, fransuz yoki yapon tilida yozsa, u oʻsha millatning ilmiy boyligiga aylanadi. Keyinchalik kashfiyotchining millati “oʻzbek” deb yozilsa-da, baribir oʻsha asarni tilimizga qayta tarjima qilishga majbur boʻlamiz. Xulosa qilganda, har qanday ulkan harakat milliy til bilan bogʻliq. Bu borada “xalq tili”, oddiy odamlar nutqi, shevalar, rasmiy va adabiy til tushunchalari alohida suhbatlashadigan yirik mavzulardir.
– Bu ilmiy va rasmiy til tushunchasi boshqa millatlarda ham bormi?
– Tabiiy. Masalan, olmon doʻstlarim Berlin va Bavariya hududlarining shevalari oʻzaro farq qilishini aytishadi. Turk va turkman tillarida ham shevalar mavjud. Chorjoʻy, Ashxobod va Mari muhitlarining tili turlicha. Xuddi biz kabi, ularda ham jamlangan adabiy til maydonga kelgan. Bizda ham Xorazm, Qashqadaryo-Surxondaryo va vodiy shevalarini jamlab, hamma anglaydigan adabiy til oʻrtaga qoʻyildi. Badiiy asarlarda qahramonlar nutqini individuallashtirishda sheva unsurlaridan foydalanish – alohida bir mahorat. Shuning uchun til – insonning onasidek, vatanidek, tuprogʻidek azizdir.
– Rostdan, inglizlarda ham Angliya, Amerika, Avstraliya va hatto hindiy ingliz tili bor. Mana, suhbatimiz ham yakunlanib qolyapti.
– Qarang, “yakun” soʻzining oʻrniga men Alisher Navoiydan olganim – “tuganch” soʻzini ishlataman. “Tuganchiga yetib qoldik” deyish – sof oʻzbekcha va juda goʻzal.
– Ha, yaxshi, ustoz. Gurungimiz tuganchiga yetayotganda oʻsha bosh soʻroqni qaytarmoqchiman: “Endi nima qilish kerak?” Jadidlarimiz tilni arab va fors, keyinroq rus tili taʼsiridan tozalashga urinishdi. Hozir ham tilimizga ajnabiy tilning taʼsiri yetarlicha bor. Tilni toza saqlash uchun nima qilish kerak?
– Bu savol juda murakkab emas. Tilimiz asrlar davomida yashashi uchun bugungi ijodkorlar unda muhtasham asarlar yozishi kerak. Xuddi “Xamsa”, “Boburnoma”, Ogahiy devonlari yoki Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”i kabi. Dunyo ahli oʻqib, “Bu voqealar zoʻr ekan, tarjimasini emas, aslini oʻzbek tilida oʻqishim kerak”, deb tan beradigan ulkan asarlar bunyod boʻlishi lozim.
Dunyo adabiyotida Rabindranat Tagor kabi osmonoʻpar choʻqqilar bor. Choʻlpon u haqda: “Tagorga uchrab qolganda haybatli togʻga uchraganday oʻzimni yoʻqotib qoʻyaman”, degan edi. Bizga mana shunday tog‘ asarlar, tog‘ yozuvchilar va tog‘ olimlar kerak. Shundagina “Buyogʻi nima boʻladi?” degan savolga juda oʻrinli javob topiladi.
Tilni baribir fikrlovchi, ijod qiluvchi qatlam yuksaltiradi. Bu vazifani dehqon yoki bozorda oʻtirgan savdogar bajarmaydi. Masalan, benzin quyish shoxobchasida xodimlar “Polniymi?” deyishsa, “Yoʻq, toʻliq quying”, deyman. Ular tushunmay yana soʻrashadi: “Polniymi? Toʻliqmi? Qaysi biri?” Aytishga osongina “Toʻliq” soʻzi turganda boshqa soʻzning ne zarurati bor?
Alisher Navoiy hazratlari: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, deganlar. Bu hikmat inson oʻzining ogʻzaki va yozma nutqini ravon qilishi kerakligini anglatadi. Olimman deganlar tilni sunʼiy gajaklashtirib, unga xorijiy atamalarni tiqishtiravermasligi lozim. Talabalarimga: “Sizlarga faqat terminlar bilan gapirib berishim mumkin, ammo bu mening bilimsizligim yuziga tutilgan parda boʻladi, xolos. Men sizlarga tushunarli va sodda tilda soʻzlashim kerak”, deyman. Talabani millatparvar, vijdonli mutaxassis, oʻz ona tilini ardoqlaydigan inson qilib tarbiyalashimiz zarur. Shundagina yurtimiz yaxshi odamlarga toʻladi.
– El orasida tilsuyar yoshlar koʻpaysin, ona tilimiz mangu yashasin, ulug‘ bobolarimiz bitiklari dunyo turguncha tursin deymiz... Sizga esa goʻzal soʻzlaringiz va qutlug‘ oʻylaringiz uchun qulluq, sog‘ boʻling, ustoz!
Shahriyor Shavkat suhbatlashdi.