– Men uzoq yillar ijtimoiy fan olimi sifatida oʻzbek xalqining milliy gʻoyasi haqida oʻyladim. Koʻpchilik hamkasblarim qatori unga ilmiy-nazariy ifoda topish xususida bosh qotirdim. Tarixni, ulug‘ mutafakkirlarning asarlarini oʻqib-oʻrgandim, qancha-qancha dono zotlar bilan goh gʻoyibona, goh yuzma-yuz suhbat, bahs-munozaralar qurdim. Bu borada jahon tajribasi va amaliyoti ham eʼtiborimdan chetda qolmadi.
Yusufbek hojining soʻzlarini biroz oʻzgartirib aytsam, bu soch, bu soqol milliy gʻoya qaygʻusida oqardi.
Aytish mumkinki, izlanishlar natijasida baʼzi bir ajoyib xulosalarga kelib, kutilmagan kashfiyotlar ham qildim.
Sovet davrida bu borada hech qanday muammo yoʻq edi. Karl Marks, Fridrix Engels, Vladimir Lenin kabi dohiylar biz uchun bu masalani uzil-kesil hal qilib bergan edilar. Kommunizm gʻoyasi butun Sovet Ittifoqi va sotslager mamlakatlari uchun ham siyosiy, ham milliy gʻoya sifatida qatʼiy, oʻzgarmas postulat oʻlaroq joriy etilgan edi. Kommunizm. Nuqta. Tamom. Bu gʻoyaning keyingi taqdiri haqida hozir gapirib oʻtirmaymiz.
Bugungi kunda esa koʻp davlatlar oʻzlarini mafkuradan xoli, demokratik, erkin mamlakatlar qilib koʻrsatish uchun milliy gʻoyasini imkon qadar koʻz-koʻz qilmaslikka intilar ekan. Masalan, AQShda “Amerika manfaati – hamma narsadan ustun” degan gʻoya “amerikacha orzu” degan tushunchaga juda ustalik bilan singdirib yuborilganini angladim. Turkiyada turkchilik, yaʼni, panturkizm, Eronda shiizm, Saudiya Arabistonida vahhobiylik goh oshkor, goh pinhona tarzda milliy gʻoya libosida namoyon boʻlishini sezdim. Yoki Shimoliy Koreyada “chuchxe” – yaʼni, faqat oʻzining kuch va imkoniyatlariga tayanish fikri ustuvor boʻlsa, Xitoy ochiqdan-ochiq “Bozor kommunizmi” gʻoyasini ilgari surar ekan.
Belarus davlatining milliy gʻoyasi hammasidan ham ajoyib boʻlib, ushbu davlatda “белорусы должны стать белорусами”, yaʼni, beloruslar belorusga aylanishi kerak, degan tamoyil bor ekan. Bunda belarus tili va madaniyati rus tili va madaniyatining soyasida qolib ketmasligi lozim, degan fikr mujassam boʻlsa, ajab emas.
Milliy gʻoya haqida Oʻzbekistonda yurt dargʻalari ham, jamiyatimizning gul-u gultojlari boʻlmish olim-u fozillar, arbob-u adiblar ham keng mushohada yuritdilar. Koʻp izlanishlar, muhokama va mulohazalardan soʻng bu mavzuda tadqiqotlar, monografiya va risolalar, darslik va qoʻllanmalar, oʻquv dasturlari yaratildi va taʼlim-tarbiya tizimiga joriy qilindi.
Lekin bular meni qoniqtirmas edi. Oʻzimga oʻzim tinimsiz savol berardim: xoʻsh, nima ekan bizning milliy gʻoyamiz? Uni hech kimda eʼtiroz uygʻotmaydigan, barchaga maʼqul keladigan bir mazmun va shaklda qanday ifoda etsa boʻlarkin?
Yaʼni, “Jamiyatning orzu-intilishlari, tub manfaatlarini aks ettiradigan, bu yoʻlda yoshi, jinsi, millati, ijtimoiy mavqeyi, bilim darajasi va dunyoqarashi, siyosiy eʼtiqodidan qatʼi nazar, shu yurtda yashaydigan barcha fuqarolarni birlashtiradigan, safarbar etadigan, muntazam rivojlanib boradigan” qaysi gʻoyani milliy gʻoya deb qabul qilsa boʻlarkin?
Bu savollar menga tinchlik, orom bermay qoʻydi. Qancha-qancha kechalarni uyqusiz oʻtkazib, faqat shu toʻgʻrida oʻyladim.
Bedor tunlarning birida kutilmagan, gʻalati bir fikr yarq etib, miyamda chaqmoq chaqnagandek boʻldi.
Nihoyat, men oʻzbek xalqining milliy gʻoyasini topdim!
Bu fikr kimlargadir qanchalik gʻayritabiiy, noilmiy, boringki, ahmoqona tuyulmasin, lekin ayni haqiqatdir. Men bu toʻgʻrida istalgan olim, istalgan muxolif bilan bahs-munozaraga tayyorman.
Eng muhimi, oʻzbek xalqining milliy gʻoyasini juda muxtasar tarzda, bor-yoʻgʻi ikkita soʻz orqali ifoda etsa boʻlar ekan. Yaʼni, asrlar sinovidan oʻtib, oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, tuproqda chirimaydigan metin bir tushuncha, sobit bir eʼtiqod boʻlib shakllangan, oʻzbek xalqining hayot va mamot tarziga aylangan bizning gʻoyamiz “toʻy-hasham” degan soddagina soʻzlarda mujassam topar ekan.
Bu oʻrinda “toʻy” soʻzi faqat toʻy-tantanani emas, balki milliy odatlarimiz bilan chambarchas bogʻlangan, marjondek tizilib keladigan bir qator tushunchalarni – aza, maʼraka-marosimlarni anglatsa, “hasham” soʻzi dabdaba, namoyish, boyligi yoki mavqeyini (bor-yoʻqligidan qatʼi nazar) koʻz-koʻz qilib, shundan chuqur mamnuniyat va qanoat his etib yashashni anglatadi.
Taʼkidlash joizki, toʻy-hasham – bu shunchaki anʼana yoki urf-odat emas, balki hayot va tafakkur tarzidir. Anʼana va urf-odatni oʻzgartirsa boʻlar, ammo hayot va tafakkur tarzini oʻzgartirib boʻlmaydi. Oʻzbek xalqining necha ming yillik tarixi bu haqiqatni yaqqol isbotlab beradi.
Keling, endi mana shu “toʻy-hasham” degan tushunchani milliy gʻoyaning mavjud qoida-mezonlari nuqtayi nazaridan tahlil qilib koʻraylik.
Demak, milliy gʻoyamizning birinchi talabi:
“jamiyatning orzu-intilishlarini, tub manfaatlarini aks ettiradigan...” degan tamoyildir.
Oʻzingiz ayting, oʻzbek millatining orzu-intilishlarini toʻy-hashamdan boshqa yana qaysi gʻoya bu darajada yorqin, toʻla va mukammal aks ettira oladi?
Oʻlmang, faqat va faqat toʻy-hasham.
Maqollar – xalq qalbining koʻzgusi, deymiz. Xoʻsh, ana shu koʻzguga boqib biz nimani koʻramiz?
“Hammamizni toʻyga yetkazsin”;
“Toʻydan boshing chiqmasin”;
“Topgan-tutganing faqat toʻylarga buyursin”;
“Toʻyga toʻyona bilan”;
“Oʻgʻil uylantirganga oʻttiz yil tegma, Qiz chiqarganga qirq yil tegma” va hokazo.
Yurtimizda oʻtgan barcha ulug‘ allomalar, shariat peshvolari, shoir va mutafakkirlar orasida biron-bir zot yoʻqki, toʻy-maʼrakadan “dod” demagan boʻlsa!
Loaqal jadidlarning, bizning millatimizni xor-u rasvo qiladigan ikki narsa bor: biri – toʻy, biri – azadir, degan mazmundagi shikva-shikoyatlarini eslaylik.
Xoʻsh, milliy gʻoya aslida nima? Milliy gʻoya – millatning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgan, yengilmas maʼnaviy kuch boʻlishi kerak. Bu gʻoya uchun nafaqat bir guruh maʼrifatparvarlar, balki butun xalq oʻlimga ham borishga tayyor boʻlishi zarur.
Bizda “toʻy-hasham” gʻoyasi ayni shunday kuchdir. U dinimiz arkonlaridan ham, ajdodlar oʻgitlari-yu davlat siyosatidan ham doimo zoʻr chiqib keladi. Unga bas keladigan, uni yenga oladigan bironta kuch dunyoda yoʻq.
Yurtimizda hukm surgan xonliklar davri-yu sovet hokimiyati ham, hozirgi mustaqil davlatimiz ham bu masalaning nafaqat maʼnaviy, balki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanini hisobga olgan holda, oilaviy tadbir va marosimlarni ixcham, kamxarj va kamtarona oʻtkazishga doimo katta eʼtibor qaratib kelgan va kelmoqda. Bu borada hatto oliy farmonlar, farmoyish va qarorlar ham qabul qilingan.
Tarix sahifalarini titkilab oʻtirib, bu fikrimni tasdiqlaydigan yana bir misol topdim.
Buxoroning soʻnggi amiri Sayyid Olimxon 1911-yili “Juda isrofli toʻylarni tugatish toʻgʻrisida” farmon chiqargan. Unga binoan, toʻylarda palovdan boshqa ovqat berganlarga 75 (yetmish besh) darra urish jazosi tayinlangan. Toʻyga kelgan mehmonlarning bir-biriga chopon berish odati ham man etilgan. Ayni vaqtda, sunnat va nikoh toʻylarida uloq va poygalar uyushtirish taqiqlangan. Shunday tadbirlarni tashkil etganlarga hatto oʻlim jazosi belgilangan. Lekin el-ulus oʻz bilganidan qolmagan.
Mana, yer yuziga koronavirus degan balo keldi. Hukumat xalq qaygʻusini oʻylab, toʻylarni oʻttiz kishidan oshmaydigan qilib oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqardi. Lekin... lekin el baribir “toʻy-hasham” degan maqsad-maslagidan qaytmadi. Bu toʻylar uch kunlab davom etdi, odamlar oʻz jonini garovga qoʻyib, toʻy-maʼrakalarda yurdi. Qanchasi shundan oʻlim topdi.
Bundan uch-toʻrt yil burun sobiq shogirdlarimdan biri bilan koʻrishib qoldim. Oʻsha vaqtda u Hukumatda, masʼul lavozimda ishlardi.
Negadir xomush, parishon koʻrindi. Soʻramasam ham, nima uchundir dardini menga yordi: uch qiz, bir oʻgʻli bor ekan. Ikkita qizini uzatibdi, endi uchinchisiga sovchi kelayotgan ekan. Oʻgʻli yettinchi sinfni bitiribdi.
“Domla, – dedi u yigʻlagudek boʻlib, – bu “toʻy” degan balo meni xarob qildi. Xotinimni taniysiz, u ham shogirdingiz, universitetda birga oʻqiganmiz, biologiyadan fan doktori, professor. Hozir bir institutda prorektor, xotin-qizlar faoli. Maktabda ham, oliy oʻquv yurtida ham ruscha oʻqigan, aspirantura, doktoranturani Moskvada tugatgan. Oʻzbekchani qiynalib, “твоя-моя” qilib gapiradi. London-u Parijlarga ilmiy konferensiyalarga borib, ingliz tilida sharillatib maʼruzalar oʻqiydi. Xullas, oʻta ilgʻor, superzamonaviy bir xonim. Lekin shundoq ayol mana shu toʻy-maʼraka masalasiga kelganda oʻqimagan, oʻta johil, lattaparast bir xotindan ham battar boʻlib qoladi. Jon xotin, mana shu odatlarni sal kamaytiraylik, imkonim yoʻq, desam, jon-poni chiqib ketadi. Koʻzini ola-kula qilib, hech narsani bilmayman, bilishni ham xohlamayman, deb turib oladi.
Nima, senlarning aytganingni qilaman, deb pora olib qamalib ketishim kerakmi, desam, xoʻsh, boshqalar qanday qilib eplayapti, otalik burchingiz, bajarasiz, tamom-vassalom, deydi zangʻar.
Boʻlmasa, men oʻzim qudalar bilan gaplashay, desam, nima, esingizni yeb qoʻyganmisiz, qaysi quda bunga koʻnadi, deb meni mot qiladi. Revolyutsiyani mendan boshlama, avval butun Oʻzbekiston xotinlari shu yoʻlga oʻtsin, keyin men ham rozi boʻlaman, deydi. Qizlarim qaynonasi-yu erining taʼna-dashnomiga qolib, koʻz yoshi daryo boʻladigan boʻlsa, men bunga sira-sira chidolmayman, deydi”.
Amaldor shogirdimning arzi hol qilishdan maqsadi bor ekan. Yaʼni, men bu salbiy illatlarni qoralab bir kitob yozsam, u chiqarishga yordam berar ekan.
“Domla, sizning obroʻyingiz baland, butun Oʻzbekiston hurmat qiladi, shu ishni qilsangiz, savobga qolardingiz, zora bu xotin zoti sal-pal insofga kelsa”, dedi.
Men albatta koʻngil uchun yoʻq demadim. Garchi mendan qancha dono, qancha buyuk insonlar bu mavzuda qanday oʻtkir, taʼsirchan kitoblar yozib, maqsadga erisha olmagan boʻlsalar-da, odamning yuzi issiq, men bir oʻylab koʻray, deb qutuldim.
Axir, shogird aytgan illatlardan oʻzim ham xalos boʻlmagan boʻlsam, bu toʻgʻrida kitob yozishga mening qanday maʼnaviy haqqim bor?
Bu borada bitta, faqat bitta misol keltirmoqchiman, lekin shuning oʻziyoq kifoya, deb oʻylayman.
Bechora Abdulla Avloniyning qaygʻu-hasratiga bir zumgina quloq tuting:
“Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur?” degan savol keladur. Bu savolga, “Birinchi – uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidir. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir”, deb javob bersak, bir kishi deyurki: “Qaysi onalarni aytasiz? Bilimsiz, boshi paxmoq, qoʻli toʻqmoq onalarmi? Oʻzlarida yoʻq tarbiyani qaydan olib berurlar?” der. Mana bu soʻz kishining yuragini ezar, bagʻrini yondirar. “Otasiga nima deysiz?” desak, “Qaysi ota? Toʻychi, uloqchi, bazmchi, doʻmbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bllmagan, ilm uchun bir pulni koʻzi qiymagan, zamondan bexabar otalarni aytursizmi? Avvalo, oʻzlarini oʻqitmak, tarbiya qilmak lozimdur”, der.
Mana bu soʻzni eshitgach umid qoʻllari qoʻltiqqa urilur”.
Qaytib amaldor shogirdni koʻrmadim. Hozir, bilmayman, qayerda ekan, ishqilib, qamalib ketmagan boʻlsin.
Bir oʻzbek, musulmon odam umri davomida qancha toʻy-hasham qilishi kerak, bilasizmi? Mana, bir sanab koʻraylik: tugʻruq toʻyi, yaʼni, chaqaloqni tugʻuruqxonadan olib chiqish, aqiqa, beshik toʻyi, sunnat toʻyi, muchal toʻyi, nikoh toʻyi, qiz bazmi, kelin salom, charlar, kumush toʻy, oltin toʻy, paygʻambar yoshi toʻyi va hokazo.
Maʼrakalarni oladigan boʻlsangiz, uch, yetti yigirma, qirq, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, ikki hayit marosimlari, yil oshi... Hammasini hisoblasak, yana koʻp-koʻp sahifalarning yuzini qora qilishga toʻgʻri keladi.
Milliy gʻoya mezonlari bilan yondashganda, faqat mana shu odatlargina “yoshi, jinsi, ijtimoiy mavqeyi, bilim darajasi va dunyoqarashi, siyosiy eʼtiqodidan qatʼi nazar”, oʻzbek jamiyatining barcha aʼzolarini birlashtirish va safarbar etishga qodir.
Faqat mana shu gʻoya, yaʼni, toʻy-hasham yoʻlida odamlarimiz sogʻligʻini, butun borligʻini, hatto aziz jonini qurbon qilishga tayyor. Shuning uchun ular migrant deb nom olib, Qozogʻiston choʻllarida, buzuq avtobuslarda yonib kul boʻlishga, Sibir taygalarida mardikorlik qilishga, Moskva koʻchalarini supurib, qahraton qishda qor kurashga, ayollar esa oilasi, eri, bolalarini tashlab, Turkiya-yu Dubayda oqsochlik qilishga tayyor.
Ularning aksariyat koʻpchiligida bitta orzu, bitta maqsad: chet ellarda qanday yoʻllar bilan boʻlsa-da, bir amallab pul topib kelish va... uni toʻy-hashamga, maʼraka-marosimga sarflash.
Milliy gʻoya mezonlari asosida tahlil qiladigan boʻlsak, bizda “muntazam rivojlanib, boyib boradigan” tushuncha va tamoyillar bormi?
Bor, albatta, yagona bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, toʻy-hasham.
Tan olaylik, toʻy-maʼrakalarimizda paydo boʻlayotgan yangi va yangi, xilma-xil belgi-alomatlar: nikoh toʻylaridagi “lav storiy” – sevgi qissalari, qaynota va kelinning birga vals tushishlari, kelinning ersiragan dugonalariga guldasta uloqtirishi va ularning buni talashib olishi, “kelin navkar”, “kuyov salom” kabi odatlarning joriy etilishi, kelin-kuyovning toʻyxona zaliga ot yoki “Mersedes” minib kirib kelishlari, quda tomonga yuboriladigan boʻrdoqi qoʻylarning sochini prichyoska qilish, shoxiga rangli lenta taqish, oyogʻiga tufli kiydirib, labiga pomada surish... bunga dalil emasmi?
Yoki toʻylarimizda meva-cheva, pista-bodom, qandolat mahsulotlarini “arenda”ga olib yolgʻon dasturxon bezatish kabi “nou-xau”larni dunyodagi bironta xalq ijod qila olganmi? Bunday ishlar faqat toʻy-hasham tushunchasini milliy gʻoya darajasiga koʻtargan, butun aql-u zakovatini shunga baxsh etgan millatning qoʻlidan keladi, xolos...
Vodarig‘, chindan ham, Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari aytganlaridek, agar xalqimiz toʻy-maʼrakalarga, nahorgi oshlarga buyuk bir safarbarlik bilan uyushib borganidek, bugun zamon talab qilayotgan, dinimiz buyurgan maqsadlar yoʻlida ham shunday ahillik bilan uyushib, shaxt-u shiddat koʻrsatsa edi, yer yuzida bu xalqni yenga oladigan kuch boʻlmasdi, bu xalq egallamagan marra qolmas edi. Lekin, afsuski...
Nachora, birovga yoqadimi-yoʻqmi, millatchi ziyolilarimiz burnini jiyiradimi-yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, oʻzbek xalqining milliy gʻoyasi – bu toʻy-hasham gʻoyasidir, deb aytish uchun barcha tarixiy, falsafiy, ruhiy-maʼnaviy asoslar mavjud.
De-yure boshqacha boʻlishi mumkin, ammo de-fakto – ayni shunday. Bu holatdan qachon qutulamiz – “bu savol hamon javobsiz qolmoqda”.
Ehtirom Abdullayev,
faylasuf, 71 yosh
Xayriddin SULTONning “Odamlardan tinglab hikoya” kitobidan.