AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hamda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Oʻzbekiston–AQSH Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yigʻilishini oʻtkazdi.

“Ushbu mexanizm ishga tushirilishi munosabatlarni izchil rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamdir”, deb yozdi Saidov.

Xabarga koʻra, tomonlar ikki mamlakat yetakchilari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilgʻor texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashgan. Taʼlim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratishgan.

Muzokaralardan soʻng Baxtiyor Saidov va Marko Rubio Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish boʻyicha hamkorlik tamoyillarini belgilovchi Artemida bitimlarini imzolashgan.

“Mazkur hujjat Oʻzbekistonning NASA va boshqa ishtirokchi davlatlar kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi”, deb yozdi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Artemida bitimlarini imzolagan 77-davlat boʻldi.