Oʻzbekistonda kechayotgan demokratik jarayonlar, islohotlar istiqboli  millatlararo munosabatlarning holatiga, bu jabhada paydo boʻladigan turli tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirish, millatlararo totuvlikni taʼminlash, yoshlarni milliy gʻoya, demokratik qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga koʻp jihatdan bogʻliq. Bugungi kunda jahon geosiyosiy maydonidagi oʻzgarishlar, globallashuv jarayonlarining tobora tezlashuvi tinchlik, barqarorlikni saqlashda dunyo jamoatchiligidan muntazam ogohlikni taqozo etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida millatlararo hamjihatlik va totuvlikni taʼminlash orqali tinchlik va barqaror taraqqiyot asoslarini mustaxkamlash barcha millat va elat vakillarining ustivor vazifasi boʻlib qolmoqda. Bu haqda fikr yuritganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “...Bizning davlatimiz koʻp millatli va koʻp konfessiyali davlat. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda. Bu borada, hech shubhasiz, xalqimizga azaldan xos boʻlgan bagʻrikenglik anʼanalari muhim rol oʻynamoqda”, – degan soʻzlari zamirida naqadar katta maʼno mujassam ekani ayon boʻladi.

Bugun mamlakatimizdagi yangilanish va islohotlar haqida soʻz ketganda jahon hamjamiyati “Yangi Oʻzbekiston” degan iborani bot-bot tilga olmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan millatlararo totuvlik va konfessiyalararo hamkorlikka berilayotgan alohida  eʼtibor mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlanishiga zamin yaratdi. Yurtimizdagi bunday ijobiy oʻzgarishlar dunyo hamjamiyatida Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishni yanada oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlamoqda. Xalqimizga xos boʻlgan bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatining ravnaqida millatlararo totuvlik, konfessiyalararo hamkorlik muhitining hukm surishi fuqarolarimizni xususan, yosh avlodni ona Vatanga fidoiy va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasining yettinchi ustuvor yoʻnalishi sifatida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga bagʻishlangan «Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash” deb nomlangan bandida quyidagi vazifalar belgilab berilgan:

1. Milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish.

2. Millatlararo munosabatlar sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining izchil amalga oshirilishini taʼminlash.

3. Turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini yuksaltirish.

4. Xorijiy tillarda faoliyat yuritayotgan hamda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosatini yoritayotgan ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish.

5. Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida doʻstlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish.

Ijtimoiy taraqqiyot jarayoni milliy oʻzlikni anglashning oʻsishi tufayli, muayyan davlatda yashayotgan, oʻz davlatchiligiga ega boʻlmagan etnik guruhlarda separatizm gʻoyalarini vujudga kelishi mumkinligini koʻrsatgan. Bu esa, davlatning hududiy yaxlitligi, suverenitetiga xavf tugʻdirishi mumkin. Bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun muayyan davlat oʻz hududidagi etnik guruhlarning muammo va ehtiyojlarini oʻz vaqtida aniqlash va ularni hal etishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishi lozim boʻladi.

Jamiyat hayotining demokratlashuvi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirishga sezilarli taʼsir koʻrsatib, milliy anʼanalar va qadriyatlarga jiddiy eʼtibor qaratish, milliy manfaatlarni fuqarolik jamiyati institutlari kabi nodavlat tuzilmalar vositasida uygʻunlashtirish natijasida barcha sohadagi islohotlarning umummilliy manfaatlar bilan mos kelishi taʼminlanadi.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elatlar oʻzaro inoq, totuvlikda yashab kelmoqda. Mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritmoqda. Oʻz navbatida, mazkur konfessiyalarning oʻz faoliyatini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishi uchun hamma imkoniyatlar mavjud. Respublika davlat taʼlim muassasalarida oʻqitish 7 tilda olib borilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari Qoʻmitasi qoshida 138 ta milliy madaniy markaz, 34 ta xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. Dunyoning 18 ta mamlakatidagi hamkorlar, 29 ta oʻzbek emigrasiya va diasporalari bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, oʻzbek madaniyati kunlari, tili, xalqining oʻziga xos milliy anʼana, urf-odatlarini, targʻib etishga yoʻnaltirilgan anjuman, seminar, davra suhbatlari, koʻrgazma, viktorina, konsert va boshqa tadbirlar oʻtkazilmoqda va shu orqali millatlararo munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

Mamlakatimizda etnik oʻziga xoslikni rivojlantirish va millatlararo munosabatlarni yanada uygʻunlashtirishda milliy madaniy-markazlarning oʻrni nihoyatda katta. Turli millat vakillari oʻz madaniyati, tili, urf-odatlarini rivojlantirib, bir-birini oʻzaro boyitishga, koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshadi. Yurtimizda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik, doʻstlik va birdamlik muhitining hukm surishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtiborini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun kunda xalqaro terrorizm, radikalizm, mutaassiblik, ekstremizm kabi illatlarning chegara bilmasligi, bu jahon jamoatchiligida jiddiy tashvish va xavotir uygʻotayotgani ajablanarli emas. Mazkur illatlarga qarshi kurashda millatlararo totuvlik va hamkorlik yetakchi oʻrinni egallaydi.

Yurtimizning bu borada olib borayotgan saʼy-harakatlari dunyo miqyosida oʻzga mamlakatlarga namuna boʻlayotganligi alohida eʼtirof etilmoqda. Bu haqda fikr yuritilganda 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyusiya qabul qilinganligini alohida eslab oʻtish oʻrinlidir. Mazkur rezolyusiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi sifatida aytib oʻtish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik sohasida oʻz anʼanalariga doimo sodiq boʻlib, bu yoʻldan hech qachon ogʻishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat, doʻstlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali eʼtibor qaratiladi.  Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”,–deya bejiz taʼkidlanmagan.

Xalqimiz mayentaliteti va maʼnaviyatiga xos boʻlgan millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlanishi avvalo, jamiyatimizda ezgu gʻoyalar va insoniy fazilatlarni kamol toptirish, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni hukm surishining asosiy kafolati sanaladi. Va bundan keyin ham millatlararo totuvlik va hamjihatlik yurtimizda tinchlik, barqarorlikni saqlashning samarali omili boʻlib qolaveradi.

               Xayrulla UMAROV

               siyosiy fanlar nomzodi, dotsent