Muqaddima oʻrnida. 80 yilligi nishonlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi shu qadar keng qamrovli ilmiy muassasaki, uni toʻla-toʻkis tavsiflamoqqa yolgʻiz qoʻl ojiz. Ayni choqda, mazkur muassasaga doxil qalamkash oʻlaroq inobatli sana munosabati bilan tabrik yoʻsinida soʻz aytmaslik ham noravo tuyuladi. Fanlar akademiyasi oʻzi nima? Oʻzbekistonga bunday muassasa kerakmi? U mamlakat taraqqiyotiga qanday hissa qoʻsha oldi? Maqolamizda shu kabi savollarga baholi qudrat javob beramiz.

Etimologiya. Qadimgi Yunoniston zaminida, Afina yaqinida Akademiya nomli bog‘ boʻlgan (u bizgacha saqlanmagan). Buyuk Aflotun (Afinalik Platon, tugʻilgan yili aniq emas, vafoti – mil. 348/47-yil) ana shu bogʻda oʻz shogirdlari bilan davra tuzib ilmiy mubohasa qilgan. Shu tariqa “Platon akademiyasi” iborasi paydo boʻlgan. U bugungi maʼnodagi akademiya, hatto universitet ham boʻlmagan, uning faoliyatini seminar yoki majozan qoʻllanadigan “ilmiy maktab” deyish mumkin. Mazkur dargohdan yetishib chiqqan Arastu (mil. avv. 384–322) asos solgan ilmiy maktab esa “litsey” deb atalgan. Tarix guvohlik berishicha, Aristotelning litseyi Platonning akademiyasidan ancha katta boʻlgan. Bu ham etimologiya paradokslaridan biri.

Birinchi akademiya. Garchi akademiya yunoncha soʻz boʻlsa ham, na qadimgi Yunonistonda, na oʻsha davrdan ilm-fani rivojlana boshlagan qadimgi Xitoy va Hindistonda rasmana akademiya vujudga kelgan. Asrlar davomida olimlar ilm-fan bilan yo yakka holda, yoki ilmiy toʻgarakka uyushib shugʻullangan. Zamonaviy fanlar akademiyasiga eng yaqin tarixiy hodisa bu – Bagʻdodda xalifa Horun ar-Rashid asos solgan “Bayt ul-hikma”dir (“Hikmatlar uyi”). U oʻz idorasiga, maosh oladigan “akademik”lari va yordamchi xodimlardan (qogʻoz taʼminotchilar, kitoblardan nusxa koʻchiruvchilar, muqovalovchi sahhoflar, tarjimonlar) iborat jamoaga ega boʻlgan. Shveysariyalik atoqli sharqshunos Adam Mes (1869–1917) fikricha, “Musulmon Renessansi” “Bayt ul-hikma”dan boshlangan. Bagʻdod akademiyasi xalifa Maʼmun hukmdorligi davrida nashʼu namo topib, umumjahon ahamiyatiga molik tarixiy hodisaga aylangan.

XI asrda faoliyat koʻrsatgan Xorazm Maʼmun akademiyasi, XV asrda yulduzi porlagan Ulugʻbek akademiyasi Bagʻdodda boshlangan renessansning davomchilari sanaladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ularning qonuniy vorisi, binobarin, eng ilgʻor jabhalarda tadqiqot oʻtkazish anʼanasini davom ettirishga masʼuldir.

Birinchi akademiya “prezidenti”. Bagʻdod akademiyasida yuzlab olimlar faoliyat olib borgan boʻlib, ulardan  eng  mashhuri, shubhasiz, Muhammad ibn Muso Xorazmiydir. Allomaning nafaqat “Bayt ul-hikma”dagi, balki butun saltanatdagi mavqei shu qadar yuksak boʻlganki, ikki xalifaning taxtga oʻtirish (inauguratsiya) marosimida moʻtabar shaxs sifatida ishtirok etgan. Maʼlumotlarga koʻra, Xazar xonligiga yuborilgan elchilikka rahbarlik ham qilgan. Bu oʻrta asrlarda keng tarqalgan rasm edi – mashhur olimning elchi etib yuborilishi diplomatik missiyaning xavfsizligi va muvaffaqiyatida muhim oʻrin tutgan. Zotan, u davrlarda olimlar, ayniqsa, koʻp til bilgan allomalarning shuhrati hozirgi nomdor futbolchilar, estrada va kino yulduzlarinikidan kam boʻlmagan.

Muhammad Xorazmiy asosan matematik sifatida mashhur. Aslida u Arastudan keyingi ikkinchi universal olim – matematikadan tashqari islom Sharqida birinchi zij (trigonometrik va astronomik jadvallar), geografiyaga oid ilk ilmiy asar (“Surat ul-arz”), tarix va etnografiyaga oid kitoblar, meros taqsimlash haqidagi mukammal risola muallifidir. Afsuski, Xorazmiyning “Bayt ul-hikma”dagi rahbarlik faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot saqlanmagan. Bu ilm dargohida koʻplab atoqli olimlar faoliyat olib borganiga tayanib, Xorazmiy rahbarlikda ham yuksak maqomga erishgan deya olamiz.

Yangi davr akademiyalari. XVII asrgacha fan goh u hududda, goh bu oʻlkada gullab-yashnab turgan, ammo yuksalish muttasil davom etmagan, gurkirash davri inqiroz yillariga ulanib ketgan. XVII asrda ilmiy taraqqiyot estafetasini musulmon Sharqidan Yevropa olimlari olgach, toʻxtovsiz ilgarilama rivojlanish roʻy berdi. Bunda Frensis Bekon (1561–1626) kabi mutafakkirlarning ilmiy xulosalarni tajriba va sinovdan oʻtkazish lozimligi toʻgʻrisidagi taʼlimoti muhim rol oʻynagan. Fanniy tajribalar oʻsha davrda teatr tomoshalariday ommada ham, hukmdorlar saroyida ham qiziqish uygʻotar edi. Shu tariqa yangi davr akademiyalari paydo boʻldi: 1652-yilda Germaniya Milliy fanlar akademiyasi (“Leopoldina”), 1662-yilda London Qirollik jamiyati, 1666-yilda Parij (Fransiya) Fanlar akademiyasi ish boshladi. Keyinroq Peterburg Fanlar akademiyasi (1724), Daniya Qirollik jamiyati (1742), Edinburg Qirollik jamiyati (Shotlandiya akademiyasi, 1783) taʼsis etildi. Bugungi kunda Shvesiyada oʻnga yaqin akademiya yorliqli muassasa mavjud. Ulardan eng yirigi – Shvesiya qirollik Fanlar akademiyasi boʻlib (1739), Nobel mukofoti qoʻmitasi ham shu muassasaga qarashli.

Osiyo qitʼasida zamonaviy akademiyalar ancha keyin, Yevropadan ulgi olib ochila boshlagan: 1879-yilda Yaponiya, 1935-yilda Hindiston, 1949-yilda Xitoy va 1988-yilda Eron Fanlar akademiyasi tashkil etilgan. Koreya Respublikasida koʻp yillar davomida fundamental fanga eʼtibor berilmagan. Iqtisodiy yuksalish maʼlum nuqtaga yetgandan keyingina mamlakat fundamental fansiz taraqqiyotda xalqaro raqobatga bardosh bera olmasligi anglangan va 1995-yilda Koreya Fanlar va texnologiyalar akademiyasi tuzilgan. Aynan shu holatni Turkiya Respublikasi misolida ham koʻramiz: garchi mamlakat iqtisodiyoti 1980-yillardan jadal rivojlanish koʻchasiga kirgan boʻlsa-da, Fanlar akademiyasi 1993-yilda tashkil etilgan.

1943-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi faoliyat boshlagani tariximizning yorqin sahifasi, iftixorimiz manbaidir.

Muassasami yo klub? Bugun fanlar akademiyasi atamasi bir necha tushunchani oʻzida mujassam etadi. Boya Yevropada dastlabki akademiyalar qirollik huzuridagi jamiyat tarzida tashkil etilganini eslagan edik. Ular “xoslar majlisi” tarzida faoliyat olib borgan – akademiya aʼzolari oʻz ixtirolari haqida maʼruza oʻqigan, yangi tajribalarini namoyish qilgan. Hozir ham shu yoʻsinda faoliyat yuritadigan akademiyalar talaygina. 1863-yilda tuzilgan AQSh Fanlar akademiyasi jamoatchilik asosida ish yurituvchi, iqtisodiyot, fan va taʼlim muammolari yuzasidan hukumatga xulosa va tavsiya beruvchi maslahat organidir.

Fanlar akademiyasining yana bir turi XIX asrda Maykl Faradeyning elektromagnetizm, XX asrda Nikola Teslaning elektrotexnika sohalaridagi izlanishlari jamiyat hayotida ulkan inqilob yasagach vujudga kelgan. Shu davrdan akademiyalar qoshidagi laboratoriyalar ilmiy tadqiqot institutlariga aylantirila boshlagan. Keyinroq aviatsiya, materialshunoslik, yadro qurollari va energetikasi, raketasozlik, elektronika va avtomatika kabi sohalar shunday masalalarni qoʻya boshladiki, ularni hal etmoqqa bir-ikki olimning qurbi yetmas edi. Bu bir necha sohaga mansub oʻnlab isteʼdodli olimlarni yirik jamoalarga jamlashni taqozo etdi. Shu tariqa Fanlar akademiyasi kengayib, tarkibi tarmoqlanib, xalq xoʻjaligining alohida sohasiga, akademiya hayʼati esa oʻziga xos “fan vazirligi”ga aylandi. Rossiya, Xitoy, Fransiya fanlar akademiyalari ana shu turga mansub.

Nega vazirlik emas, akademiya? Akademiya maʼlum maʼnoda vazirlik vazifasini bajarar ekan, uni biryoʻla vazirlikka aylantirib qoʻyaqolsa boʻlmaydimi? Ayrim mamlakatlarda shu tarzda ish tutilgan, ammo u muvaffaqiyatli chiqqan deb boʻlmaydi. Davlat muassasasining vazifasi moliyalashtirish, boshqaruv va nazorat ekani maʼlum. Bunday yondashuv taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, transport, sanoat, hatto mudofaa sohalari uchun maqbuldir, ammo uni fanga tatbiq etish toʻgʻri emas. Xoʻsh, ilm-fan qanday moliyalashtirilishi lozim? Oʻta murakkab va dolzarb bu savolga hozirgacha joʻyali javob berilgani yoʻq. Masalani “Asl fan muammolarini faqat hisobot yoki ilmiy karera uchun qilinadigan yuzaki ishlardan qanday farqlash mumkin?” deya aniqroq qoʻyish mumkin. Unga turli raqam-u koʻrsatkichlar bilan javob bermoqqa intilishlar mavjud. Bu – sifatni son bilan oʻlchashga urinish boʻlib, besamar, hatto zararli yumushdir. Harqalay, shu yoʻsinda moliyalashirilgan ilmiy loyiha doirasida biror jiddiy matematik muammo hal etilgan emas. Mazkur xulosa Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan fizika, kimyo va fiziologiyaga oid tadqiqotlarga ham taalluqli.

Ilmiy tadqiqotlarni grant tanlovi asosida oʻtkazish fanni moliyalashtirish muammosi yechimi yoʻlidagi soʻnggi yaroqli usul boʻlib turibdi. Muammo – grant qay yoʻsin va qanday loyihalarga berilishi lozimligida. Bu rivojlanayotgan mamlakatlardagi kabi bizda ham byurokratik usulda amalga oshirilmoqda. (Byurokratiya deganda, qatʼiy nizom, raqamlar va koʻrsatkichlarga asosan boshqarish usuli nazarda tutilmoqda.) Oqibatda grantlar kechagi, nari borsa bugungi kun natijalariga qarab ajratilayotir. Holbuki, fan aslan kechagi kunni dialektik rad etish asosida rivojlanadi. Fanni byurokratik usullarda boshqarish va nazorat etish bilan murod hosil boʻlmaydi, bu hatto teskari natijaga olib keladi. Ilmdagi eng salmoqli yutuqlar uzoq yillik izlanishlar natijasida qoʻlga kiritiladi. Masalan, 2023-yilda fizika sohasida Nobel mukofoti berilgan uch fizikdan biri – Enn Lyuile lazer impulslarini tezkor fotografiyaga asos qilib olish mumkinligi haqidagi gʻoya ustida yigirma yil ishlagan ekan. Grantbop loyihalar esa asosan qisqa muddatni koʻzda tutadi, hatto yarim yil oʻtmay hisobot talab etiladi. Bu esa tadqiqotchilarni avvalroq ishlana boshlagan yoki qisqa muddatda natija kafolatlanadigan mavzularda loyiha taqdim etishga undaydi. Natijasi oldindan rejalashtirilgan yoki kafolatlangan tadqiqotlar fundamental ahamiyat kasb etmaydi. Ilm-fan xazinasini boyitadigan zalvarli natijalar avvaldan rejalashtirib boʻlmaydigan, olimning butun vujudi ila, dunyoni unutib olib boradigan izlanishlari natijasida, gohida tilsimli tarzda yuzaga chiqadi.

Akademikning ilmiy faoliyatini boshqarish va nazorat qilishni vazirlik yoki boshqa maʼmuriy organ xodimiga topshirish ham oqilona ish emas. Fanlar akademiyasining bosh vazifasi – yuksak iqtidorli, katta ilmiy maktablarni koʻrgan, ilm ufqlariga nazar sola oladigan, fundamental muammolarni fundamentalnamo ishlanmalardan, chuqur ilmiy natijani sayozidan, oʻtkinchisini istiqbollisidan farqlashga qodir, xolislik va halollik prinsiplarida sobit tura biladigan olimlarni yagona jamoaga uyushtirish, tizimga ochiq, tanqidiy ruhdagi muhokama va hisobot asosida rahbarlik qilishdir. Shunday akademiyagina yashashga haqli!..

Qaltis savol. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ana shu funksiyani bajara olyaptimi? Bu borada nuqtai nazarlar turlicha boʻlishi tabiiy. Kamina fikricha, faoliyat koʻlami talab darajasida emas. Buning bir necha sababi bor.

Birinchidan, 1997-yildan 2017-yilgacha akademiya aʼzoligi uchun saylov oʻtkazilmagani sababli akademiklarning oʻrtacha yoshi 60 dan ancha yuqorilab ketgan edi. Fanda inqilobiy ixtirolar esa aksar hollarda 30–40 yoshlarga toʻgʻri keladi.

Ikkinchidan, shoʻro davrida akademiya va akademiklar katta imtiyozlar va mavqega ega ediki, buning oqibatida saylovlarda tarafkashlik, guruhbozlik illati ildiz otgan, munosib olimlarni saylash oʻrniga, saviyasi haminqadar boʻlsa-da “oʻziga qarashli” kishilar uchun ovoz yigʻish avj olgan, hatto fitnalar kuzatilgan. (Bu hodisa akademik Vosil Qobulovning kundaligida bayon qilingan. Afsuski, u hamon nashr etilganicha yoʻq.) Misol uchun, nazariy fizika sohasida dunyo eʼtirof etgan olim Fathulla Abdullayev akademiyaga saylovda ikki marta “yiqitilgan” edi. 2017-yilgi saylov bunday illatdan deyarli xoli boʻlganini taʼkidlash lozim. Bundan keyin ham akademiya oʻz safini eng iqtidorli olimlar bilan toʻldirishga qaratilgan nizomga ogʻishmay amal qiladi, deya umid bildiramiz.

Uchinchi sabab – 2000-yillardan “Oʻzbekiston uchun akademiya ortiqcha hasham, daxmaza, byudjetga yuk” degan nuqtai nazar ustuvor boʻlib, tizim keskin qisqartirila boshladi. Bu esa butun ilmiy jamoada tushkunlik uygʻotdi, kuchli olimlarning xorijga ketishi yoki serdaromad sohalarga oʻtishini kuchaytirdi. Vaholanki, akademiyaga bunday munosabat “Oʻzbekiston – kelajagi buyuk davlat” shioriga mutlaqo zid edi. Hatto Afrika mamlakatlarida akademiyalar tashkil etilayotgan edi, axir. Fan-texnika ravnaqi – yuksak taraqqiyotning eng muhim omillaridan ekani kundek ravshan.

2017-yilda vaziyat keskin oʻzgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ilmga, ayniqsa, akademiyaga boʻlgan eʼtibori tufayli mamlakatimiz fani ustidagi “qora bulutlar” tarqalib, moʻtabar dargohning maqom-mavqei tiklandi. Ilmiy-tadqiqot institutlarini moliyalashtirishning bazaviy stavkasi byudjetdan qoplanishi olimlarimizga tom maʼnoda fundamental tadqiqotlar ustida ishlashga imkon yaratdi.

Hozirda davlat grantlari koʻpaytirilgan. Illo grant boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish innovatsiya uchun masʼul vazirlikka topshirilgani bahsli boʻlib qolayotir. Amaliy va innovatsion loyihalar uchun bu yondashuv toʻgʻridir, ammo fundamental loyihalar uchun maqbul emas.

Fundamental loyihalarni Fanlar akademiyasi tomonidan moliyalashtirish tizimiga qaytish zarur.

Grant uchun taqdim etilgan loyihalarni ham, ularning hisobotlarini ham akademiyaning umumiy majlisida muhokama qilish – fundamental tadqiqotlar sifatini taʼminlovchi samarali yoʻldir. Bunday muhokamalar xolis va prinsipial tanqidiy ruhda oʻtishi lozim, albatta.

Fan va kelajak. Agar jamiyat buguni va ertasinigina oʻylasa, akademiyaga hojat yoʻq. Amaliy fanlar xalq xoʻjaligi sohalariga mansub ilmiy tadqiqot va loyihalashtirish institutlarida, nazariy fanlar esa universitetlarda ravnaq topaveradi. Oliy taʼlimga kiritilgan sarmoya besh-oʻn yilda, umumiy taʼlimga sarflangan investitsiya oʻn besh-yigirma yilda natija bera boshlaydi. Amaliy fanga ajratilgan investitsiya ham qisqa muddatda samara berishi mumkin. Fundamental fanga sarflanadigan mablagʻga kelsak, u qachon hosil berishini hatto prognoz qilib boʻlmaydi. Shunga qaramay, kelajagi haqida qaygʻuradigan davlat fundamental fanga eʼtibor qaratishi shart. Xoʻsh, bu yerda ziddiyat yoʻqmi? Bizningcha, yoʻq. Adabiyot va sanʼatning jamiyatdagi oʻrnini pul bilan oʻlchab boʻlmagani singari, Fanlar akademiyasi, umuman, fanning millat salohiyatini roʻyobga chiqarishdagi oʻrnini ham moddiy xarajat bilan baholab boʻlmaydi. Zamon shiddat-la oʻzgarmoqda, ilmiy-texnik taraqqiyot ertaga qanday yangiliklarga roʻbaro‘ qiladi – tasavvur etmoqqa taxayyul ojiz. Millatni kelajakka hozirlovchi asosiy vositalardan biri esa, dunyoning ilgʻor ilmiy markazlari bilan boʻylasha oladigan akademiyadir. Aks holda, mamlakat ilmiy-texnik qaramlikka duch kelishi mumkinki, uning qarshisida siyosiy va iqtisodiy tobelik hech narsa emas. Obrazli qilib aytganda, Fanlar akademiyasini munosib tarzda ravnaq toptirish – millat uchun farzi kifoyadir.

Akademiya va amaliyot. Albatta, akademiya faoliyati faqat fundamental fanlar bilan cheklanib qolmaydi. Har bir ilmiy muassasa imkon qadar olinayotgan natijalar tatbiqi bilan, imkon boʻlmagan taqdirda tayin amaliy masalalarni hal etish bilan ham shugʻullanishi darkor. Bunda harakat “fan – ishlab chiqarish” emas, “ishlab chiqarish – fan” yoʻnalishida yuritilishi kerak. Chunki ishlab chiqaruvchilarning buyurtmasi asosida taqdim etiladigan, amaliy va innovatsion muammolar ustida tadqiqot olib borayotgan muassasalar bilan Fanlar akademiyasi institutlarining hamkorlikdagi loyihalari koʻproq va tezroq samara beradi. Intellektual mulk agentligi, innovatsiyalar idorasi ilmiy tadqiqot muassasalari bilan xalq xoʻjaligining real sektorlari oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtashi lozim. Bu ishga Vazirlar Mahkamasi bosh-qosh boʻlsa ayni muddao...

Akademiya va “Oʻzbek sovet ensiklopediyasi”. Birinchi milliy ensiklopediyaning nashr etilishi (1971–1980-yillar) Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining salmoqli yutugʻi boʻldi. “Oʻzbek sovet ensiklopediyasi” Bosh redaksiyasi aynan Fanlar akademiyasining boʻlimi sifatida tashkil etilgan, akademiya Hayʼati esa nashrga masʼul etib tayinlangan edi. Akademiya vitse-prezidenti Ibrohim Moʻminov (to vafotigacha) bosh muharrir boʻlgan, turli sohalar boʻyicha redaksiyalarga ham akademiya aʼzolari rahbarlik qilgan. Bosh tahririyatga 150 dan ziyod mahoratli muharrirlar, qilqalam olimlar va boshqa mutaxassislar (bezakchi-rassom, texnik muharrir, fotograf, retushyor, kartograf, bibliograflar) jalb etilgan. Mushtariylar ensiklopediya maqolalari nashrga qanday tayyorlanganini tasavvur qilishlari uchun birgina dalil keltiramiz: matematika redaksiyasi rahbari, akademik Saʼdi Sirojiddinov tahririyat aʼzolarini oyda bir kun oʻz xonasiga yigʻar, tayyorlangan har bir maqola oʻqilib muhokama qilinar, shu tariqa soʻzlik toʻldirib borilar edi.

Shoʻro mafkurasi sharoitida yaratilgan ensiklopediyaning har bir maqolasi “Glavlit” atalmish senzura organi chigʻirigʻidan oʻtar edi. Masalan, birinchi jild uchun “Amir Temur” degan maqolani shaxsan I.Moʻminov yozgan edi. Uni oʻqigan mafkurachilarning kapalagi uchgan. Masala hatto Markazqoʻmda muhokama qilinib, bosh muharrirga hayfsan eʼlon qilingan. Maqolaning oʻzi ancha-muncha qaychilanib, birinchi jilddan boshqa jildga oʻtkazilgan. Bunday tazyiqlarga qaramay, I.Moʻminov rahbarligidagi Bosh tahririyat OʻzSEga ancha-muncha milliy ruh singdira olgan. Uning jildlarini varaqlagan oʻquvchi bunga ishonch hosil qiladi.

Mamlakat fani va obroʻsi uchun kurashgani sabab hukmron mafkura qahriga uchragan Habib Abdullayev, Ibrohim Moʻminov, Saʼdi Sirojiddinov kabi fidoyi akademiklar – millatimiz iftixoridir.

Milliy ensiklopediya muammosi. Oʻtish davri iqtisodiy tala­toʻplari sharoitida ensiklopediya Bosh tahririyati Fanlar akademiyasi tuzilmasidan chiqarilib, Matbuot davlat qoʻmitasi ixtiyoriga oʻtkazildi, shtat jadvali ham, nashr budjeti ham keskin qisqartirildi. Natijada mustaqil Oʻzbekistonning birinchi ensiklopediyasi koʻp qiyinchiliklar bilan chop etildi, “Bobur ensiklopediyasi”ni tayyorlashga esa nashriyotning imkoniyati yetmadi. Alaloqibat nashriyot yopib yuborildi. Fanlar akademiyasi tarkibida va uning rahbarligi ostida “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Bosh tahririyati tiklanmogʻi darkor. Yangilanayotgan Oʻzbekiston hayotining hamma qirralarini toʻliq aks ettiradigan milliy ensiklopediya tahririyatini yoʻlga qoʻyish, uni muntazam (har oʻn yilda bir) nashr etish zarur. Bugungi globallashuv davrida mamlakatimizning xalqaro mavqei, hech shubhasiz, ensiklopediyaga ham bogʻliq. Qiyoslash uchun, AQSh ensiklopediyasi (“World book”) har yili qayta chop etiladi, avvalgi nashrlari esa xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalari va kutubxonalariga bepul tarqatiladi. Uning toʻliq jildlar yigʻmasi Oʻzbekistonning koʻplab taʼlim muassasalari va kutubxonalariga ham hadya etilgan. Garchi “Dunyo kitobi” deb atalsa-da, unda asosan AQSh va Kanada hayot tarzi, ideallari, qahramonlari, siyosiy tuzumi va erishgan muvaffaqiyatlari targʻib qilinadi. Anglash qiyin emaski, bu nashrning taʼsiri havo kemasinikidan kam emas. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning yangi nashrlari oʻzbek va ingliz tillarida, boy va taʼsirchan mazmun, yuksak poligrafik sifat bilan chiqarilib, mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari hamda Markaziy Osiyo tadqiqotlari yoʻlga qoʻyilgan xorij universitetlariga tarqatilsa qanday soz boʻlur edi!..

Xalqaro eʼtirof va yutuqlar. Bundan 80 yil muqaddam tashkil topgan akademiyamiz uzun yoʻlni bosib oʻtdi. U erishgan yutuqlarni sanab adogʻiga yetib boʻlmasa kerak. Namuna keltirish kerak boʻlsa, tabiiy fanlar yoʻnalishida Toshkentda zilzilabardosh inshootlar mexanikasining nazariy asoslari ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilinganini alohida qayd etish lozim. Bu boradagi ishlanmalar poytaxtimizda metropoliten, koʻpqavatli uylar va ulkan inshootlar qurishga ilmiy asos boʻldi. Yadro fizikasi instituti reaktorlarida tibbiyot uchun radioizotoplar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgani ham katta yutuqdir. 1986-yilda Xalqaro Bernulli jamiyatining birinchi kongressi Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazilgani va unda 50 ga yaqin mamlakatdan 600 dan ziyod olim qatnashgani ehtimollar nazariyasi va matematik statistika sohasida Toshkent ilmiy maktabining jahondagi mavqeini yaqqol namoyish etgan edi.

Ijtimoiy-gumanitar fanlar yutuqlari sifatida oʻzbek sharqshunoslari tomonidan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Taragʻay Ulugʻbek kabi allomalarning buyuk ilmiy merosi nashr etilganini taʼkidlash joiz.

Atom energetikasi haqida muxtasar fikr. Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot muttasil oʻsib borayotgan ekan, elektr energiyasiga ehtiyoj undan-da tezroq ortadi. Iqtisodiyot qonuni shu. Yurtimizda elektr energiyasi asosan gaz va koʻmir yoqish yoʻli bilan issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqarilmoqda. Bu – cheklangan usul, zotan, gaz va koʻmir qazib olishni uzluksiz oshirib boʻlmaydi. Oʻzbekiston – serquyosh oʻlka, ammo quyosh energiyasidan elektr olishning ijobiy tomonlari bilan birga salbiy jihatlari ham yoʻq emas. Ulardan eng asosiylari – quyosh panellariga nisbatan akkumulyatorlarning qimmatligi, ishlash vaqti nisbatan qisqaligi va muddati oʻtab boʻlganlarini utilizatsiya qilish oson emasligi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida oʻtkazilgan uchrashuvda atom elektr stansiyasi istiqbolli soha ekani, 25 foizgacha elektr energiyasi AESlarda olinishiga erishish mumkinligini taʼkidlagan edi. Bu yoʻlda dastlabki qadamlar qoʻyildi. Afsuski, fizikadan yiroq sohalar vakillari OAV orqali bu gʻoyani tanqid qilib kelmoqda. Ularning daʼvosicha, “AES xavfli, Chernobildagidek fojia yuz berishi mumkin”. Taassufki, ilmiy jamoatchilik, xususan, fizik akademiklar “toshboʻron”ga uchrashdan choʻchidimi, bu sira iddaolarga javob bermadi. Bizningcha, AESlarni bir tomonlama tanqid qiluvchilar nohaq. Birinchidan, Chernobil va Fukusima fojialari “AES xavfli” ekani emas, balki loyihalashtirish va tasarruf etishdagi xatolar oqibatida yuz bergan. (Chernobilda shirakayf xodim reaktordagi jarayonni sekinlashtirish tugmasi oʻrniga tezlashtirish tugmasini bosib yuborgan. Fukusima stansiyasi esa koʻrfazda qurilgan. Maʼlum boʻlishicha, okean toʻlqini koʻrfazga kirganda kuchayadi.) Elektr energiyasi olishning eng keng tarqalgan vositasi GESlar ekani maʼlum. Ammo 2009-yili Rossiyadagi Sayan-Shusha GESida falokat roʻy berdi-ku, xoʻsh, GESga qarshi ham kurashish kerakmi?! Yoki issiqlik elektr stansiyasi xodimining yanglish harakati bilan favqulodda xatarli hodisa roʻy bermaydimi? Yurtimiz seysmik faol hududda joylashgan, biroq Yaponiya bizdan-da koʻp va kuchli zilzilalar vatanidir. Shunga qaramay, Kunchiqar oʻlka atom energetikasini rivojlantirishdan toʻxtagani yoʻq.

Ikkinchidan, yurtimizda uran konlari bisyor. Koʻmir va gazdan farqli uranimiz zaxirasi yuz yillarga yetadi. Shunday boyligimiz boʻlaturib, undan foydalanmasak, hayhotdek tomorqasiga bitta choʻp suqishga ham yaramaydigan dehqonga oʻxshab qolmaymizmi?!

AES toʻgʻrisida soʻz borganda yana bir omilni nazarda tutish lozim – toʻrtta blokli stansiya mamlakatimizdagi gaz yetishmovchiligini toʻliq bartaraf etishi mumkin. Toʻgʻri, AES koʻp miqdorda chuchuk suv sarflaydi. Ammo boshqa tomondan u suvni chuchuklashtiruvchi qurilmalar ichida eng samaralisidir. Hududlarimizda shoʻrlangan yerosti suv zaxirasi koʻpligi hisobga olinsa, AES chuchuk suv muammosini hal etishda ham muhim oʻrin tutadi.

Uchinchidan, AES loyihasini tanqid qilayotganlar oʻzbek yadrochi fiziklarining ilmiy salohiyati va tajribasidan bexabar boʻlsa kerak. Koʻplab fiziklarimiz Atom energetikasi boʻyicha xalqaro agentlikda mutaxassis boʻlib ishlagan. BMT qoshidagi mazkur tuzilma aynan AESlar tasarrufi va xavfsizligini nazorat qiladi. Akademik Behzod Yoʻldoshev esa yetakchi olimlar qatorida Yevropa yadro tadqiqotlari markazining (CERN) Higgs zarrasini aniqlash tajribasida ishtirok etgan.

Sirasi, Oʻzbekistonda yadro fizikasi va yadro energetikasini rivojlantirish uchun kadrlar va xomashyo bazasi yetarli.

Akademiya salohiyatining timsoli. Maqolani akademiyamiz ilmiy salohiyatini koʻrsatuvchi ramziy dalil bilan yakunlaymiz. Geologlarimiz tomonidan Oʻzbekiston togʻlaridan fanga avval maʼlum boʻlmagan nodir minerallar topilgan. Jumladan, xamrabayevit – akademik Ibrohim Hamroboyev (1920–2002), mavlyanovit esa akademik Gʻani Mavlonov (1910–1988) nomi sharifi bilan atalgan. Bundan tashqari, Samarqand yaqinidan topilgan yana bir mineralga avitsennit degan nom berilgan. Oʻzbek fani shon-shuhratini olamga yoyadigan bu kabi dalillar boshqa yoʻnalishlarda ham oz emas. Yutuqlar yil sayin koʻpayib borishi shaksiz. Yosh olimlarimiz ustoz-u salaflari ishini davom ettirishiga ishonchimiz komil.

Abdulla AʼZAM

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 4-son.

“Donish uyi” maqolasi

Oyina.uzʼni Telegramda kuzating!