Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Boku shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning yettinchi sammitida ishtirok etdi.

Quyida davlat rahbarining sammitdagi nutqidan asosiy fikrlar:

– Bugungi kunda dunyo chuqur geosiyosiy oʻzgarishlarni boshidan kechirmoqda, yangi tahdid va xatarlar paydo boʻlmoqda. Bu vaziyat yanada yaqin hamkorlik va birgalikda qarorlar qabul qilishni talab etadi;

– Har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yoʻl bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur;

– “Biz Yaqin Sharqdagi qarama-qarshilik va Gʻazodagi gumanitar vaziyatni katta tashvish bilan kuzatib boryapmiz. Ushbu mintaqada tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishi tarafdorimiz”;

– OHIChKning asosiy maqsadi Osiyoda oʻzaro hamkorlikning yaxlit infratuzilmasini shakllantirish, oʻzaro uygʻun va oldindan taxmin qilish mumkin boʻlgan harakatlar, majburiyatlarni bajarish asosidagi munosabatlarning barqaror tizimini yaratish boʻlishi kerak;

– Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, davlatlar oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlik va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash taklif etildi;

– Texnologik ishonch va sunʼiy intellektdan masʼuliyat bilan foydalanish boʻyicha Osiyo tashabbusi ilgari surildi;

– Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish boʻyicha tashabbus taklif qilindi. Bu suvni tejaydigan texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetikani rivojlantirish va atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borish imkonini beradi;

– Oʻzbekiston Kengashning Inson mezoni boʻyicha koordinatori sifatida taʼlim, madaniyat va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda va kelgusi yili Inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha forumni oʻtkazishga tayyor;

– Oʻzbekiston OHIChKning tashkiliy asoslarini yanada mustahkamlash va uning nizomini takomillashtirish borasidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Ilgari surilayotgan tashabbuslar oʻzining amaliy ijrosini topishi muhim.

Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini 2027-yilda Toshkentda oʻtkaziladigan Qoʻshilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga ham taklif qildi.