Oʻzbekiston va Ozarbayjon mezbonlik qiladigan FIFA U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentyabrdan 9-oktyabrgacha boʻlib oʻtadi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantino oʻzining rasmiy sahifasida maʼlum qildi.

“Men FIFA U-20 Jahon chempionati 2027-yil 17-sentyabrdan 9-oktyabrgacha boʻlib oʻtishini eʼlon qilishdan mamnunman! Ozarbayjon va Oʻzbekiston dunyoning eng yaxshi yosh futbolchilarini mezbon sifatida kutib olishga tayyor”, dedi Infantino.

Shuningdek, FIFA rahbari turnir ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladi. Eslatib oʻtamiz, 2025-yil iyulida Oʻzbekiston va Ozarbayjon U-20 Jahon chempionati mezbonligi uchun birgalikda ariza topshirdi. FIFAning 2-oktyabrdagi yigʻilishida ariza maʼqullandi.

2025-yil 15-dekabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu musobaqaga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi. Unga koʻra, chempionat tashkiliy qoʻmitasiga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi.

Toshkentdan Yangi Toshkentgacha alohida avtobus yoʻnalishi rejalashtirilgan. Avtobuslar va metro oʻyinlarga akkreditatsiya va chiptaga ega boʻlganlarning barchasiga bepul xizmat koʻrsatadi.

Qaror bilan Toshkentda FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish maʼqullandi. FIFA uni saqlash xarajatlarini qoplaydi, Oʻzbekiston futbolini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi 50% gacha hissa qoʻshadi. Binoni taʼmirlash va jihozlash xarajatlari Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan qoplanadi.

Hujjatda jamoatchilikni Jahon chempionatining bosh sovrini — Jahon kubogi bilan tanishtirish uchun butun mamlakat boʻylab marshrut ishlab chiqish va tashkil etish majburiyati belgilangan. Baʼzi oʻyinlar hozirda qurilayotgan 55 ming oʻrinli Yangi Toshkent markaziy futbol stadionida boʻlib oʻtadi.