“MediaDataLab” jamoasi qariyb bir yil mobaynida aholining suv resurslaridan unumli foydalanish, suvni tejash madaniyatini oshirish va ekologik muammolarning oldini olish maqsadida tashkil qilingan “Suv bormi?” ijtimoiy loyihasini ilgari surdi. Loyiha yoshlarning suv resurslari va atrof-muhit mavzusiga doir ijtimoiy qarashlarini oʻrganish, ularda suv va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish koʻnikmasini rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan edi.

 

Ushbu loyihaning komponentlaridan biri sifatida yoshlar orasida tadqiqot amalga oshirildi va u orqali yoshlarning suv resurslari, suvdan oqilona foydalanish va suv inqirozi kabi muhim mavzulardagi qarashlari tahlil qilindi. Loyihaning ushbu bosqichida aholi, asosan, 14 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida, ularning kundalik hayotida va qaror qabul qilishda suv mavzusining dolzarbligi yuzasidan sotsiologik soʻrov oʻtkazildi. Unda jami 1 583 respondent ishtirok etdi. Soʻrov uch tilda (oʻzbek, qoraqalpoq, rus) maxsus ishlab chiqilgan Telegram bot yordamida amalga oshirildi.


Shuningdek, loyiha davomida Yoshlar ishlari agentligi ekologiya yoʻnalishining 300 dan ortiq faol va isteʼdodli sardorlari “Suv bormi?” doirasida suv muammosi haqida kreativ
kontent yaratishda ishtirok etdilar.

 

Loyihaning yutuqli jihatlaridan yana biri sifatida sanash mumkinki, joriy yil 23–25-aprel kunlari “Suv va suv resurslari haqida jamoatchilikni xabardor qilish va fotofaktlar yigʻish” mavzusida 50 dan ortiq ekofaol yoshlar uchun seminar-trening oʻtkazildi. Trening turli interaktiv mashgʻulotlarga boy boʻlib, unda ishtirokchilar Oʻzbekistonda suv mavzusi nega dolzarb, suvning tasnifi va sifati kabi savollar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, suv mavzusida suratga olish, video va fotomateriallar tayyorlash haqida koʻplab qiziqarli va zarur axborotlar taqdim etildi. Bundan tashqari, 20–23-may kunlari Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi sardorlarining anʼanaviy XXII anjumani doirasida “Ekologik muammolar mavzusida foto tayyorlash amaliyoti” mavzusida trening va amaliy mashgʻulot boʻlib oʻtdi. Trening davomida “Suv bormi?” loyihasida faol ishtirok etib, kreativ kontent yaratgan “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlari “MediaDataLab” tomonidan qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

 

“Suv bormi?” doirasida oʻtkazilgan yana bir ahamiyatga molik tadbir “Men bir kunda suvni qanday tejayman” oylik aksiyasi boʻldi, u necha oʻnlab faol yoshlarni qamrab olishga erishdi. Sarhisobning muhim elementlaridan biri sifatida 28-iyul kuni “Suv bormi?” loyihasi tomonidan Oʻzbekiston suv xaritasini yaratish boʻyicha ekofaol yoshlar uchun videokonferensaloqa shaklidagi trening oʻtkazilganligini ham sanab oʻtish kerak. Trening davomida “MediaDataLab” ekspertlari tomonidan suv xaritasini yaratish yuzasidan tashkil etilgan telegram botdan foydalanish, xarita uchun ijodiy ishlarni joʻnatish va hududlarda suv taʼminoti yuzasidan tadqiqot oʻtkazish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Trening davomida ishtirokchilar interfaol oʻyinlar, prezentatsiyalar va ochiq muloqot orqali fikr almashishdi. 

Suv xaritasini yaratish uchun botga 150 dan ziyod koʻngillilar maʼlumotlarni yubordilar va bu Oʻzbekiston suv resurslarining koʻrinishi va holatini baholashga imkon beruvchi unikal xaritaning yaratilishi uchun asos boʻldi. Xaritani yaratishda bevosita ishtirok etgan yoshlar turli suv obyektlaridan foto-hikoyalar tayyorlash jarayonida ham qatnashdilar. Loyiha davomida har bir bosqichda faol ishtirok etgan yoshlar va koʻngillilar muntazam taqdirlanib borildi.

“MediaDataLab” yoshlar orasida suvdan oqilona foydalanish, uni asrash, suv inqirozini tushunish va anglash gʻoyalarini ilgari surish tomon dadil qadamlar tashladi va bu qadamlar oylar, yillar oʻtgach oʻz mevasini berishi muqarrar. Tashkilot kelgusida ham sayyoramizning cheklangan resurslarini avaylashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va kengaytirishga harakat qiladi va barchani bu ezgu amal yoʻlida birlashishga chorlaydi.

Loyiha USAIDning Mintaqaviy suv resurslari va atrof-muhit loyihasi koʻmagida amalga oshirilmoqda.Loyiha USAIDning Mintaqaviy suv resurslari va atrof-muhit loyihasi koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Dilbar ISMATULLAYEVA