Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning baʼzi Sharqiy Yevropa va Oʻrta Osiyodagi davlatlarda saqlanib qolgan PhD/DSc va dunyoning boshqa joylaridagi PhD darajalari oʻrtasida qanday farq bor? Buning formulasi quyidagicha: PhD/DSc = PhD. Chunki juda koʻp davlatlarda PhD taʼlimning eng oliy darajasi deb qabul qilingan. Undan tepada biror oliy taʼlim darajasi yoʻq, hatto xohlasangiz ham undan tepaga chiqishning iloji yoʻq. Unda nega Oʻzbekistonda PhD/DC tizimini ushlab turishibdi? Buning davlat ichida va tashqarisida qanday taʼsiri bor?
Har xil maʼlumotlarni eʼtiborga olgan holda aytsak, dunyo aholisining 1 foizdan 1,3 foizigacha aholisi PhD ilmiy darajasiga yetadilar. Demak, dunyoning bir hovuchgina odami bunday ilmiy mavqega sazovor boʻladi. Bobolarimiz ilm olishni igna bilan quduq qazish kabi ogʻir mashaqqat ekanligini taʼkidlaganlaridan xabarimiz bor. Men bunga shaxsan oʻz tajribamda iqror boʻldim. Fan doktori darajasiga yetib borish juda koʻp vaqt va mablag‘ talab qiladi. U insondan kuchli chidamlilik, ruhiy barqarorlik talab qiladi, chunki yillab muntazam ravishda aqliy mehnat bilan shugʻullanish oʻta ogʻir. Taʼlimning yuqori choʻqqisini koʻzlagan koʻpchilik oilaviy qiyinchiliklar, munosabatlardagi murakkablik, kuchli stress va ruhiy salomatlik bilan bogʻliq muammolarni boshdan oʻtkazadilar. Chunki koʻp hollarda ilmiy tadqiqotlar yolgʻizlik va izolyatsiya talab qiladi. Olimlar juda tor bir yoʻnalishni tanlab, juda koʻp oʻrganish va tadqiq qilish orqasidan oʻz yoʻnalishlarining kuchli mutaxassisiga aylanadilar. Ular oʻz yoʻnalishlaridagi hamma narsadan xabardor boʻlishlari talab qilinadi.
Nega Oʻzbekiston PhD/DSc tizimidan voz kechishi lozim? Oʻzbekistonda PhD tadqiqotchilarga berilgan uch yil muddat yaxshi tadqiqot olib borish uchun yetmaydi. Bu tadqiqot metodlarini oʻrganish va tadqiqot metodologiyasini yaratish uchungina yetishi mumkin. Men PhD tadqiqotimni uzluksiz ravishda olib borib, yetti yilda tugatdim. Shunda ham ikkita ilmiy rahbarim va yana uchta yoʻnalish mutaxasislari doimiy ravishda meni kuzatib yoʻl koʻrsatib bordi. Oʻzbekistonda “yaxshi ilmiy rahbar” muammosi boshqa bir mavzu. Tadqiqot nimaligini, tadqiqot metodlari va metodologiyasini tushunmasdan turib yozilgan dissertatsiyalarning qimmati juda past. Shuning uchun ham ilmiy jurnallarda kuchli ilmiy ishlarni nashr qildirish talabi ham korrupsiya yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Keyin ikkinchi bosqichda yana shu muammo qaytariladi. PhD olganlar DSc uchun yana boshqa tadqiqot qilishlari lozim, bunga ham yetarli vaqtlari boʻlmaydi va natijada ikkita kuchsiz, koʻchirmachilik asosida erishilgan tadqiqot dunyoga keladi. Shaxsan shunday tadqiqotlarni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning dissertatsiyalar boʻlimida oʻtirib koʻzdan kechirdim.
Oʻzbekistonda PhD va DSc olayotganlar oʻz ilmiy ishlariga taqrizni oʻzlari yozadilar. Ilmiy ishlar odatda yuzaki koʻrib chiqiladi va qandaydir imloviy yoki yozishdagi baʼzi kamchiliklar koʻrsatilib himoyadan oʻtkazib yuboriladi. Men bunga ham shohid boʻldim. Bu holat Oʻzbekistonda taʼlim olgan PhD/DSc fan doktorlarini globallashayotgan dunyoda cheklab qoʻyayotgani, ularning jugʻrofiy mobilizatsiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani va xalqaro taʼlim tizimlarining (International Recognation of Education) Oʻzbekistondagi tizimni tan olishiga qiyinchiliklar tugʻdirayotganini oʻylab koʻrishimiz kerak.
Bugun Oʻzbekistonda yaratilgan PhD/DSc tizimi dunyo taʼlim tizimlarida noaniqlik va Oʻzbekistondagi taʼlim sistemasiga ishonchsiz qarashlarga sabab boʻlmoqda. Baʼzi hollarda Oʻzbekistonda olingan PhDni boshqa universitetlar magistratura oʻrnida qabul qilsa, boshqa hollarda ochiq-oydin bizdagi PhD tadqiqotlari ustidan kuladilar. Bunga yetarlicha sabablari bor deb oʻylayman. Buning ustiga menga oʻxshagan chet davlatda PhD olganlar Oʻzbekistonda ikkinchi darajali olimlarga oʻxshab qolamiz. Shu oʻrinda aytishim lozimki, meni Oʻzbekistonda PhD deyishsa oʻzimni kamsitilgan his qilaman.
Dr. Dilsora FOZILOVA