Oʻzbekistonga joriy yilning yanvar—sentyabr oylarida 10,3 million nafar sayyoh tashrif buyurdi, deb xabar berdi Turizm qoʻmitasi.
Qayd etilishicha, bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 20,4 foizga koʻp. Sentyabr oyining oʻzida Oʻzbekistonga 1,2 million nafar sayyoh kelgan.
Sayyohlar oqimidagi eng yuqori oʻsish Xitoydan qayd etilgan — ushbu mamlakatdan kelganlar soni 2,1 baravar oshgan.
Shuningdek, Malayziyadan kelganlar soni 1,9 baravar, Misr va Ruminiyadan 1,8 baravar, Indoneziyadan 1,7 baravar, Yaponiyadan 1,5 baravar, AQSHdan 1,4 baravar va Rossiyadan 1,3 baravar koʻpaygan. Germaniya va Buyuk Britaniyadan kelgan sayyohlar soni 25 foizga, Fransiyadan 21 foizga, Turkiyadan esa 15 foizga oshgan.
Yanvar—sentyabr oylarida turistik xizmatlar eksporti 5,3 mlrd dollarga yetgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 51,2 foizga koʻp.