Afgʻoniston davlatida 2021-yil 15-avgustda, AQSH va NATO qoʻshinlari mamlakatdan chiqib ketayotgan paytda, Tolibon tezkor hujumlar orqali qayta hokimiyatga keldi. Hozirgi kunda ular Afgʻoniston Islom Amirligi sifatida mamlakatni boshqarmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan vaqtdan boshlab qoʻshnilari, xususan Afgʻoniston davlati bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishga harakat qildi. 2021-yil avgustida Afgʻonistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon” harakati mintaqadagi barcha davlatlar, jumladan Oʻzbekiston bilan ham yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini davom ettirish istagida ekanligini maʼlum qildi. Bu harakat toliblarning mintaqaviy jarayonlarga befarq emasligini va oʻzaro hamkorlik va aloqalarga xayrixohligini namoyon etdi.
Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston tomoni va “Tolibon” harakati oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar yangi mazmun va koʻlamda olib borilmoqda.
Oʻzbekistonning asosiy suv manbalari asosan daryolar, yer osti suvlari, koʻllar va sunʼiy suv omborlaridan iborat. Eng yirik daryolar – Amudaryo va Sirdaryo boʻlib, suv resurslarining asosiy qismi togʻlardagi muzliklar va qorlarning erishidan shakllanadi. Qishloq xoʻjaligi va aholi ehtiyojlari uchun 600 dan ortiq daryo va koʻplab kanallar xizmat qiladi.
Oʻzbekistondagi eng katta va sersuv daryolar – Amudaryo va Sirdaryo hisoblanadi. Xususan, Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng yirik daryolardan biri boʻlib, uning uzunligi 2 600 km ni tashkil etadi. Amudaryoning ikkita asosiy irmogʻi baland togʻlardan boshlanadigan Panj va Vaxsh daryolaridir. Amudaryo sharqdan gʻarbga choʻzilgan boʻlib, bir necha davlatlar hududini kesib oʻtadi. Amudaryo suvlari avval Tojikistonni, keyin Turkmaniston va Afgʻonistonni kesib oʻtadi.
Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng sersuv daryo boʻlib, Orol dengiziga quyiladi va uning asosiy taʼminotchisi hisoblanadi. Oʻtgan asrning oʻrtalaridan boshlab Amudaryoning suvlari dalalarni soʻgʻorishga yoʻnaltirilgani oqibatida uning sathi keskin pasaydi va bugungi kunda daryo suvi Orol dengiziga yetib bormayapti.
Amudaryo Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining asosiy suv manbai boʻlib, Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatlaridagi yuz minglab gektar paxta, gʻalla va sholi maydonlarini sugʻorishda hayotiy ahamiyatga ega. Amu-Buxoro kanali va boshqa irrigatsiya tizimlari orqali daryo suvi choʻl hududlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish imkonini beradi.
Daryodan boshlanadigan Amu-Buxoro kanali va boshqa yirik kanallar (Qurvonishjarma, Kegeyli) orqali yirik dehqonchilik hududlari suv bilan taʼminlanadi. Amudaryo deltasi (Qoraqalpogʻiston)da 400 ming gektardan ortiq yerda sholi, paxta, don va yem-xashak ekinlari yetishtiriladi.
Yillar davomida ekologik muammolarning ogʻirlashuvi natijasida Amudaryoning suv sathi yil sayin pasayib bormoqda. Global miqyosda havo haroratining oshishi va yogʻingarchilikning kamayishi mintaqadagi ekologik holatni yomonlashtirmoqda.
Mintaqada suv taqchilligi kuzatilayotgan bir vaqtda, Tolibon hukumati 2022-yil mart oyidan boshlab Balx viloyatida ulkan Qoʻshtepa kanalini qurishni boshladi. Rossiyaning “Известия” gazetasi maʼlumotlariga koʻra, AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) Turkmaniston, Oʻzbekiston va Tojikiston suv taʼminotiga tahdid solayotgan Afgʻonistondagi Qoʻshtepa suv kanali qurilishiga yashirincha homiylik qilgan.
2025-yil maʼlumotlariga koʻra, kanal qurilishining 80 foizi yakunlangan.
Taʼkidlanishicha, kanal qurilishiga 3,5 ming kishi va 3 ming texnika jalb qilingan. Kanalni 2028-yilgacha qurib bitkazish rejalashtirilgan boʻlib, uning umumiy qiymati 700 million dollarni tashkil etadi. Tahlilchi Doston Ahrorov tayyorlagan maʼlumotlarga koʻra, yangi kanalning uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi esa 8,5 metr boʻlishi koʻzda tutilgan.
Qayd etilishicha, kanal qurilishining asosiy maqsadi – Balx, Jauzjon va Farob viloyatlaridagi 3 million jyerib (1 jyerib – 2 000 kvadrat metr) yerni sugʻorish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan taʼminlashdir.
“Известия” gazetasi maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo davlatlari suv xoʻjaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya tahliliga koʻra, agar Qoʻshtepa suv taʼminoti tizimi ishga tushsa, Amudaryoning quyi oqimidagi havzalar zarur suvning atiga 30 foizini oladi.
Maʼlumotlarga koʻra, daryo umumiy oqimining 30 foizi Afgʻonistonda, 6 foizi Oʻzbekistonda va 1 foizi Turkmanistonda shakllanadi. Shu bilan birga, Afgʻoniston Amudaryo suv resurslarining atigi 2 foizidan, Oʻzbekiston 48,2 foizidan va Turkmaniston 35,8 foizidan foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, agar Qoʻshtepa kanali loyihasi Afgʻoniston hukumati tomonidan yakunlanib, foydalanishga topshirilsa, Oʻzbekistonga keladigan suv hajmi taxminan 15 foizga kamayishi mumkin. Bu esa Xorazm, Buxoro, Samarqand va Navoiy viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, shuningdek Turkmaniston uchun jiddiy oqibatlar yaratadi.
Amudaryo havzasida mavjud yerusti suvlarining umumiy qisqarishi Qoʻshtepa kanali qurilishi va iqlim oʻzgarishlari hisobiga 2028-yilda 18,9 foizga, 2030-yilda esa 29,4 foizga yetishi mumkin. Suv tanqisligi Markaziy Osiyo davlatlari kun tartibidagi eng oʻtkir va dolzarb masalalardan biridir.
Amudaryo suvidan foydalanish va uni taqsimlash boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston oʻrtasida umumiy kelishuv imzolangan emas. Yuldosheva Bibirajab oʻzining “1989–2007-yillarda Oʻzbekistonda suv resurslaridan foydalanishning holati va oʻzgarishlari” nomli maqolasida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish boʻyicha kelishmovchiliklarni yumshatish maqsadida 1992-yilda “Transchegaraviy suv resurslarini muvofiqlashtirish boʻyicha kelishuv” imzolangan. Ushbu kelishuv suv resurslarini davlatlar oʻrtasida adolatli taqsimlash va suvdan foydalanishda hamkorlik qilish tamoyiliga asoslangan edi”.
Biroq kelishuv doim samarali ishlamadi, chunki respublikalar oʻz milliy manfaatlarini ustun qoʻyishda davom etdilar. Shunday boʻlsa-da, oʻrtada umumiy kelishuv mavjud edi. Biroq Afgʻoniston ushbu kelishuvda qatnashmaganligi sababli suv taqsimoti boʻyicha munosabatlar jiddiy soʻroq ostiga qoʻyildi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, “Suv kanali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, chunki qurilish ibtidoiy usulda amalga oshiriladi va sugʻorish tizimlarini buzadi.” Qoʻshtepa kanali qurilish jarayonida sifatli qurilish mahsulotlaridan foydalanilmasligi oqibatida kanal sifat talablariga javob bermasligi va kelgusida ortiqcha suv sarfining yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin. Bu esa shundoq ham murakkab boʻlib turgan suv muammosini yanada ogʻirlashtiradi.
Bundan tashqari, Afgʻoniston Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi suv kelishuvlari bilan bogʻliq masalalarda ishtirok etmaydi, bu esa mavjud vaziyatni yanada ogʻirlashtiradi.
Oʻzbekiston uchun geosiyosiy va geostrategik jihatdan Afgʻonistonda tinchlik boʻlishi juda muhimdir. Shuning uchun ham 2018-yilda “Tolibon” hukumatga kelmasidan oldin diplomatik aloqalar boshlangan edi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikrlariga koʻra, Afgʻonistonning demografik oʻsishi juda katta (bugungi kunda aholisi 38 millionga yetgan). U shimoliy uchta viloyatiga suv olib, qishloq xoʻjaligini rivojlantirmoqchi va bu orqali oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlamoqchi. Natijada ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan. Bu Afgʻonistonga foydali boʻlsa-da, Oʻzbekiston uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Afgʻoniston hukumati oʻzining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ijtimoiy barqarorlikka erishish uchun amalga oshirayotgan chora-tadbirlari ijobiy jarayon hisoblanadi. Ammo mavjud vaziyatda Tolibon hukumati mintaqadagi boshqa davlatlarning ham manfaatlarini hisobga olgan holda loyihalarni amalga oshirishi zarur.
Afgʻoniston masalalari boʻyicha 10 dan ortiq ilmiy kitob muallifi Suhrob Boʻronov Qoʻshtepa kanali masalasiga oid fikr bildirar ekan, quyidagilarni taʼkidlaydi: Suv – kelajak masalasi. Suvni siyosiy qurolga aylantirish haqidagi gaplar ham mavjud.
“Global Water Intelligence” jurnali maʼlumotlariga koʻra, bir yilda suv bozorida aylanadigan daromad harbiy maqsadlarda foydalanadigan pul miqdoriga yaqinlashib qolgan. Bu narsa kelajakda chuchuk suv va sugʻorish uchun ishlatiladigan suv masalasini yanada dolzarblashtiradi. Markaziy Osiyoda ham hozirdan bu holat ayon boʻlayapti.
Mintaqa davlatlari rivojlanishi uchun oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash va ishonch muhitini kuchaytirish kun tartibida turib, mamlakatlar oʻrtasida ehtimoliy nizolarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan masalalarni imkon qadar ijobiy tomonlama hal qilish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Afgʻonistonda qurilayotgan kanal mintaqada maʼlum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi, bu esa Kobulga foydali. Xususan, qoʻshni Oʻzbekiston va Turkmaniston bilan koʻplab siyosiy masalalarni hal qilish imkonini beradi, deb hisoblaydi Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Siyosiy-tahlil va ijtimoiy-ruhiy jarayonlar fakulteti boshligʻi, Afgʻonistondagi jangovar harakatlar faxriysi Andrey Koshkin.
Ekspertning taʼkidlashicha: “Ushbu loyihada Afgʻoniston oʻzi uchun jiddiy geoiqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarni koʻrmoqda, chunki suv taqsimlash masalalarida ular bilan savdolashish boshlanadi. Tolibon hukumati Oʻzbekiston va Turkmaniston har qanday masalada murosali boʻlishini kutmoqda”.
Bugungi kunda Toshkent Kobul bilan suv resurslarini birgalikda boshqarish boʻyicha kelishuvga erishmoqchi, deb hisoblaydi Andrey Serenko. Yuqorida keltirilgan fikrlar 2023-yilda berilgan boʻlsa-da, 2026-yilda ham oʻz dolzarbligini saqlab qolmoqda.
Qoʻshtepa kanali qurilishidan maqsad nafaqat mamlakat qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, balki siyosiy maqsadlarni ham amalga oshirish imkonini berishi mumkin. Bu esa mintaqadagi davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning keyingi rivojini jiddiy soʻroq ostiga qoʻyadi.
Qoʻshtepa kanalini qurish ishlari Afgʻoniston shimolida amalga oshirilmoqda, loyiha qurilayotgan joy Mozori-Sharif shahridan taxminan 90 km shimoli-gʻarbda joylashgan. Maʼlumki, Afgʻonistondagi koʻp yillik urushlar tufayli suv taʼminoti tizimi deyarli ishdan chiqqan boʻlib, amaldagi ekin maydonlari ikki baravar kamaygan.
Shu munosabat bilan kanal qurilishi va umuman sugʻorish tizimini rivojlantirish Afgʻoniston uchun katta ahamiyatga ega, deya taʼkidlaydi Soliyva Aziza oʻzining “Qoʻshtepa kanali loyihasining Oʻzbekiston Respublikasiga taʼsiri” maqolasida.
Kanal qurilishi bilan bogʻliq muammolarning asosiy sababi Markaziy Osiyo davlatlari va Afgʻoniston oʻrtasida Amudaryo suvidan foydalanish va taqsimlash boʻyicha imzolangan umumiy kelishuvning yoʻqligidir.
Bugungi kunda ushbu loyihani toʻxtatishning iloji yoʻq. Ana shunday sharoitda Amudaryo suvlaridan foydalanadigan davlatlar barcha manfaatdor mamlakatlarning huquqlari buzilmasligini taʼminlashi va ular oʻrtasida kelgusida kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizolarning oldini olishi zarur.
Yaqin yillarda Oʻzbekiston delegatsiyalari Kobulga eng koʻp tashrif buyurgan xorijiy hukumat vakillari boʻldi. Afgʻonistonga amalga oshirilgan eng yuqori darajadagi va muhim rasmiy tashriflar asosan mintaqaviy hamkorlik hamda iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston va Afgʻoniston hukumatlari o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar anchayin yaxshi. Shuningdek, munosabatlarda hamkorlik aloqalari yangi bosqichlarga koʻtarilayotganini ko‘rish mumkin. Biroq yaqin kelajakda Qo‘shtepa kanali qurilishi yakunlanishi va undan to‘liq foydalanishga kirishilishi hamda O‘zbekistonda suv taqchilligining kuchayishi oqibatida ikkala chegaradosh davlatlarning munosabatlarida turli ziddiyatlar paydo bo‘lishi mumkin.
Afgʻonistonning geografik joylashuvi tufayli Amudaryodan foydalanish huquqini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo uning global va mintaqaviy kelishuvlarda ishtirok etmasligi afgʻonlar uchun suvdan foydalanish bo‘yicha hech qanday huquqlarni taʼminlamaydi va majburiyatlarni yuklamaydi. Bu esa Afg‘oniston va O‘zbekiston ikki tomonlama munosabatlarida keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omil hisoblanadi.
Bayonotlariga qaramay, Qo‘shtepa kanalining qurib bitirilishi va ishga tushirilishi Tolibon hukumatiga xalqaro miqyosda tan olinish uchun bosim o‘tkazuvchi vosita bo‘lishi ehtimoli ham mavjud.
Shuningdek, kelajakda suv tufayli bo‘ladigan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun Afgʻoniston xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi va Amudaryo suvlaridan foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama shartnomalarni imzolashi muhimdir. Mamlakatda tinchlikka erishish jarayonini tezlashtirish va jahon hamjamiyatining Afgʻoniston muammosiga nisbatan eʼtiborini jalb qilish zarur.
Xalqaro maydonda yuz berayotgan voqealar mamlakatlar o‘rtasidagi kelishuvlarga yoki xalqaro hujjatlarga bo‘lgan ishonchni so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Bularning barchasi bizning qiyin va murakkab bir davrga qadam qo‘yayotganligimizdan darak beradi. Shunday vaziyatda mamlakatimiz tinchligini taʼminlash va manfaatlarini himoya qilish eng oliy vazifa bo‘lishi lozim.
Jamshid POYONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
magistranti