Migratsiya agentligi Slovakiyaning Penta Hospitals International kompaniyasi bilan hamkorlikda tibbiyot xodimlarini Chexiya, Slovakiya va Polshadagi tibbiyot muassasalariga ishga taklif etmoqda. Bu haqda agentlik xabar berdi.

Qayd etilishicha, tanlovda rus tilida erkin muloqot qila oladigan hamda soʻnggi ikki yil ichida tibbiyot oliy taʼlim muassasasini hamshiralik ishi yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan hamshira, tibbiyot ogʻalari hamda shifokorlar ishtirok etishi mumkin.

Tanlovdan oʻtgan nomzodlar uchun Migratsiya agentligining “Intil” xalqaro markazida 3 oylik jadallashtirilgan chex, slovak va polyak tili kurslari tashkil etiladi. Mashgʻulotlar ushbu davlatlardan jalb etiladigan malakali mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Taʼlim va yashash xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan toʻlanadi. Shuningdek, agentlik nomzodlarga viza hujjatlarini rasmiylashtirishda toʻliq amaliy yordam koʻrsatadi.

Taklif etilayotgan oylik ish haqi miqdori:

  • shifokorlar uchun — 2200 yevrodan;

  • hamshiralar va tibbiyot ogʻalari uchun — 1800 yevrodan boshlanadi.

Oʻquv jarayonlari 2026-yilning noyabr oyidan boshlanishi rejalashtirilgan. Viza rasmiylashtirish ishlari til kurslari bilan bir vaqtda olib boriladi. Roʻyxatdan oʻtish uchun havola.