Oʻzbekistonda tungi hayotni tartibga solish kerak. Bizda odamlar na tunda, na kunduzi uxlamayapti.

Yaqinda qishloqqa borib qaytdim. Odatda hayot surʼatini qishloqda yaxshiroq his qilaman. Har qanday islohot, oʻzgarish yoki rivojlanish qishloqqacha yetib borsagina uning natijasi haqida gapirish mumkin. Keyingi ikki-uch yil ichida esa qishloqlardagi hayot surʼati shaharlarnikidan qolishmaydigan, ayrim jihatlarda hatto undan ham jadal tus oldi.

Keling, bir boshdan tushuntiray. Qishloqda odamlarning askari chetga ishlagani ketgan, koʻpchiligi Toshkentda savdogar, oʻz yerida qolgani esa mol va savdo-sotiq bilan (budjet tashkilotida ishlaydiganlardan tashqari) band. Qishloqlarda oxirgi yillarda savdo va xizmat koʻrsatish sohasi gurkiradi. Birgina mahallaning oʻzida 3 ta kafe-oshxona, 10 ga yaqin mini-market va kichik doʻkonlar, goʻsht doʻkonlari, futbol maydonlari, goʻzallik salonlari, dorixona, qurilish materiallari savdo nuqtalari, chorva yemi sotiladigan shaxobchalar, avto yuvish joylari, bolalar uchun koʻngilochar maskanlar faoliyat koʻrsatyapti. Bu qishloq iqtisodiyotining rivojlanayotgani, yangi ish oʻrinlari yaratilayotganidan dalolat beradi.

Bir qarashda zoʻr, qishloqda ham aholi hayotining farovonlik koʻrsatkichi oʻsgan. Ammo masalaning meni oʻylantirayotgan boshqa jihati bor. Mazkur xizmat koʻrsatish obyektlarining katta qismi toʻliq sutka davomida ishlaydi. Natijada kafe xodimlari yarim tundan keyin uyiga qaytadi, ayrim doʻkonlar tungi oʻn ikkigacha ochiq boʻladi va ertalab yana ish boshlaydi. Avtomoyka, yem-xashak doʻkonlari hamda uy sharoitida tashkil etilgan kichik bizneslar mijozga qarab kecha-yu kunduz xizmat koʻrsataveradi.

Bu esa shu sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar, xodimlar va ularning oila aʼzolari muntazam ravishda toʻliq dam ololmayotganini anglatadi. Albatta, shaharlarda bu holat yanada kuchliroq namoyon boʻladi. Eng tashvishlisi, shaharlarga xos boʻlgan 24/7 turmush tarzi endi qishloqlarga ham kirib keldi. Buning oqibatida nafaqat kattalar, balki bolalarning ham uyqu rejimi buzilib boryapti.

Aytganlarimni yana bir jihat bilan asoslash mumkin. Bugun koʻplab ota-onalar, bobo-buvilar yarim tungacha davom etadigan ishlarda band. Tabiiyki, bolalar ham ular bilan birga yuradi. Bolani uxlatishga, qarashga odam bor deb oʻylaysizmi? Afsuski, aksariyat oilalarda bunga imkoniyat yoʻq.

Bizning bolaligimizdagi “Bolalar vaqti” degan koʻrsatuvlar allaqachon urfdan qolgan. Hech boʻlmaganda men kuzatayotgan muhitda kechki soat sakkiz yoki toʻqqizlarda uxlaydigan bolalar juda kam. Bu holat, ayniqsa, yosh onalar zimmasiga yanada ogʻir yuk yuklamoqda. Xizmat koʻrsatish sohasida mehnat qiladigan ayollar koʻpincha yarim tundan keyin uyiga qaytadi. Biroq ertalab yana barvaqt turib farzandlariga qarashi, roʻzgʻor ishlarini bajarishi va ishga tayyorgarlik koʻrishiga toʻgʻri keladi.

Avvallari tushlik payti qisqa dam olish imkoni boʻlardi. Ammo ish vaqti aniq chegaralanmagan xizmat koʻrsatish sohasida bu imkoniyat ham deyarli qolmayapti.

Ayolning oʻzi ishlamasa ham, oila aʼzolarining tungacha davom etadigan mehnat tarzi uning hayotiga taʼsir koʻrsatadi. Chunki u koʻpincha uydagilarning barchasi qaytib, ovqatlanib boʻlmaguncha roʻzgʻor ishlarini yakunlay olmaydi.

Shu tariqa, bir tomondan saqlanib kelayotgan ayrim maishiy anʼanalar, ikkinchi tomondan esa bozor iqtisodiyoti, isteʼmol madaniyati va yuqori mehnat surʼati eng katta yukni yosh ayollar zimmasiga yuklayapti. Ular kech yotib, erta turadi; bir vaqtning oʻzida farzand tarbiyasi, roʻzgʻor yumushlari va mehnat faoliyatini olib boradi. Natijada muntazam uyqu yetishmasligi ularning salomatligiga, oilaviy munosabatlarga va hayot sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi (Bu alohida muhokamaga arziydigan mavzu. Biroq hozirgi gap jamiyatda uyqu madaniyatining izdan chiqib borayotgani haqida).

Biz nainki xizmat koʻrsatuvchi, balki xizmat sotib oluvchi sifatida ham bedormiz. Yuqorida bolalar uyquga toʻymayotgani haqida aytdim. Misol, bogʻcha yoshidagi bolalar va maktab oʻquvchilari otasi yoki akalari bilan birga stadionlarga kelib, baʼzan tungi soat bir-ikkilargacha u yerda qoladi. Bu takrorlanadigan holat. Albatta, sport bilan shugʻullanish foydali. Ammo bu sogʻlom uyqu hisobiga boʻlmasligi kerak. Chunki ertasi kuni bolalar bogʻcha yoki maktabga barvaqt turishi lozim. Kech uxlash esa ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy.

Kechqurungi bedor nuqtalarning barida bolalarni uchratishimiz ularning ham kattalar bilan birga 24 soatlik isteʼmol muhitining ishtirokchisiga aylanib borayotganini koʻrsatadi.

Xullas, endi nafaqat oʻzimiz, balki bolalarimiz ham xizmat koʻrsatish sohasining 24/7 mijozlariga aylanib bormoqda. Natijada sogʻlom uyqu madaniyati tobora yoʻqolyapti.

Endi shaharga qaytsak. Shaharlar yovuz va yovvoyi surʼat bosimida. Buni ovqatlanish maskanlari misolida ham koʻrish mumkin. Barchamiz mazali ovqatlarni va oshxona bilan bogʻliq sifatli xizmatlarni yaxshi koʻramiz. Shu bilan birga, yurtimizda umumiy ovqatlanish xizmatlari qoʻshni Qozogʻiston yoki ayrim xorijiy davlatlarga nisbatan arzonroq. Shu bois koʻchada ovqatlanish koʻpchilik uchun qulay tanlovga aylangan. Talab yuqori boʻlgani uchun deyarli har qadamda oshxona va kafe faoliyat yuritadi.

Ammo tungi hayot tartibga solinmagani sababli, ish kunimi yoki dam olish kunimi – farqi yoʻq, yarim tungacha ovqatlanish maskanlarida vaqt oʻtkazishga odatlanib qoldik. Biz uyga qaytamiz, ammo shu paytgacha bizga xizmat koʻrsatgan xodimlar ishini davom ettiradi.

Masalan, tungi soat 11–12 da yopiladigan oshxonalarda farroshlar va idish-tovoq yuvuvchilarning ishi endigina boshlanadi. Ular koʻpincha soat ikkilarda uyiga qaytadi, uchlarda esa uxlaydi. Bu ularning har kunlik turmush tarzi. Muntazam uyqu yetishmasligi esa vaqt oʻtishi bilan salomatlikda jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Albatta, ular mehnat qilishga majbur. Ammo savol tugʻiladi: yarim tundan keyin ishlagani uchun qoʻshimcha haq oladimi? Afsuski, aksariyat hollarda yoʻq. Aksincha, aynan shu xizmatlarda eng kam ish haqi toʻlanadi.

Endi mana shu yerda savol tugʻiladi: Kasaba uyushmalari bu masalaga qay darajada eʼtibor qaratmoqda? Axir tungi mehnat sharoitlari va xodimlar huquqlarini himoya qilish ularning asosiy vazifalaridan biri emasmi?

Koʻplab Yevropa davlatlarida tungi mehnat uchun qoʻshimcha haq toʻlanadi va bunday mehnat munosabatlari qatʼiy tartibga solinadi. Bizda esa odamlar sogʻligʻi va uyqusi evaziga ishlayotgan boʻlsa ham, ish topganidan mamnun boʻlishga majbur.

Mehnat qiluvchilarning oʻzi bunga majbur boʻlishi mumkin. Ammo davlat boshqaruvi organlari va masʼul tashkilotlarning vazifasi mehnat huquqlari haqida aholini xabardor qilish hamda ularning qonuniy huquqlari taʼminlanishini nazorat qilishdan iborat emasmi?

Endi 24/7 rejimida ishlayotgan kurerlar, dorixona, doʻkon va supermarket xodimlarini olaylik. Ularning mehnat huquqlari yetarli darajada himoya qilinganmi? Uyquga toʻymaslik, hatto umuman uxlay olmaslik evaziga ular nimaga erishmoqda?

Oʻzi umuman tungi hayotni bu qadar faollashtirishdan maqsad nima? Tadbirkorlikni rivojlantirish, koʻproq ish oʻrni, koʻproq daromad olishmi? Ammo bularning bari, oxir-oqibat, nimaga xizmat qiladi? Xizmat koʻrsatish sohalarining 24/7 mijozlari kim? Albatta biz! Yaʼni tun-u kun uxlamayotgan, anglab-anglamay nimadir sotib olayotgan, yeyotgan, koʻrayotgan, koʻngil ochar maskanlarga borayotgan biz.

Deylik, biz xizmat koʻrsatish sohalarida ishlamaymiz. Ammo deyarli hammamiz xizmat koʻrsatish sohalarining kechki mijoziga aylanib boʻlganmiz. Masalan, erkaklar futbol tomosha qilish uchun kafe, bar yoki maxsus joylarga yigʻilishini olaylik. Biz oʻz vaqtida uxlayapmizmi? Axir katta inson uchun sogʻlom uyqu kechki soat 9–10 larda boshlanishi kerak. Shundagina ertalab barvaqt turib, ishga tayyor holda borish mumkin.

Afsuski, biz juda kech uxlaymiz. Shuning uchun kunimiz ham kech boshlanadi. Yaqinda Facebook tarmogʻida Xitoy va Oʻzbekistondagi ish kuni taqqoslangan videoni koʻrdim. Unda Xitoyda odamlar erta yotib, erta turishi, shuning uchun ish joyiga oʻz vaqtida yetib kelishi va uyquga toʻygani sababli mehnat unumdorligi yuqori boʻlishi aytilgan.

Oʻzbekistonda ish boshlagan xitoyliklar esa bizning mehnat tartibimizdan hayratlangan. Chunki biz soat toʻqqizda ishga kelsak ham, uyquga toʻymaganimiz sababli ish unumdorligi koʻpincha soat oʻn bir-oʻn ikkilardagina oshadi.

Demak, tungi faol turmush tarzi, doimiy isteʼmolchi boʻlish odati va xizmatlardan kechki vaqtda foydalanish ehtiyoji mehnat samaradorligimizga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bir tomondan tadbirkorlik rivojlanmoqda, ikkinchi tomondan esa ishlash salohiyatimiz va mehnat unumdorligimiz pasaymoqda.

2021-yilda Venetsiyada boʻlganimda qiziq holatga dush kelgandim. Kechki soat 7 lar atrofi supermarketga suv sotib olish uchun kirdim. Supermarket xodimi “Nou, nou” deb, italyanchada nimalardir aytib tashqariga chiqishimni ishora qildi. Suv sotib olmoqchi ekanimni tushintirishga uringanim sayin uning battar jahli chiqdi. Keyin maʼlum boʻldiki, u yerda soat yettidan keyin supermarketlar, doʻkonlar va ovqatlanish joylarining aksariyati yopilar ekan. Hatto oddiy ovqat buyurtma qilish ham qiyin edi. Faqat ayrim qimmat restoranlar maxsus buyurtma asosida kechasi ishlaydi. Tabiiyki, bunday joylarga aholining katta qismi bormaydi. Yakshanba kunlari esa kichik doʻkonlar umuman ishlamas ekan. (Endi oʻzimizdagi mahalla doʻkonlarini eslang: hatto tungi soat 12 da ham gavjum, atrofida esa muzqaymoq yeb yurgan bolalarni koʻrish mumkin.) Odamlar u yerlarda tunni koʻchada emas, dam olish bilan oʻtkazadi. Xuddi shunday holatni Londonda ham kuzatganman. U yerda ham kechqurun odamlar koʻchada ancha kam boʻladi. Toʻgʻri, Venesiyadagidek hayot butunlay toʻxtab qolmaydi. Ammo ish kunlari odamlar yarim tungacha koʻchada yurmaydi, ovqatlanish joylarida oʻtirmaydi, doʻkon aylanmaydi.

Biroq juma kechqurundan yakshanba tushgacha manzara butunlay oʻzgaradi. Koʻchalar gavjumlashadi, odamlar, ayniqsa yoshlar boʻsh vaqtini tashqarida oʻtkazadi. Shu kunlari metro ham tungi soat 3–4 gacha ishlaydi.

Xullas, kapitalizmning eng rivojlangan markazlaridan biri boʻlgan ushbu megapolis ham tungi hayotini muayyan tartibga solgan. Biz esa hali bu masalada aniq yondashuvni shakllantira olmadik. Qachon dam olish, qachon uxlash kerakligini ham unutib qoʻyayotgandekmiz. Sogʻlom uyqu haqidagi tasavvurimiz ham asta-sekin yoʻqolib bormoqda.

Oʻzi sogʻlom uyqu degani nima?

Sogʻlom uyqu – kechki soat 9 dan tonggi soat 4 gacha boʻlgan uyqudir. Ana shu vaqtda organizm melatonin gormonini ishlab chiqaradi. Inson aynan shu vaqt oraligʻida uxlagandagina miya va organizm toʻliq dam oladi. Qolgan vaqtdagi uyqu bu darajada samarali boʻlmaydi.

Afsuski, bugun bunday sogʻlom uyqu hatto bolalar hayotidan ham tobora yoʻqolib bormoqda.

Yana bir jihatga eʼtibor qaratmoqchiman. Nega maqola davomida asosan xizmat koʻrsatish sohasi haqida gapiryapman? Buning javobini quyidagi statistikadan ham koʻrish mumkin:

Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan va faoliyat koʻrsatayotgan jami korxonalar va tashkilotlarning taxminan 65–67 foizi aynan xizmat koʻrsatish va savdo sohasiga toʻgʻri keladi (Stat.uz).

Jami xizmat koʻrsatuvchi subyektlar: 350 000–380 000 dan ortiq rasmiy korxona va tashkilotlar (Stat.uz).

Kichik biznes hissasi: Xizmat koʻrsatish subyektlarining 80% dan ortigʻini kichik biznes va mikrofirmalar tashkil etadi. 

Yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanishi

Xizmat koʻrsatish va xizmat koʻrsatish obyektlari (shaxobchalar, shifoxonalar, mehmonxonalar va boshqalar) tarmoqlar boʻyicha quyidagicha ajraladi:

Savdo va maishiy xizmatlar: ~145 000–150 000 ta subyekt (umumiy xizmatlarning qariyb 40–45 foizi) (Stat.uz).

Yashash va ovqatlanish (mehmonxonalar, kafe va restoranlar): ~28 000–30 000 ta obyekt (Stat.uz).

Koʻrganingizdek, xizmat koʻrsatish sohasi iqtisodiyotda eng katta ulushni egallaydi. Kichik biznes, savdo, umumiy ovqatlanish va yashash xizmatlarining 24/7 rejimiga oʻtishi, bir tomondan, tadbirkorlik rivojiga xizmat qilayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, shu sohada mehnat qilayotgan xodimlar va tadbirkorlarning oʻzini ham uyqusiz qoldirmoqda. Shu bilan birga, biz ham isteʼmolchi sifatida tobora koʻproq bedor hayot tarziga koʻnikib bormoqdamiz.

Lekin bu yerda yana bir eʼtiborli jihat bor. Ishchilar huquqini himoya qilishi lozim boʻlgan kasaba uyushmalari, bolalarning uyqu rejimi va buning taʼlimga taʼsirini oʻrganishi kerak boʻlgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, aholi salomatligi uchun masʼul Sogʻliqni saqlash tizimi, shuningdek, ayollar manfaatlarini himoya qilishi lozim boʻlgan mutasaddi tashkilotlarning oʻzi ham bugun uyquga toʻymayotgandek. Ularning xodimlari ham tungi 11-12 gacha ishxonada qolishi, boshqaruv tizimlaridagi yarim tungi yoki tonggi 5:00 dagi (bir kulging, bir yigʻlaging keladi) majlislar, faqat shunga dosh bera oladigan xodimlargina ishga qabul qilinishi – bugun hech kimga sir boʻlmagan vaziyat.

Yana bir toifa bor. Aslida bu muammoni koʻtarishi, jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishi va zarur boʻlsa, qonunchilikni takomillashtirishi kerak boʻlgan toifa – deputatlar. Afsuski, bu masalada ularning faolligini deyarli sezmayapmiz.

Yevropada esa tungi hayotning faollashuvi, isteʼmolchilikning ortishi va aholi uyqusi hamda salomatligi bilan bogʻliq muammolarga eʼtibor qaratgan, kapitalizm insonning vaqti va eʼtiborini chek-chegarasiz isteʼmol qilishiga befarq qaramagan kuchlardan biri aynan deputatlar boʻlgan.

Mayli, masʼul idoralar bu haqda hali yetarlicha gapirmayotgan boʻlsa ham, har kim, avvalo, oʻzi va yaqinlarining salomatligi haqida qaygʻursin. Imkon qadar vaqtida uxlang, uyquga toʻyishga harakat qiling.

Uyqusizlik sizga baribir milliardlar olib kelmaydi. Bordi-yu, olib kelgan taqidirda ham sogʻligingiz evaziga boʻlishi mumkin.

Yana bir narsani unutmang: har safar tungi soat oʻn-oʻn birgacha ovqatlanish joyida oʻtirganingizda, sizning orqangizdan yigʻishtirish uchun ishini davom ettirayotgan, uyiga tungi soat bir-ikkilarda qaytadigan inson borligini yodingizdan chiqarmang, uning qizargan koʻzlarini, inchunin.

Tillaniso ESHBOYEVA