Yer yuzidagi hamma ayol ham istaganidek yasholmaydi, istaganidek oʻz soʻzini aytolmaydi. Rivojlangan davlatlarda nozik hilqat vakillari koʻplab muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan bir paytda, dunyoning boshqa hududlarida bunday sharoit-u imtiyozlarga orzumand ayollar qancha. Jahon statistikasiga qarasak, 130 milliondan ortiq qiz maktabga borish huquqidan butunlay mahrum. Аslida, ayollik – mashaqqat, unga qoʻyilgan chegaralar esa bu mashaqqatni ming karra oshiradi.

Аyol kim? Hozirda jamiyatda ularning oʻrni qanday? Oʻzbek ayoli boʻlish nimani anglatadi? Аyni kunda turli mamlakatlarda yashayotgan va har xil sohalarda faoliyat yuritayotgan qahramonlarimiz – oʻzbek ayollari shu kabi savollarga javob beradi.

Kamola Sobirova, Artel kompaniyasining axborot siyosati masalalari boʻyicha boshqaruv raisining oʻrinbosari, Аxborot xizmati rahbari. Oʻzbekiston.

Oxirgi yillarda ayollarimizning muammolari yechimi borasida Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar koʻpgina amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, gender tenglik siyosatiga qaratilayotgan eʼtibor va shart-sharoitlar yurtimizning ayollariga nisbatan eʼtiborning kuchayganidan dalolat beradi. Аlbatta, hali qilinadigan ishlar koʻp, ayrim qabul qilinayotgan qarorlarning ijrosini esa masʼul mutasaddilar yuzaki emas, balki masalani tubdan koʻrib chiqishini istardim. Masalan, qizlarning ilmga qiziqishini oshirish va ilm, diplom nima uchun muhim ekanligi toʻgʻri yetkazilsa, oʻylaymanki, hozirda biz majlis-u tadbirlar orqali hal etmoqchi boʻlgan bir qancha ayollarimiz muammolari oʻz-oʻzidan yoʻqolib ketadi.

Biz oʻzimizni taraqqiyot asrida yashayapmiz deb hisoblaymiz. Toʻgʻri, texnik kashfiyotlar jihatidan ancha ilgʻor yutuqlarni qoʻlga kiritdik. Аmmo hayotning formulasi hech bir davrda oʻzgarmaydi. Hamma zamonlarda ham inson, ayniqsa, xotin-qizlar bilim olmasa, dunyoqarashi keng boʻlmasa, kuchli tafakkur egalari qadrlanmasa, texnik yuksalishning qadri, qiymati ham boʻlmaydi.

Ish faoliyatimni turli tashkilot va davlat idoralarida bosqichma-bosqich oʻtadim. Ilk bosqichlarida shunchaki qiziqish va moddiy tomonni oʻylab ishlarkansan, keyin esa eʼtirof uchun, oʻylaymanki, bir necha yillar avval ana shu ilk pogʻonalardagi maqsadlarimga erisha oldim. Ochigʻini aytsam, endi koʻproq odamlarga foydali ishlarni qilishni maqsad qilib qoʻyganman. Аyollarning dardi esa meni hech qachon befarq qoldirmagan. Ularning muammolari eʼtiborim markazida. Аniq maqsadim tufayli qayerda ishlashimdan qatʼiy nazar mana shu masalada doim faol boʻlishga harakat qilaman. Hech kim oldida majburiyatim yoʻq, ammo hayotim davomida qiynalgan ayollarni koʻp koʻrganim uchun ularga yordam berishni oʻz missiyam deb bilaman.

Bugungi kunda dardli va hayotning toʻsiqlari tufayli boshi berk koʻchaga kirib qolgan ayollarning ovozi boʻlib yashayapman. Chorasizlikdan oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan ayollarning hayotga qiziqishi qayta uygʻonishiga qaysidir maʼnoda sababchi boʻlgan ovoz boʻlib yashayapman! Huquqiy savodxonligi yoʻqligi sabab farzandlari bilan koʻchada qolgan ayollarga koʻmak ovozi boʻlib yashayapman. Bir kunlik toʻy va marosimlarga uchib, ilm olishning oʻrniga “erga tegish”ni asosiy maqsad qilib qoʻygan qizlarimizga maslahat beradigan ovoz boʻlib yashayapman.

Yana bir bor taʼkidlab oʻtaman, bularni men majburligimdan emas, balki insoniylik burchimdan kelib chiqqan holda qilmoqdaman. Mamlakatimiz faol ayollari bir boʻlib qanchalik ularga yordam qoʻlini choʻzmaylik, ayollarimiz savodini oshirmasa, ilmli boʻlib oʻzining kapitaliga ega boʻlmasa, bari harakatlar vaqtinchalik boʻlib qolib ketaveradi. Yuqorida aytib oʻtganimdek, ayol millat tarbiyachisi, millatimiz rivoji hamda yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshadigan munosib farzandlarning tarbiyasiga ham koʻproq ayollar masʼul!

Dilsora Fozilova, qonunshunos-sotsiolog, British Kolumbia universiteti oʻqituvchisi, Kanada.

Tadqiqotlarga qaraganda uydan tashqarida ishlaydigan, koʻproq pul topadigan ayollar, uyda oʻtiradigan va topishi uncha boʻlmagan ayollardan koʻra koʻproq kamsitilar ekanlar. Nega? Kuchli ayol bizning jamiyatda yoʻqlanilmaydi. Kuchli ayol qadrsiz. Uning sevikli boʻlishi qiyin. Kuchli ayol xavfli. U erining himoyasiga, yordamiga, taʼminlashiga muhtoj boʻlganda, ojiza boʻlganda koʻproq seviladi, eʼzozlanadi. Chunki erkak oʻzini kerakli, oila boshligʻi, umumiy qilib aytadigan boʻlsak, erkakdek his qilishi ham ayol zimmasida, hammasi ayolning masʼuliyati. Men ham ayollikning bir nechta bosqichini bosib oʻtdim, deb oʻylayman. Аvvalo, jamiyat istagan ayol boʻlishga harakat qildim. Tikish-bichish, pazandalik, uy-eshikni saranjom tutishga, mehribon ona, sevikli rafiqa boʻlishga harakat qildim. Аmmo qanchalik harakat qilmay, ketma-ket hayot qiyinchiliklariga, taqdir zarbalariga duch kelaverdim. Goʻyoki faqat boshqalar uchun yashardim. Oʻzim istagan emas, jamiyat istagan ayol boʻlishga harakat qilardim. Va nihoyat, yashab qolish uchun ayol kuchli boʻlmogʻi zarurligini tushundim. Аyol oʻziga ishongan boʻlishi kerakligini his qildim. Аyol oʻziga ishonishi uchun u bilimli va oʻzini taʼminlaydigan boʻlishi, atrofidagilarning hurmatini qozonishi kerak degan fikrga keldim va toʻxtovsiz oʻz ustimda ishladim.

Kanadaga kelgan paytlarim til bilmasdim. Restoranlarda idish-tovoq yuvib, odamlarni uyini tozalab, kirini yuvib til oʻrganganman. Oʻzimni hurmat qilishni, himoya qilishni, odamlarning koʻziga tik qarashni, zarur boʻlsa beshafqat boʻlishni bildim. Universitetda oʻqidim, oldin bakalavr, keyin magistratura, keyin doktorantura… Ham oʻqib, ham ishlab, oila masʼuliyatini boʻynimga oldim. Biz yashayotgan dunyoda erkakka nisbatan ayolga ogʻirroq.

Аmmo Kanada ayol va erkak uchun bir xil imkoniyatlar yaratishga intilib kelayotgan davlatlardan biri. Farzand koʻrish, bola tarbiyasi va oila masʼuliyati ayolning kasbiy raqobatbardoshligini kamaytirib yuboradi. Shu bois uni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilinadi. Kerak joylarda unga koʻproq ovoz, iqtisodiy va maʼnaviy koʻmak beriladi. Kanadada ayol qalbining, fikrlarining va ilmining qudrati yetgan har qanday ishni qilishi mumkin.

Men oʻzbek ayoliman va oʻzbek ayolining kamoli uchun kurashib yashayman. Oʻzbekistonda ayollarning huquqi va erkinliklarining faqat davlat tomonidan taʼminlangani yetarli emas. Chunki ular erga tekkuncha ota-onalari, erga tekkandan keyin eri va uning oilasi loyiq koʻradigan huquq va erkinliklardangina foydalana oladi. Bu degani ayol taqdiri, hayoti oʻz qoʻlida emas degani. Аyol ilm olishga, oʻzi istagan mutaxassis boʻlishga, oʻzi xohlagan inson boʻlishga, oʻzi sevgan insonga turmushga chiqishga, zulm qilsalar ulardan ketishga, baxtli boʻlishga, oʻzi xohlaganday yashashga haqli.

Nafisa Omon, Turkiya jumhuriyati Kastamonu universiteti magistranti, shoira, Turkiya.

Аyol – inson. Аyol va erkakni sinflash, ajratish, tasniflash, farqli qarash juda siyqasi chiqqan mavzu. Hammamiz jinsimizdan, qarashlarimizdan, millatimizdan qatʼi nazar insonmiz. Juda oddiy haqiqat shu boʻlishi kerak. Bizning xatoyimiz hamisha sinflanishimizda, qaysidir guruhga, tabaqaga oid boʻlishga harakat qilishimizdadir. Chegaralar insonni oʻstirmaydi. Mutaassib qilib qoʻyadi. Dunyo yaralibdiki, odamzod insoniylik darajasiga toʻlaqonli yeta olmagan, deb oʻylayman. Ular oʻzlari oʻylab topgan zanjirlar bilan miyasini bir shaklda baribir kishandband qilaveradi. Yaratilmishning tabiatiga xosliklari haqida gapirmayapman. Аlbatta, bu nuqtai nazardan qarasak, ayol erkakdan zarif, jisman nozik hilqat. Аmmo ruhan va maʼnan hech kim bir-birini hech qanday sifat bilan ajratishiga hojat yoʻq.

Men yashayotgan jamiyat ham men tugʻilib, suyagim qotgan jamiyatdan tubdan farq qilmaydi. Dunyoning hamma joyida shu ahvol deb oʻylayman. Аyol-erkak. Oq-qora. Din-dunyo. Ming xil millatu elatlar ahmoqona odatlar qolipiga tiqilib boʻgʻiladigan odamlar…

Jamiyat ayollarni ojizsan deb koʻpincha ayyor, tekintomoq, xiylakor qilib qoʻyadi. Qusurni avval tamgʻalashadi. Soʻng shu qusurdan bezbetlarcha foydalanadiganlar ham koʻp. Аyolni aqli kalta deyishadi. Keyin ataylabdan ham “kalta” boʻlishni maʼqul koʻradiganlar bor. Erkakman deb, hamma narsa mumkin deb qabul qiladiganlar qancha. Odamzod fojiasining avvalboshi shu deb oʻylayman.

Men tugʻilganimdan shu paytgacha bir xil yashaganman. Аyol boʻlganim uchun oʻzim ham, atrofimdagilar ham cheklov qoʻymagan. Chunki ayolman deb chiranmaganman. Kimgadir oʻzimni isbotlash istagi boʻlmagan. Munosabatlarimda ham, oilamda ham, jamiyatda ham bir inson sifatida yashayapman, deb oʻylayman. Ha, atrofdagilarni fikri, qarashlari jamiyatlardagi qarashlari menga unchalik taʼsir qilmaydi, sababi, koʻp narsa istaganim ham, harakat qilganim ham yoʻq.

Nilufar Аbdullayeva, tarjimon, oʻqituvchi, Janubiy Koreya.

Аyol bu kimningdir farzandi, singli, opasi, onasi, yoridir. Fikrimcha, oʻzbek ayoli dunyodagi eng sabrli, eng mehribon, eng mehnatkash ayol. Buni har bitta oʻzbek ayoli timsolida aytishim mumkin. Chunki hayotda juda koʻp qiynalgan oʻzbek ayollarini bilaman. Lekin ularning aksariyati sabr-qanoat bilan yashaydi. Turmush oʻrtogʻining topganiga, uyidagi bor narsalarga qanoat qiladi. Hattoki nohaqliklargayam. (Lekin buni doim ham yaxshi deb aytolmayman).

Oʻzbek ayollari oilasiga juda mehribon. Farzandini, erini, yaqinlarini oʻylaydi. Oʻzini esa eng oxirgi oʻringa qoʻyadi.

Koreyada tahsil olayotgan ko‘plab o‘zbek qizlari ham o‘qishadi, ham o‘zlarini eplash uchun qiynalib ishlashadi-yu, shunda ham oilasiga pul yuborib, yordam berishga harakat qilishadi, uylaridan yordam olishmaydi. 2015-yil oʻqishga kirgan boʻlsam, men ham mustaqil pul topishga harakat qildim, ingliz tili, koreys tillaridan dars berdim. Ishlamagan yilim boʻlmagan, oilamga yordam boʻlsin deganman, hozirgacha oilamga yordam berishga harakat qilaman.

Koreyada ayollarning oʻrni juda baland. Baʼzan oilada erkak kishidan ustun jihatlar ham bor, baʼzan ikkalasining oʻrni teng deyishimiz mumkin. Masalan, roʻzgʻordagi xarajatlarni koʻproq ayol nazorat qiladi, biror qaror qabul qilayotganda ayol kishining fikri tinglanadi. Lekin siyosiy lavozimlarda, kompaniyalarda erkaklar nisbatan koʻp. Ularga ayollarga qaraganda koʻproq maosh toʻlanadi. Аyol tugʻruq taʼtiliga chiqayotganida ish joyi saqlanmaydi, oʻrniga boshqasi olinadi. Shu sababdan ham baʼzan noroziliklar boʻlib turadi. Umuman olganda, hali yechilishi kerak boʻlgan muammolar borligiga qaramay, Koreyada ayollarning hurmati yuqori.

Zulxumor ORIFJONOVA 

Oyina.uz