Temuriylar saltanati davrining ikki mutafakkir siymosi Mir Alisher Navoiy bilan Nuriddin Abdurahmon Jomiy bir-biriga ustoz-shogird, sirdosh doʻst, fikrdosh boʻlganlar. Ular “Baroi Haq panohi xalq boshy”, yaʼni “Olloh uchun ulus panohi boʻlgʻil”, degan olijanob shiorga amal qilishgan. Ikki buyuk zot hayotda ham, ijod maydonida ham bir-birini ragʻbatlantirib, yangi asarlar yaratishga ilhom berib yashaganlar. Biz ularning ulug‘ doʻstlik kitobini oʻqib, “Navoiy jomi – Jomiy navosi” (Jomi Navoy – Navoi Jomy) nomli tarjima risolasi tayyorladik. Quyida shu kitobdan bir parchani eʼtiboringizga havola etamiz.

Yaxshi baytning javobi

Navoiy ustozi Jomiyga bagʻishlab “Tuhfat ul-afkor”, yaʼni “Fikrlar tuhfasi” nomli ajoyib qasida yozgan boʻlib, asar hazratga juda manzur boʻlgan ekan. Hammaning tilida oʻsha qasida baytlari qayta-qayta aytilar, muxlislar yod olib oʻqib yurishardi.

Poytaxt Hirot shahri. Podshoh Husayn Boyqaroning oʻgʻli shahzoda Kichik Mirzo ham qasidadan qattiq taʼsirlangan edi. Kunlardan bir kuni u oʻsha mashhur asardan bir baytni alohida koʻchirib, Samarqand shahrida yashayotgan Xoja Ahror valiy huzuriga yubordi:

Yak nazar farmo, ki mustasno shavam z-abnoi jins,

Sag chu shud manzuri Najmiddin sagonro sarvar ast.

Tarjimasi:

Yo pirim, bir nazar qiling, teng-tush oldiga tushay,

Najmi Kubroga manzur it boʻlmish itlar boshchisi.

Bu baytni yaxshi anglab olish uchun hissiy chekinish qilishga toʻgʻri keladi.

(Shu yerda pir bilan murid oʻrtasidagi munosabatlar haqida ozgina soʻzlamasak boʻlmaydi. Naqshbandiylar eʼtiqodiga koʻra, Ollohning yaqin doʻsti boʻlmish pirning sirli nazarida ilohiy nur bor. Bu nur qalblarga davo boʻlguvchi doridir. Bu nur bilan togʻlarni oʻrnidan qoʻzgʻatish mumkin. Muxlis piridan bir tilak soʻraydi, ul zot maʼnaviy quvvat bilan tilakka yetkazadi. Olloh oʻz doʻstining tilagini boʻsh qaytarmaydi. Pirning himmati va nazari bilan maqsadga yetish mumkin boʻladi.

Bir valiy komil pir nazarining taʼsiri haqida shunday misol keltiradi. Shayxlarning nazari toshbaqaning nazariga oʻxshashdir. Toshbaqa tuxum qoʻyib boʻlgach bir oz ortiga tisariladi. Tuxumiga bir muddat tikilib turadi, keyin uni qum yoki tuproqqa koʻmib qoʻyadi. Oʻsha qarash tuxumni yetiltirishga yetadi. Vaqt-soati kelgach bolasi tuxumni yorib chiqadi. Pirning nazari esa qalbni pishiradi, muxlis oʻzlik qobigʻini yorib chiqadi.

Bir qudsiy hadisda shunday deyiladi: “Men qulimni sevdimmi, uni eshitar qulogʻi, koʻrar koʻzi, tutar qoʻli, yurar oyogʻi boʻlaman. U men bilan koʻradi, men bilan eshitadi, men bilan ushlaydi, men bilan yuradi. U mendan nima soʻrasa beraman, menga sigʻinsa himoya qilaman”.

Ha, Haq doʻstlari shunday yuksak davlatga erishib, maʼnaviy vakolat olar ekanlar.

Endi hazrat Najmiddin Kubro voqeasiga kelamiz. Ul zotning bir oʻgʻli boʻlib, otasiga boʻyin sunmas ekan. Bundan ota-ona juda iztirobga tushibdi. Bechora ona nima qilarini bilmay, oxiri eriga shunday deb yolvoribdi: Xojam, el-ulusga foydangiz tegmagan kun yoʻq. Betaʼsir oʻgʻlimizga ham bir narsa qiling, ortiq uyatga qoʻymasin. Ota oʻylay-oʻylay shunday depti: Undoq boʻlsa oʻgʻlimiz bu oqshom bogʻdagi anavi ogʻoch ostida qilt etmay oʻtirsin. Ona oʻgʻliga vaziyatni tushuntirib, oʻsha ogʻoch ostida miq etmay oʻtirishni tayinlabdi. Kech kiribdi. Oʻgʻil aytilgan ogʻoch ostida bir oz oʻtiribdi, ammo koʻp oʻtmay zerikib turib ketib qolibdi. Shu payt bir daydi it haligi ogʻoch ostiga kelib choʻnqayibdi. Najmiddin Kubro oʻsha lahzada ogʻoch tomonga nazarlarini solibdi. Dam oʻtmay itning ayanchli vovullagani eshitilibdi. Jonivor bogʻni buzib yuborgudek hurgancha qocha boshlabdi. Ne koʻz bilan koʻrishsinki, boshqa itlar haligi itning ortidan ergashibdi. Oxiri oʻsha itni oʻrab olib tegrasida tek qotib turishibdi. Oradan uch kun oʻtib oʻsha it oʻlibdi. Najmiddin Kubro aytibdilarki, “Bul itni koʻminglar. Olloh taolo ishqining oʻti uning ichini yoqib yubordi. Shuning uchun oʻldi”.)

Kichik Mirzoning Navoiy baytini oʻrtaga qoʻyib Xoja Ahror valiydan tilak tilash voqeasi xalq ichiga yoyilib turli shov-shuvlarga sabab boʻldi. Kishilar shahzodaning qilgan ishini maqtashib, haqqiga duo qilishardi. Ular Navoiy yozgan baytning chuqur maʼnosiga tan berishib, “ajoyib ish boʻpti-da” deyishardi. Bayt yana yangi maʼno kasb etib, kundan kunga el ogʻzida ovoza boʻlardi. Kichik Mirzoga yoqqan bayt Navoiy shuhratini yanada oshirib yubordi.

Oʻsha davr olim va shoiri boʻlmish Mir Sarbarahna Navoiyning oldiga kelib, tortishmoqchi boʻlib eʼtiroz bildirdi: “Siz baytda oʻzingizni past, kichik olib itga oʻxshatibsiz. Bu gap teng-to‘shlaringizga ham tegib ketadi. Mabodo gap egasini topgudek boʻlsa, ular or-nomus qilib yaxshi qabul qilishmaydi, deb qoʻrqaman. Kishi kichikkoʻngillik qilib, oʻzini itga tashbih qilsa, bundan jamoatga ham haqorat yetgay, xullasi kalom yaxshi emas”.

Mir Alisher unga javob berib shunday dedilar: Oʻzimni itga oʻxshatishim kamtarlik emas, balki nafsim itini jilovlashga urinishdir. Teng-to‘shlarim deganda sizni emas, koʻcha-koʻydagi boshqa daydi itlarni aytganman.

Mir Sarbarahna bu gaplardan taʼsirlanib, yigʻlagancha shoirni duo qila ketdi.

Boʻlib oʻtgan gaplar el orasiga juda tez yoyildi. Voqeadan xabar topgan hazrat Jomiy zavqlanib dedilarki, “O‘sha baytning oʻzi juda yaxshi bayt edi, javobi undan ham yaxshiroq chiqibdi. Nun ustiga nur”.

Tolib NOSIR