Davlatimiz rahbarining 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigi barcha qatori meni ham gʻoyat ruhlantirib yubordi.
Darhaqiqat, xalqimiz uchun milliy qadriyat, oʻzlikni anglash, maʼnaviy boylik, maʼrifiy taraqqiyot borasida muhim ahamiyat kasb etib kelayotgan oʻzbek tilimiz bugungi kunda yana ham qadr topdi, yuksaldi.
Men oliygohni tugatib, dastlabki ish boshlagan yillarimda koʻp hujjatlar rus tilida yuritilar, biror yigʻilishda maʼruza qilmoqchi boʻlsak ham, albatta, rus tilida gapirishimiz kerak edi. Shukrkim, Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi tufayli oʻz tilimizga qaytib, oʻzligimizni yanada teranroq anglay boshladik.
Bugun Yurtboshimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash borasida qonun va qator farmonlar qabul qilinayotgani, ayniqsa, 21-oktabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilangani tilga boʻlgan yuksak eʼtibor timsolidir. Til orqali yoshlarimizni milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida, boy maʼnaviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash imkoni berilmoqda.
Muhtaram Prezidentimizning quyidagi gaplari, ayniqsa, koʻnglimni nurlantirib yubordi:
“Vazirlar Mahkamasi tarkibida Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Markazda va joylarda davlat tilini oʻrgatish kurslari ish olib bormoqda”.
Men bundan juda mamnunman. Chunki farzand va nabiralarim yuqoridagi kurslarda bemalol taʼlim olishlari mumkin. Yurtboshimizning mazkur tabrigi ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinganda, biz tumandagi yosh ijodkorlar bilan toʻgarak mashgʻulotlarini olib borayotgan edik. Men tabrikni ularga oʻqib eshittirdim. Ular oʻz quvonchlarini sheʼriy misralarda izhor qildilar. Shogirdlarim xorijiy davlatlar oʻquvchilari oʻrtasida Oʻzbek tili va adabiyoti xalqaro olimpiadasini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgani haqidagi xabarni eshitganda, nazarimda, ularning yuz-koʻzlarida faxr-u iftixor balqdi.
Darhaqiqat, bizning farzandlarimiz xorijiy tillarni oʻrganishdan avval oʻz ona tilimizning qonun-qoidalarini mukammal bilmoqlari va unga amal qilmoqlari zarurdir. Buning uchun ular buyuk ajdodlarimiz Mahmud Koshgʻariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulugʻlar asarlarini puxta egallamoqlari darkor. Bu esa hurmatli muallimlar zimmasiga yanada yuksakroq masʼuliyat yuklaydi.
Bugun Prezident tabrigi tumanimizda oʻtkazilgan “Til bayrami”da ham tuman hokimi tomonidan oʻqib eshittirildi. Xulosa shuki, til – maʼnaviyat koʻzgusi, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan tub islohotlarning poydevoridir.
Tabrikdan ilhomlanib, quyidagi satrlar xayolimga keldi:
Bir soʻz desam, sado keladir oydan,
Bulbul uchib kelar berkingan joydan,
Joy olaman koʻngil degan saroydan,
Oʻzligim anglatar ona tilim bor.
Zuhra ALIYEVA