Kecha, 19-oktyabr kuni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida V Para Osiyo oʻyinlari start oldi. Musobaqaning dastlabki kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza — jami 23 ta medalga sazovor boʻldi hamda yangi rekordlarni oʻrnatdi.
Oʻzbekistonlik para sportchilar Yaponiyada boshlangan Aychi-Nagoya-2026 V Para Osiyo oʻyinlarining ilk kunida 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medal qoʻlga kiritdi. Medallar soni boʻyicha delegatsiya Xitoy va mezbon Yaponiyadan keyingi 3-oʻrinda bormoqda.
Qayd qilinishicha, delegatsiya hisobiga ilk oltin medalni para velotrekchi Bobur Toshtemirov olib keldi. U erkaklar oʻrtasida 3 km masofaga yakka taʼqib poygasi finalida 3:41.263 natija koʻrsatib, Para Osiyo oʻyinlari rekordini oʻrnatdi. Bu Oʻzbekiston tarixida para velosport boʻyicha qoʻlga kiritilgan birinchi oltin medal boʻldi.
Para yengil atletika bahslarida uch nafar oʻzbekistonlik shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Xusniddin Norbekov (F35 klassi) yadro uloqtirishda 16,04 metr natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi. Xuddi shu yoʻnalishning F37 toifasida Qudratillo Maʼrufxoʻjayev 16,66 metr natija bilan oltin medalga ega chiqib, Para Osiyo oʻyinlari rekordini yangiladi. Shuningdek, ayollar oʻrtasida F32 klassida klab uloqtirish finalida Mahliyo Akramova 24,08 metr koʻrsatkich bilan musobaqa rekordini oʻrnatib, chempion boʻldi.
Para suzish boʻyicha S5 klassida 50 metrga erkin usulda suzish bahslarida Lolaxon Qodirova 37,88 soniya bilan Osiyo rekordini oʻrnatib, oltin medalni yutib oldi. Erkaklar oʻrtasida S13 klassida 100 metrga erkin usulda suzishda Yegor Bolotov 52,90 soniya natija qayd etib, terma jamoa hisobiga oltin medalni taqdim etdi.
Musobaqaning ilk kunida oʻzbekistonlik 10 nafar sportchi kumush medal egasiga aylandi. Para suzish bahslarida Mubinabonu Xalilova (S13 klassi, 100 m, erkin), Dmitriy Xorlin (S12, 100 m, erkin), Dias Mirmanov (SM9, 200 m, kompleks) va Azizbek Boynazarov (S8, 100 m, batterflyay) marraga ikkinchi boʻlib yetib keldi.
Para dzyudochilardan Uljon Amriyeva (J1, -60 kg) va Kemran Nurillayev (J2, -70 kg) oʻz vazn toifalarida finalgacha yetib borib, kumush medalga sazovor boʻldi. Para taekvondochilardan Fayozbek Валижонов (K44, -58 kg) va Umida Mamarajabova (-52 kg) ham finalda imkoniyatni boy berib, ikkinchi oʻrinni egalladi.
Shuningdek, para yengil atletika boʻyicha erkaklar oʻrtasida uzunlikka sakrashda Omadbek Xasanov (T47) 6,99 metr natija bilan, yadro uloqtirishda esa Toʻlibboy Yoʻldoshev (F37) 15,79 metr natija qayd etib, delegatsiya hisobiga kumush medallarni qoʻshib qoʻydi.
Musobaqada yetti nafar sportchimiz shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Para dzyudo boʻyicha ayollar oʻrtasida Bonu Babayeva (J1, -52 kg) indoneziyalik raqibasini, Fotima Toirova (J1, -60 kg) esa qozogʻistonlik sportchini magʻlub etib, bronza medaliga ega chiqdi. Erkaklar oʻrtasidagi bronza uchun kechgan oʻzbekcha derbida Ibrohimjon Akbarov (J1, -70 kg) yurtdoshi Qosim Safarqulovni yengib, uchinchi oʻrinni band etdi.
Para taekvondochi Qizlarxon Isomiddinova (-47 kg) yaponiyalik raqibasini 2:0 hisobida magʻlub etib, bronza medalini qoʻlga kiritdi. Para suzish bahslarida esa Muslima Odilova (S13, 100 m, erkin) marraga uchinchi boʻlib yetib kelib, musobaqa sovrindoriga aylandi.
Ayollar oʻrtasida F37/38 klassida disk uloqtirish finalida ishtirok etgan Zohira Qozoqova 27,84 metr natija bilan uchinchi oʻrinni egallab, Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi bronza medalini qoʻshib qoʻydi. Para taekvondo boʻyicha ayollar oʻrtasidagi K44 klassida -52 kg vazn toifasida bronza medali uchun kechgan bahsda Oʻzbekiston vakilasi Karomatoy Rustamova indoneziyalik Ria Yuliantini 2:0 hisobida magʻlub etib, delegatsiya hisobiga navbatdagi bronza medalini qoʻshdi.