26-iyun kuni Toshkent Fotosuratlar uyida ilk marotaba Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bagʻishlangan “Oʻzbekiston matbuoti arxiv hujjatlarida” nomli arxiv hujjatlari fotokoʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazmaning ochilish marosimida “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi, Oʻzbekiston Axborot agentligi Oʻzbekiston milliy arxivlari rahbarlari va xodimlari, vazirlik va idoralar matbuot kotiblari, jurnalistlar, OAV vakillari hamda faxriylari ishtirok etdi.

Hujjatli fotokoʻrgazmada Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan 1928-2021-yillarga oid, OʻzA axborot agentligi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekistonda Matbuot va ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini aks ettiruvchi 150 dan ortiq fotohujjatlar namoyish etildi.

Koʻrgazmada davriy nashrlar tahririyatlarining ijodiy uchrashuvlari, bosmaxonalarning faoliyati, intervyu va suhbatlar, respublika markaziy va hududiy, mahalliy gazeta, jurnallar hamda teleradio studiyalarining ish jarayonlari, teledastur va eshittirishlar tayyorlash, materiallar ustida ishlash, tasvirga olish va ovoz yozish jarayonlari aks etgan suratlar joy olgan.

Bundan tashqari, OAV xodimlari uchun tashkil etilgan seminarlar, davra suhbatlari, syezd oʻtkazilishi, turli mavzularga bagʻishlangan matbuot anjumanlari ham aks etgan. Televideniye va radio birinchi suxandonlari, rejissyor va operatorlari, taniqli va xalq suygan boshlovchi va suxandonlari faoliyati yoritilgan.

Quyida koʻrgazmada qoʻyilgan eng sara suratlarni xronologik tartibda izohi bilan keltirib oʻtamiz.