Azizlar! Eng koʻp beriladigan savollardan biri nima uchun jadid maktablari samarali boʻlgan? Albatta, birdan javob berish oson emas, lekin, misollarga qarasak Qoʻqonda Abduvahhob Ibodiy va Muhammadjon Xoliqiy domlalar darsning bir qismini ochiq havoda – bogʻda oʻtgan va oʻquvchilarini mehnat asosida maʼlum kasblarga yoʻllagan. Munavvar qori domla ham tanaffus vaqtlarida baʼzan bolalar bilan koptok oʻynaganlar. Dorilfunun tashkil etish jarayonida esa Toshkent va boshqa shaharlardagi 30 ga yaqin maktabni qamrab, oʻquvchilarning tugʻma iqtidorlaridan kelib chiqib, ularga kelajakda dorilfununga talabalar tayyorlashni belgilab bergan. Hatto, dorilfunun qoshida bogʻcha ochib, turli kemalar, samolyot va boshqa texnika vositalarining maketlari bilan bezab, bolalarning oʻsha sohalarga qiziqishini, ixtisosini yoʻnaltirib borishga harakat qilgan. Mana bu narsa pedagogika emas, koʻproq pedologiya faning tadqiqot doirasidir. Quyida 1927-yil “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnalida bosilgan maqolani keltiraman (qiziqish yaxshi boʻlsa buni davom ettiraman):
Pedologiya va oʻzbek oʻqituvchisi
Taʼlim-tarbiya olamida koʻpdan berili bir fikr bor: “Bolalarni tarbiya qilmoq va oʻqutmoq uchun avvalan ularning oʻzlarini yaxshilab oʻrganish kerak”.
Bolalarni va yosh oʻspirinlarni oʻrganish ishi koʻpdan buyon ishlanib kelmakda. Gʻarbiy Ovrupoda va Amrikoda boshlangʻon bu ish XX asr boshidan olib Russiyada ham boshlandi. Hozirgi vaqtda Maskav, Leningrad va Rusiya ham Ukraynoning koʻp shaharlarida bolalarni oʻrganish toʻgʻrisida jiddiy harakat qilinmoqda. Ularning faqat jismoniy yuksalishlarigina oʻrganilmasdan, balki ularning ruh va hissiyot tomonlarigʻa ham ahamiyat berilmakda. Chet ellar va baʼzi bir rus olimlarining bu toʻgʻridogʻi koʻrilgan ishlari, tajribalari natijasida alohida bir ilm vujudga keldi. Bu pedologiya boʻlib, uning maqsadi bolalarni mumkin qadar mukammal oʻrganib, katta odamlargʻa qorogʻonda bolalarning orasidogʻi farqni ajratishdan iboratdir. Ammo ommaviy maktablarda ish koʻrgan tajribachi oʻqituvchilar bu ilmning beraturgʻon tajribaviy foydasini toʻla tushunib yetgan emaslar va oʻqitgʻuvchilarning oʻzlari pedolog boʻla oladilar va pedolog boʻlishgʻa tegish (kerak)lar, degan fikrga juda oz koʻnikadilar. Yaʼni, oʻzlarining pedologiya yoʻlidogʻi ishlari uchun oʻzlarining oʻqitdigʻi shogirdlari orasida ularni oddiy suratda oʻrganish va tekshirish ishlarini katta muvaffaqiyat bilan olib bora biladilar va olib borishgʻa tegishdirlar.
Haqiqatan ham ommaviy oʻqitgʻuvchining ishdan boshqa pedologiyani vujudgʻa keltirish ogʻirdir. Bu ishni oʻtkarish uchun bolaning yuksalishiga oid boʻlgʻon omillarni oʻrganish kerak. Koʻp choqlarda bu tekshirishlarni juda koʻp bolalar ustida qilib koʻrishga kerak boʻladir. Ammo, buning uchun bu ishga koʻp odamlarning ishtirok qilishlari zarurdir.
Oʻzbekiston toʻgʻrisida boʻlsa, bizning yuqorida aytganlarimiz oʻzlarining maʼnolarini saqlaydirlar. Balki, Russiya va Ukraynogʻa qaragʻanda ommaviy pedologiya ishlari Oʻzbekistonda koʻproq zarurdir. Ilgaridan aytib boʻladikim, oʻzbek bolalari ovrupolilarnikiga qaraganda irq, iqlim, madaniyat, ijtimoiy va boshqa jihatlardan koʻp farq qiladir.
Masalan, oʻzbek bolalari ovrupolilarnikiga qaragʻanda tezroq balogʻa boʻlgʻonlarini doʻxturlar biladirlar. Bu esa bolalarning umumiy yuksalishida katta rol oʻynaydi; bu ahvol (balogʻa boʻlish) bolaning butun ruhiyatini tub tomiridan oʻzgartiradi. Uning qizigʻsingʻon va mayl qoʻygʻon narsalar uning qobiliyatini boshlab pasaytiradi (xotira, zehn, fikr yurgazish) uning izidan oʻzlarini koʻtaradi. Tajribachining va oʻqitgʻuvchining buning bilan hisoblashishi kerak. Boʻlmasa oʻzining ishlarida sira bir natijaga erisha olmasligʻi turgʻon gapdir. Bolig‘ boʻlishdagi xususiyatlar, albatta katta boʻlsalar ham, bu bir boʻlimiginadir, bundan boshqa oʻzbek bolasi oʻzining jismoniy va ruhan yuksalishida bir qancha xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlarni oʻrganib, pedologiya ishlari bilan muvofiqlashtirish zarur, bu ishda yolgʻiz oʻqitgʻuvchininggʻina emas, balki maktablarni idora qiloturgʻon, maorif komissarligining muassasalari ham qatnashib ishlashlari lozimdir. Ular program tuzganda bolalar bilan boʻlgʻon ishlarning usullarini ishlab chiqgʻonlarida bu xususiyatlarning hammasini nazar eʼtiborlarigʻa olishlari kerakdir. Agarda biz savol bersak: bunga oʻxshash ishlar ishlanib koʻrildimi, ilmiy jihatdan muntazam suratda oʻzbek bolasi oʻrganildimi? Albatta, bu savollargʻa rad javobini berishga toʻgʻri keladir. Chunki bu ishlarni bizda hech kim ilmiy, rejali va muntazam suratda yurgizgan emasdir. Agarda biz oʻzimizning taʼlim-tarbiya ishlarimizda bu ish orqasida qilgʻon xatolarimizni bekorga, foydasizga oʻtkargan va ofatlarimizni oʻzimizning va bolalarning kuchlarini bekorga sarf qilgʻonimizni, qancha foydali ishlarni qilmasdan qoldirgʻonimizni hisobgʻa olsoq va bularning hammasini toʻplab yakun qilgʻonimizda, bolaning ota-onasigʻa, oʻqitgʻuvchigʻa va umuman maorifchiga bu ishga sovuq qaragʻonliq natijasida bolalarimiz, bizning kelgusidagi kuchlarimiz va umidlarimiz qoshida qanday katta jinoyat qilgʻonimiz ochiq koʻrinadi. Bu fikrni bundan 70 yillar ilgari eng mashhur ingliz olimi Ispenser (Spenser) aytgan edi. U aytadi: “har bir mashinani yurgizish va idora qilish uchun uning qanday tuzilganligini bilish kerak; uy solish uchun zarur boʻlgʻon materiallarning xususiyatlarini bilish kerak; doʻxtur boʻlish uchun insonning tuzilishini va azala (muskul)larining faoliyatlarini oʻrganish, bilish kerak. Bola esa – tuzulishi chatoq boʻlgʻon porovoy mashinadan kammi? Bizning bu ishga (yaʼni bolani oʻrganishga) sovuq qarashimiz aqlsizliq, ahmaqliq emasmi”. Demak bundan bunday natija chiqadi: har bir ongli boʻlgʻon maorifchi kuchidan kelganicha pedologiya ishiga, ularga topshirilgʻon bolani oʻrganishga urunishi kerak.
Hozirgi kunda bizning jumhuriyatimizda bu muhim sanolgʻon ishning oldini olib, rahbarlik qilaturgʻon muassasamiz bor. U ushbu yilning boshlarida Samarqandda oʻzbek davlat oliy pedagogika institutidir. U hamma ishlarni birlashtirib, shahar va qishloq maorifchilaridan kelgan hamma pedologiyaga oid ishlarni, materiallarni toʻplab, ularni ishlab chiqib, eʼlon qilib turgʻuvsidir. Hozirgi vaqtda bu institut qoshida tashkil boʻlgʻon pedologiya kabineti bu ishga boshlaydi va yerlik aholidan boʻlgʻon oʻqitgʻuvchilargʻa murojiat qilib, ularni ishga koʻmak berishga chaqiradi. Bu juda muhim va qiziq ishda ishtirok qilishgʻa istagan, oʻqitgʻuvchilar kuchlaridan kelganicha urunib natijalarni bildirib turishlari soʻroladir. (Materiallarni Samarqanddagi oliy taʼlim-tarbiya institutining pedologiya kabinetining toʻgʻridan toʻgʻri oʻziga yoxud “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnoli idorasi orqali yuborish kerak).
Albatta, oʻqitgʻuvchi har bir pedologiya ishini bajara olmaydi. Koʻp ishlar uchun maxsus yasolgʻon loborotoriyalar kerak. Koʻp tayyorliq koʻrgan boʻlish kerak. Bu ishga ixtisos va tajriba hosil qilish kerak. Bu sifatlar yillar boʻyincha boʻlgʻon ishlar natijasida topilgʻusidir.
Ammo, bolalarni oʻrganish yoʻlida bir qancha muhim va qiziq ishlarni oddiy shahar va qishloq oʻqitgʻuvchilari, agar istasalar va mayl qoʻysalar, bajara bilurlar. Bir qancha yillar ish koʻrgan tajribali oʻqitgʻuvchi, oʻz ishini sevgan, bola chaqalarni yaxshi koʻrgan, ular ustidan tekshirib kuzatib turgʻon oʻqitgʻuvchi pedologiya olimigʻa juda koʻp muhim va foydalik materiallarni soʻylab berishda va bu ishda zoʻr yordam berishida shubha yoʻqdir. Yanada bundan boshqa ommaviy oʻqitgʻuvchi mutaxassis pedologning koʻrgazishi boʻyincha bir qancha sodda tajribalar qilib, bu tajribalarning soddaligiga va ustidan qorogʻonda boshlangʻich bir narsa boʻlib koʻringaniga qaramasdan, natija chiqorish uchun juda qiziq va foydali materiallar bera biladi.
Shunday bir tajribani misol oʻrnida bunda gapirib oʻtamiz va bu ishga qiziqib, bizning taklifimizni amalga oshirishgʻa istagan shahar va qishloqlardagʻi maorifchi oʻrtoqlardan bu tajribani oʻz sinflarida qilib koʻrib, toʻplangʻon materiallarni yuborishlarini soʻraymiz.
Har bir pedologga va har bir ongli oʻqitgʻuvchigʻa bolalarning maktab toshqorisida nimalar bilan qiziqqonliqlarini bilishlari va bilishga tirishishlari kerak. Har bir yoshda va har bir ijtimoiy guruhda bolalarning oʻzlariga xos qiziqqon narsalari boʻladi. Oʻqitgʻuvchi bolalarning bu mayllarini maktab ishiga jalb qilib, bolalarni ijtimoiy foydali ishlar yoʻliga solib yuborishi lozim va tegishdir. Oʻqitgʻuvchi oʻz shogirdlarining ustidan yuzaki qarab kuzatib turishi bilangina bolalarning mayl qoʻygʻon narsalari toʻgʻrisida natija chiqara bilmaydi. Bizning taklif qilgʻon tajribamiz maktab oʻqigʻuvchilarining mayllarini yuzaga chiqorib boʻladi. Chet ellarda va Rusiyada hozirda oʻtkazilmakda boʻlgʻon bizning taklif qilgʻon tajribamiz quyidogʻidan iboratdir.
Oʻqitgʻuvchi oʻz sinfiga kirib (2- yo 3-darslarda boʻlishi yaxshiroq), oʻqigʻuvchilargʻa bir qiziq ish berishini eʼlon qiladi va bir natijadan qogʻoz (daftardan ikki varaq toʻrt betli qogʻoz yirtib olishi mumkin) olishgʻa buyuradi. Qogʻozning yuqorisigʻa oʻqitgʻuvchining, maktabning ismini, sinf nomerini, oy kun va chislani, qaysi jinsdan boʻlishi (erkak bola, qiz), yoshi, tajribachilarning (ota-ona) kasbi (ishchi, dehqon, idora ishchisi, onasi – muallim...) familiyalarini yozmasalar ham boʻladi, boʻlmasa bolalar koʻpincha fikrlarini erkin aytishga qoʻrqadilar. Oʻqitgʻuvchi bolalarning durust yozgʻonlarini tekshirib chiqadi. Bundan keyin oʻqitgʻuvchi bolalargʻa quyidogʻi soʻzlar bilan murojiat qiladi:
– “Bolalar, men sizga bir necha savollar beraman. Siz shu savollargʻa javob yozarsiz. Har bir soʻrogʻni diqqatlab tushuningiz, yoxshilab oʻylab olgʻondan soʻng javoblarini hech bir tortinmasdan, ochiq va erkin suratda yozingiz. Soʻrogʻlarni yozmaysiz, javoblarni raqam tartibi bilan yozasiz. Yaʼni birinchi soʻrogʻning javobini 1 raqami bilan belgilaysiz. Ikkinchi soʻrogʻning javobini 2-bilan va shu tartibda belgilaymiz. Ishlaganingizda bir-birlaringiz bilan gapirmangiz, birlaringizga qarab yozmasdan oʻz boshingizdan har qaysingiz oʻz bilganingizcha yozasiz”.
– Diqqat men boshlayman. Birinchi savol. 1. Sifrini bir chekkaga yozingiz –
1. Kelgusida kim boʻlishni istaysan?
2. Nima uchun albatta shuni istaysan?
3. Oʻzing istagan, bilgan odamlaringdan qoysisigʻa koʻproq oʻxshashni tilaysan?
4. Nima uchun albatta shu odamga?
5.Oʻzingda nimaning boʻlmogʻini koʻp istar eding?
6. Nima uchun xuddi shu narsani?
7. Dunyoda sening uchun eng qimmat narsa nima?
8. Nima uchun albatta shu narsa?
9. Nima toʻgʻrisida koʻp oʻqishni istaysan?
10. Nima uchun albatta shu narsa toʻgʻrisida?
11. Sening eng sevgan ishing nima?
12. Nima uchun albatta shu ishni sevasan?
Mana bolalargʻa berilaturgʻon soʻrogʻlar shulardan iboratdir. Bunda bolalarni shoshdirib qistab turish kerak emas. Balki aksincha, zerikmasdan hammalarining erkin, ochiq yozib bitirishlarini kutish kerak. Qogʻoz ozliq qilib bola qisilib qolmasin. Qogʻozni kerak boʻlganicha berish kerak. Soʻrogʻlarni birdan bermasdan, avvali birinchi soʻrogʻni berib, unga hammalari javob yozib boʻlgʻonidan keyin ikkinchisi berilur va shu tartibda oxirigʻacha davom qilinur. Javob qogʻozlarini terib olgʻonda bolalarning oʻlturgʻon tartibiga qarab olinib, ularni raqamlab qoʻyish kerak. Chunki shunday qilingʻonda, keyindan bir-birlaridan foydalangan va koʻchirganlarini bilib boʻladi. Tajriba vaqtida oʻqitgʻuvchi bolalargʻa javob topish toʻgʻrisida quloyliq koʻrgazaman deb, tushundirishlar bermasligi kerak. Bu tajriba vaqtida oʻqitgʻuvchi bolalarni oʻqitmaydi, balki oʻz shogirdlarini tekshiradi. Agarda bir bola soʻroqqa tushunmasa, mayli javob bermay, “tushunmadim” deb yozib keta bersin. Javoblar yozilgʻon qogʻozlarni terib olib oʻqitgʻuvchi ularga ish sharoiti toʻgʻrisida ilova yozur: ish vaqtida bolalar oʻzlarini qanday tutdilar, qaysi savollar ustida koʻproq vaqt sarf qildilar, bu tajriba uchun qancha vaqt ketdi, bolalar bu ishni qanday qarshi oldilar, shovqun qilishib, kulub ishni buzmadilarmi va boshqalar.
Bu tajribani savodi chiqqan va yozishni bilgan hamma sinflarda oʻtkazish mumkin. Imlosining xato boʻlishidan uyolmasdan yoza bersunlar. Bu tajribani mehnat maktablaridagina emas, hatto yosh oʻspirinlar oʻqiyturgʻon texnikumlarda ham qilish kerak.
Javoblarni terib olib oʻqugʻondan keyin hamma qogʻozlarni toʻplab, yuqorida aytilgan ilova yozilgʻon qogʻozni qoʻshub, posilka qilib toʻlab olaturgʻon tartibda pochtaga solib yuborilsun. Posilkaning ustiga quyidagicha yozilgʻonda yuboruvchidan hech pochta chiqimi olinmaydi
Дологавая
Г.Самарканд, Булвар Всеобуча, №8. Педагогическому кабинету Висшего Пединститута.
Buning ostigʻa yuborgʻuvchining adresi yozilur. Bu tajribaning materiallarini yuborganda, shu tajribani qilgʻon oʻqituvchining ismi ham koʻrgazilsun. Bu kelgan materiallar koʻrilib chiqib, ishlanib “Maorif va oʻqitgʻuvchi” jurnolida bosilgʻuvsidir.
Jurnalning kelgusi sonlarida agar oʻqitgʻuvchilar ichidan bolalarni oʻrganish yoʻlida ozgʻina boʻlsa ham ishlashga xohlagʻonlar boʻlsa, biz ular uchun bir qancha boshqa turli tajribalar toʻgʻrisida ham maʼlumot beramiz.
Biz ishonamizkim, bunda koʻrgazilgan tajriba va kelgusidagi tajribalar boʻyincha toʻplangʻon materiallardan hosil boʻlgʻon tajribalar ommaviy muallimlar uchun juda zarur va qiziq bir ish boʻlib, ularni bu ishga jalb qilgʻusidir. Agarda bunga oʻxshash bir necha tajribalar natijasida koʻp boʻlmasa ham bir qanchagina bunga urunishga istagan, faoliyat koʻrgazaturgʻon oʻqitgʻuvchilarimiz maydongʻa chiqsalar, bizga muxbirlik qilsalar, shubhasiz bizning bu boshlagʻon ishimiz mavaffaqiyat qozongʻusidir”.
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori