Mukarrama Turgʻunboyeva tavalludining 110-yilligiga

XX asrga kelib oʻzbek raqsining dovrugʻi olamga yoyildi: “Bahor” raqs ansambli milliy raqslarimizni butun olamga tarannum etdi. Shunday betakror raqslardan biri, shubhasiz, Mukarrama Turgʻunboyeva ijrosidagi “Pilla” raqsi hisoblanadi.

“Pilla” – ayollar ijro etadigan milliy raqslardan biri. Raqs syujeti juda oddiy: unda ipak qurtini boqish, pillani yigʻib olish va bundan ipak tayyorlash jarayoni aks etadi. Raqqosa asar oxirida ipakdan toʻqilgan shoyi (harir) roʻmolni doirachi beliga bogʻlab qoʻyadi. Darvoqe, “Pilla” raqsi faqat doira joʻrligida ijro qilinadi. Raqs uchun doira usullarini ustoz doirachi Usta Olim Komilov 1934-yilda yaratgan. Shu oʻrinda  Usta Olim Komilov, Toʻxtasin Jalilov va Tamaraxonimning 1935-yil 17–19-iyulda Londonda boʻlib oʻtgan xalqaro folklor festivalidagi ishtirokini eslab oʻtish joiz. Royal Albert Xoll sahnasida usta Olim Komilov va Tamaraxonim Britaniya jamoasini hayratda qoldirib “Katta oʻyin”, “Gul oʻyin, “Qari navo” bilan bir qatorda “Pilla” raqsini ham ijro etishgan paytda tomoshabinlar orasida qirol Jorj V va qirolicha Meri ham bor edi.

“Pilla” raqsida oʻziga xos xarakter avvalo, doira sadosi va raqqosa xatti-harakatlarida namoyon boʻladi. Doira sadosi nihoyatda tiniq, jozibali va taʼsirchan, raqqosa harakatlari ham aniq ritmga asoslangan. Uning har bir qadam tashlashi nafis nazokati ila kishini hayratlantiradi. Aniqrogʻi, ushbu raqsda ipak qurtini boqish, parvarishlash, yaʼni mehnat jarayoni shunchaki mexanik tarzda koʻrsatilmaydi, balki oʻzbek ayolining qalb tugʻyonlari, ichki kechinmalari namoyon boʻladi. “Pilla” raqsining ommaviy shakli – raqqosalar jamoasi va musiqa joʻrligida ijro etiladigan varianti ham bor. Ammo, nazarimizda, yakka doira va yakka raqqosa ijro etilgan variant tomoshabin koʻngliga koʻproq manzur boʻlgan.

“Fargʻona maktabiga mansub oʻzbek maqom raqslari faqat zarbli musiqa asboblari – doira, nogʻora, qoʻshnogʻora, qayroq joʻrligida ijro etilib, musiqiy kompozitsiya koʻplab usullardan tashkil topgan zanjir shaklida boʻladi. Bunday raqs ijrosining murakkabligi shundaki, ijrochi, aniq va cheksiz oʻzgaruvchan ritmga boʻysungan holda, barcha tana harakatlari kompleksi bilan ohangni “ayta olishi”, yaʼni raqsning ruhiy mazmunini tana plastikasi orqali ifodalay olishi kerak, - deb yozadi L.Avdeyeva oʻzining “Oʻzbek milliy raqsi tarixidan” kitobida.  Doiraning markaziy qismi yoki halqa qismiga urib chalinganda hosil boʻladigan tovushlar raqqosaga usul ohangini “ayta olish”ga yordam beradi. Dinamik va ovoz-tembr effektlarini vujudga keltiruvchi turli balandlikdagi tovushlar kombinatsiyasi bir cholgʻu asbobi joʻrligini polifonik, yaʼni koʻp ovozli joʻrlikka aylantiradi.

“Pilla” raqsining maftunkor va jozibador chiqishida, tabiiyki, uni sahnalashtirgan Mukarrama Turgʻunboyevaning xizmati beqiyos. Raqs mohiyatiga teranroq kirib borilsa, Mukarramaxonimning xalqimiz tarixini chuqur oʻrgangani, oʻzbek xalqiga buyuk ehtiromi yaqqol seziladi. Negaki, mazkur raqsda biror-bir ortiqcha harakat, oʻrinsiz qayrilish yoki burilishlar, soxta jilmayishlar koʻrinmaydi. Raqqosaning harakatlari erkin va tabiiy, nigohlari oʻta samimiy, bajarayotgan harakatiga juda mos. Doirachi va raqqosaning oʻzaro “dil izhorlari” ham nihoyatda oʻrinli chiqqan. Ayniqsa, raqqosaning mehnat jarayonini tasvirlashdagi holatlari: qoʻl va oyoq harakatlari, ipak qurtiga ozor bermaslik hamda undan ozgina choʻchish harakatlari, pillani yigʻishtirib olish, ipak tayyorlash kabi har bir detal puxta ishlangan. Ipak tolasidan roʻmol toʻqish, unga naqsh solish manzarasi oʻta hayajonli va ishonarli. Nazarimizda, ayni shu holatlar “Pilla”ni milliy raqsdagi “tilla”ga aylantirgan.

“Pilla” raqsida mehnat jarayoni va intizor koʻngillarning bir-biriga talpinishi raqqosaning garmonik harakatlarida mujassamlashib ketgan. Bunday xoreografik talqin har qanday asarda ham uchrayvermaydi. Mukarrama Turgʻunboyevaning topqirligi shundaki, “Pilla”da Sharq ayollari, xususan, oʻzbek ayolining turmush tarzi, oʻy-kechinmalari, dard-u iztiroblari, ishq savdosi – barchasi tabiiy. Ayni paytda Sharq ayollariga xos hayo va ibo, nazokat va shijoat ham oʻta nafislik bilan namoyon boʻladi. Oʻzbek raqsini boshqa xalqlar raqslaridan farqlovchi bunday jihatlar xorijiy mutaxassislar tomonidan ham eʼtirof etilgan.

Haqiqiy sanʼat asarining oʻziga xos mazmun-mohiyati, maʼlum jozibasi boʻladi, uning ich-ichida oʻziga xos falsafa yashirin boʻladi. Ijodkor ayni shu falsafani, avvalo, oʻzi anglab olishi, soʻngra boshqalarga yetkaza olishi lozim. Boshqa sanʼat turlarida bu narsa soʻz, kuy, qoʻshiq va h.k. orqali ifodalansa, raqsda esa, asosan, raqqosa harakatlari orqali yetkaziladi. Ijrochining tana harakatlari, ruhiy holati hamda boshqalarga yetkazish usullari bunda muhim rol oʻynaydi. “Pilla” raqsida har bir harakat, imo-ishora, koʻz qarashlari-nigohlar – hammasi maʼlum bir kompozitsiyani tashkil etadi.

Lyubov Avdeyevaning yozishicha: “Oʻzbek raqsi ustalari – virtuoz ijrochilar, usullarni yigʻuvchilar fargʻonacha professional va havaskor raqslarni ochilayotgan yoki soʻlib borayotgan gul bilan qiyoslaydilar. Qiyoslanayotgan gʻuncha, lola, boychechak, gulsafsar, soʻlayotgan atirgul, shamolda toʻkilayotgan bodom gullari obrazli raqsning maʼnosini ochib beruvchi sheʼrlar va qoʻshiqlarda koʻp uchraydi. Bu lirik maʼno silliq harakatlarda, joyida va sahna boʻylab gir aylanishlarda, yer uzra suzib boruvchi yurishlarda ham bor”.

“Pilla” raqsida raqqosa va doirachi liboslari ham asar yaxlitligini taʼminlab, tomoshabinga cheksiz zavq-shavq beradigan omillardan biri sanaladi. Raqqosa egnidagi harir koʻylak, belni mahkam siqib turadigan nimcha, toʻgʻri tanlangan oyoq kiyimi, doirachi egnidagi libos, oyogʻidagi zarrin etik ham tomoshabinga estetik zavq beradi. Raqqosaning boshi uzra hilpirayotgan roʻmol ham uzukka koʻz qoʻygandek yarashib turadi. Bularning hammasi kompozitsion bir butunlik hosil qiladi va kishini gʻayriixtiyoriy tarzda oʻzga bir olamda “sayr qilish”ga undaydi.

 “Pilla” raqsi oʻzbek raqs sanʼatining noyob durdonasi, u allaqachon oʻzbek raqs sanʼatining “tashrif qogʻozi”ga aylanib ulgurgan. Chunki unda xalqimizning mehnatga munosabati, nozik did-farosati, orzu-armonlari, milliy tuygʻu va ehtiroslari, koʻngil kechinmalari va dil izhorlari mujassam. Biz bunday bebaho maʼnaviy merosni koʻz qorachigʻiday asrashimiz, undagi badiiy, ritmik usullarni puxta oʻzlashtirishimiz, uni maʼnaviy durdona sifatida eʼzozlashimiz zarur. Kelgusida ham mazkur raqs ijrosi yosh raqqosalar uchun namuna, maktab boʻlib qolishi kerak.

Ravshan JOMONOV,

Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi

“Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi professori