Oʻzbekiston tarixida oʻz davri ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan, diniy va dunyoviy bilimlar rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan koʻplab allomalar yashab oʻtgan. Ular orasida fiqh, kalom, hadis kabi islomiy ilmlar taraqqiyotida muhim oʻrin tutgan, nafaqat boy ilmiy-maʼnaviy meros qoldirgan, balki izdoshlari va shogirdlariga ilm oʻrgatib, kelgusi avlodlar uchun buyuk siymolarni yetishtirib bergan zotlar ham talaygina. Bunday uzluksiz jarayon “ustoz-shogird” anʼanasi sifatida ilmiy-amaliy bilimlarning tarixiy silsilasi oʻlaroq bugungi kunga qadar yetib kelishini taʼminlagan.
Ana shunday buyuk zotlardan biri – kubroviya tariqatining asoschisi, sheʼriyatda ham oʻziga xos iz qoldirgan, yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan shayx Najmiddin Kubrodir. Uning hayoti, soʻfiylik tariqati va faoliyatiga oid maʼlumotlar bir qator tarixiy manbalarda, jumladan, Doroshukuhning “Safinat ul-avliyo”, Rizoqulixon Hidoyatning “Riyoz ul-orifin”, Xoʻja Xalifaning “Tuhfat ul-fuqaro”, Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”, Hamdulloh Qazviniyning “Tarixi guzida” hamda Mavlono Minhojiddinning “Tabaqoti Nosiriy” asarlarida batafsil bayon etilgan.
Najmiddin Kubroning asl ismi Ahmad ibn Umar Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiy boʻlib, 1145-yilda Xiva shahrida tugʻilgan. Taxminan 16–17 yoshlarida Xorazmni tark etib, tahsilini chuqurlashtirish maqsadida Eron, Misr, Shom va Iroq mamlakatlarida safarda boʻladi. Bagʻdod, Tabriz, Nishopur, Tus va Dizful shaharlaridagi yetakchi olimlardan shariat ilmlari, hadis, fiqh va tafsirni oʻrganadi. Manbalarning guvohlik berishicha, Najmiddin Kubro dastlab Misrga borib, Shayx Roʻzbehon al-Vazzon al-Misriy (vafoti 1189-yil)ga murid tushadi va undan bir necha yil tariqat odobini oʻrganadi. Shundan soʻng Hamadonda Shayx Ammor Yosir (vafoti 1187-yil) xizmatida boʻladi. Shayx Ammor uni Shayx Ismoil Kasriy (vafoti 1183-yil) huzuriga yoʻnaltiradi. Ismoil Kasriy Najmiddinning takabburligi, zohiriy ilmlarga qiziqishini sindirib, maʼnaviy-maʼrifiy kamolot bosqichlariga koʻtarilishiga katta yordam beradi. Keyinchalik Roʻzbehonning qiziga uylanib, Misrda bir necha yil qolib ketgan boʻlsa-da, maʼlum muddat Tabrizda Imom Abumansurdan ham dars oladi. Shu tariqa Najmiddin Kubroning buyuk soʻfiy va shayx boʻlib yetishishida asosan uch nafar ustoz – Roʻzbehon Misriy, Ammor Yosir va Ismoil Kasriylarning xizmati beqiyos boʻlgan.
Ustozi Roʻzbehonning maslahati bilan 1185-yilda Xivaga qaytib, xonaqoh qurdiradi va Kubroviya tariqatiga asos soladi.
Shayx Najmiddin Kubroning shogirdlari koʻp boʻlib, Eron, Oʻrta Osiyo, Arabiston, Kavkaz va Iroqdan kelib unga murid tushganlar, suhbatlarida ishtirok etganlar. Moʻgʻullar istilosi arafasida Shayxning muridlari soni toʻrt yuzdan ortiq edi. Ular orasida oʻz nomi bilan tarixda qolgan, katta shayxlik darajasiga erishgan shogirdlari talaygina. Jumladan, shayx Majdiddin Bagʻdodiy, shayx Saʼdiddin Hamaviy, shayx Sayfiddin Boxarziy, shayx Aynuzzamon Jamoliddin Geyliy, shayx Bobo Kamol Jandiy, shayx Najmiddin Roziy, shayx Roʻziddin Ali Lolo, shayx Jamoliddin Ahmad Jurfoniy va boshqalar Shayx vafotidan keyin uning ishlarini munosib davom ettirganlar. Bu jarayon XVIII asr oxirigacha davom etgan.
Mazkur muridlar faoliyati natijasida Kubroviya tariqati Movarounnahrdan tashqari Eron, Misr, Iroq, Afgʻoniston va Hindiston hududlarigacha keng tarqaldi. Ayniqsa, Hindistonda bu tariqat tarafdorlari nihoyatda koʻp boʻlgan.
Ushbu maqolada Majdiddin Bagʻdodiy, shayx Saʼdiddin Hamaviy va shayx Sayfiddin Boxarziylarning hayoti va faoliyatiga alohida toʻxtalib, ularning oʻz davri diniy, ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotiga taʼsiri tahlil qilinadi.
Najmiddin Kubroning eng koʻzga koʻringan shogirdlaridan biri Majdiddin Bagʻdodiy boʻlib, uning toʻliq ismi Majididdin Abusayyid Sharaf ibn Muyiddin ibn Mahmud ibn Abulfath Bagʻdodiydir. U hijriy 544-yilda (milodiy 1149–1150-yillar) Xorazmning Bagʻdod qishlogʻida, aslzodalar xonadonida dunyoga kelgan. Bagʻdodiy oʻz zamonasidagi barcha ilmlarni puxta egallab, yuksak isteʼdodini namoyish eta olgan.
Majdiddin Bagʻdodiy Najmiddin Kubro huzurida tasavvufdan taʼlim olib, Xorazmning “Shayx ul-mashoyix” darajasiga erishgan yirik siymolardan biridir. Tazkiralarda uning karomat va fasohati haqida koʻplab hikoyat hamda rivoyatlar keltirilgan.
Manbalarda Shayx Majdiddin Bagʻdodiyning Xorazmshoh Alouddin Muhammadning gʻazabiga uchrab, suvga choʻktirib oʻldirilgani qayd etiladi, biroq bu fojianing sabablari turlicha talqin qilinadi. “Ravzatul nishon” asarida yozilishicha, Majdiddin Bagʻdodiy bilan Shayx Faxriddin Roziy oʻrtasida jiddiy kelishmovchilik yuzaga kelib, Roziyning shikoyati tufayli Xorazmshoh Bagʻdodiyni suvga gʻarq etgan. Abdurahmon Jomiy esa bu fojianing ortida oilaviy mojarolar turganini taʼkidlaydi. Uning yozishicha, oʻz muxoliflarini pinhona yoʻq qilish va xalq gʻazabidan qoʻrqib, kechasi suvga choʻktirib yuborish Xorazmshohlarda anʼanaviy qasos turi boʻlgan.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da Majdiddin Bagʻdodiyning fitna va tuhmat tufayli suvga choʻktirib oʻldirilishi avvaldan bashorat qilinganini shunday hikoya qiladi: bir kuni shayx hazratlari (Majdiddinning ustozi Najmiddin Kubro) samoʻda hush hol boʻlib edilar. Shayx Saʼdiddin bu holatni Majdiddin Bagʻdodiyga xabar qildi. U oyoqyalang kelib, bir tashtda oʻt toʻldirib, boshiga koʻtargancha kashfgohda turdi. Najmiddin Kubroning muborak nazari unga tushgach: “Chun darveshlar tariqi birla parishon soʻzung uzrini qilarsen. Iymon va din salomat eltting, ammo boshing borgay va daryoda oʻlgʻaysan va biz ham sening qoshingga borgaybiz va sardorlar boshi va Xorazm malik sening boshingda borgay va olam xarob boʻlgʻay”, dedi. Shayx Majdiddin shayxning oyoqlariga yiqildi va koʻp oʻtmay shayxning bu muborak nafasi oʻrinli ekani zohir boʻldi.
Bagʻdodiy haqidagi maʼlumotlar asosan tarjimai hol va tazkiralarda uchraydi. Garchi tazkiralardagi maʼlumotlar kengroq boʻlsa-da, Muhammad Avfiy va Hamdulloh Mustavfiy Qazviniyning asarlari Bagʻdodiyning boshqa taniqli arboblar bilan uchrashuvlarini yorituvchi muhim manba hisoblanadi. Bundan tashqari, Bagʻdodiyning “Tuhfa” asaridagi parchalar, Sharofiddin Balxiy hamda shogirdi Roziddin Ali Lalaga yoʻllagan maktublari, shuningdek, Alouddin Simoniyning “Chihil majlis” va Najmiddin Roziyning “Mirrod al-ibod” asarlarida uning tasavvuf jamoasidagi mavqeiga doir qimmatli maʼlumotlar keltirilgan. Keyinchalik Kubroviya tariqatining saqlanib qolishi va tarqalishida Ali Lala va Roziylarning faoliyati katta ahamiyat kasb etgan.
Majdiddin Bagʻdodiyning Xorazmshoh saroyi bilan yaqin aloqalari ham boʻlgan. Jumladan, uning ukasi Bahouddin Bagʻdodiy “Risolat at-tovasul ila at-tarasul” maktublar toʻplamining muallifi boʻlib, Xorazmshohning kotiblaridan biri edi. Muhammad Avfiy Bagʻdodiyni boshqa tasavvuf namoyandalaridan farqlab, “Shayxulshuyux hazrati Xorazm” deb atagan. U davlat amaldorlari tomonidan mintaqadagi asosiy tasavvuf xonaqohining rahbariga beriladigan rasmiy unvon edi.
Bagʻdodiyning oʻlimi sabablari xususida tadqiqotchi Fris Mayer va boshqa olimlar uning Xorazmshohning onasi – malika Turkon Xotun bilan yashirincha nikoh qurganini asosiy sabab qilib aytadilar. Shayxning maktublarida “jahon qoʻmondoni Ulug‘ Turkon Xotun” bilan yaqin munosabatda boʻlganiga ishoralar qilinishi, shuningdek, bu holat diniy muassasa va Xorazmshoh saroyi oʻrtasidagi manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻlganini koʻrsatadi. Bu esa oʻsha davrdagi hukmron sinflar oʻrtasidagi keskin siyosiy raqobat va hokimiyat uchun kurashlar bilan bevosita bogʻliq edi.
Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asarida Bagʻdodiyning ilk faoliyati haqida soʻz borib, uning oilasi Xorazmshoh saroyida tabib sifatida xizmat qilgani qayd etiladi. Jomiy Bagʻdodiyning bir soʻzini keltiradi: “Men daryo boʻyidagi tuxum edim, Najmiddin [Kubro] esa meni tarbiya qanoti ostiga olgan tovuq edi. Endi men tuxumdan chiqib, oʻrdakka oʻxshab daryoga tushib, suzib ketaman, shayx esa qirgʻoqda qoladi”. Bundan xabar topgan Kubroning: “Oʻsha daryoda gʻarq boʻlsin”, degan soʻzi keyinchalik Alovuddin Xorazmshoh tomonidan 1219-yilda Bagʻdodiyning Amudaryoga gʻarq qilinishi orqali amalga oshgani tasvirlanadi.
Shayx Majdiddin Bagʻdodiy nafaqat tasavvuf shayxi, balki isteʼdodli nasrnavis va shoir ham boʻlgan. Bizgacha uning “Risolayi safar”, “Pandnoma”, “Ijozati Roziddin Ali Lala” nomli risolalari va sheʼrlar majmuasi yetib kelgan. Uning ruboiylari falsafiy-irfoniy, axloqiy-taʼlimiy ruhga yoʻgʻrilgan:
Az shabnami ishq xoki odam gul shud,
Sad fitna-vu shoʻr dar jahon hosil shud.
Sad nishtari ishq bar ragi ruh zadand,
Yak qatra az ona chakid va nomush aql shud.
(Maʼnosi: Ishq shabnamidan inson xoki gul boʻldi, / Jahonda yuz fitna-yu gavgʻo koʻpdi. / Inson ruhiga yuz ishq nashtarini sanchdilar, / Undan toʻkilgan bir qatra qonning nomi koʻngil boʻldi). Bunday sheʼrlar mutafakkir Bagʻdodiy majmuasida koʻp uchraydi.
Bagʻdodiyning eng mashhur asari “Tuhfat al-barara fi al-masoil al-ashara” (Oʻn masala haqida ezgu tuhfa) deb ataladi. Oʻn bobdan iborat mazkur asarda fiqh va tasavvuf amaliyoti, shayxlik hamda muridlik taʼriflari, xilvat va zikr qoidalari, tushlar va kashflarning mohiyati, xirqa kiydirish marosimlari hamda tasavvuf vakillari bilan hukmdorlar munosabatiga oid muhim masalalar batafsil bayon etilgan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Majdiddin Bagʻdodiy Najmiddin Kubroning eng koʻzga koʻringan shogirdi sifatida nafaqat ustoziga teng maqomdagi yirik tasavvuf namoyandasi boʻlgan, balki Kubroviya tariqatining keyingi avlodlarga yetib borishida va keng tarqalishida hal qiluvchi rol oʻynagan. Uning boy ilmiy-adabiy merosi hamda murakkab siyosiy davrdagi fojiali hayot yoʻli XIII asr boshlari tarixi, diniy-ijtimoiy muhitni chuqur oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi.
Qalandar SAMANDAROV,
Toshkent amaliy fanlar universiteti katta oʻqituvchisi
Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar:
1. Abuali Eyad. The genesis of Kubrawi Sufism: a study of Majd al-Din al-Baghdadi. PhD Thesis. SOAS, University of London. – London, 2017.
2. Ala al-Din Ata-Malik Al-Juwayni. Taʼrikh-i-jahangusha. Translated by John A. Boyle. Manchester: Manchester University Press, 1958.
3. Hamd Allah Al-Mustawfi al-Qazwini. Taʼrikh-i-Guzida, Volume 2. Edited by Edward G. Browne. London: Luzac, 1910.
4. Homidiy H. Tasavvuf allomalari. – Toshkent: “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati, 2009.
5. Komilov N. Tasavvuf. – Toshkent: “MOVAROUNNAHR” – “OʻZBEKISTON”, 2009.
6. Tosun N. Orta Asyaʼda tasavvuf. – Ankara: Turkistan, 2012.