“Teatr – mening hayotim, ibodatim” derdi u doimo. Avvaliga bunday jumlani Yayra Abdullayevadan ham koʻp eshitganim uchun jindak balandparvoz gapga oʻxshab tuyulgandi. Oʻzi ishlaydigan dargohni kim ham yaxshi koʻrmas ekan, hamma yaxshi koʻradi-da deb oʻylardim. Ammo aktrisa dunyosini yaqindan bilganim sari quruq gap emasligini tushundim.

Balki bugun koʻpchilik uning asl ismi Danisiya ekanini ham bilmas, chunki tomoshabinga Dono taxallusi bilan tanilgan. Kelib chiqishi qozogʻistonlik uygʻurlardan boʻlgan aktrisaning xarakteriga bu nom juda yarashardi ham... Maktabda rus tilida oʻqigani uchun oʻzbekcha maʼno nozikliklari-yu qochirimlar yoki kosa tagida nimkosalarni uncha tushunmasdi. Shuning uchun soʻzlaganda boshqa aktrisalar kabi jimjimador jumlalar-u ohanjama gaplar toʻqimas, xayolidan nima oʻtayotgan boʻlsa barini boricha aytib qoʻya qolardi.

Sevimli aktrisamni qachon taniganimni eslolmayman. Hoynahoy, uni biror komik filmda koʻrganman balki. Bilganim shuki, yetmish, sakson yoshida ham dunyoga hamisha bola nigohi, hayrati bilan qaraydigan boshqa aktrisa koʻrmadim. Dono opada odamni hurkituvchi salobat yoki hukmfarmolik hissi boʻlmagan. Aksincha, ichida katta boʻlolmagan yoki katta boʻlishni istamagan bir begʻubor erka qizcha yashardi. Keyinchalik uning mana shu xarakteridan juda koʻp rejissyorlar foydalangan.

* * *

Sahnadagi obrazlar bora-bora aktyorning qismatiga aylanadimi yoki hayotda sanʼatkorning taqdiriga mos va xos rollar keladimi, bu haqida aniq toʻxtamim yoʻq. Ammo Dono Boboxonova qaysi rol, qanday xarakterdagi obrazni ijro etgan boʻlsa, allaqachon uning qismatiga koʻchgan. Masalan, hozirgi Oʻzbekiston davlat drama teatrida Maksim Karimov piyesasi asosida “Oʻn sakkiz yoshligim” spektakli sahnalashtirilgan edi. “U paytlari juda yosh edik. Isamat ikkimizga (aktyor va rejissyor Isamat Ergashev nazarda tutilmoqda) sevishganlar rolini oʻynash vazifasi topshirildi. Avvaliga muhabbat sahnasi hech oʻxshamadi, rejissyorning qattiq jahli chiqdi. Qayta-qayta repetitsiya qiladi, hech narsa chiqmaydi. Oxiri oʻzlaring shugʻullaninglar deb zaldan chiqib ketdi. Ikkalamiz yolgʻiz qoldik. Bir payt Isamat shunday nigoh bilan menga qarayaptiki, yuragimda titroq oʻygʻondi. Ertasi kuni esa koʻzlariga qaray olmadim. Shu tariqa oʻrtamizda muhabbat paydo boʻldi. Endi biz rollarimizni shunchaki ijro etmayotgan, balki unda yashayotgandik. Sahnada Muhabbat va Ravshan boʻlib emas, Romeo va Julyetta edik goʻyo... U mening Romeom edi...” 

* * *

Teatrdagi koʻpchilik doʻstlari Dono Boboxonovani “Ishdagi ishq” filmidagi komik personaj Verochkaga oʻxshatadi. Ha, qaysidir maʼnoda tashqi koʻrinishi, soʻzlash ohangi, ijro uslubi bu tipajni eslatar ham. Lekin aktrisaning oʻzi boshqa fikrda edi: “Taniqli yozuvchi Stefan sveygning “Nomalum ayol maktubi” asari bor. Shu asardagi nomaʼlum ayol – menman” deb qoldi bir gal teatrga borganimda... Goʻyo bu Sveygning asari emas, mening gʻamgin hikoyam edi. Tamasiz va manfaatsiz sevgi qissasi. Jimgina sevish timsoli. Garchi ishq yoʻlida koʻp azob cheksa-da, cheksiz muhabbat bilan kuyib yonsa-da, biror marta sevgan kishisining yoʻliga toʻgʻanoq boʻlishni istamagan nomaʼlum ayol.

Barcha yoziqlarga koʻnib, yolgʻiz oʻzim bolalarimni katta qildim. Nomaʼlum ayol bilan ruhan yaqinligimizni sahnada bu obrazni ijro etganimdan keyin anglaganman. Voqeadan xabar topgan bir rassom avtoportretimni ham chizgan. Haligacha devorimda osuvli turadi”.

Tomoshabin asosan Dono opani komik aktrisa sifatida xarakterli rollari bilan tanigan boʻlsa, oʻzining aytishicha, aslida tragikomik aktrisa edi. Yuzim kulgani bilan yuragimda Uvaysiyning dardi bor:

Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiymen,

Qayda dard eli boʻlsa, oshno Uvaysiymen.

Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin,

Barchadin yumub koʻzni muddao Uvaysiymen.

Shoira ham men kabi bitta-yu bitta oʻgʻlidan ayrilgan ekan. Dardnok bu satrlarni yolgʻiz oʻgʻlim Dilvozni yoʻqotganimdan keyin koʻp oʻqiydigan boʻlib qoldim, deydi. 

* * *

Dastlab Dono opani rus aksenti bilan soʻzlagani uchun oʻzbekcha rollarga olishmagan boʻlsa, soʻng mumtoz adabiyotni oʻqish darajasiga yetganida teatr rejissyorsiz qoldi. Qanchadan-qancha aktyorlarning yoshlik yillari yoʻqlikka sovurilib ketdi. Rejissyor zotining teatrdan sazoyi qilinaverishi tarixda ne-ne sahnalarni asarsiz, aktyorni rolsiz, tomoshabinni spektaklsiz qoldirgan. Oʻz rejissyorini kutayotgan Muhabbat Abdullayeva, Madina Toʻxtayeva, Munojot Teshaboyeva, Gʻaybulla Jumanov kabi koʻplab fidoyi aktyorlar qatorida Dono Boboxonova ham bor edi. Unga koʻproq ikkinchi darajali rollar – enaga, sotuvchi, lagʻmonchi ayolni berishardi. Dono Boboxonova sahnada qaysi roli, obrazi bilan tanilgan boʻlsa, demak, Ergash Masafoyev, Bahodir Yoʻldoshev, Baxtiyor Ixtiyorov, Sayfiddin Meliyev kabi rejissyorlarning qisqa vaqt teatrda ishlagani sabab boʻlgan! Birgina “Otasining qizi” komediyasini olaylik, 1976-yili sahnalashtirilgan bu asar teatrni naq ellik yil boqdi. Unda Dono Boboxonova bosh rolni oʻynardi. “Ayajonlarim” asari yigirma yil teatrga omad keltirdi. “Ey, biz bormiz” spektaklini ham tomoshabinlar yaxshi kutib olganining guvohi boʻlganman. Chunki bu asarni ham tomoshabin aynan Dono opa uchun koʻrardi. Imkoniyat berilsa, nafaqat ikkinchi darajali rollarni, bosh rollarni ham qoyilmaqom ijro etishga qodir kuchi bor edi. Lekin qariyb oltmish yil davomida nafaqat teatrda, balki kinoda ham aktrisaning isteʼdodidan yetarlicha foydalana olishmadi. Bu haqida sekin oʻzidan soʻrashga jurʼat etaman. “Buni mendan emas, rejissyorlardan soʻrang, azizim, – jindak hazil qiladi Dono opa. Soʻng jiddiy tortadi: – Faina Ranevskaya degan bir rus aktrisasi boʻlardi, bilasiz-a? U ham men kabi butun umr kichik rollarni oʻynadi. Lekin bugun tomoshabin bosh roldagi aktyorlardan koʻra, Ranevskayaning ijrolarini koʻproq eslaydi, sogʻinadi. Gap uning mahoratli aktrisa boʻlganida emas, kichik rollarni ham katta yurak bilan ijro eta olganida...”

Soʻng drama teatridagi mana shu depsinish yillarini chuqur xoʻrsiniq bilan eslaydi aktrisa: “Bir kuni teatrimizga yangi direktor keldi. Sohadan umuman yiroq odam edi. Repertuar boʻyicha Sofoklning “Elektra” asari qoʻyilishi kerak. Biletlar sotilgan. Tomoshabinlar zalda spektaklni kutishayapti. Elektra rolini oʻynaydigan aktrisa kelmagan. Kutayapmiz. Ozgina vaqt qolgan. Nima qilishni bilmay hammamiz direktorning yoniga yuguramiz: spektaklni qoldiramizmi? Elektra yoʻq. Kaltafahm rahbar pinagini ham buzmaydi: “Nega spektaklni qoldirar ekansiz, Elektra boʻlmasa nima qipti, boshqalar borku! Oʻynayveringlar!”. Bu gapga kulishni ham, yigʻlashni ham bilmaysan kishi. Afsuski, biz shoʻrlik aktyorlarning boshiga – teatrga mana shunday boqibegʻamlar ham kelib qolardi...”

* * *

Koʻcha-koʻyda, avtobusda yursa Dono opani odamlar koʻp tanib qolisharkan, ayniqsa uning “Bozor koʻrmagan yigit” videofilmidagi “da-da-si” degan jumlasini odamlar yaxshi eslaydi. U yoq-bu yoqqa borsa muxlislar “Voy, ana “Da-da-si” kelayapti” deyisharkan. Qarasam, bir davrada Dono opa bilan koʻpchilik ketma-ket rasmga tushayapti, yonidagi uncha tanilmagan aktrisa bu holatga gʻashlanib qarab turibdi. Sekin Dono opaga yuzlanaman: anavi aktrisani dugonam deysiz, lekin sizga nega buncha eʼtiroz qilaveradi? Dono opa eʼtibor bermaydi, “Jonim, qoʻyavering, xalq undan koʻra meni koʻproq taniydi. Shuni hazm qilolmaydi” deb javob beradi... Nazarimda, Dono opa el-ulus, katta-kichik orasida nomi chiqqanidan, oʻzini tanishlaridan mamnun yurardi. 

* * *

Dunyo teatri tarixida sahnada spektakl paytida joni uzilgan ijodkorlar koʻp emas. Polsha teatrining mashhur aktyori Tadeush Lomniskiy Shekspirning “Qirol Lir” spektaklida bosh rolni oʻynayotgan paytida sahnaning oʻzidayoq omonatini topshiradi. Tomoshabin bu oʻlimni spektaklning davomi sifatida chapaklar bilan olqishlagan. “Metropoliten” opera teatrida ham xuddi shunday voqea boʻlgan. Aktyor Arman Kastelmari ham sahnada yurak xurujiga uchragan. Bu qismat Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Dono Boboxonovaning ham boshida bor ekan. Sahnada oʻlish uning eng katta orzusi ham edi aslida. Ellik sakkiz yil bitta joyda ishlagan sanʼatkor soʻnggi nafasigacha teatr uchun yashadi. 2026-yil 15-aprelda Olimjon Salimov sahnalashtirgan “Layli va Majnun” spektakli premyerasiga ikki kun qolganda repetitsiya paytida yuragi xuruj qildi. O‘layotib, “Premyerani qoldirmanglar, Gavharni chaqiringlar, oʻrnimga rol oʻynasin” deb shivirlayotgandi. Oʻsha Kastelmarining eng soʻngi soʻzlari nima ekanini bilmayman-u, ammo Dono Boboxonovaning eng soʻnggi vasiyati uyi, farzandlari, qarindosh-urugʻi yoki doʻstlari haqida emas, spektakli haqida edi, teatri haqida edi: “Premyerani qoldirmanglar, Gavharni chaqiringlar...” Ha, teatr uning umri, yoshligi, sevgisi, baxti, dardi, armoni, iztirobi, keksaligi va hatto vasiyati edi...

Shohsanam XIDIROVA,

jurnalist

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 3-son.

“Nomaʼlum ayol” vasiyati” maqolasi