Yurtimizda Mustaqillik tantanalari davom etayotgan bir pallada islohotlar, erishgan va erishayotgan yutuqlarimiz hamda kelajak umidlari asosiy mavzuga aylanayotgani hech kimga sir emas. Oyina.uz mana shu ruhiyatga mos ravishda eʼtirofga munosib koʻrilgan yurtdoshlarimizdan biri Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi, kosonsoylik muallim, tumandagi 9-ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktab-internat direktori Maʼmurajon Sultonovaning hayotiy hikoyasiga quloq tutdi.
Bilamizki, dunyodagi kasblar ichida eng ulugʻi oʻqituvchilikdir. Zero, har bir kasb egasi muallim qoʻlida oʻz yoʻlini topadi. Shu bois oʻqituvchi-pedagoglarni qadrlash va koʻklarga koʻtarish hammamizning burchimizdir. Bugungi qahramonimiz zimmasidagi vazifani ado etishga nafaqat bilimi, salohiyati, balki qalb qoʻri, mehrini baxshida etgan. Kasbiga boʻlgan sadoqati, fidoyiligi tufayli el-yurt orasida hurmat va eʼtibor topgan.
Gap shundaki, Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan Maktablarda taʼlim sifatini yanada oshirish, oʻquvchi oʻrnini koʻpaytirish hamda oʻqituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish boʻyicha videoselektor yigʻilishi Maʼmurajon Sultonova hayotida yangi sahifa ochdi. U Namangan viloyati studiyasi orqali yigʻilishda qatnashib, davlat rahbari bilan samimiy suhbatlashdi. Qahramonimiz ming bir hayajon bilan bu haqida soʻzlab berdi:
– Oʻzim direktorlik qilayotgan maktab oʻquvchi va oʻqituvchilari erishgan yutuqlar, xususan, bitiruvchilarimiz ketma-ket uch yildan beri yuz foizlik natija bilan oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinayotgani haqida aytdim. Eng muhimi, bu yutuqlarga qanday erishayotganimiz omillari, jamoamizdagi tashabbuskorlik Prezidentimizga maʼqul keldi. Shunda davlatimiz rahbari zaldan turib: “Sizga bugunoq davlat mukofoti beraman, yigʻilishdan chiqib farmonga imzo chekaman”, – dedi. Oradan koʻp vaqt oʻtmadi. Quvonchli xabardan koʻzlarimga yosh keldi. Prezidentimiz meni “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” yuksak unvoni bilan taqdirladilar. Oddiy qishloq oʻqituvchisiga koʻrsatilgan bunday eʼtibor, ehtirom, eʼzozdan koʻnglim togʻdek yuksaldi.
Maʼlumot uchun, Maʼmurajon Sultonova ushbu maktabga 2008-yildan beri rahbarlik qiladi. Oradan oʻtgan 15 yil davomida taʼlim muassasasi faoliyatini yanada yaxshilash, oʻqituvchi va oʻquvchilarga munosib sharoitlar yaratib berish yoʻlida tinimsiz izlandi, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladi, yangiliklarni amaliyotga tatbiq etishdan hayiqmadi. Biz ulardan oʻz tajribalarini boʻlishishni soʻradik:
– Avvalo, jamoamiz bilan oʻquvchilarning qiziqishi, qobiliyati va orzu-maqsadini oʻrganib, tegishli yoʻnalish hamda maxsus tayyorlov sinflariga ajratib oldik. Bu yil bitiruvchilarning 11 nafari 150 dan yuqori ball toʻplab, grant asosida talabalikka qabul qilindi. Oʻquvchilarimiz respublika miqyosidagi va xalqaro tanlovlarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Masalan, 2020-yili oʻquvchimiz – isteʼdodli yosh xonanda Olimaxon Tojiboyeva Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir shogirdimiz Muhammadzohir Abdumutalov matematika boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada gʻolibi boʻldi. Mamlakat miqyosidagi turli fan olimpiadalarida 12 oʻquvchimiz faxrli oʻrinlarni oldi.
Yuqorida taʼkidlaganimdek, erishgan yutuqlarimiz bir tomon boʻlsa, unga olib boruvchi yoʻlimiz ham oʻrganishga arziydi. Yaʼni, har bir muvaffaqiyat zamirida uzoq yillik izlanish, mashaqqatli mehnat, tashabbus yotibdi.
Misol uchun, bundan 4-5 yil oldin 10-11-sinf oʻquvchilarini boʻlib oʻqitish tajribasini yoʻlga qoʻyganmiz. Yaʼni, ular bilan bittama-bitta suhbatlashib, qiziqishini oʻrganganmiz. Shu asosda, ularni guruhlarga boʻlib chiqqanmiz. Masalan, kim kelajakda shifokor boʻlishni aytsa, uni kimyo-biologiya guruhiga, iqtisodchiliki tanlaganlarni matematika chuqurlashtirib oʻqitiladigan guruhga biriktirganmiz. Eng muhimi, bu guruhlar bilan mashgʻulotlarni malakali oʻqituvchilar olib borishi ham eʼtibor markazimizda.
Shu oʻrinda, bir masalaga oydinlik kiritib ketishim kerak. Yuqoridagi chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan guruhlar mashgʻuloti DTS talablaridagi dars mashgʻulotidan alohida oʻtiladi. Yaʼni, oʻquvchilarning boʻsh vaqtida qiziqishi boʻyicha bilimlari yanada mustahkamlanadi. Biriktirilgan oʻqituvchilar oʻquvchilarni to oliy oʻquv yurti talabasi boʻlgunicha zarur yordamini ayamaydi. Maqtanish boʻlmasin, bu tashabbuslarni amalga oshirishda kadrlar bilimiga ham katta eʼtibor berdik. Eng yaxshi, eng kuchli, eng malakali, eng tashabbuskor, eng jonkuyarlarni saralab olganmiz. Masalan, avval oliy va 1-toifali oʻqituvchilarimiz sanoqli boʻlgan edi. Bugun esa jamoamizning 86 foiz ustozlari shu darajadagi muallimlardir. Bundan tashqari barcha chet tili oʻqituvchilarimiz sertifikatga ega.
Yana bir eʼtiborli tomoni, oʻquvchilarni xorijiy tillarga xususan, ingliz tiliga oʻqitish ham yoʻlga qoʻyilgan. Barcha bitiruvchilar xalqaro darajadagi til sertifikati uchun tayyorlanadi. Joriy yil noyabr oyida nasib qilsa, 14 nafar oʻquvchiimiz IELTS sertifikatiga imtihon topshiradi. Nasib qilsa, bu sinovda ham 100 foizlik natija koʻrsatishimiz kutilyapti. Hatto, taʼtil davrida ham yuqoridagi guruhlar boʻyicha haftada bir kun 11-sinf oʻquvchilari bilan bepul mashgʻulotlar tashkil etamiz. IELTSga tayyorlov kursi ham tekinga oʻtiladi. Shuning uchun ham, bitiruvchilarimiz nafaqat oʻzimizdagi OTMlarga, balki xorijiy TOP universitetlarga ham oʻqishga qabul qilinmoqda. Bilasiz, xorijiy universitetlarga xujjat topshirish, sinovlaridan oʻtish bizdagidan tubdan farq qiladi. Buning uchun malakali mutaxassislarni jalb qilib, oʻquvchilarga xorijiy universitetlarga xujjat topshirish boʻyicha mashgʻulotlar tashkil qilamiz.
Shuningdek, bitiruvchi sinf yigit-qizlarimizni har 3 oyda bilimini baholab borish va xatolarni aniqlab olish maqsadida Bilim va malakalarni baholash agertligining Namagan viloyati vakillari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Belgilangan muddatda oʻtkazilgan test sinovlari natijasiga koʻra, har bir oʻquvchi bilimidagi boʻshliqlarni aniqlab boramiz.
Eng muhimi, jamoamizda sof taʼlim muhiti yaratilgan. Erta tongdan oʻqituvchilarimiz uylaridan bugun darsda qanday yangiliklar bilan shogirdlarimni eʼtiborini tortsam ekan, deb chiqsa, oʻquvchilar ham bugun maktabdan nimadir olishim kerak, degan niyatda taʼlim dargohimizga shoshadi.
Qahramonimiz tajribasi bilan tanishar ekanmiz, xayolimizga vaziyat yoki sharoitni bahona qiladigan ayrim mutaxassislar keldi. Guvohi boʻlganingizdek, yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish va samarali natijalarga erishish birgina rahbarning tashabbusi va mehnatiga ham bogʻliq boʻlishi mumkin ekan. Haqli ravishda davlatimiz rahbarining eʼtirofiga munosib koʻrilgan Maʼmurajon Sultonova kabi yurtdoshlarimiz bilan faxrlanamiz.
Xayrullo ABDURAHMONOV.
Oyina.uz