Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazmoqda. Bu haqda Sherzod Asadov xabar berdi.
Davlatimiz rahbari hosil yigʻishtirish ishlari qizgʻin kechayotgan kunlarda qashqadaryoliklar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirdi.
Qashqadaryoda yilning toʻqqiz oyida sanoat 8,4 foiz, xizmatlar 16,6 foiz, qishloq xoʻjaligi 4,9 foizga oʻsdi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari hozirgi natijalar bilan viloyatning mavjud salohiyati oʻrtasida hali katta farq borligini koʻrsatib oʻtdi.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari boʻyicha viloyat respublikada yettinchi, xizmatlar boʻyicha toʻqqizinchi, qishloq xoʻjaligi va qurilish hajmi boʻyicha oʻn birinchi oʻrinda. Prezidentimiz tuman hokimlari va banklar “bilimga – ragʻbat, mehnatga – imkoniyat, tashabbusga – madad” beradigan muhit yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yilda eng ilgʻor hududlar qatoriga chiqishi mumkinligini taʼkidladi.
Sanoatda yangi bosqichga oʻtish uchun viloyatda yetarli resurs bor. Gaz, elektr va yer osti boyliklarini daromadli ish oʻrinlari hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga aylantirish vazifasi qoʻyildi.
“GTL” zavodida qiymati 300 million dollar boʻlgan uchta yirik loyiha tayyor. Zavoddan olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha 1,5 milliard dollarlik loyihani amalga oshirish mumkin. Dehqonobod kaliy zavodi quvvatini 365 ming tonnadan 600 ming tonnaga yetkazish imkoniyati, kichik tonnajli kimyo yoʻnalishida esa 830 million dollarlik 30 dan ortiq loyihaviy taklif bor.
Viloyatga tayinlangan loyiha menejeri va boshqa masʼullarga 20 milliard dollarlik loyihalar va 50 ming ish oʻrnini qamrab oladigan uch yillik dastur tayyorlash topshirildi.