Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.

“Bu yillar davomida bahslarga sabab boʻlayotgan va oxiri koʻrinmayotgan masala edi. 2023-yil 11-dekabrda jadidlar merosiga bagʻishlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatish tashabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qoʻyish vaqti kelganini aytgan edim.

Albatta, oʻzgarishlar oson kechmaydi, kimlardadir eʼtiroz yoki xavotir uygʻotishi ham tabiiy. Lekin, ishoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham berish va tilimizning raqamli makondagi oʻrnini mustahkamlash uchun boshqa yoʻl yoʻq edi.

Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yoʻq, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tushirish yoʻlini tanladik: amaldagi barcha hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qogʻozlar oʻz kuchida qoladi, darslik, peshlavha va koʻrsatkichlar esa yaroqlilik muddati tugagach, bosqichma-bosqich almashtiriladi.

Ushbu qonunning 21-oktyabr kuni qabul qilinishida chuqur ramziy maʼno bor. Tuzatilgan alifbomiz maʼrifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoshlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Barchangizni Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman,” deb yozadi Saida Mirziyoyeva