“Qanday baxtli boʻlish mumkin” asari muallifi nega oʻzini oʻldirgan? “Ijtimoiy maʼqullangan” giyohvand modda bormi? Nima uchun koronavirusning kelib chiqishini shifokor emas, taksi haydovchisi yaxshiroq “biladi”? Shu va shu kabi savollar qiziqtirsa – axborotning inson ongi, his-tuygʻulariga taʼsiri, soʻz, tasvir va talqin orqali omma fikrini boshqarishga urinishlar, jamiyatda sunʼiy ravishda salbiy yoki ijobiy infomuhit yaratishdan koʻzlangan maqsadlar, muayyan mahsulot yoki xizmatni “yedirishga” qaratilgan vijdonsiz reklama-marketing yurishlari, media-manipulyatsion texnologiyalar, nazariya va konsepsiyalarni tushuntiruvchi ayni maqola aynan siz uchun.
Narko-disfunksiya nazariyasi
Yoʻq, gap giyohvandlik yoki unga mubtalo boʻlishning goʻristonga yaqinlashtirishi haqida emas. Bu nazariya – odamlarning keti koʻrinmaydigan ulkan va rang-barang axborot oqimi/axlatiga duch kelishi oqibatida ularda muayyan mavzuga nisbatan mutlaqo befarqlik, loqaydlik kayfiyati paydo boʻlishini anglatadi.
Ushbu konsepsiya asoschilari – Pol Lazarsfeld va Robert Mertonning qayd etishicha, katta hajmdagi maʼlumotlar “odamlarda muhim ijtimoiy masalalarga eʼtiborni susaytiradi, ularga yuzaki qaraladi, natijada jamiyatda ommaviy apatiya, yaʼni hafsalasizlik muhiti paydo boʻladi”.
Umuman, nazariyaning ikki xil talqini bor.
Birinchisi: xabarlar toʻlqini oʻquvchi yoki tinglovchining faolligini oshirish yoki amaliy harakatga undashdan koʻra koʻproq mudroqqa soladi, giyohvand modda qabul qilgandek gandiraklatib qoʻyadi. Toʻgʻri, foydalanuvchilar turli muammolar haqida oʻqiydi, oʻzining yuqori darajadagi bu qiziqishi va xabardorligidan mamnun ham boʻladi, biroq oʻz navbatida ular qaror qabul qilish va amaliy harakatlardan uzilib qolganini sezmaydi. Qisqasi, odamlar oʻqish, tinglash, fikr yuritishni goʻyo haqiqiy harakatning oʻrnini bosuvchi narsa sifatida qabul qiladi.
Masalan, saylov kampaniyasi davrida kishilar juda koʻp axborotga ega boʻladi, tarmoqlarda muhokamalar koʻpayadi, tushungan ham, tushunmagan ham soʻz aytadi, u yoki bu partiya tanqid ostida qoladi, “divandagi ekspertlar” platformalardagi siyosiy bloglarni egallab oladi, hamma goʻyo faol, ammo yuzaki, chunki eng muhim nuqta – saylov uchastkasiga borib munosib nomzodga ovoz berishga koʻpchilik hafsala qilmaydi, hatto erinadi.
Ikkinchisi: Neyl Postman ilgari surgan talqin. Olim ommaviy kommunikatsiyalardan tarqalayotgan informatsion oqim, ayniqsa koʻngilochar xabarlarning auditoriyaga taʼsirini Oldos Xakslining “Ajib yangi dunyo” antiutopik asaridagi “ijtimoiy maʼqullangan” giyohvand modda – “soma”ga qiyoslaydi. Uning bir tomchisi odamlarni tinchlantiradi, quvnoq kayfiyat bagʻishlaydi, muammolarini unuttiradi, reallikdan dam oldiradi.
Koʻngilochar axborotda ham ayni xususiyat bor: ular kishilarni aslida muhim va dolzarb masalalardan chalgʻitadi, masalan falonchining ersiz besh bola koʻrgani, pistonchining ichki kiyim kiymagani va hokazo info-magʻzavalardan mast odam deylik, global iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi haqidagi gaplarga mutlaqo parvo qilmaydi.
Qoʻrqitish va tahlika effekti
Yaqinda taniqli developerlardan biri – koʻp qavatli uy qurib sotadigan biznesmen oʻzining instagram sahifasida: “Men birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda yangi turarjoylarni eng past narxlarda sotishni yoʻlga qoʻydim, odamlarga foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratdim, bozorni “notinch” qilganim uchun toʻsqinliklar, hayotimga bir necha bor tahdidlar boʻldi, lekin toʻxtamadim. Hammani navbatdagi vebinarimga taklif etaman“ degan mazmunda (vahimali notada) videochiqish qildi.
Bu esa axborot makonida rezonans boʻldi, katta auditoriyali kanal va sahifalar “Palonchi artistning quruvchi eri barcha haqiqatni aytib tashladi”, “Raqobatchilar developer hayotiga zomin boʻlmoqchi” mazmunida shok-xabarlar tarqatdi, video tagida oʻn besh mingdan ziyod munosabat bildirildi, izohlarda “sizga ishonamiz”, “Oʻzi asrasin”, “Inshaolloh sizdan uy olamiz” kabi tasallilar yogʻdirildi.
Darhaqiqat, kimdir developerga “oʻpkangni bosvol, uka” deb hazillashgandir, yana xudo biladi. Lekin, uning bu videosi kaminaga huquq-tartibot organlari eʼtiborini jalb etishdan koʻra, isteʼmolchilarda achinish, vahima hissini uygʻotish, shuningdek raqobatchilarni har qanday yovuzlikka tayyor “koshshey” qiyofasida tasvirlab, xaridorlarni oʻziga ogʻdirishga qaratilgan manipulyatsion texnologiya boʻlib koʻrindi.