Kechagi kunimning qanday oʻtganini eslayapman. YouTube va Instagramda soatlab “aylandim”. Birdan oʻzimga keldim: qoʻlimda dunyoning eng katta kutubxonasi bor ekan, xohlagan maʼlumotni bir necha soniyada oʻqishim mumkin-ku. Ammo tanlov qilmayotgan edim – menga koʻrsatilayotgan narsalarni shunchaki tomosha qilib oʻtirgan va algoritm nima bersa, shuni “yeyaveradigan” odamga aylanib qolgandim.

Oʻsha lahzada miyamda Erix Frommning “Ozodlikdan qochish” kitobidagi mashhur savol chaqmoqdek chaqnadi: nega biz, bu qadar katta erkinliklarga ega boʻlgan zamonda, har kuni aynan oʻsha erkinlikdan qochamiz?

Bu kitob 1941-yilda yozilgan, ammo goʻyo aynan bugun uchun. Fromm oʻsha paytda natsistlar Germaniyasining koʻtarilishini kuzatib, savol bergandi: “Nega erkin odamlar oʻz ixtiyori bilan erkinlikdan voz kechib, uni bir zolim yetakchiga topshiradi?” Bugun esa biroz boshqacharoq savolga javob qidiramiz: Nega biz oʻz fikrimizni algoritmlarga, “mutaxassis”larga yoki blogerlarning qoʻliga berib qoʻyamiz?

Qafasdagi qush paradoksi

 

Bogʻlab qoʻyilgan, lekin sokin turgan qush tasviri. “Zarhalqush”  – The Goldfinch” by Carel Fabritius (1654).

Frommning eng qiziq xulosalaridan biri shuki, inson tabiatan ozodlikka intiladi, lekin unga erishgach, ogʻirligini koʻtara olmaydi. Bu holat qafasda ulgʻaygan qushga oʻxshaydi – qafas eshigi ochilganda uchib ketish oʻrniga, burchakga tiqilib, qoʻrquvdan titray boshlaydi. Lekin nima uchun tabiat bizni shunday “notoʻgʻri” dasturlagan?

Bu paradoksning ildizlari evolutsion psixologiyaga borib taqaladi. Bizning miyamiz ming yillar davomida nisbatan kichik, barqaror guruhlarda yashash uchun shakllangan. Oʻsha paytda tanlov minimal edi: ovga borish yoki qolish, qaysi yoʻldan yurish, kimga turmushga chiqish. Har bir tanlov hayotiy ahamiyatga ega edi, shuning uchun miya tanlovlarni “xavfli” deb qabul qilishga oʻrgangan.

“Qichqiriq” – “The Scream” by Edvard Munch (1893).

Endi esa har kuni minglab tanlov bilan duch kelamiz va qadimiy miyamiz bu “tanlov sunamisi”ga bardosh bera olmaydi. Neyrologlar isbotlaganidek, bizning miyamiz doim energiya tejashga harakat qiladi. Har bir yangi tanlov esa miyada qoʻshimcha energiya talab qiladi. Shuning uchun miya “avtopilot” rejimini afzal koʻradi, chunki bu energiya jihatdan samaraliroq.

Bu biologik zaiflik bizni qochadigan yoʻllarga olib boradi. Fromm aynan shu qochish mexanizmlarini tahlil qilib, inson qalbining eng chuqur sirlarini ochib berdi.

Uchta qochish yoʻli (oʻzbekona misollar bilan)