Movarounnahr xalqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosan xitoy, arab, fors va turkiy manbalarda keltirilgan. IX–XIII asrlardagi qoʻlyozmalarning aksariyati arab tilida yozilgan boʻlib, bizga Ibn Fadlan, Masʼudiy, Istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy, Marvaziy, Idrisiy, Gardiziy, Ibn al-Asir, Shihobiddin Nisoviy, Jamol Qarshiy kabi muarrixlar Markaziy Osiyo xalqlari etnogenezi va etnik tarixiga doir bilgi aytadi.

Arab manbalarida Markaziy Osiyoda yashovchi etnik guruhlar umumiy – “turkiy” etnonimi ostida berilgan, ular qahramon xalq sifatida eʼtirof etilgan va islom dini uchun tahlikali, deb hisoblangan [Şeşen. 2001. S. 5.]. Shuningdek, turklar xalifalikning ishonchli harbiy kuchi sanalib, xalifalar tan soqchisini ulardan tayinlagan. Xususan, xalifa Muʼtasimning 4000 turk askari boʻlgani (xalifa Abdulmalikning ham turk qoʻriqchilari bor edi) manbalarda taʼkidlanadi. Yoqut Hamaviyning aytishicha, xalifaning 70 mingta turk askari bor edi [Şeşen. 2001. S. 5, 10, 20].

Turkiy xalqlar toʻgʻrisida soʻz yuritgan muarrixlarning bu toʻgʻrida fikr-mulohazalari turlicha. Jumladan, Ibn Xurdodbeh turk shaharlari soni 16 ta boʻlganini aytsa, Mahmud Koshgʻariy ularni aslida 20 qabiladir, deydi. “Hudud ul-olam”da esa dunyo 51 mamlakatdan iborat. Shulardan 45 tasi Ekvatorning shimolida turk pecheneglari, chigʻil, tuxsi, xallux (qarluq), yagʻmo, toʻquzgʻuz, xirxiz (qirgʻiz)lar alohida davlatdir, deyiladi [Hudûd el-âlem. 1937. S. 83].

Marvaziyga koʻra, turklar juda koʻp qabila boʻlgan va ularning aksariyati sahroda, chodirlarda yashagan. Chorvador boʻlgani uchun bir joyda yashamaganlar. Ular orasidagi urug‘-qabilalar quyidagilardir: turk, yemak, qirgʻiz, qarluq, chigʻil, aymur, qiniq, yogʻi, xalaj, oʻgʻuz, kidan, gay, urus, kay, uran, tuxsi, tibet, qora tibet, saklob, ximji, kaymok, xazar, qora xazar, qipchoq, olti kujat, pecheneg, ugʻul (ogʻul), satik, sotuk, qora tatar, qangʻli, bargʻu, guz, qora guz, tugʻuzgʻuz, yagʻmo arokun, qayig‘, salgur, yazgir, rokor (rukur), boyandur, ala-yanduluk, ugʻur, tugʻrak, bayat, tuturchodujiran, suvik, yabagu, afshar, bakraz, bekdili, ikabo, atkuk, luzuztera, urul, lartlik, basmil, el-barsxon [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].

Idrisiy turk oʻlkalarining barchasi Movarounnahr, Fargʻona, Shosh va Taroz hududidir, deydi. Muarrixning taʼkidlashicha, turklar koʻp boʻlgani uchun hisoblab boʻlmaydigan darajada qavmlarga boʻlingan [İdrîsî. 1970. B. 517]. Manbalarda taʼkidlanishicha, turklar orasida eng qudratlisi oʻgʻuzlar, eng goʻzali, boʻydor va porloq yuzlisi qarluqlardir. Qarluqlar Fargʻona, Shosh va qoʻshni hududlarda yashagan. Hukmdor va xoqonlar xoqoni qarluqlardandir [Mesûdî. S. 1. 1861. B. 289]. Marvaziy qarluqlar 9 guruhga boʻlingan, deydi. Bulardan uchtasi chigʻil, uchtasi askali, biri bulak, biri gugʻerjin, biri tuxsilardir. Bu maʼlumot Avfiyda boshqacharoq (uchtasi chigʻillar, uchtasi xaskalilar, biri bevaviy, biri kavakiniy, biri kimak) keltirilgan [Şeşen. 2001. S. 19].

Arab manbalarida yirik turk etnoslari sifatida Movarounnahr va unga qoʻshni hududlarda istiqomat qilgan qarluq, oʻgʻuz, yagʻmo, chigʻil, xalaj, kimak va boshqalar zikr etilgan. “Hudud ul-olam”da yirik etnos hisoblangan yagʻmo xalqi sart, quvvatli va muxaribdir. Hukmdorlari toʻquzgʻuz hukmdorlari oilasidandir. Yagʻmolarning koʻpgina qabilalari bor. Baʼzilarning aytishicha, bular orasida 1700 maʼruf qabila boʻlgan, deyiladi [Hudûd el-âlem. 1937. S. 83]. Ammo bu fikr unchalik toʻgʻri emas. Negaki, yagʻmolar yoki boshqa etnoslar IX–X asrlarda hali tarkibiga 1000 dan ortiq qabilani birlashtira oladigan darajada yirik emas edi. Yagʻmolar toʻgʻrisidagi eng koʻp maʼlumot Gardiziyning asarida keltirilgan. Muarrixning yozishicha, yagʻmolar toʻquzgʻuzlar tarkibida boʻlgan [Bartold. Soch. 1973. B. 83]. Biroq boshqa manbalarda uygʻurlar tarkibida yagʻmo etnik nomi uchramaydi. Shuningdek, Gardiziy yagʻmo aslida shaxs nomi boʻlib, keyinchalik qabilaga nisbatan ham qoʻllangan [Gerdîzî. 1347. S. 260], deydi. Olim qipchoq va qarluqlar toʻgʻrisida ham xuddi shunday maʼlumotni beradi [Gerdîzî. 1347. S. 257-258]. Biroq, shunga yaqin maʼlumotlar boshqa muarrixlar asarlarida kuzatilmaydi. Marvaziy yagʻmolarni eng yirik turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].

VIII–IX asrlarda yagʻmolar alohida qabila ittifoqini tashkil qilgan. Gardiziy yagʻmolar “Xitoydan chapda juda katta hududda yashagan” [Bartold. 1973. S. 46.], deydi. Tarixchining maʼlumotlariga koʻra, yagʻmolar taxminan Ili daryosining yuqori oqimlarida istiqomat qilgan. Gardiziy maʼlumotlarini toʻldirgan holda Mahmud Koshgʻariy yagʻmolarni tuxsi va chigʻillar bilan birga Ilida yashaganligini taʼkidlaydi [Koshgʻariy. 3-tom. 1963. B. 460]. Devondagi maʼlumotlar yagʻmolarni jangovar xalq sifatida tanitadi. Ularning tili chigʻil va tuxsilarniki bilan yaqin boʻlsa-da, oʻziga xosdir [Koshgʻariy. 3-tom. 1963. B. 460].

Arab muarrixlari qarluqlar toʻgʻrisida ham koʻp toʻxtalgan. “Hudud ul-olam”da “Qarluqlarning sharqida Tibetning baʼzi qismlari, yagʻmo va toʻquzgʻuz hududlari, janubida yagʻmolarning baʼzi qismlari va Movarounnahr oʻlkasi, gʻarbida Oʻgʻuz hududlari, shimolda tuxsi, chigʻil, toʻquzgʻuz hududlari bor. Qarluqlar madaniylashgan xalqlarga yaqindir. Xush ahloqli va madaniydirlar. Qadimda qarluq hukmdorlari jabgʻu va yabgʻu nomini olgan” [Hudûd el-âlem. 1937. S. 97.], deyiladi. Mahmud Koshgʻariy asarida qarluqlar turkmanlar bilan aloqador xalq ekani taʼkidlanadi [Togan. 1981. S. 413.]. Z.V.Toʻgʻonning taʼkidlashicha, qarluq turklari eftalitlar (abdal/xeftal)ning ham ajdodi hisoblanadi [Togan. 1981. S. 42.].

Idrisiyning aytishicha, qarluqlar Taroz shimolida ham yashashgan va Taroz xalqi bilan doim urushib turganlar. Sulh davrida esa ikki tomon oʻzaro tijorat bilan shugʻullangan [Şeşen. 2001. S. 104.]. Gardiziyning taʼkidlashicha, qarluq turklarning buyuklaridan birining nomi boʻlib, shaxs nomi keyinchalik, qabilaga nisbatan qoʻllangan [Gerdîzî. 1347. S. 257-258.] va etnonimga aylangan. Istaxriy va Qazviniyning asarlarida Isfijobdan Fargʻonagacha boʻlgan ulkan hudud qarluqlarga tegishli boʻlgani [Istahrî. 1927. S. 289-290; Zekeryyâ b. Muhammed b. Mahmûd el-Kazvînî. 1380/ 1960. S. 558.] aytiladi.

Arab manbalarida chigʻillar ham turklarning yirik qabilalari qatorida tilga olingan. “Hudud ul-olam”da “Chigʻil oʻlkasi asosan qarluqlarga oid bir oʻlkadir. Chigʻillarning chodirlari va kulbalari boʻlib, goʻzal kasaba va qishloqlari kam. Ularning baʼzilari quyosh va yulduzlarga topinadilar [Hudûd el-âlem. 1937. B. 99.], deyiladi. Mahmud Koshgʻariyning asarida yozilishicha, chigʻillar uch turkiy qabilaning birlashmasi boʻlib, ular quyidagilardir: 1) Barsagʻon quyidagi qoʻjas shaharchasida yashovchi koʻchmanchilar; 2) Taroz yaqinidagi shaharchada yashovchilar ham chigʻil deb atalgan; 3) Qoshgʻarda bir qancha qishloqlarda yashovchi turkiy qabilalar ham chigʻil deb atalgan [Koshgʻariy. 1-tom. 1960. B. 374]. Turkcha Monixey matnlarda chigʻil etnonimi toponim va kishi nomi sifatida ham talqin etilgan (Chigʻil Arslon, Chigʻilbaliq, Chigʻilkent) [Peter B. Golden. 2002. S. 165.]. Mahmud Koshgʻariyning asarida chigʻillar toʻgʻrisida yana quyidagi maʼlumotlar mavjud bo‘lib, “Chinga qadar choʻzilgan Jayhun qirgʻoqlarida yashovchilarni oʻgʻuzlar chigʻillar deb ataydilar. Bu xato. Negaki, mazkur hududda faqat chigʻillar emas, boshqa koʻpgina qabilalar ham yashaydi” [Koshgʻariy. 1-tom. 1960. B. 29], deydi. Devonda chigʻil nomi Iskandar Zulqarnayn tomonidan berilgani aytiladi. Alisher Navoiy ham Mahmud Koshgʻariy fikrlarini tasdiqlaydi. U Iskandar Zulqarnayn harbiy yurishlarida chigʻil, yagʻmo etnonimlarini tilga oladi. Jumladan, Navoiy gʻazallarida bu haqda shunday qaydlar mavjud:

Chigʻil birla Yagʻmodin aylab ubur,

Nechukkim chamandin savobu dabur [Navoiy. 1960. B. 669].

Ibn al-Asir asarida Qoraxoniylar davrida Samarqandga qilingan hujumga chigʻil askarlari boshchilik qilgani yoziladi. Mahmud Koshgʻariy chigʻillarning oʻgʻuzlar bilan qadimdan toʻqnashib kelganini, ular bir-birlariga dushman boʻlganini yozadi [Koshgʻariy. 1-tom. 1960. B. 487]. “Hudud al-olam”da ham chigʻillar nufuzli xalq sifatida tilga olinib, asosan oʻtovlarda va kapalarda yashagani, oʻzlarining alohida davlatiga ega boʻlgani aytiladi [Hudûd el-âlem. 1937. B. 83.]. Chigʻillarning asosiy daromadi qoramoldan, qoʻydan va ot-yilqilardan, yaʼni chorvachilikdan olingan. Manbada chigʻillar quyosh va yulduzlarga sigʻinishi, rahmdil, xushmuomala va yoqimli kishilarligi qayd qilinadi [Hudûd el-âlem. 1937. B. 99.]. Marvaziy ham chigʻillarni yirik chorvador turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47].

Arab manbalarida xalajlar toʻgʻrisida ham muhim maʼlumotlar keltirilgan. Istaxriyning asarida yozilishicha, xalajlar chorvador xalq boʻlib, qiyofalari va til xususiyatlari bilan turklar kabidir [Istahrî. 1927. S. 245.]. Muarrix xalajlar yashagan hudud haqida ham soʻz yuritib, ular asosan Talas vodiysida yashaganligini taʼkidlaydi [MIKK. 1973. S. 16.]. Idrisiy ham xalaj xalqi haqida soʻz yuritib, ularni qahramon va jasur turk xalqi sifatida eʼtirof etadi [Şeşen. 2001. S. 96.]. Yoqut Hamaviyning asarida xalajlar Amudaryoning quyi oqimida ham yashagani [Şeşen. 2001. S. 134.] qayd etilgan. Ibn Xurdodbeh mazkur maʼlumotni biroz toʻldirib, bir guruh xalajlar Eron hududida ham yashaganini yozadi. “Oʻgʻuznoma”da qayd etilishicha, xalajlar besh-uygʻur jamoasiga ham kirgan.

Xalajlarning boshqa xalqlar bilan aloqalari va qabila ittifoqlariga kirganini koʻplab boshqa arab muarrixlari ham qayd etgan. Jumladan, Mahmud Koshgʻariy xalajlar va qarluqlarni “turkman”larga aloqador xalq sifatida tilga oladi [Koshgʻariy. 1-tom. 1960. B. 80, 337, 393]. Z.V.Toʻgʻon “Devonu lugʻatit turk”ka tayanib, “yigirma ikki oʻgʻuz” urugʻiga “ikki xalaj” urugʻi qoʻshilib, “yigirma toʻrt turkman”ni tashkil etganini yozadi.

Oʻgʻuzlar ham arab manbalarida koʻp tilga olingan etnoslardan hisoblanadi. Marvaziyning asarida oʻgʻuzlarning 12 urugʻi haqida soʻz yuritilib, “bularning baʼzilari Toʻquz Oʻgʻuz”lar boʻlgani aytiladi [Sharaf al-Zaman Tahir Marvazi on China. 1950. S. 29]. Mahmud Koshgʻariyning asaridagi maʼlumotlarga koʻra, oʻgʻuzlar yigirma ikki uruqqa boʻlingan [Koshgʻariy. 1-tom. 1960. B. 89-90]. Masʼudiyning asarida bu haqda biroz boshqacharoq qaydlar mavjud. Tarixchining yozishicha, Sirdaryo boʻyidagi oʻgʻuzlar uch guruhga boʻlingan va ular quyidagilardir: Ashagʻilar, yuqorilar, oʻrtalar (el-asafil, el-avali, el-avasit) [Mesûdî. S. 1. 1861. B. 212]. Rashididdinning “Jome’ at-tavorix” asarida keltirilishicha, XIII asrda oʻgʻuzlar asosan, ikki guruhga (tarkibida 24 urugʻni jamlagan) boʻlingan. Birinchi guruh (Bozoklar) – kayi, bayot, qora-vali, qora ivali, yazur, doʻgʻur, durdargʻa, yaparli, yavshar, qiniq, bogʻdili (bekdili, bogdili), kargʻin; Ikkinchi guruh (oʻchoklar) – bayindir, bichna, chavuldur, chibin, salur, iymur, alayoʻntaki, oʻrgiz, bikdir, bukduz, yeva, qiniq) [Reşîdüddîn. 1957. S. 118-124].

Yana bir arab muarrixi Istaxriyning aytishicha, oʻgʻuzlar va Movarounnahr aholisi, xususan, xorazmliklar doimo oʻzaro urushib turgan [Istahrî. 1927. S. 304-305]. Ibn Fadlan esa ular tinchlik vaqtida oʻzaro savdo-sotiq munosabatlarini davom ettirganini yozadi. Ibn Xavqal ham oʻgʻuzlar toʻgʻrisida soʻz yuritib, ular yashagan hududlarni Xorazmdan Isfijobgacha deb koʻrsatadi [Şeşen. 2001. S. 215.]. “Hudud al-olam”da “Oʻgʻuz oʻlkasi sharqida Oʻgʻuz choʻli va Movarounnahr shaharlari, janubda Oʻgʻuz choʻlining baʼzi qismlari va Xazar dengizi, gʻarbida va shimolida Itil daryosi bor. Guzlar (oʻgʻuzlar) magʻrur va azamat boʻlib, mujodalani sevarlar. Yomon niyatli va hasadchidirlar. Ularning ichida shomonlari ham bor” [Hudûd el-âlem. 1937. S. 100], deyiladi.

Gardiziyning asarida taʼkidlanishicha, “Oʻgʻuzlar budparast, sanaviy (dualist) va shomoniy boʻlganlar. Boshligʻi Toʻquz-gʻuz xoqon moniy mazhabidadir. Xoqon majlisida 30 ming zirxli suvoriy ham birga oʻtirgan” [Gerdîzî. 1347. S. 267]. Ibn al-Asir oʻgʻuzlar Turkistonning eng uzoq mintaqalaridan xalifa Mahdiy davrida Movarounnahrga kelib musulmon boʻlib, keyinchalik, Muqannaga ham yordam berganini taʼkidlaydi [Şeşen. 2001. S. 9.].

Qipchoqlar ham arab manbalarida koʻp bor tilga olingan etnoslardan boʻlib, Mahmud Koshgʻariy ular haqida batafsil maʼlumot bergan. “Hudud al-olam”da qipchoqlar kimaklardan ajralib chiqqan bir qavm sifatida tilga olingan [Hudûd el-âlem. 1937. S. 101.]. Qipchoqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar arab muarrixlari Idrisiy va Marvaziylarda ham uchraydi. Marvaziy ularni qadimiy turk qabilalari qatorida tilga olgan [Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. 1927. B. 47]. Gardiziy qipchoqlar bilan bogʻliq rivoyatni keltirib, “qipchoq” kishi nomi ekanini, keyinchalik qabilaga nisbatan qoʻllanganini taʼkidlaydi [Gerdîzî. 1347. S. 257-258].

Saljuqiylar davriga oid qaydlarda ham qipchoqlar va qangʻlilar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtilgan boʻlib, ular “yugur (uygʻur) oʻgʻillari” deyilgan [Barthold. 1928. S. 79]. Bu oʻrinda ogur yoxud yugur nomi uygʻur, oʻgʻuz, qipchoq, qangʻli kabi qavmlarning umumiy nomi sifatida talqin etilgan. “Oʻgʻuznoma”ning chigʻatoycha shakliga koʻra, qadimda besh-uygʻur jamoasiga xalaj, qangʻli, qarluq, qipchoq, agacheri qabilalari kirgan.

Arab manbalarida turklarning odatlari, tashqi koʻrinishi va eʼtiqodlari toʻgʻrisida ham maʼlumotlar keltirilgan. “Mujmal at-tavorix”da turklar kam tuklidirlar [Mücmel el-tavârîh. 1318/1900. B. 97.], deyiladi. Masʼudiy turklarning boldir suyaklarining egriligi iqlimning natijasidir. Turklar etli va yumshoq badanlidir. Turklarning baʼzilari xotinlarga oʻxshaydi, shu sababdan ularda jinsiy havas ozdir. Mijozi sovuq boʻlgani uchun bolalari ham kamdir [Mesûdî. S. 4, 1861-1874. B. 9, 32, 33], deydi. Idrisiy ham turklar yumshoq badanli boʻlganini yozadi. Olim “Shuning uchun ular bir-birlarining bolalarini oʻgʻirlab sotganlar. Turklarda bir joriya 300 oltindan qimmatga baholangan” [İdrîsî. 1970. B. 513.] deydi.

Muqaddasiy turklarning tashqi koʻrinishi haqida ham soʻz yuritib, ular yassiburunligini aytadi. Shuningdek, muarrix turklarning eʼtiqodiga toʻxtalib, ularning orasida sanaviy (dualist), xristian, butparast [Mutahhar bn Tâhir el-Makdisî. 1907. S. 65]lar boʻlganini yozadi. Turklar orasida shomon va [Şeşen. S. 21-22.] moniylikka [İbn el-Fakîh. 1885. S. 328.] eʼtiqod qiluvchilari ham boʻlgani qayd etilgan.

VIII–X asrlarga oid arab manbalari, xususan, Ibn Xurdodbeh, Muqaddisiy va Tabariy kabi muarrixlarning asarlari Movarounnahrning etnik va ijtimoiy manzarasini yoritishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu manbalar turkiy qabilalarni mintaqa chekkasidagi koʻchmanchi guruhlar sifatida emas, hududning siyosiy va harbiy barqarorligini taʼminlovchi asosiy kuch sifatida tasvirlaydi. Arab geograflari turkiy etnoslarning joylashuv hududlarini aniq qayd etishi, ularning islom dinini qabul qilish jarayonlari va mahalliy oʻtroq aholi bilan oʻzaro madaniy-iqtisodiy aloqalarini bayon qilishi Movarounnahrning qadimiy turkiy ildizlarini ilmiy asoslashga xizmat qiladi. Shuningdek, arab muarrixlari turkiy xalqlarning mintaqa boshqaruv tizimi va harbiy sanʼati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini ochib beradi. Turkiylarning jasorati va sadoqati tufayli Abbosiylar xalifaligi va Somoniylar davlatida yuksak mavqelarga koʻtarilishi, keyinchalik mintaqada sof turkiy sulolalar (xususan, Qoraxoniylar) hukmronligining oʻrnatilishi uchun tarixiy zamin yaratgan. Xullas, arab geograflari yozma merosi Movarounnahr tarixini bir tomonlama emas, balki turkiy oʻzlik va islomiy qadriyatlarning oʻzaro uygʻunlashuvi natijasida shakllangan boy sivilizatsiya sifatida tushunish imkonini beradi.

Sevinch ULASHOVA,

tarix fanlari doktori, dotsent

Foydalanilgan manbalar va adabiyotlar

1.   Barthold V. V. Turkestan down to the Mongol Invasion. – London, 1928.

2.   Fahreddîn Mubârek-şâh el-Mervezî. Târih / E. Denison Ross. – London, 1927.

3.   Gerdîzî. Zeyn el-ahbâr / Abdülhay Habîbî. – Tahran, 1347.

4.   Hudûd el-âlem / V. Minorskiy. – London, 1937.

5.   İbn el-Fakîh. Kitâb el-büldân / de Goeje. – Leyden, 1885.

6.   İdrîsî. Nüzhet el-müştâk fî ihtirâk el-âfâk. – Leyden, 1970.

7.   Istahrî. Mesâlik el-memâlik / de Goeje. – Leyden, 1927.

8.   Mes’ûdî. Murûc el-zeheb / Barbier de Meynard. С. 1. – Paris, 1861.

9.   Mücmel el-tavârîh / A. Ramazânî. – Tahran, (шамсий)1318/ 1900.

10.            Mutahhar bn Tâhir el-Makdisî. El-Bedʼveʼl târîh / M.C. Huart. C. IV. – Paris, 1907.

11.            Peter B. Golden. Türk halklari tarihine giriş/ çev. Osman Karatay. – Ankara, 2002.

12.            Ramazan Şeşen. İslam coğrafyacılarına göre türkler ve Türk ülkeleri. 2-baski. Türk Tarih kurumu basımevi. – Ankara, 2001.

13.            Reşîdüddîn. Cami el-tavârîh / Alizâde-Arend. C. I. – Bakû, 1957.

14.            Sharaf al-Zaman Tahir Marvazi on China, the Turks and India/ V. Minorskiy. – London, 1950.

15.            Togan Z.V. Ibn Fadlans Reisebericht. – Leipzig, 1939.

16.            Togan Z.V. Umumi Türk Tarihine Giriş. 1. Cilt. En Eski devirlerden 16 asra kadar. 3. bask. – İstanbul. 1981.

17.            Ulashova S.U. Sharq manbalarida Chigʻatoy ulusi hukmdorlari. Monografiya. – T.: Alfraganus universiteti, 2025. – 314 b.

18.            Zekeryyâ b. Muhammed b. Mahmûd el-Kazvînî. Asâr el-bilâd ve ahbâr el-‘ibâd. – Beyrut, 1380/ 1960.

19.            Алишер Навоий. Хамса. – Тошкент: Фан, 1960.

20.            Бартольд В.В. Извлечение из сочинения Гардизи “Зайн ал ахбар”, Соч. Т. VIII. – Москва, 1973.

21.            Жамол Қарший. Мулҳақот ас-суроҳ / Бартольд В. В. Туркестан в эпоху монгольского нашествия. Ч. 1. –СПб., 1898.

22.            Материалы по истории киргизов и Киргизии. – Москва, 1973.

23.            Маҳмуд Қошғарий. Девону луғотит турк/ Таржимон ва нашрга тайёрловчи С.М.Муталлибоев. I-том. – Тошкент: Фан, 1960; III-том. – Тошкент: Фан, 1963.

24.            Улашова С.У. XIII-XV асрлар манбаларида Мовароуннаҳрдаги этник жараёнлар. Монография. – Т.: Firdavs-shoh, 2023. – 206-б.