Hayotimiz davomida bir marta boʻlsa ham oʻzimizni qahramon sifatida his qilganmiz. Qiyinchiliklarga duch kelgan, ichki kurashlarni boshdan kechirgan va yakunda oʻzimizni yangidan kashf etgan vaqtlarimiz boʻlgan. Lekin siz hech oʻylab koʻrganmisiz – nima uchun hamma mashhur hikoya, afsona va filmlar deyarli bir xil tuzilishga ega? Nega bizni qattiq taʼsirlantiradigan hikoyalarda qahramon hayoti sinovlar bilan toʻla sayohat motivi asosiga quriladi?
Amerikalik mifolog Josef Kempell qadimiy afsonalarni oʻrganar ekan, hayratlanarli bir kashfiyot tufayli yuqoridagi savollarga javob topdi. Unda keltirilishicha: xoh u qadimiy Misr afsonasi boʻlsin, xoh zamonaviy Hollivud filmi, barcha qahramonlar bir xil yoʻlni bosib oʻtadi. Uning 1949-yilda yozgan “Ming yuzli qahramon” (The Hero with a Thousand Faces) kitobida “Qahramon yoʻli” andozasi birinchi bor tilga olinadi. Ushbu andoza 12 bosqichdan iborat boʻlib, ular obrazning qahramon boʻlishi uchun bosib oʻtishi kerak boʻlgan yoʻllari edi.
Kempellning nazariyasini nafaqat Gʻarb afsonalarida, balki oʻzbek xalq dostonlarida ham koʻrish mumkin. Masalan, “Alpomish”da qahramonning sayohati aynan shu bosqichlardan oʻtadi. Alpomish tinch hayotidan (xavfsiz dunyo) Boysarini qutqarish uchun yoʻlga chiqadi (sarguzashtga chaqiriq), yoʻlda Qorajon kabi doʻstlar orttiradi (sinovlar, doʻstlar va dushmanlar) va nihoyat oʻz vataniga qaytib, xalqni ozod qiladi (eliksir bilan qaytish).
Bu nazariya nafaqat qadimiy afsonalar, balki zamonaviy filmlar va hikoyalarga ham asos boʻlib xizmat qildi. “Yulduzlar jangi”, “Matritsa”, “Garri Potter” va, albatta, “Qirol sher” – bularning barchasi Kempbellning nazariyasini mukammal aks ettirgan eng yorqin namunalardir. Bugun biz yosh tanlamaydigan va koʻpchiligimiz uchun sevimli boʻlgan “Qirol sher” filmi orqali Kempellning “Qahramon yoʻli” nazariyasini tahlil qilamiz. Shu tariqa har bir bosqichda Simbaning qanday oʻzgarishlar bilan toʻqnash kelganini chuqurroq koʻrib chiqamiz.
Qahramon yoʻlining oʻn ikki bosqichi
1. Xavfsiz dunyo.
Mifologiyada: Bu bosqichda qahramon hali kelgusi sinovlardan mutlaqo bexabar boʻladi. Xuddi bahor tongidek tinch va osuda hayot kechiradi.
“Qirol sher”da: Simba ham xuddi shunday hayot kechirardi. Bepoyon yashil yaylovlarda quyosh nurida chopqillab yurarkan, hayot abadiy shunday davom etadi deb oʻylardi. Uning koʻzlaridagi qirol boʻlish orzusi, xuddi ertalabki quyosh nuridek yorqin va tiniq edi.
2. Sarguzashtga chaqiriq
Mifologiyada: Qahramonning hayoti kutilmagan chaqiriq bilan oʻzgaradi. Bu daʼvat uning tinch hayotini butunlay agʻdar-toʻntar qiladi. Ovoz baʼzan juda sekin, ammo baʼzan momaqaldiroqdek yangraydi.
“Qirol sher”da: Simba uchun bu ovoz amakisi Skarning soʻzlari orqali ifodalanadi. “Fil suyaklari vodiysi? U yerga faqat eng jasur sherlar boradi”, deydi Skar, Simbaning gʻoʻrgina gʻururini qitiqlab. Menimcha, har birimizda shunday Skar – bizni xavfli yoʻllarga boshlashga harakat qiluvchi ichki ovoz bor.
3. Chaqiriqni rad etish
Mifologiyada: Qahramon, garchi sarguzashtga qiziqsa-da, qoʻrquv va shubha tufayli dastlab daʼvatni rad etishi mumkin.
“Qirol sher”da: Chiyaboʻrilar hujumidan soʻng Mufasa oldida xatosini tan olgan Simba pushaymon boʻladi. U koʻr-koʻrona jasorat koʻrsatishdan voz kechadi – bu uning chaqiriqni rad etishining belgisi edi.
4. Ustoz bilan uchrashuv
Mifologiyada: Qahramonga yoʻl koʻrsatadigan, bilim va kuch beradigan ustoz paydo boʻladi.
“Qirol sher”da: “Jasurlik qoʻrquvning yoʻqligi emas, balki qoʻrquvni yenga olishdir”, – deydi Mufasa oʻgʻliga. Bu soʻzlar Simbaning qalbiga muhrlanadi va kelgusi sinovlarda unga mayoq boʻlib xizmat qiladi.
5. Chegarani kesib oʻtish
Mifologiyada: Qahramon osoyishta dunyosini tark etib, nomaʼlum, xavfli olamga qadam qoʻyadi.
“Qirol sher”da: Mufasaning fojeali oʻlimi va Skarning makkorona ayblovi Simbani vatanini tark etishga majbur qiladi. Sahroda tanho qolgan shervachcha hayotning shafqatsiz haqiqati bilan yuzma-yuz keladi.
6. Sinovlar, doʻstlar va dushmanlar
Mifologiyada: Qahramon yangi dunyoda koʻplab sinovlar bilan toʻqnashadi, doʻstlar orttiradi va dushmanlar bilan kurashadi.
“Qirol Sher”da: Timon va Pumba Simbaga “Akuna Matata” – “gʻam-tashvishsiz hayot” falsafasini oʻrgatadi. Ikkisi unga yangi hayot beradi, ammo ularning “qaygʻusiz yashash” falsafasi Simbani taqdiridan maʼlum vaqt qochishiga sabab boʻladi.
7. Ichki gʻorga yaqinlashuv
Mifologiyada: Qahramon oʻz qoʻrquvlari va shubhalari bilan yuzlashish uchun ichki dunyosiga sayohat qiladi.
“Qirol sher”da: Nala bilan kutilmagan uchrashuv Simbaning qalbidagi eski yaralarni yangilaydi. “Sen haqiqiy oʻzing boʻlishdan qochyapsan”, deydi Nala. Bu soʻzlar Simbani ichki dunyosiga qarashga majbur qiladi.
8. Hal qiluvchi sinov
Mifologiyada: Qahramon eng qiyin sinovni boshdan kechiradi va ruhan qayta tirilishni boshdan oʻtkazadi.
“Qirol sher”da: Yulduzlar orasida paydo boʻlgan otasining ruhi “Sen – mensan”, deya oʻgʻlini oʻz taqdirini qabul qilishga undaydi. Bu ruhiy uygʻonish lahzasi Simbani yangitdan tugʻilganday his qilishga olib keladi.
9. Mukofot
Mifologiyada: Sinov gʻalaba bilan yakunlanib, qahramon kuch va donishmandlik bilan mukofotlanadi.
“Qirol sher”da: Endi Simba oʻzining kimligi, qanday kuchga egaligi va qanday vazifani bajarishi kerakligini aniq biladi. Uning ichki shubhalari yoʻqoladi va u oʻz taqdirini qabul qiladi.
10. Qaytish yoʻli
Mifologiyada: Qahramon uyiga qaytadi, ammo hali yakuniy sinov oldinda.
“Qirol sher”da: Simba uyiga qaytish uchun yoʻlga chiqadi. Endi uning qalbida qatʼiyat va maqsad bor, lekin uni hali Skar bilan yakuni nomaʼlum jang kutib turibdi.
11. Qayta tugʻilish
Mifologiyada: Yakuniy jangda qahramon oʻlim bilan yuzlashadi va gʻalaba qozonib, butunlay yangilangan inson boʻlib qaytadi.
“Qirol sher”da: “Men Mufasani oʻldirdim”, deb tan oladi Skar. Bu soʻzlar Simbaning qalbidagi cheksiz gʻazabni uygʻotadi. Ogʻir jangdan soʻng u gʻolib chiqadi va Ajdodlar qoyasidagi kuchli naʼrasi bilan yangi davrning boshlanishini bildiradi.