“Qarindosh” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”da bor va: “bir qorindan tugʻilgan ikki bolaga nisbatan “qarïndash” (“قَرِنْدَشْ”) deyiladi” deb izohlangan (DLT. I. 1960. 386-bet). Ammo qadimgi turkiy obidalarda “qarindosh” maʼnosida koʻproq “qadash” soʻzi uchraydi. Misol uchun, Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida oʻnlab marotaba hamma oʻrinlarda “qadash” soʻziga duch kelamiz, faqat bir joyda, u ham boʻlsa muallif emas, ehtimol, kotib tomonidan yozilgan asarning nasriy muqaddimasida “qarindash” soʻzi qoʻllangan (“qanaʼatqa Ozgʻurmish at berib, qarindashi teb aymish turur” – maʼnosi: “qanoat”ga [muallif] “Oʻzgʻurmish” deb ot berib, qarindoshi deb aytgan”).
Buddaviylikka oid manba – “Oltin Yoruq”da bir epizod bor: uch shahzoda (tegin) oʻrmonda yetti bola tugʻib ochlikdan oʻlayotgan ona yoʻlbarsga duch kelishadi. Kichik shahzoda akalariga: “sizlar boraveringlar, men sizlarga yetib olaman”, deb ortda qoladi va ona yoʻlbars hamda uning bolalarini ochlikdan qutqarish uchun oʻzini qurbon qiladi. Akalar ham ukasini izlab ortga qaytishadi va oʻsha och yoʻlbars holsiz yotgan joyda kichik shahzodaning daraxtga ilingan kiyimlari, yerda sochilib yotgan suyak, soch qoldiqlari, qon izlarini koʻrib, faryod koʻtarib, nola qilishadi: “...ögoʻkä qangqa sävitmish ärtin qadash-a...” – maʼnosi: “onamizga, otamizga sevikli eding ukamiz-a...”.
Xoʻsh, “qadash” soʻzi qanday etimologiyaga ega? Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida uni shunday tushuntirgan: “birodar, yaqinga “qadash” deyiladi, asli “idish”, “qop” maʼnosidagi “qa” soʻziga “-dash” qoʻshilib “qadash” yasalgan”. “Devon”ni usmonli turkchaga tarjima qilgan Basim Atalay: “qa”, yaʼni “idish”, “qop” deganda ham ona qorni, bachadoni koʻzda tutiladi”, deb izoh beradi (“o da ana karnıdır”).
Maʼlumki, oʻzbek tilida “qorin” deganda tananing bir necha ichki va tashqi aʼzolari tushuniladi: 1. Oshqozon (misol: “qornim toʻydi”); 2. Tananing oshqozon va boshqa aʼzolar joylashgan qismi (“qorni katta”) va bachadon (“ona qorni”). Yaʼni, “qarindosh” deganda oshqozon emas, aynan bachadon, ona qorni koʻzda tutiladi.
“Devonu lugʻotit-turk”da “qa” soʻzi ham alohida izohlangan: “qa – idish, qop. Lekin bu asosan suyuq narsalar idishiga nisbatan qoʻllanadi” (DLT. III. 1963. 228-bet). Toʻgʻri, ona qorni, bachadonni ham shunday idishga oʻxshatish mumkindir, lekin baribir “qadash”ning mazkur soʻzdan yasalishi notabiiy tuyuladi. Qolaversa, oʻtmishda qarindoshlikka faqat onadan emas, balki ota tomondan koʻproq urgʻu berilgan. Yuqorida keltirilgan misolda koʻrdikki, qadimgi turkiyda “ota” maʼnosida – “qang”, “ona” maʼnosida – “ög” soʻzlari ham qoʻllangan. Deylik, Kultegin bitigtoshida “qanim qagʻan, ögim qatun”, yaʼni “xoqon otam, malika onam” kabi iboralar koʻp uchraydi. Shundan kelib chiqib qadimgi turkiyda: otasi bir aka-uka, opa-singillarga nisbatan – “qangdash”, ona bir, ota boshqalarga nisbatan – “igdish” (“ögdash”) atamalari ishlatilgan.
“Qangdash” soʻziga Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida quyidagicha izoh beradi: “qangdash: قنكدش قدش qangdash qadash – otasi bir aka-ukalar. Maqolda shunday kelgan: “Qangdash quma urur, igdish öro‘ tartar” – maʼnosi: otasi bir boʻlganlar oralaridagi adovat sababli bir-birlari bilan kelishmaydilar. Onasi bir boʻlganlar oralaridagi doʻstlik sababli bir-birlariga yordam beradilar” (DLT. III. 1963. 392-bet).
Bizningcha, “qadash”ning – “otadosh” maʼnosidagi qadimgi “qangdash” soʻzidan talaffuzda “ng” tovushining tushib qolishi natijasida hosil boʻlgani haqiqatga yaqinroq. Shunda “qadash” deganda – bir otadan tugʻilganlik koʻzda tutilsa, “qarindosh” deganda – bir onadan tarqaganlik urgʻulangan boʻladi.
Demak, ming yil oldin, yaʼni Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib zamonasida aka-uka, opa-singil, tugʻishganlikni ifodalovchi “qadash”, “qarindash”, “qangdash” kabi soʻzlar boʻlgan boʻlsa, Navoiy davriga kelib vaziyat biroz oʻzgargan. Xususan, Navoiy oʻz asarlarida: tugʻishgan aka-uka maʼnosida – “qardosh” (toʻgʻrirogʻi, “qordosh” – “قَارْدَاسْ”, “uluq qordosh” – aka, “kichik qordosh” – uka), opa-singil maʼnosida – “qiz qardosh” (قيز قَارْدَاسْ) soʻzlarini qoʻllaydi (Misol: “Baʼzi ani Tahmurasning qardoshi debturlar”. TMA; “Muhammad Sirinning qiz qardoshidur”. NM)”. Navoiy asarlarida biz, shuningdek, “qarindosh” (“قَرِينْداش”) soʻzini ham uchratamiz. Deylik, “Saddi Iskandariy” dostonida Navoiy ukasi Darveshaliga bagʻishlangan bobda ukasiga: “Manga nisbat ichra qarindoshsen”, deb murojaat qilib, “qarindosh” soʻzini “tugʻishgan uka” maʼnosida qoʻllaydi. “Nasoyim ul-muhabbat”da esa bu soʻz bir necha oʻrinda “birodar”, “aka”, “amaki” kabi undalma sifatida qoʻllangan: “Ey qarindosh, barcha bu dardgʻa giriftordurlar”.
Hozirgi tilimizda “qardosh” soʻzi Navoiy asarlarida boʻlgani kabi “aka-uka”, “opa-singil” maʼnolarida emas, balki xalqlar oʻrtasidagi, koʻproq turkiy xalqlar oʻrtasidagi qarindoshlik, birodarlikni ifodalovchi atama sifatida, deylik: “qardosh qozoq xalqi”, “ozarboyjon qardoshlarimiz” qabilida qoʻllanadi. Bu soʻzning “aka-uka”, “opa-singil” maʼnolari esa hozirda usmonli, ozarboyjon va boshqa turkiy lahjalarda: “kardaş”, “kardeş”, “kız kardeş”, “gardaş” shakllarida saqlangan. Lugʻatlarda, jumladan, Sh.Rahmatullayevning “Oʻzbek tilining etimologik lugʻati”da ham bu soʻz aslida “qarindosh” soʻzidan, faqat oʻrtadagi “-in-” tovushlarining talaffuzda tushib qolishi natijasida (“qar[in]dosh”) hosil boʻlgani aytiladi. Ammo bu fikr hozircha munozarali, chunki yuqorida Navoiy asarlaridan keltirilgan misollarda ham bu soʻzlarning ikki xil yozilishini koʻrdik (“qordosh” – “قَارْدَاسْ; “qarindosh” “قَرِينْداش”). Baʼzi mutaxassislar “qorin” soʻzining oʻzagi – “qar”, “-in” esa – kichraytirish qoʻshimchasi deb taxmin qiladi. Shunga koʻra, “qardosh” soʻzi bevosita ana shu “qar” oʻzagidan yasalgan, degan qarash ham mavjud.
Keyingi yuzyilliklarda bizda “qarindosh” soʻzi faollashgan. “Qardosh” soʻzining hozirgi tilimizda asosan xalqlar oʻrtasidagi qarindoshlikni ifodalovchi atama sifatida qoʻllanishi sababi, menimcha, bu soʻz turk, ozarboyjon va boshqa qardosh turk xalqlarda faol boʻlgani boisidandir.
“Qangdash”, “qarindash”dan tashqari Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida qarindoshlikning yana biri turi – “emukdosh” soʻzini ham keltiradi va shunday izohlaydi: “emchakni “ӭmoʻk” deyiladi, bir emchakni emishgan ikki bolaga ham “ӭmoʻkdäsh” deyiladi” (DLT. I. 1960. 386-bet). “Koʻngil”, “koʻks”, “koʻkrak” maʼnolaridagi “koʻkay” soʻzidan yasalgan “koʻkaldosh” ham shu maʼnoda.
Abduvohid HAYIT