Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid Ahmadaliyev javob berdi

– Menga bir doʻstim pul berib, “Buni falonchiga berib qoʻy, senga omonat” dedi. Shu pulni oʻz ehtiyojim uchun sarfladim. Lekin doʻstim aytgan vaqtda uning pulini aytilgan odamga yetkazdim. Mening ishimda biror xato boʻlmadimi?

– Bismillahir rohmanir rohim. Albatta, bu ishda xato bor. Yaʼni, sizga berilgan pul omonat hisoblanib, uni omonat egasining roziligisiz oʻz ehtiyojingizga sarflaganingiz xato va omonatga xiyonat boʻladi. Omonat faqat egasining roziligi bilan ishlatilishi mumkin. Agar egasining roziligisiz ishlatilgan boʻlsa, u omonat hukmidan chiqib, toʻlab beriladigan haqqa aylanadi. Bu haqida fatvolarda shunday zikr qilingan: 

“U (omonat) berilgan kishining huzurida saqlanishi vojib va egasi talab qilgan vaqtda qaytarilishi shart. “Shumunniy”da ham shunday zikr qilingan. Omonat mol boshqasiga omonatga, oriyat(vaqtinchalik ishlatish)ga, ijaraga va garovga berilmaydi. Agar omonatni olgan kishi shulardan birini qilsa, toʻlab beradi” (“Fatovo Olamgiriyya” kitobi).

* * *

– Men doʻstimga olti oy burun qarz bergan edim. Oʻsha vaqtda 300 dollarni 12 760 soʻmdan hisoblab, jami 3 mln 828 ming soʻm oʻtkazib bergandim. Hozir qarzni qaytarib olayotganda 300 dollarni hozirgi kungi kurs bilan olishim kerakmi yoki oʻsha vaqtdagi 3 mln 828 ming soʻmni berishi kerakmi? 200-250 ming soʻmni deb halol pulimni harom qilib olmoqchi emasman. Shuning hukmi qanday boʻladi?

– Qarz qaysi valyutada berilgan boʻlsa, oʻsha valyutada va oʻsha miqdorda qaytarilishi shart. Doʻstingiz qoʻliga yoki kartasiga soʻm olgan ekan, garchi siz buni dollar hisobida oʻtkazgan boʻlsangiz ham, shariatga koʻra uning zimmasidagi qarz soʻmda sobit boʻladi. Shuning uchun hozirgi kursga chaqmasdan, oʻsha vaqtda berilgan 3 mln 828 ming soʻmning oʻzini qaytib olishingiz kerak.

* * *

– Men farzandim kasal boʻlganida “Agar tuzalib ketsa Zangiboboga atab qoʻy soʻyaman” deb nazr qilgandim. Allohga shukurki, bolam tuzaldi. Endi men nazrimni bajarishim kerakmi?

– Yoʻq, gunoh ishga nazr qilingan boʻlsa, unga amal qilinmaydi. Chunki biror ulug‘ zotga atab qoʻy soʻyish joiz emas. Kitoblarimizda bu haqda shunday deyiladi: “Bilingki, aksar avom tarafidan avliyolarga yaqin boʻlish maqsadida ularning qabrlariga atab qilinayotgan nazrlar ulamolarning ittifoqi bilan botil va haromdir” (“Durrul-muxtor” 2-jild 439-bet).

* * *

– Amerikadagi yuk mashinalari, furalar ustaxonasida daromad qilish uslubi yuzasidan menda savol tugʻildi. Quyidagi ikki holat deyarli barcha ustaxonalarning pul topish uslubi boʻlib qolgan:

1) Ehtiyot qismlar buyurtma tushganidan keyin dilerlardan olinadi. Biz doimiy mijoz boʻlganimiz uchun dilerlar bizga ehtiyot qismlarni 50 foizgacha chegirma bilan berishadi. Biz ushbu chegirmani saqlab qolgan holda ustiga foyda qoʻyib mijozga sotishimiz toʻgʻri boʻladimi? Masalan, 50 dollarga olingan qismni 100 dollarga sotish. Vaholanki, mijoz dilerning oʻziga borsa ham baribir 100 dollar atrofida sotib oladi.

2) Ish haqi soatbay, taxminan 130 dollar qilib belgilangan. Ish vaqti va narxini hisoblovchi maxsus dastur bor. Dastur qancha summa chiqarsa, mijozdan shuni olamiz. Lekin dastur vaqtni ortigʻi bilan hisoblaydi. Masalan, bir ishni 4 soatda bajarsak-da, dastur uni 10 soatlik ish deb hisoblaydi. Shu tariqa amaldagi ishga nisbatan ikki-uch barobar koʻp vaqt yoziladi. Shunday yoʻl bilan daromad qilish joizmi?

– 1) Agar siz mahsulotni oʻzingiz sotib olib, keyin uni mijozga bozor narxida yoki kelishilgan narxda sotsangiz, bunga hech qanday monelik yoʻq. Shariatimizda savdo-sotiq halol qilingan boʻlib, siz oʻz mulkingizga aylangan ehtiyot qismlarning ustiga maʼlum miqdorda foyda qoʻyib sotishingiz joiz. Ammo mijozga “Men buni qimmatga olganman” deb yolgʻon gapirmaslik va narx borasida oʻzaro rozilik boʻlishi shart.

2) Bunday vaziyatlarda ish haqini soatbay, yaʼni vaqtga qarab emas, balki ishbay, yaʼni bajarilgan ishga qarab kelishib olish lozim. Maxsus dasturdan faqat ishning qiymatini oldindan belgilash va mijoz bilan narxni kelishish uchun foydalanish mumkin. Shunda ishni dasturdagidan tezroq tugatsangiz ham kelishilgan haqni olishingiz halol boʻladi. Ammo mijozga haqiqatda sarflanmagan vaqtni “sarflandi” deb aytish yoki arzimas ish uchun asossiz koʻp soat yozish orqali aldash shariatda joiz emas.

* * *

– Biz jamoa boʻlib startap (onlayn taʼlim platformasi) boshlaganmiz. Ish boshlash uchun jamoa aʼzolari ish haqi va platformani ishlab chiqish uchun mablag‘ jalb qilmoqchimiz. Mablag‘ jalb qilishning ikkita yoʻli bor:

1) Startapning 10 foizini maʼlum pulga hisoblab, investordan mablag‘ olsak. Startapimiz daromadga chiqqandan keyin investor bizning doimiy jamoadoshimizga aylanadi va daromadning 10 foizi uniki boʻladi. Bu holatda startap rivojlansa ham, rivojlanmasa ham olingan investitsiya qaytarilmaydi.

2) Birovdan qarz olsak va unga startapimizning 5 foizini berib, jamoamizga qoʻshib olsak. Bu holatda startap rivojlansa ham, rivojlanmasa ham olgan qarzimizni hech qanday ustamasiz qaytarib beramiz. Shu ikkala holatda ribo bor-yoʻqligi, joiz yoki nojoizligi toʻgʻrisida maʼlumot bersangiz.

– 1) Bu amaliyot sharʼiy jihatdan sherikchilik shartnomasi deb baholanadi va bu joiz. Chunki bunda investor foydaga ham, zararga ham sherik boʻlish sharti bilan mablag‘ tikmoqda. Yaʼni, ish yurishmasa uning puli kuyadi va sizlardan qarz sifatida talab qilmaydi.

2) Bu koʻrinish shart bilan qarz berish yoki sheriklikdagi sarmoyani kafolatlash hisoblangani uchun nojoiz. Fiqhiy qoidalarga koʻra, har qanday manfaat jalb qilgan qarz ribodir. Bu yerda qarz beruvchiga aslini qaytarishdan tashqari startapdan ulush berilishi aynan ribo hisoblanadi. Qolaversa, sherikchilikda tikkan pulini qaytarib olishni kafolatlash sharʼan durust emas.

* * *

– Ijtimoiy tarmoqlarda pul ishlashning hukmi qanday? “YouTube” ijtimoiy tarmogʻida qoʻyilgan videoning koʻrishlar soni va ushbu video orqali reklama namoyish etilgani uchun pul toʻlanar ekan (reklamani “YouTube” kompaniyasi qoʻyadi). Qanday reklamalar namoyish etilishini video joylovchining oʻzi har doim ham hal qila olmas ekan. Reklamalar mamlakatlarga qarab farqlanadi. Hammasi ham shariatga muvofiq boʻlmasligi mumkin.

– Qimor, fahsh va islomda taqiqlangan mahsulotlar kabi shariatga zid narsalarni targʻib qiluvchi reklamalarga yordam berish yoki ularga vositachi boʻlish durust emas. Shu sababli agar kanal egasi reklamalarni butunlay oʻchirishga yoki faqat halol reklamalarni tanlab qoʻyishga qodir boʻlsa, buni qilishi lozim. Agar buning iloji boʻlmasa va shariatga muvofiq boshqa platformada faoliyat yuritish imkoni boʻlsa, oʻsha joyga oʻtishi maqsadga muvofiqdir.

* * *

– Sunʼiy ongdan fatvo soʻrash qanchalik toʻgʻri?

– Bugungi kunda sunʼiy ong juda tez rivojlanib, uning imkoniyatidan iqtisodiyot, taʼlim, madaniyat, xizmat koʻrsatish va media sohalarida samarali foydalanilmoqda. Uning afzalliklari bilan birga zararli tomonlari ham bor. Shu bois sunʼiy ongni boshqarish, tartibga solish va nazorat qilish hozirgi kunda juda ham muhimdir.

Darhaqiqat, sunʼiy ong inson hayotiga ijobiy va salbiy taʼsir koʻrsatayotir, jumladan, diniy suhbatlarni taʼsirli roliklar orqali namoyish etish va kerakli maʼlumotlarni topishda juda qoʻl kelmoqda. Biroq baʼzi insonlar sharʼiy savol-javob, fatvo olishda ham sunʼiy ongdan foydalanayapti. Holbuki, dinimizga koʻra bunday masalalarda undan olingan javoblarga tayanib boʻlmaydi. Zero, shariatga koʻra fatvo chiqarish faqihning bevosita ishtirokini talab etadi. Masala soʻrovchining holatiga, zamoniga, makoniga, urf-odatlariga hamda ijtimoiy va iqtisodiy sharoitga qarab javob berilishi kerak. Bunday jihatlarni sunʼiy ong mustaqil va toʻliq bajara olmaydi. Shuning uchun sunʼiy intellekt bergan fatvolar sharʼiy jihatdan eʼtiborga olinmaydi.

* * *

– Hozirgi kunda sunʼiy ong bilan allaqachon oʻlgan odamlar goʻyo qayta tiriltirilib, oilasi bilan gaplashtirilayapti. Bu borada shariatimiz koʻrsatmasi qanday va ulamolarimiz nima deydi?

– Bunday narsalardan chetda boʻlish tavsiya etiladi. Chunki bu kabi ishlar koʻp tomonlama xato sanaladi.

Birinchidan, insonning, ayniqsa ota-onaning hurmati ularning vafotidan keyin ham davom etadi. Uning suratidan video yasab, gapirtirish ularning hurmatiga zid hisoblanadi. Chunki ular videodagi gaplarni haqiqatda gapirgani yoʻq. Demak, bu ish ularning tilidan yolgʻon axborot tarqatish, ularning nomidan yolgʻon maʼlumot berish hisoblanadi.

Ikkinchidan, bunday ishning xatarli joyi bandalar uchun gʻayb ishlaridan biri boʻlgan qabrdagi hayotga oid holatlarga jurʼat bilan aralashish boʻladi. Bu inson eʼtiqodi va iymoni uchun xavfli sanaladi. Chunki ayrim videolarda ota-onalarning “biz yaxshimiz, sizlarni koʻrib turibmiz, kuzatib turibmiz” degan joylari bor. Ularning qabrdagi ahvoli qanday ekanini SI yoki shu videoni yasayotganlar qayerdan bilmoqda?!

Uchinchidan, mazkur texnologiya shaxslarning harakatsiz suratlarini qisqa videoroliklarga aylantirish orqali surat egasining tabassum qilishi, koʻzini qisishi va boshini qimirlatishi kabi harakatlarni bajartirishi mumkin. Buni har qanday tirik yoki oʻlgan insonning surati bilan ham qilish mumkin.

Bu baʼzi kompaniyalar amalga oshirilayotgan bir turdagi oʻyin-kulgidir, ammo bu oʻyin kelajakda koʻz va bosh harakatidan ham oʻtib ketishi, kinoya va masxara qilish, haqiqatni soxtalashtirish va buzishda ishlatilishi mumkin.

Yangi texnologiya “Deepfakes” (chuqur soxtalar) deb nomlanuvchi turkumga mansub boʻlib, mutaxassislar tomonidan “nomaqbul texnologiyalar” qatoriga kiritilgan. Ushbu texnologiya ayrim shaxslar tomonidan jinoiy maqsadda, begunoh odamlarning suratlarini birlashtirib, soxta videolar yaratish orqali shantaj qilishda qoʻllanmoqda.

Mazkur texnologiyaning zararlaridan yana biri shuki, oilaviy suratlar va maʼlumotlar ana shu kompaniyalarning qoʻliga oʻtib qoladi va ularning maxsus ilovasi qurilmalariga oʻrnatiladi!

Qolaversa, asli gʻoyaning zararlaridan biri: suratlarga va oʻtganlarga bogʻlanib qolish hamda gʻam-qaygʻuni yangilashdir.

Agar surat qurilmada boʻlsa va bu texnologiya soxtalashtirish yoki masxara qilishda ishlatilmasa ham bu ilovadan ehtiyot boʻlish va u bilan muomala qilmaslik kerak.

Shu bois moʻmin-musulmon inson odamlar qilayotgan ishlarga koʻr-koʻrona ergashib ketavermasdan, uning toʻgʻri yo notoʻgʻri ekanini aniqlashi va shunga qarab ish tutmogʻi lozim boʻladi.

Qolaversa, dinimiz bu dunyoda ota-onaning roziligini olish, vafotidan keyin solih amallar qilib, ularning ruhlarini shod etishga targʻib qiladi. Rasm yoki videosiga qarab yigʻi-sigʻi qilish bilan hech narsa oʻzgarib qolmaydi, balki bular qilayotgan gunohlar tufayli ular mahzun boʻladilar. Zero, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan:

“Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Albatta sizlarning amallaringiz vafot qilgan qarindosh-urugʻlaringizga koʻrsatiladi. U(amal)lar yaxshi boʻlsa, ular xursand boʻladilar. Agar unday boʻlmasa “Alloh, ularni bizni hidoyat qilganingdek hidoyat qilmaguningcha vafot ettirmagin” deyishadi dedi” (Imom Ahmad rivoyati). Vallohu aʼlam.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.