Qashqadaryo aholisi koʻpaygani sari zamonaviy uy-joylarga talab ham ortib bormoqda. Shu bois, Qarshi shahri, Koʻkdala va Qarshi tumani chegarasida 5 ming gektar maydonda 500 ming aholiga moʻljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Qarshi tumanidagi kanal boʻyida esa 235 gektarlik “Yangi Nasaf” ekomajmuasining qurilishi boshlanadi. Bu haqda Prezident Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishda aytib oʻtdi.
 


Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilgʻor shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard soʻm ajratiladi. Yangi hududlarda koʻp qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar “yashil” va “aqlli” shahar tamoyillari asosida quriladi.

Viloyatda koʻchat ekish va yashil hududlarni koʻpaytirish boʻyicha ham “Qashqadaryo tajribasi” yaratiladi. Har yili Navroʻz arafasida “Eng yashil mahalla” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Yigʻilish yakunida viloyat va tumanlar hokimlarining axboroti tinglandi, faollar bilan muloqot qilindi.