
Oʻrta Osiyo (Turkiston)ning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi
Mazkur boʻlim Oʻzbekistonning mustamlaka davri tarixiga bagʻishlanadi. Aynan shu davrda mamlakat mustaqilligi, erk va ozodlik uchun kurashlar davomida xalqimizning minglab vatanparvar va fidoyi farzandlari halok boʻldilar. Qariyb 150 yil davom etgan mustamlaka davri tinimsiz kurashlar davri boʻldi. Shu sababli istiqlol yoʻlida shahid ketgan ajdodlar haqidagi tarixiy haqiqatni aks ettirish, ular xotirasini abadiylashtirish muzey ekspozitsiyasining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Boʻlim ekspozitsiyasida joy olgan eksponatlar Oʻrta Osiyoning Chor Rossiyasi tomonidan istilo etilishi xronologiyasi, mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashlar bilan bogʻliq materiallardan iborat.

Turkiston oʻlkasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mustamlakachilik siyosati oqibatida siyosiy, madaniy, iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. Oʻlkaning ilgʻor ziyolilari Chor Rossiyasi istibdodidan qutulish, millatni uygʻotish, nafaqat iqtisodiy, balki madaniy taraqqiyot sari yoʻl ochish, xalqqa ziyo tarqatish maqsadida maʼrifatparvarlik harakatiga asos soldilar. Muzeyning ikkinchi boʻlimi ana shu jarayonlarga bagʻishlangan boʻlib, unda jadidlarning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotni yangilash, jamiyatda islohotlar oʻtkazishga qaratilgan faoliyatlari oʻz aksini topgan.
Maʼrifatparvarlarning millat kelajagi yoʻlidagi bu harakatlari mustamlakachi hukumat tomonidan qattiq tazyiqqa uchradi. Ammo maʼrifatparvarlik harakati tazyiq va taʼqiblarga qaramay, keng quloch yoya boshladi va ayrim jabhalarda yashirin tarzda davom etdi. Turkistonda bu harakat jadidchilik deb nom oldi.
Boʻlimdagi ekspozitsiyalarda maʼrifatparvarlik harakatining eng faol namoyandalarining suratlari, yangi usul maktablari, oʻsha davrda chop etilgan milliy matbuot namunalari aks ettirilgan, Qoʻqon, Andijon teatr havaskorlari milliy teatr truppalari sahnalashtirgan teatr afishalari oʻz aksini topgan.


Turkiston Muxtoriyat hukumatining tugatilishi va sovet davlati qatagʻon siyosatining boshlanishi (1917–1924-yillar)
1917-yil fevral oyida Rossiyada amalga oshirilgan inqilob natijasida Imperatorning taxtdan agʻdarilishi Turkistonda ham keskin siyosiy oʻzgarishlarga turtki boʻldi. Oʻlkada chor hukmronligiga barham berildi, ammo yangi tashkil topgan Muvaqqat hukumat Turkistonga Rossiya mustamlakasi sifatida qarab, bu yerda ham Rossiyadagi siyosiy oʻzgarishlarni toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirdi. Rossiyadagi inqilobiy kayfiyat milliy maʼrifatparvarlarga jiddiy taʼsir oʻtkazdi. Shu paytdan boshlab ularning siyosiy faoliyati jonlanib, ilk milliy ijtimoiy tashkilotlar tashkil etila boshlandi. “Shoʻroyi islom”, “Ulamo” singari oʻz siyosiy tashkilotlarini tashkil qildilar.
1917-yil oktabirda Rossiyada bolsheviklar tomonidan davlat toʻntarilishi amalga oshirildi, shu kunlarda ular Turkistonda ham hokimiyatni zoʻrlik bilan egalladilar. Bolsheviklar tomonidan Toshkentda 1-noyabrda Muvaqqat hukumatning Turkiston qoʻmitasi aʼzolari qamoqqa olinib, Turkistonda sovet hokimiyati oʻrnatilgani eʼlon qilindi.
Turkistondagi milliy taraqqiyparvar kuchlar Sovet hukumatining har bir xalq oʻz taqdirini belgilashi haqidagi dekretiga binoan 1917-yil 26–28-noyabr kunlarida Qoʻqon shahrida Turkiston oʻlka musulmonlarining favqulodda IV-qurultoyini chaqirdilar. Qurultoyda muhim masalalar yuzasidan munozaralar boʻlib oʻtdi. Koʻpchilik Turkiston Muxtoriyatini eʼlon qilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatladi. Demokratik asosda yangi hukumat – Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilindi.
Ammo bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatini tan olishni istamadilar. 1918-yilning 19-fevralida Qoʻqon shahrida faoliyat koʻrsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumatiga qarshi bolsheviklar hukumati qoʻshini – qizil armiya hujum boshladi. Boʻlim ekspozitsiyalari mazkur jarayonlarga bagʻishlangan boʻlib, undagi eksponatlarda Qoʻqon shahrida Turkiston Muxtoriyatiga qarshi bolsheviklar uyushtirgan qatagʻon siyosati va uning fojiali oqibatlari aks ettirilgan.

Sovet hokimiyatining zoʻravonligi xalqning keskin qarshiligi va noroziligiga sabab boʻldi. Butun oʻlka boʻylab sovet hokimiyatiga qarshi qurolli qarshilik harakati boshlanib ketdi. Bu harakat, ayniqsa, Fargʻona vodiysida keskin va ommaviy tus oldi. Qarshilik harakatiga Madaminbek, katta Ergash, Shermuhammadbek kabi mahalliy sardorlar yetakchilik qildilar.
Ekspozitsiyada Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi 1918-yil fevralda boshlanib, 1924-yilgacha davom etgan qurollik qarshilik harakati oʻchoqlari aks ettirilgan.


Sovet hokimiyatining “kollektivlashtirish” va “quloqlashtirish” siyosati, uning fojiali oqibatlari (1930–1936-yillar)
Mazkur boʻlim Sovet hokimiyatining iqtisodiy sohada olib borgan qatagʻon siyosatiga bagʻishlanadi. Sovet hokimiyati 20-yillar oxiri – 30-yillar boshida amalga oshirgan yer-suv islohoti, kollektivlashtirish, xususiy mulkni tugatish, sanoat va qishloq xoʻjaligida davlat monopoliyasini oʻrnatish siyosatini amalga oshirish jarayonida “quloqlashtirish” kampaniyasi oʻtkazilib, bolsheviklar minglab xoʻjaliklarning yer-suvini davlat ixtiyoriga tortib oldilar.
Ekspozitsiyada qayd etilgan maʼlumotlarning koʻrsatishicha, sovet hokimiyati nafaqat yirik yer egalari, balki xususiy ishlab chiqarish vositasiga ega boʻlgan hunarmandlar, savdogarlar, ijaraga mulk va vosita berganlar, yollanma mehnatdan foydalangan tadbirkorlar, oʻrtahol dehqonlar, diniy ulamolar ham uy-joyi, mol-mulkidan mahrum etilib, “quloq” sifatida oila aʼzolari bilan birga oʻz yurtidan badargʻa qilindi.
Undan Oʻzbekistondan chetga va Oʻrta Osiyoga surgun qilingan “quloq”lar manzillari, surgun yoʻnalishlari aks ettirilgan 5 ta xarita, “quloq” qilinganlar surgunga olib ketilgan poyezd vagoni va ular yashagan chayla-yertoʻla maketlari oʻrin olgan.
Ekspozitsiyaga joylangan videomateriallarda “quloq” qilingan oilalar farzandlarining xotiralari oʻrin olgan boʻlib, ular qanday ogʻir sharoitlarda yashab, mehnat qilganlari haqida maʼlumot beradi.

30-yillar boshiga kelib maʼmuriy-buyruqbozlik tizimi mustahkam qaror topib, bolsheviklar mafkurasini keng targʻib qilishga zoʻr berila boshlandi. Aynan shu davrda mazkur mafkuraga hamda Sovet hokimiyatining ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy sohalarda zoʻravonlik bilan olib borgan gʻayrimilliy, gʻayriinsoniy va gʻayriqonuniy islohotlarga qarshi boʻlgan kishilarga qarshi taʼqib va taziyqlar kuchaydi. Xususan, bolsheviklar mafkurasiga qarshi milliy gʻoyalar bilan chiqqan ziyolilar, 1918-1924-yillardagi qarshilik harakati ishtirokchilari hamda ularning qarindosh-urugʻlari sovet hokimiyati tomonidan qatagʻonga uchradilar.
Qatagʻonga uchragan kishilar sharoiti ogʻir hududlarga qurilish ishlariga, xususan, “Belomorkanal”, “Belbaltlag”, “Dmitlag” kabi asosan mahbuslar kuchi bilan bunyod etilgan ulkan qurilishlarni qisqa muddatlarda nihoyasiga yetkazish uchun safarbar etildilar.
Muzeyning 6-boʻlimi aynan ushbu jarayonlarni yoritib beradi.


1937-1938-yillarda I.V.Stalin boshchiligida Sovet hokimiyati amalga oshirgan siyosiy qatagʻonlar insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri edi. Bu davrda Sovet hokimiyatiga, uning mafkurasiga qarshi har qanday oʻzgacha fikrlash, hatti-harakatga chek qoʻyish, xalqni asoratda tutish, partiya va hukumat organlarini soʻzsiz itoat etuvchi kadrlar armiyasiga aylantirish maqsadida misli koʻrilmagan koʻlamda qatagʻon siyosatini avj oldirdi.
Bu qatagʻon toʻlqini eng avvalo davlat arboblari, partiya va hukumat organlari, muassasalardagi masʼul kadrlarga qaratildi. Oʻzbekistonda bu jarayonda oʻsha davrning eng ilgʻor, faol, bilimli va tashkilotchi milliy kadrlari, ziyolilari, maorif va madaniyat xodimlari, olimlar, ziyolilar, yozuvchilar mashʼum qatagʻon qurboni boʻldilar. Stalin hukumati nafaqat ularning oʻzlarini, balki oila aʼzolarini ham qatagʻon girdobiga tortdi.
Boʻlim ekspozitsiyalarida taniqli davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev bilan birga qatagʻonga uchragan uning oila aʼzolari, bundan tashqari shu yillarda qatagʻon etilgan Choʻlpon, Fitrat, Akbar Rustamov, Abdulhay Tojiev singari jamoat aroblarining xotinlari, 1922-yili Germaniyaga oʻqishga yuborilgan talabalarning suratlari, shu bilan birga bu davrda qatagʻonga uchragan turli soha vakillari – davlat arboblari, adabiyot va sanʼat namoyandalari, fan va maorif xodimlari, xalq xoʻjalikning turli soha vakillarining suratlari qoʻyilgan.

1939-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixida eng mashʼum fojialardan biri boʻldi. 1941-yil 22-iyunda gitlerchilar Germaniyasi toʻsatdan SSSRga hujum qildi. Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan xalqlar qatori oʻzbekistonliklar ham fashizmga qarshi urushga jalb etildi. Oʻzbek xalqi urushning birinchi kunlaridanoq bor kuchini fashizm ustidan gʻalabaga safarbar etdi. Urush mamlakat xoʻjaligini izdan chiqardi, uning hayotini ogʻirlashtirib yubordi. Mamlakatda harbiy xolat joriy etildi hamda barcha resurslar mudofaa manfaatlari uchun yoʻnaltirildi.
Ammo ana shunday ogʻir kunlarda ham sovet hokimiyatining qatagʻon siyosati toʻxtamadi. Sovet hukumati urush arafasi va urush yillarida yangi bahona, aniqrogʻi “fashizmga xayrixohlik kayfiyatiga yoʻl qoʻymaslik” bahonasida chegaradosh hududlarda yashovchi xalqlarga qarshi etnik qatagʻonlarni boshlab yubordi. Bu jarayonda Yaponiya, Turkiya, Polsha kabi mamlakatlar bilan chegaradosh hududlarda, yashovchi koreys, qrimtatarlar, mesxeti turklari, polyaklar, Povolje nemislari va boshqa xalqlar mutlaqo asossiz hamda gʻayriqonuniy ravishda oʻz vatanlaridan majburiy ravishda boshqa oʻlkalar, xususan Oʻzbekiston xududiga deportasiya qilindi. Ularni uy-joy, ish, yer va oziq-ovqat bilan taʼminlash oʻzbek xalqining zimmasiga tushdi.
Bundan tashqari 40-yillar oxiri va 50-yillar boshida qatagʻonlar sovet tuzumi tomonidan Oʻzbekistonda muntazam oʻtkazib kelingan tazyiq va taʼqiblarning navbatdagi bosqichi boshlanganligi va mazkur jarayonida eng avvalo oʻz asarlarida oʻzbek xalqining oʻtmish tarixiga, maʼnaviy merosiga murojaat etib, bu haqda asarlar yozishga jazm etgan olimlar, yozuvchi va shoirlar “oʻtmishni ideallashtirishda”, “millatchilikda” ayblanib, qatagʻon qilinganligiga oid tarixiy hujjatlar, foto materiallar asosida yoritib berilgan.


1980-yillardagi qatagʻonlar: “Paxta ishi” kampaniyasi
Bu boʻlim ekspozitsiyalarida Sovet hokimiyatining paxta yakkahokimligi siyosatining ayanchli oqibatlari, Orol dengizining qurib qolishi natijasida tabiat muvozanatining buzilishi, ekologik fojianing inson salomatligiga taʼsiri diagrammalar yordamida koʻrsatilgan.
XX asrning 80-yillarda sobiq Markaz tomonidan oʻzbek xalqiga nisbatan ommaviy qatagʻonlarning yangi bosqichi boshlanib, “Paxta ishi” deb nom olgan ushbu siyosiy kampaniya orqali oʻzbek xalqi shaʼniga turli tuxmat va boʻhtonlar yogʻdirilib, minglab begunoh kishilar jazoga tortilganligi, “paxta ishi” boʻyicha nohaq ayblangan jabrdiydalarning adolat izlab yozgan arznomalari tergov jarayonidagi azoblar va oilalariga nisbatan uyushtirilgan tazyiqlarga oid materiallar qayd etilgan. Islom Karimov tomonidan Qashqadaryo viloyatida 1986-yildayoq “paxta ishi” qurbonlarini oqlash, adolatni tiklash uchun boshlangan saʼyi-harakatlar aks ettirilgan.

Bu boʻlim mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda oʻtmishda nohaq qoralangan yoki soxtalashtirilgan tarixiy adolat va milliy qadriyatlarning tiklanishi, istiqlol tufayli berilgan imkoniyatlar yoshlar hayotida qanday imkoniyatlarga yoʻl ochib berilganligi tarixiy dalillar asosida koʻrsatiladi.
Ekspozitsiyalarda mustaqillik yillarida tarixiy adolatning qaror topishi tufayli sovet davrida nomlari qoralangan buyuk davlat arboblari, sarkardalar, xususan tarixda chuqur iz qoldirgan Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulugʻbek, Jaloliddin Manguberdi kabi sarkarda va xukmdorlar haqidagi tarixiy haqiqatning tiklanishi aks ettirilgan. Istiqlol davrida qayta tiklangan va qadr topgan ulkan maʼnaviy merosimiz, milliy va diniy qadriyatlarimiz, islom mutafakkirlari nomlari va ijodiy merosining tiklanishi, sovet davrida qatagʻonga uchragan moddiy yodgorliklarning istiqlol yillarida taʼmirlanishi va obodonlashtirilishi, mustaqillik yillarida yurtimizda islom dini asoslari, tarixi, islom madaniyati, arxitekturasi va maʼnaviy merosini oʻrganish boʻyicha olib borilayotgan samarali ishlar haqidagi tarixiy maʼlumotlar oʻrin olgan.
Bu boʻlimda shu bilan birga vatanimiz yoshlariga berilgan cheksiz imkoniyatlar, ularning muvaffaqiyatlari, yoshlarning ilm-fan, sport, taʼlim tizimi, madaniyat va sanʼant sohasida erishayotgan ulkan muvaffaqiyatlari oʻz aksini topgan.
Mazkur ilmiy-tematik boʻlimlardan qatagʻon etilgan vatandoshlarimizning fotosuratlari, shu davrdagi qatagʻon siyosatiga oid koʻplab hujjat va materiallar oʻrin olgan. Ekspozitsiyalar 30-38-yillar qatagʻonining dahshatlarini eslatuvchi avtomobil, GULAG xaritasi, qatagʻon qurbonlaridan qolgan shaxsiy buyumlar bilan boyitilgan.
Muzey ekspozitsiyalariga 10 ta sensor kiosklari, 9 monitorlar oʻrnatilgan boʻlib, ularga joylangan Mustamlakachilik va qatagʻonlar davrining jafolarini aks ettiruvchi noyob arxiv maʼlumotlari, xotiralar, intervyu suhbatlari, musiqiy asarlar, videolavhalar va syujetlardan iborat qaygʻuli davr koʻrinishlari, muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun xalqimiz tarixida kechgan ogʻir daqiqalarni chuqur his qilish imkonini beradi.