Fikr erkinligi inson huquqlarining ajralmas qismi sanaladi. Ammo yaqin tariximiz fikr erkinligi uchun kurashgan yuzlab insonlarning hayoti ayanchli yakun topgan voqealar bilan toʻla. Bugungi kunda ulug‘ davlatchilik mafkurasini qoʻmsab oʻtmishdagi mustabid imperiya tartiblarini maqtab yurganlar Sobiq ittifoqda fikr va gʻoya erkinligi haqida soʻz ochilganda jim boʻlishlari bejizga emas.
Uganda diktatori Idi Aminning “Soʻz erkinligi mavjud, biroq soʻzdan keyingi erkinlikka kafolat bera olmayman” degan soʻzlari ayni XX asr boshlarida sobiq Ittifoqda shakllangan siyosiy tuzumga toʻla mos kelar edi. Bu davrdagi soʻz va fikr erkinligi uchun siyosiy qatagʻon va repressiyalarga uchragan insonlar millatning haqiqiy ziyoli vakillari boʻlib, repressiya millatning maʼnaviy va gʻoyaviy fondini yoʻqotishga qaratilgan edi. 1930-yillar boshidan 1950-yillar oxirigacha boʻlgan davrda, Stalin boshchiligidagi Sovet Ittifoqida roʻy bergan ommaviy repressiyalar oʻzgacha fikrlovchilarni taʼqib etib, mahv etish bilan shugʻullanadigan qatagʻon mashinasining asl maqsadi Sovet ittifoqidagi millatlarning oʻziga xos madaniyat-anʼana va qadriyatlarini yoʻq qilish orqali yangi tipdagi Sovet millatini yaratishga qaratildi.
Bu repressiyalarni asl maqsadini toʻla ochish uchun XX asr boshlarida Rossiya imperiyasidagi siyosiy kurashlarga eʼtibor qaratish lozim. Dastlab yagona fikr va mafkuraga ega Lenin boshchiligidagi sotsial-demokratik ishchilar partiyasi ichida ham keyinchalik kommunizmga erishish boʻyicha oʻziga xos ichki boʻlinishlar sodir boʻldi. Bolshevik, Mensheviklar kabi oqimlarning paydo boʻlishi Yevropa demokratiyasi hukm surgan Gʻarbiy Yevropa davlatlaridagi kabi dastlab tabiiy siyosiy jarayon edi. Ammo hokimiyatni hech kim bilan boʻlishishni istamagan Bolsheviklar inqilob gʻoyalariga qarshi boʻlgan boshqa gʻoyalarga qarshi terror va urush eʼlon qilishdi.
Bolsheviklar tomonidan hokimiyat egallangandan soʻng, dastlab “Cheka” deb atalgan maxfiy politsiya keyinchalik NKVDning GPU organi “xalq dushmanlari”ni aniqlash va yoʻq qilish bilan shugʻullanib, siyosiy elita gʻoyalariga qarshi boʻlganlarni maʼnan va jismonan yoʻq qilishadi. 1920-1930-yillarda Stalin boshchiligida tashqi siyosatda ehtiyotkorona siyosat tarafdorlari, jahon inqilobi tarafdori boʻlgan Lev Trotkiy boshchiligidagi trotiskiychilar guruhini VKPdan chetlatadilar. Bu kabi voqealar partiyaning oʻng qanotidagi Zinovyev va iqtisodiy siyosat tarafdori boʻlgan Buxarin bilan ham sodir boʻladi. Umuman olganda partiyada yakdil mafkuraviy muhit KPSS umrining oxirigacha boʻlmagan boʻlsada, oʻtgan asrning 30-yillari boshida Stalin boshchiligidagi partiyaning elita qatlami vakillari siyosiy kurashlarda gʻalabaga erishib, hokimiyatni butkul qoʻlga oldilar. Shu davrdan boshlab SSSRda totalitar boshqaruv rejimi qaror topadi.
Markazdagi bu kurashlar quyi respublikalarda ham aks etib, asli partiya xizmatida boʻlgan, respublikada inqilobni amalga oshirishda jonbozlik koʻrsatgan rahbar xodimlarni ham chetlab oʻtmadi. Bulardan biri 1929-yildan 1937-yil sentyabrigacha OʻzKP(b) MQ birinchi kotibi boʻlgan Akmal Ikromov, 1937-yil 21-sentyabrda oʻng aksilshoʻroviy-trotskiychilikda ayblanib qamoqqa olinadi.
1938-yilning 2-13-mart kunlari Moskvada sud qilinib, 15-mart kuni otib tashlanadi[1].
Stalin vafotidan soʻng shoʻrolar mamlakatida boshlangan “iliqlik” davrining dastlabki kunlaridanoq Akmal Ikromov ishi ham qayta koʻrib chiqildi. 1955-yil 14-sentabr kuni qayta soʻroqda sobiq NKVD xodimi Y.M.Yakovlev “Men A.Ikromovni Apresyanning xonasida koʻrgandim. Uning mislsiz qiynoqqa solingani yuzidan koʻrinib turardi. Akmalning rang roʻyi oppoq boʻlib ketgan va tinimsiz titrardi. Men Apresyan chiqib ketganida, nega muncha titraysan desam xonam juda sovuq, dedi. Soʻng Moskvaga yuborildi, uni qaytib koʻrmadim” deganligi qayd etiladi. Soʻroqlar davomida A. Ikromovning biror aybi isbotlanmasdan otib tashlanganligi maʼlum boʻldi. 1957-yil 3-iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi A. Ikromovni aybsiz deb topdi va u oqlandi.
Yana bir millat fidoyilaridan biri Buxorodagi jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan va Yosh buxoroliklar partiyasining asoschilaridan biri Fayzulla Xoʻjayev edi. U 1925-1937-yillarda Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi sifatida faoliyat koʻrsatgan. 1938-yil 13-martda Moskvada “Sovetlarga qarshi oʻng trotskiychi blok” ishi boʻyicha soxtalashtirilgan sud jarayonida oʻlim jazosiga hukm qilinadi va 15-mart kuni otib tashlanadi[2]. Xorijiy tillarni puxta bilgan va xorij tajribasini mamlakat rivoji uchun oʻrganishga harakat qilgan Xoʻjayev Ittifoq markazidagi mustabid tuzum eʼtiborini tortadi. Guruhbozlik jarayonlari avj olgan bir paytda Fayzulla Xoʻjayevni Oʻzbekistonda sovet rejimini agʻdarish uchun fitna uyushtirganlikda hamda Germaniya, AQSh, Yaponiya va Polsha foydasiga josuslikda shuningdek, Sovetlarga qarshi oʻng troskiychlar safida Buxarin Nikalay Ivanovich, Rinova Alikseya Ivanovich, Yagadu Genrix Grigorevich, Krastinsko Nikalay Nikolayevich, Chernova Mixail Aleksadrovich, Akmal Ikromov kabi siyosiy elita vakillari qatorida 1938-yilning 13-martida SSSR oliy sudining harbiy kollegiyasi tomonidan aybdor deb eʼlon qilinadi. Ammo tarixiy adolat Xoʻjayev vafotidan ancha keyin 1965-yil 6-martda uning oqlanishi orqali tiklandi.
Oqlanganliklariga qaramasdan Sovet hukumati davrida ikki davlat amaldorlarining gʻoyalari, ular kurashgan maqsad haqida soʻz yuritilmadi. Ularning ishi yuzasidan arxivlar Sobiq Ittifoq davri oxirigacha sir saqlandi. Mustabid tuzum oʻz xatolarini shu tarzda tarixdan berkitishga harakat qildi.
Siyosiy qatagʻonlar nafaqat davlat amaldorlari balki taʼlim, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohasi vakillarini ham oʻz domiga tortib ketdi. Butun boshli millatlarning ziyolilari gʻoyalari uchun achchiq qismatga giriftor etildi.
Stalin davri qatagʻonlarining qabih jihatlari ayniqsa maorif va adabiyot sohasida namoyon boʻldi. Turkiston hududining yagona birligi uchun kurashgan “Milliy istiqlol” tashkiloti ziyolilari dastlab bolsheviklar tomonidan berilgan vaʼdalar asosida oʻlkani mustaqillikka olib chiqishga harakat qilgan boʻlsalar keyinchalik Turkiston muxtoriyatini yoʻq qilinishi bilan mustamlakachilarning asl niyatlarini tushunib yetdilar.
Endi ziyolilar oʻrnatilgan yangi tuzum sharoitida siyosiy va ijtimoiy qarashlariga koʻra turli yoʻnalishga boʻlingan holda faoliyat olib boradilar. Sovetlar qoʻli ostidagi oʻlkada oʻzining milliy istiqlolchilik gʻoyalarini davom ettirmoqchi boʻlgan Fitrat, Fayzullo Xoʻjayev, Polvonniyoz Yusupov, Hamza Hakimzoda, Ubaydulloxoʻja Asadullaxoʻjayev, Soʻfizoda, I.Davron va boshqalar Sovet davlatining erkinlik va demokratiya haqidagi yolgʻon vaʼdalariga ishonib oʻz faoliyatini olib borgan edilar.
Endi ular Turkistonliklarning yagona tili va madaniyatini saqlab qolish uchun kurasha boshlaydilar. Bu kurashning yorqin namunasi 1919-yili Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan tashkil qilingan “Chigʻatoy gurungi” – adabiy-badiiy tashkiloti edi. Uning til va imlo, adabiyot, teatr va sanʼat yoʻnalishlari boʻlib, aʼzolar vaqtli matbuot orqali oʻz fikr va mulohazalarini jamiyatga bildirib borishar edi. Oʻzbek tili va imlosi masalalari uchun kurashib, adabiyotda gʻoyaviy soflik uchun kurashgan, teatrlarda yoshlarni istiqlol va vatanparvarlik yoʻlida tarbiyalashga harakat qilgan tashkilot mustabid tuzum tomonidan “millatchilikda” ayblandi.
Abdurauf Fitratning oʻzi 1937-yil 22-iyulda Toshkentda OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Davlat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan qamoqqa olinadi. Unga 1920-1923-yillarda millatchi “Ittihod va taraqqiy” hamda “Milliy ittihod’ tashkilotlariga aʼzo boʻlganlik, “Chigʻatoy gurungi” panturkistlar tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik kabi ayblar qoʻyildi. Fitrat qamoqqa olingach, u ilk marta 1937-yil 25-oktabrda Davlat xavfsizligi leytenanti Trigulov va Davlat xavfsizligi kichik leytenanti Sharipov tomonidan soʻroq qilingan. Soʻroq bayonnomasidagi qoramtir dogʻlar Fitratning bayonnomaga imzo qoʻydirish maqsadida majburlanganligidan dalolat beradi[3].
Soʻroq bayonnomasida “Siz aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining faol ishtirokchisi sifatida hibsga olingansiz. Siz Sovet hokimiyati paydo bo‘lishining birinchi kunlaridan to hibsga olinganingizgacha unga qarshi uyushgan holda kurash olib borgansiz. Bu ayblarni tan olasizmi” degan savolga Fitratning “Men haqiqatan ham Sovet hokimiyatiga qarshi faol kurash olib borganimni tan olaman. Men Buxarin savdo burjuaziyasining yuqori oʻrta tabaqasi vakili sifatida inqilob eʼlon qilgan tamoyillar bilan murosa qila olmadim. Inqilobning dastlabki kunlaridanoq burjua millatchiligi va panturkizm gʻoyalarini asoslash va targʻib etishga qaratilgan adabiy faoliyatim orqali Turkistonda jadidlar partiyasi vakili boʻlgan burjua-millatchilik harakatining mafkurachilaridan biriga aylandim”[4] deya javob yoki, “Tashkilotning oxirgi yillardagi xorijiy aloqalari haqida gapirib bering” degan savolga “1927-1928-yillardan men yaqin aloqada boʻlgan Fayzulla Xoʻjayev Germaniyadagi ahvolni surishtira boshladi va nemis razvedkasi bilan nemis agenti Abduvahob Muradiy orqali aloqa oʻrnatdi. Fayzulla Xoʻjayev oʻsha Muradiy orqali turkman muhojirlari yetakchilaridan biri Mustafo Choʻqayev bilan aloqa oʻrnatdi. Fayzulla Xoʻjayev men bilan Abduvahob Murodiy haqida tez-tez gaplashardi. Bir suhbatda u menga Muradining nemis agenti ekanligini va Mustafo Choʻqayevdan koʻrsatma olganini aytdi. Fayzulla Xoʻjayev Abduvahob Muradiga ish topib, uni qoʻllab-quvvatladi. Muhammadi Xoʻjayev Berlinda oʻqigan va qaytib kelganidan soʻng Fayzulla Xoʻjayev bilan juda yaqin boʻlgan. Xuddi shunday Fayzulla Xoʻjayev ham Germaniyadan kelgan Matqul Sultonni umrining soʻnggi kunlarigacha qoʻllab-quvvatlab, masʼul lavozimlarga koʻtardi. Matqul Sulton yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Milliy xavfsizlik va mudofaa qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan. 1933-yildan boshlab Fayzulla Xoʻjaev men bilan suhbatlarida Gitler haqida tez-tez gapirib, uning gʻalabasi va hokimiyatni qoʻlga kiritish usullariga qoyil qolardi. Fayzulla Xoʻjayev Gitlerni Germaniyaning qudrati va xalqaro ahamiyatini tezda tiklashga muvaffaq boʻlgan ajoyib davlat arbobi deb hisoblagan. Men Fayzulla Xoʻjaevning fashistik eʼtiqodiga toʻliq qoʻshildim”[5] deya javob berganligi qayd etilgan. Holbuki bu ayblarni tan olish o‘sha davr uchun oʻziga oʻlim hukmini chiqarish bilan barobar edi. Sogʻlom aql bilan fikrlaydigan inson Fitrat bunday tuzoqqa oʻz ixtiyori bilan yiqilmasligini anglab olishi mumkin albatta. 1938-yil 5-oktyabrda SSSR Oliy Sudi tomonidan Fitratga oʻlim jazosini berish toʻgʻrisida qaror chiqarildi. Fitrat 1963-yilda “Xalqlar dohiysi” Stalin vafotidan keyin oqlanadi.
Fitrat bilan birvarakayiga 1925-1926-yillari Oʻzbekiston SSR maorif xalq komissari Rahim Inogʻomov, Oʻzbekiston SSR maorif xalq komissarining oʻrinbosari Mahmud Maqsudovich Hodiyev (Botu) shuningdek Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Salimxon Tillaxonov va boshqa minglab millat oydinlari jismonan yoʻq qilinadi.
Siyosiy taʼqib bilan birvarakayda 30-yillarda amalga oshirilgan Madaniy inqilob shiori ostida asli “madaniy tozalash”da oʻn minglab begunoh kishilar nobud etildi. “Katta terror” davri sifatida tariximizga muxrlangan. 1937-1939-yillarda OʻzSSRda 41 ming nafardan koʻproq kishi qamoqqa tashlangan. Shulardan 37 mingdan koʻprogʻi sudlanib, 6 ming 920 kishi otib tashlangan[6]. Keyinchalik arxiv hujjatlarining yaxshilab oʻrganilishi natijasida oʻz ayblarini tan olish boʻyicha koʻrsatmalar OGPU xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy tazyiqlar natijasida yozdirib olinganligi, aybdor boʻlmagan minglab odamlar begunoh oʻldirilganligi maʼlum boʻldi.
Zuxriddin Xasanov
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi xodimi
[1] Tarixning nomaʼlum sahifalari hujjatli materiallar Gʻofur Gʻulom nashriyot-matbaa ijodiy uyi T-2009. 102-b.
[2] https://kh-davron.uz/yangiliklar/tarixiy-sana/1938-yilning-13-mart-fayzulla-xojayev-akmal-ikromov.html
[3]Tarixning nomaʼlum sahifalari hujjatli materiallar Gʻofur Gʻulom nashriyot-matbaa ijodiy uyi T-2009. 109-b.
[4] Tarixning nomaʼlum sahifalari hujjatli materiallar Gʻofur Gʻulom nashriyot-matbaa ijodiy uyi T-2009. 110-b. Протокол допроса обвиняемого ФИТРАТА Рауф Рахимовича от 25 октября 1937 года
[5] Usha manba 115-b
[6] https://kun.uz/news/2023/03/31/qatagon-tashkilotchilari-stalinning-katta-terrori-davrida-ozbekistondagi-uchlik-azolari-kimlar-edi?q=%2Fuz%2Fnews%2F2023%2F03%2F31%2Fqatagon-tashkilotchilari-stalinning-katta-terrori-davrida-ozbekistondagi-uchlik-azolari-kimlar-edi