Osmon ilmini ilk bor tadqiq etgan xalq shumer-akadlar boʻlib, ular osmonni 360° gradus deb hisoblagan va uni 12 oyga 30° gradusdan boʻlgan. Har bir 30° gradusda joylashgan yulduzlar afsonalardagi qahramonlar nomi bilan atalgan. Bu usul, birinchidan, eslab qolish va boshqalarga oʻrgatish uchun qulay boʻlgan. Ikkinchidan, oʻsha gradusdagi qahramon jasorati odamlarga umid va jasorat bagʻishlagan. Osmon ilmidagi bunday kashfiyotlar savdo-sotiq, madaniy-maʼrifiy aloqalar, ellinizm tufayli boshqa davlatlarga ham kirib borgan. Afsonalar asosida talqin etilgan osmon ilmi boshqa davlatlarda yo yangi afsonaga almashtirilgan, yoki qahramonlari ismi oʻzgargan holda mohiyati saqlanib qolingan. Biz esa hozir 12 burjning yunon-mifologiyasidagi talqinini koʻrib chiqamiz. 

1. Qoʻy (hamal) – (yunoncha “oltin qoʻy”/“oltin moʻyna”) “Yason va Argonavtlar” afsonasini yodga soluvchi asosiy detal. Keling, “qoʻy”ning hikoyasini boshidan koʻrib chiqamiz:

Beotiyadagi qadimgi miniylar shahri Orxomenda shamol xudosi Eolning oʻgʻli Afamant podsholik qilardi. Uning bulutlar maʼbudasi Nefeladan tugʻilgan ikki nafar farzandi – oʻgʻli Friks va qizi Hella bor edi. Afamant Nefelaga xiyonat qilib, Kadmning qizi Inoga uylandi. Ino Afamantning dastlabki nikohidan tugʻilgan bolalarini yomon koʻrardi va ularni oʻldirish payiga tushadi. U orxomenlik ayollar bilan ekishga tayyorlangan urugʻlarni quritishga kelishib oldi. Orxomenliklar dalalarga qaynatilgan urugʻlarni qadashdi, oqibatda har doimo serhosil boʻlgan dalalarda hech narsa unmadi. Orxomenliklarga ochlik tahdid solardi. Shunda Afamant ekin yerlarining hosil bermagani sababini bilib kelish uchun muqaddas Delfaga, tirandoz Apollonning karomatsohibiga elchi yubordi. Makkora Ino elchilarni oʻziga ogʻdirib olgandi, ular Delfadan yolgʻon javob keltirishdi. Emishki, dalalar yana hosilga kirishi uchun Afamant toʻngʻich farzandini ilohlarga qurbon keltirishi kerak. (Bu syujet sizga tanish tuyulmayaptimi?)

Qurbonlik berish uchun hamma narsa muhayyo etildi. Yosh Friks kohin pichogʻiga boshini tutishi kerak edi, dafʼatan osmondan oltin junli qoʻy paydo boʻldi, u tangri Hermesning armugʻoni edi. Qoʻyni bolalarini asrab qolish uchun Friksning onasi maʼbuda Nefela yuborgandi.

Guvohi boʻlganingizdek, birinchi burjning qoʻy afsonasi bilan bogʻlanishi ekin ekish vaqti va hosil moʻl-koʻl boʻlishi uchun maʼbudlarga qurbonlik keltirish kerakligini insonlarga eslatib turgan.

2. Buzoq (salv) – Taurus (yunoncha “hoʻkiz”) bu nom bizga yunon mifologiyasidagi “Yevropaning oʻgʻirlanishi” afsonasini eslatadi. Voqea mana bunday boʻlgandi:

Lidov podshosi Agenorning uch oʻgʻli, sohibjamol va umriboqiy maʼbudlar yanglig‘ bir qizi bor edi. Oʻsha yosh sohibjamol qizning ismi Yevropa boʻlgan. Kunlardan bir kuni u dugonalari bilan anvoyi gullar chappar urib ochilgan dengiz sohilidagi yam-yashil oʻtloqqa borishdi. U yerda turfa gullar ochilib yotardi, dugonalari orasida oʻz latofati bilan ajralib turadigan Agenorning qizi esa savatchasiga nuqul qip-qizil atirgullarni terib solardi. Qizlar gullar terib, savatlarni toʻldirgach, quvnoq davra qurib, rosa yayrashdi. Ularning navqiron ovozi yashnab turgan oʻtloq va lojuvard dengiz shovullashini bosib ketarkan, uzoq-uzoqlarga taralardi. Sohibjamol Yevropaning betashvish hayotdan zavqlanishi va lazzatlanishi uzoqqa choʻzilmadi. Uni Xronsning oʻgʻli purqudrat bulutquvar Zevs koʻrib qoldi va oʻgʻirlashga karor qildi. U oʻzining kelbati bilan navnihol Yevropani qoʻrqitib qoʻymaslik maqsadida gʻaroyib hoʻkiz qiyofasiga kirdi. Hoʻkizning tuklari oltin singari yaltirar, faqat uning manglayida oy yogʻdusiga monand kumush dog‘ tovlanib turardi, hoʻkizning muguzlari alvon tusli ufqda endigina paydo boʻlgan hilolday egik boʻlib, sayhondagi maysalarga tegar-tegmas, bilinar-bilinmas odimlagan holda qizlar yoniga keldi. Sidon qizlari undan qoʻrqishmadi, ular gʻaroyib jonivorni oʻrab olib, uning badanini silab-siypab mayingina uqalashdi. Hoʻkiz Yevropaga yaqinlashib, uning qoʻllarini yalab, unga surkala boshladi. Hoʻkizning ogʻzidan maʼbudlar yemagining hidi kelardi, butun atrofni muattar hid chulgʻab oldi. Yevropa hoʻkizning tuklarini nozik qoʻllari bilan silar, boshini quchar va oʻpar edi. Hoʻkiz sohibjamol qizning oyoq tomoniga yotib olib, ustimga oʻtir deganday erkalanardi.

Yevropa kulib, hoʻkizning keng yagʻriniga oʻtirib oldi. U bilan birga boshqa qizlar ham oʻtirmoqchi edi. Hoʻkiz dafʼatan oʻrnidan irgʻib turdi-yu, dengizga qarab yugurib ketdi. U istaganini oʻgʻirlab, joʻnab qoldi. Sidon qizlari vahimaga tushib, qattiq chinqirib yuborishdi. Yevropa ularga tomon qoʻllarini choʻzib, yordamga chorladi. Ammo Sidon qizlari unga yordam berishga ojiz edilar. Oltin muguzli hoʻkiz shamolday tez yugurib ketdi. U oʻzini dengizga tashladi va uning lojuvard suvlariga qoʻshilib, delfin singari jadallab suzib ketdi. Dengiz toʻlqinlari esa ikki tomonga surilib, unga yoʻl ochardilar (eʼtibor bering!), ularning qatralari olmos kabi uning taniga namlik yuqtirmay, tuklaridan sirpanib tushardi. Poseydon oʻzining uch boshli hassasi bilan akasi – buyuk Zevsning yoʻlini ochish maqsadida toʻlqinlarni zabt etib bormoqda edi. Hoʻkizning yelkasida oʻtirgan Yevropa esa qoʻrqqanidan qaltirab borardi. Hiyol oʻtmay Krit sohillari koʻzga tashlandi. Zevs yelkasidagi bebaho xazinasi bilan qirgʻoqqa chiqib oldi. Yevropa Zevsga xotin boʻlib qoldi.

Afsonalardagi ayrim detallar bizga bu mavsumdagi baʼzi jarayonlarni: masalan, qoʻsh qoʻshilgan hoʻkiz bilan yerni shudgor qilganda tuproqning xuddi dengiz ikkiga ajralgandek ajralishi va yana gullar ham shu vaqtga kelib ochilishini eslatadi.

3. Egizaklar (javzo) – Gemini. Bu burj Zevsning Kastor va Palluksi ismli egizak oʻgʻillari sharafiga shunday nomlangan. Bunga sabab esa ular koʻrsatgan jasoratlardir. Keling, endi hikoyani egizaklardan tinglasak.

Parta podshosi Tindareyning xotini Etoliya podshosi Festiyning qizi, sohibjamol Leda edi. U oʻzining beqiyos suluvligi bilan butun Yunonistonda dong taratgandi. Leda Zevsga xotin boʻlganda undan ikki nafar farzand koʻrdi: maʼbuda singari goʻzal qizi Yelena va buyuk qahramon oʻgʻli Polidevk. Ledaning Tindareydan ham ikki nafar farzandi bor edi: qizi Klitemnestra va oʻgʻli Kastor.

Polidevk oʻz otasi Zevsdan umriboqiylikni olgan, ukasi Kastor esa foniyzot edi. Har ikkala aka-uka ham Yunonistonning buyuk qahramonlari sirasiga mansub. Mahoda boshqarishda hech kim Kastorga teng kelolmasdi, u har qanday asov otlarni ham oʻziga boʻysundira olardi. Polidevk esa mushtlashish sanʼatida tengsiz jangchi edi. Ular hamisha birga boʻlib, aka-ukani samimiy muhabbat rishtalari bogʻlagan. Xullas, egizaklar yunon qahramonlarining barcha jasoratlarida ishtirok etishgan.

Ikki xil xulq-atvorga ega egizaklarning abadiy hamrohligi inson tabiatining ikki qiyofasi ramzi ham deyish mumkin. Egizaklar burji ham vaqt nuqtai nazaridan bahor va yozning oʻrtasi hisoblanadi. Shuning uchun unda ham bahor ifori, ham yozning harorati mujassam.

4. Qisqichbaqa (saraton) – cancer/rak. Ushbu burj yunon mifologiyasidagi Heraklning 12 jasoratidan biri boʻlib, uning tarixi quyidagicha:

Yunon mifologiyasida yer osti dunyosi darvozalarini qoʻriqlagan oʻliklar dunyosi maʼbudi Aidning sodiq uy hayvoni – Serber – bor edi, u yer osti olamiga kirishni qoʻriqlagan ulkan uch boshli it. U Echidna va Tifon nomli yirtqich hayvonlarning birlashuvidan tugʻilgan. Koʻrinishi sher tirnoqli, ilon dumli, uch boshli ulkan it sifatida tasvirlangan. U yer osti dunyosidan hech bir jon chiqmasligi va yer osti dunyosiga hech bir tirik jon kirmasligi uchun masʼul edi.

Herakl endigina Tirinfga qaytib kelganda Evrisfey uni tagʻin jasorat koʻrsatishga otlantirdi. Bu Heraklning Evrisfey xizmatidagi oʻn birinchi jasorati edi. U dahshatli zulmatgoh, mudhish voqea-hodisalar makoni boʻlmish Aid saltanatiga tushib, Evrisfeyga yer osti saltanatining qoʻriqchisi doʻzaxiy koʻppak Serberni keltirishi kerak edi. Herakl Aidning huzuriga borib, Serberni berishini va bu Zevsning irodasi ekanini aytadi. Aid bir shart bilan koʻppagini berishga rozi boʻladi, yaʼni Herakl Serberni qurolsiz holda boʻysundirishi kerak edi. Shart bajariladi va Herakl koʻppakni olib ketadi. Yer osti dunyosidan tiriklar olamiga chiqqan koʻppakning quyosh nuridan koʻzlari qamashib, issiqdan terga botadi.

Herakl Serberni saroyga yetaklab borganda Evrisfey dahshatga tushadi va Herakldan uni kelgan joyiga qaytarishini soʻraydi. Herakl buyruqni bajaradi.

Bu afsonada abadiy olov yonib turuvchi jahannamdan tiriklar dunyosiga chiqqan doʻzaxiy jonzot ham sovuq terga botishi bejiz keltirilmagandir, albatta. Odatda, bu mavsum issiqlik eng yuqori darajaga koʻtariladigan vaqtga toʻgʻri keladi.

5. Arslon (Asad) – Leo. Bu ham Herakl bilan bogʻliq afsona boʻlib, 12 jasoratning dastlabkisidir. Unda keltirilishicha:

Evrisfey Heraklga Nemey arslonini oʻldirishni topshirdi. Tifon va Exidnadan tugʻilgan ushbu arslon benihoya bahaybat edi. U Nemey shahriga yaqin joyda yashardi, uning dastidan shahar atrofi xarobazorga aylangandi. Herakl arslonni izlab togʻlarga chiqib ketdi. U yetib kelganida tevarak-atrofda tirik jondan asar ham yoʻq edi. Na choʻponlar, na dehqonlar koʻrinardi. Qattol arslondan qoʻrqqan barcha jonzot bu yerlardan tumtaraqay boʻlib ketgandi. Herakl arslonni uzoq vaqt izladi, nihoyat, quyosh ufq sari ogʻganda bir daradan topdi. U ikki tomonidan chiqiladigan kattakon gʻorda joylashgan edi. Herakl gʻorga kiriladigan teshiklardan birining ogʻzini ulkan qoyatosh bilan bekitib, arslonning kelishini toshlar orqasiga yashirinib kutdi. Tun bostirib kelayotgan chogʻda uzun yollari pahmaygan, lapanglab kelayotgan haybatli arslon koʻzga tashlandi.

Herakl yoyining kamalak ipini tarang tortib, arslonga birin-ketin uchta oʻq uzdi, lekin oʻqlar uning poʻlatday qattiq terisiga urilib qaytdi. Arslon vahimali oʻkirdi, uning momoqaldiroq yanglig‘ oʻkirishi tog‘-u toshni larzaga keltirdi. Arslon atrofga alanglarkan, gʻazabdan yongan koʻzlari bilan oʻz ovchisini qidirardi. Ana, u Heraklni koʻrib qoldi va sakrab, navqiron bahodirga tomon otildi. Heraklning gurzisi yashinday chaqnab ketdi va momoqaldiroq zalvoriday zarb bilan arslonning boshiga urildi. Dahshatli zarbadan gangigan arslon yerga quladi. Shunda Herakl arslonga tashlanib, uni qudratli qoʻllari bilan boʻgʻib tashladi. Herakl oʻldirilgan arslonni oʻzining baquvvat yelkasiga tashlab, Nemeyga qaytdi, darhol Zevsga qurbonlik berdi va oʻzining birinchi jasorati sharafiga Nemey oʻyin (musobaqa)larini taʼsis etdi. Herakl oʻzi oʻldirgan arslonni Mikenaga keltirganida Evrisfey bahaybat arslonga nazar tashlarkan, qoʻrqqanidan rangi quv oʻchdi. Mikena podshosi Heraklning qanday gʻayribashariy kuchga ega ekanini angladi. Unga hatto Mikena darvozasiga yaqinlashishni ham man etdi. Herakl oʻz jasoratini isbotlovchi dalillar keltirgach, Evrisfey ularga qoʻrqa-pisa qarab qoʻyardi, xolos.

6. Parizod (sunbula) – Virgo (yunoncha “bokira qiz” maʼnosini anglatadi), burj nomi yunon mifologiyasidagi Demetra va uning qizi Persefona haqidagi afsona sharafiga shunday atalgan boʻlib, unda keltirilishicha:

Yashil tabiat maʼbudasi Demetraning yosh va sohibjamol Persefona ismli qizi bor edi. Kunlardan bir kun u dugonalari – Oʻqyonus (Okeanida) qizlari bilan birga gullarga burkangan Nisey vodiysida sayr qilib yurardi. Oʻsha vaqtda Persefona otasi Zevs belgilab qoʻygan taqdiridan bexabar edi. Koʻp oʻtmay quyoshning yorqin nurlarini koʻrishdan mahrum boʻlajagini, muattar gullar bilan zavqlanolmasligini, ularni toʻyib-toʻyib hidlayolmasligini xayoliga ham keltirmasdi. Zevs uni badqovoq ukasi, oʻliklar koʻlankasi saltanatining hukmdori Aidga atagan edi. Yorugʻlik va issiq janub quyoshidan mosuvo boʻlgan Persefona Yer osti saltanati zulmati ichra yashashga mahkum edi.

Aid Persefonani Nisey vodiysida koʻrib qoldi va oʻsha zahotiyoq uni oʻgʻirlashga qaror qildi. U maʼbuda Geyadan (Yerdan) iltimos qilib, uni oʻzgacha gul oʻstirishga koʻndirdi. Maʼbuda Geya rozilik berdi. Nisey vodiysida beqiyos bir gul unib chiqdi, uning kishini mast qiluvchi xushboʻy hidi uzoq-uzoqlarga taraldi. Persefona gulni koʻrarkan, unga tomon yugurib bordi-da, poyasidan ushlab, yulqib oldi. Tuyqusdan yer yorildi-yu, uning ichidan oltin mahodada oʻtirgan oʻliklar koʻlankalari saltanatining hukmdori badqovoq Aid paydo boʻldi. U yosh Persefonani koʻtardi-yu, qora otlar qoʻshilgan mahodasiga mindirib, bir zumdayoq oʻzining Yer qaʼriga kirib ketdi. Persefona kichqirishga ulgurdi, xolos. Qizning dahshatli qichqirigʻi olis-olislarga tarqaldi, u dengiz poʻrtanalari, sarbaland va nurafshon Olimpgacha yetdi. Badqovoq Aidning Persefonani oʻgʻirlaganini Quyosh maʼbudi Heliosdan boʻlak hech kim koʻrmadi.

Maʼbuda Demetra Persefonaning qichqirigʻini eshitiboq darhol Nisey vodiysiga shoshildi, qizini qidirmagan joyi, soʻramagan zoti qolmadi. Nihoyat Helios unga boʻlgan voqeani aytib berdi. Maʼbuda Demetra battar gʻamga botdi. U yashinchaqnatar Zevsdan onasining roziligisiz qizini Aidga xotinlikka bergani uchun juda gʻazablandi. U maʼbudlar davrasini tark etdi, nurafshon Olimpni ham tark etib, oddiy foniy mardum qiyofasiga kirib, qop-qora kiyimga burkanib, achchiq koʻz yosh toʻkib, uzoq vaqtlar odamlar orasida tentirab yurdi.

Yer yuzida har qanday oʻsish toʻxtadi. Daraxtlarning yaproqlari soʻldi. Oʻrmonlar yalangʻochlanib, maysalar qovjirab, gullarning toji egilib qurib qoldi. Bogʻlar meva bermay qoʻydi, yam-yashil uzumzorlar quridi, mevalar pishmadi, oʻsimliklar besamar boʻlib qoldi. Ilgari serhosil boʻlgan ekinzorlar tamoman boʻshab, ularda yashillikdan nishona ham qolmadi. Har yonda ochlik hukm surardi. Hamma yoqda oh-voh, dod-faryod eshitilardi. Inson zoti halokat yoqasida qolgandi. Suyukli qizining ahvoliga achinib, gʻamga choʻmgan Demetraning koʻziga hech narsa koʻrinmas, qulogʻiga gap kirmas edi. Shunda buyuk Zevs oʻzining dahshatli ukasi Aid huzuriga fikrdek tezkor Hermesni yubordi. Hermes dahshatga toʻla Aid saltanatiga tushib, uning huzurida zohir boʻldi va unga Zevsning hukmini bayon etdi.

Aid Persefonaga onasining oldiga qaytishga rozilik berdi, ammo unga dastavval nikoh ramzi boʻlgan anor mevasi urugʻini yutishni amr etdi.

Qizining qaytganidan quvongan Demetra uning istiqboliga otildi va uni bagʻriga oldi. Suyukli qizi Persefona yana u bilan edi. Demetra qizi bilan birga Olimpga qaytdi va yerga yana fayz-u baraka va hosildorlik baxsh etdi, tagʻin hamma narsa gullab-yashnab ketdi. Oʻrmonlar nafis bahor yaproqlariga burkandi. Oʻtloqlar ichra zumraddek yashnagan oʻt-oʻlan va gullar chappar urib ochildi. Koʻp oʻtmay dalalarda arpa-bugʻdoylar boshoq chiqara boshladi. Bogʻlar gullab, har yon xushboʻy hidlarga toʻlib ketdi. Quyosh yogʻdusida uzumlar barg yoza boshladi. Tabiat uygʻongandi. Barcha tirik zot yayrar va buyuk maʼbuda Demetra hamda uning qizi Persefonani sharaflardi.

Oʻshanda buyuk Zevs Persefonaga yilning uchdan ikki qismini onasi bilan oʻtkazishga, qolgan qismini esa eri Aid bilan oʻtkazishga ijozat berdi.

Shundan buyon Demetra qizi bilan birga oʻtakazadigan vaqtlar – bahor, yoz va kuz – ekin-tekin mavsumining; qizi yer ostida boʻladigan vaqtlar esa tabiatda soʻlish, toʻkilish mavsumining ramziy ifodasi deb qaralgan.

7. Tarozi (mezon) – Libra, bu burj nomi Zevsning qizi Deka sharafiga qoʻyilgan boʻlib, u Olimpning oliy sud hakami hisoblangan va qarorlar adolatli boʻlishini nazorat qilgan. Adolatsizlik va yolgʻonni beshafqat jazolagan.

Mezon oyi tabiatan ham kuzning oʻrtasi boʻlib, unda issiqlik hamda sovuqlik; kun va tun tenglashadi.

8. Chayon (aqrab) – Scorpion. Burj nomi Orionni oʻldirgan chayon afsonasi sharafiga shunday nomlangan. Bu afsona bizgacha toʻliq yetib kelmagan boʻlsa-da, Odissey va Yason jasoratlari haqidagi afsonalarda qisman tilga olingan. Shundan xulosa chiqaradigan boʻlsak, Orion chapdas ovchi boʻlgani, yovvoyi yirtqich hayvonlarni oʻldirgani bizga maʼlum.

Chayon bilan dushmanchiligi haqida esa turlicha talqinlar bor. Ular orasidagi eng ishonarli talqin esa Orion ovchilik mahorati boʻyicha ov ilohasi Artemidani bellashuvga chaqiradi. Artemida bellashuvga chayon qiyofasida keladi va Orionni oʻldiradi.

9. Oʻqotar (qavs) – kentavr Hiron. U yunon mifologiyasida donishmandlik ramzi boʻlib, Axilles, Yason kabi qahramonlarga ustozlik qilgan, shuningdek, Heraklning doʻsti ham boʻlgan. Lekin afsuski Herakl zaharlangan oʻq bilan oʻz doʻstini tasodifan oʻldirib qoʻygan.

Qavs burjining ramziy maʼnosi bahorning oʻlimidan qaygʻuga botib, oq tushli motam libosi kiygan yer boʻlsa ajabmas.

10. Tog‘ echkisi (jadiy) – Pan, ushbu burjning Pan sharafiga nomlanishi bejiz emas. Uning afsonasi quyidagicha:

Pan tugʻilganda uning onasi nimfa Driopa oʻgʻliga qarab dahshatga tushgan, zurriyodidan yuz oʻgirib qochib qolgan. Panning oyoqlari, muguzi va soqoli echkini eslatardi. Biroq otasi Hermes oʻgʻli tugʻilganidan quvongan holda uni qoʻliga olib, nurafshon Olimpdagi xudolar huzuriga keltirgan edi. Barcha maʼbudlar Panning tugʻilganidan bagʻoyat suyungan edilar.

Maʼbud Pan Olimpdagi xudolar bilan yashab qolmadi. U soya-salqin oʻrmon va togʻlarni afzal bilib, ular bagʻriga intilardi. U yerlarda Pan xushovoz nayini chalib, poda boqib yuradi. Nimfalar Pan nayining jozibali tovushini eshitar-eshitmas uning oldiga yugurib kelishar, atrofida davra qurib olishar edi. Panning oʻzi ham nimfalar raqsida ishtirok etishni xush koʻrardi. U vaqtichogʻlik qilganida tog‘ yonbagʻirlaridagi oʻrmonlar shoʻx qiyqiriqlarga toʻlib ketardi. Echki oyoqli baqiroq Panga quvnoq nimfa va satirlar ham joʻr boʻlardilar. Jazirama tush payti yaqinlashdi deguncha Pan oʻrmonning eng quyuq joyiga yoki salqin gʻorga kirib dam olardi. Oʻshanda Panni bezovta qilish nihoyatda xatarli edi. U qiziqqon boʻlib, jahli chiqqanda kishilarni gʻaflat uyqusiga choʻmdirishi, unga xalal bergan yoʻlovchini toʻsatdan qoʻrkitib yuborishi mumkin edi. Pan kayfiyati chog‘ boʻlganda rahmdil va olijanob edi. U choʻponlarga behisob noz-neʼmat baxsh etardi. Pan yunonlar podasini balo-qazolardan asrar, gʻazabnok menadalar raqsida hozir-u nozir, may xudosi Dionisning suyukli va sodiq yoʻldoshi boʻlgan.

Bu mavsumda yunonlar barcha yigʻim-terim ishlarini tugatgach, moʻl hosil bergani uchun Dionis sharafiga bayram uyushtirganlar. Bayramda olov yoqib, musiqa chalib, gulxan atrofida Panga taqlidan raqsga tushganlar. Balki, bu raqs chorvachilik homiysi boʻlmish Pandan podalariga omonlik va baraka soʻrashning bir koʻrinishi ham boʻlgandir.

11. Qovgʻa (dalv) – Hanimed, bu obraz Mesopotamiya va Rim mifologiyasida koʻzasidagi suvni daryoga quyib, toshqin keltirib chiqaruvchi salbiy qahramon sifatida ifodalangan boʻlsa, yunon mifologiyasida esa Troya shohi Trayanning oʻgʻli Hanimed boʻlib, Zevs uni burgut qiyofasida oʻgʻirlab ketadi va Olimpga keltirib, unga boqiy umr hadya etgan holda maʼbudlarga suv keltirish vazifasini yuklaydi.